Ijtimoiy islohotlarda NNTLAR ISHTIROKI KO‘RINSIN

Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida boshlangan islohotlarda faol ishtirok etish barchaning fuqarolik burchi sanaladi. Bu sa’y-harakatlar va o‘zgarishlarga xalqimiz ham xayrixohlik bildirmoqda. Bunda barcha, davlat va nodavlat tashkilotlari ham birdek jonbozlik ko‘rsatsagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. Yurtimizda davlat organlari va nodavlat-notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining erkin faoliyat yuritishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

 

Ayniqsa, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini yanada rivojlantirish va ularni davlat granti, ijtimoiy buyurtmasi hamda subsidiyalar shaklida moliviy qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratilgan. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yaqinda Parlament komissiyasining 2016 yil faoliyati yuzasidan navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda parlament kommissiyasi a’zolari, senatorlar, deputatlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, manfaatlari himoya qilinadigan kuchli fuqarolik jamiyati shakllanganini alohida ta’kidladi. 

— Jamiyatda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar va erishilayotgan yutuqlarda fuqarolik jamiyati institutlarining munosib hissasi bor. Parlament komissiyasi qarori asosida moliyalashtirilayotgan loyihalar natijasi jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish, yoshlar va xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, ishga joylashtirish, keksalar va aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va boshqa sohalarda yaqqol namoyon bo‘layotir, — dedi u. 

 Ta’kidlash joizki, 2016 yilda  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan 11 milliard so‘m ajratish rejalashtirilgan edi.  Hisobot davrida esa, qo‘shimcha tanlovlar e’lon qilingani natijasida  Parlament komissiyasi qarorlari asosida jamoat fondi tomonidan 275 loyiha va dasturlarni davlat granti, ijtimoiy buyurtma va subsidiya shaklida qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘lar hajmi 12,2 milliard so‘mni tashkil qildi.

— O‘tgan yilda turli yo‘nalishlarni qamrab olgan davlat grantlari uchun 7 ta tanlov o‘tkazildi, — deydi, Fond direktori Adbujalil To‘raev. —  Ularda 1264 ta NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan 1428 loyiha taqdim etildi. Shundan 254 ijtimoiy ahamiyatga ega loyiha bo‘lib unga 6 millard 222,9 million so‘m  yo‘naltirildi.  Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida 13 loyiha uchun 2,3 milliard so‘m, davlat subsidiyasi shaklida qo‘llab-quvvatlangan jamoat tashkilotlarining  ijtimoiy rejalariga  3,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.

 Shuningdek, yig‘ilishda Parlament komissiyasining bugungi ish faoliyati tanqidiy baholandi. Joylarda mavjud ijtimoiy muammolarga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani ta’kidlandi. 

— Joriy yilda e’lon qilinadigan tanlovlar mavjud muammolarni bartaraf etilishga qaratilishi lozim. Eng muhimi bitta davlat granti uchun kechadigan raqobatni kengaytirish zarur, — deydi Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov. — Bu borada  joylarda media konferentsiyalarni o‘tkazishni taklif qilaman. Tadbirlarimizni faqat poytaxtda emas viloyatlarda NNT va fuqarolik jamiyati institutlari nigohida o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri qaror hisoblanadi.

Shuningdek, yig‘ilish Parlament komissiyasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.  

 

Jobir  RAZZOQOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + fifteen =