“Chimyon” medialageri

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi bu yil oltinchi bor an’anaviy bir haftalik “Chimyon” medialagerini tashkil etdi. Uning o‘ziga xosligi shunda ediki, medialager o‘quv-seminarida farg‘onalik jurnalistlardan tashqari Andijon, Namangan va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

O‘quv seminari “Jurnalistikada ochiqlik, xolislik va muharrirlik mahorati” shiori ostida o‘tdi. Uning ishtirokchilari kunning birinchi yarmida sihatgohning shifobaxsh suvi va boshqa fizioterapiya muolajalarini qabul qilgan bo‘lsalar, tushdan so‘ng Ibrohim o‘afurov, Xurshid Do‘stmuhammad, Farmon Toshev singari ustoz adib va jurnalistlarning nazariy va amaliy tajribalarini qamrab olgan qiziqarli mashg‘ulotlardan bahramand bo‘ldilar. Unda “Islom Karimov — O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti”, “Hududiy dasturlar ijrosini nazorat qilishda bosma nashrlarning o‘rni”, “Xalq bilan muloqot va ommaviy kommunikatsiya” kabi o‘nlab mavzular atroflicha muhokama qilindi. Gazeta muharrirlari, yetakchi muxbirlar trenerlar o‘rtaga tashlagan masala tahlilida faol ishtirok etdilar. Har kuni bir gazetaning taqdimoti ham o‘tkazildi.

— Ochig‘i, “Chimyon” medialageri bunchalik qiziqarli va foydali bo‘lishini kutmagan edik, — deydi Namangan viloyati Chortoq tumani hokimligi muassisligidagi “Chortoq xaqiqati” gazetasi bosh muharriri Dilbar Haydarova. – Biz shu paytgacha bir-birimizning tajribalarimiz haqida juda kam bilar edik. Medialager saboq maktabigina emas, o‘zaro tajriba almashuv maydoniga ham aylandi. Masalan, meni Qo‘shtepa tumanining “Istiqbol yo‘li”, Buvayda tumanining “Yangi Farg‘ona” kabi gazetalar mavzularining rang-barangligi, maketining o‘ziga xosligi va erkinligi, tahririyat ishini tashkil etishdagi mustaqillik qiziqtirib qo‘ydi. Biz o‘quv seminaridan bo‘sh vaqtlarimizda ham jurnalistika va gazetachilik muammolarini muhokama qilib fikr almashdik.

— Ibrohim o‘afurovning Abdulla Qodiriy va Erkin Vohidov publitsistikasiga bag‘ishlangan ma’ruzalari betakrorligi, tahlil va xulosalarga, tavsiya va munozaralarga boyligi bilan bizda katta qiziqish uyg‘otdi, — deydi Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligi muassisligidagi “Qo‘rg‘ontepa haqiqati” gazetasi bosh muharriri Abduqahhor Qoraboev. 

— “Zarafshon” gazetasining bosh muharriri Farmon Toshev farg‘onalik hamkasblarining yaqin do‘sti. Lekin bu inson jurnalistika ilmining nozikta’b bilimdoni, mohir tashkilotchi ham ekanini medialager chog‘ida kashf etdik, — deydi “Markaziy Farg‘ona” gazetasi bosh muharriri Azimjon Xudoyqulov. – Farmon aka gazeta ishini boshqarishning o‘zi erishgan barcha sir-asrorlarini biz bilan baham ko‘rdi.

“Jetkimshek” bolalar gazetasi bosh muharriri Abdulla Yembergenov taassurotlari shunday: — Men “Chimyon” medialagerida ilgari Ahmadjon Meliboev, Sherzodxon Qudratxo‘jaev, Fayzulla Mo‘minov, Nazira Toshpo‘latova, Beruniy Alimov kabi ko‘plab nazariyotchi va amaliyotchi jurnalistlar mashg‘ulot o‘tkazgani haqida xabarim bor edi. Bu yilgi medialager ham qiziqarli va foydali bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonga qaytgach, hamkasblarimga bu yerda olgan bilimlarimni yetkazaman.

Darhaqiqat, “Chimyon” an’anaviy VI medialageri uning turli viloyatlardan kelgan 60 nafar ishtirokchisi uchun mahorat va tajriba maktabigina emas, hamkorlik aloqalarini bog‘lagan hamkasblar anjumaniga ham aylanib qoldi.


Umida MIRZAMATOVA, 

Zamira TILLABOYEVA,

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi mutaxassislari

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 10 =