Nur yo‘lidagi odam
Uni teleoperatorlar oldiga olib kirib, direktorning aytgan gapi shu bo‘ldi: “Bugundan boshlab, bu yigit sizlarga shogird, undan ajoyib operator chiqishiga ishonaman”. Tanti, yoshlarga g‘amxo‘r Toshkent telemarkazining direktori Hamidilla Nazirov bildirgan bu yuksak ishonch sohibi bo‘lajak teleoperator Rafail Kamolovning faoliyat yo‘lini uzil-kesil belgilab berdi.
HAYOT BU MUKOFOTDIR
6-7 yoshli Rafail har kuni onasi bilan telemarkaz yonidan o‘tib-qaytar, ishga eltuvchi, qaytuvchi bu yo‘ldan yurish, ayniqsa, uning uchun maroqli edi. Panjaralar bilan o‘ralgan, baland teleminorasi ko‘rinib turadigan bu bino unga afsonaviy maskandek tuyular, bu yerda qanday ajoyibotlar bo‘lar ekan, deya har safar ko‘zini uzolmay o‘tardi.
Uylaridagi kichkinagina, rangpar tasvirlarni ko‘rsatuvchi televizori esa uni rostmana ermagi, ovunchog‘i edi. Yo‘q, u hamma bolakaylar kabi faqat kichkintoylar uchun beriladigan teledasturlarning shaydosi emasdi, balki har bir ko‘rsatuvni, televizon dasturni diqqat bilan kuzatar, bolalik orzulari, ishtiyoqi bilan oynai jahon qarshisidan jilmasdi. Bir kuni oyisi uning iltimosiga ko‘ra “Paxtakor” stadioniga futbol tomoshasi uchun olib tushdi. Birinchi marta bunday tomoshaning shohidi bo‘lsa-da, uning nigohlari ishqibozlarning hayqiriqlaridan, olqishlaridan ilhomlanib to‘p surayotgan chapdast futbolchilarda emas, balki to‘rt tomondan bellashuvni tasvirga olayotgan kameralarda edi.
– O‘shanda bunday katta stadion, shuncha odamlar qanday qilib shu kichkina kameralar ichiga sig‘ar ekan, qaysi biri birinchi ko‘rsatar ekan, deya o‘ylardim, – deydi qahramonimiz. – Butun borlig‘im bilan tasvirchilarni, ularning harakatini kuzatib qolganimdan, futbolning tugaganini ham bilmay qolibman.
Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchun turmushning tashvishlari yelkamga ertaroq tushdi. Ro‘zg‘or tashvishlari bilan yursam-da, telemarkazning yonidan o‘tib qolsam, shu yerning mehrigiyosi tortaverardi. Shunday kunlarning birida Hamidilla Nazirov meni bu ulug‘ dargohga olib kirdi-yu, hayotim shu maskanga bog‘landi, qoldi. Bu menga hayot bergan eng katta mukofot edi.
“TOSHKENT STUDIYASI KO‘RSATADI”
— Shundan so‘ng televidinie olamining sirli, hayajonli va jonli tasvirlari aro ishlay boshladim. 2-3 yillik tajribadan keyin teleoperatorlar boshlig‘i Karim Maqsudxo‘jaev menga birinchi ko‘rsatuvni ishonib topshirdi. Bu bolalar uchun dam olish dasturi edi. Rejissyor bilan hamjihatlikda olib borgan ishimiz muvaffaqiyatli chiqib, tez orada boshqa dasturlarni ham tayyorlashga kirishdim. Birinchi teleoperatorlik maktabiga asos solinayotgan, televidinieda dastlab 23 ta operator ish boshlagan paytlar edi. Ko‘pchilik hozir ham xotirlar, birinchi O‘zbekiston kanali “Toshkent studiyasi ko‘rsatadi” degan kalom bilan boshlangan edi.
1971 yili harbiy xizmatga bordim. Men bu yillarni alohida eslab o‘taman. Chunki vatandan olisda xizmat qilishdagi qiyinchiliklar kishini hayot qozonida obdan toblab qo‘yarkan. Ukrainada kechgan xizmatim mobaynida sapyorlik qildim. Bilasiz, bu soha hisob-kitobga, matematikaga, fizikaga asoslanadi. Fikrlash va mantiq, ziyraklik va kuzatuvchanlik borasida fikrim tiniqlashdi, dunyoqarashim kengaydi. Keyinchalik bu tajriba operatorlik faoliyatimda ham asqotdi.
Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi, o‘tish davrining o‘ziga xos qiyinchiliklariga bevosita guvoh bo‘ldik. Respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning jasoratini, istiqlolimizni qo‘lga kiritishdagi fidoyiligini ko‘rish va uni xalqimizga ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldik. Esimda, 1989 yili Navro‘z marafoniga atalgan dastur tayyorladik. U paytlari hali mustaqilligimiz qo‘lga kiritilmagan, hamma narsa markazdan turib boshqarilardi. Islom Karimovning tashabbusi va taklifi bilan bo‘lgan marofon xalqimizning qanchalik jipsligini, Navro‘zdek bayramni shu qadar sog‘inganligini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng davlat tadbirlarida, Birinchi Prezidentimiz bilan chet el safarlarida ham bo‘ldik. Bularning bari xotiramning yorqin lahzalari bo‘lib qoldi.
HUNARNI BEZAGAN USTA
Xalqimizda “Usta hunarni bezaydi” degan gap bor. Bu iborani operatorlik kasbi egalariga ham qo‘llasak bo‘lar. Boisi, sizu biz ekranda ko‘rib, o‘rganib qolgan biron ko‘rsatuvning muvaffaqiyatida nafaqat boshlovchi yoki ishtirokchilarning balki operatorning ham ulkan mehnati borligini doim ham his etavermaymiz. Lekin ko‘rsatuv mavzusidan kelib chiqib, ko‘ruvchiga oldindan yoki xotimada ma’lum bir g‘oyani bera oladigan, tasvir maydonining yorug‘ligini, so‘zlovchining burroligini aniq va tiniq tasvirlarda akslantiradigan operator ko‘pincha tomoshabin nazdidan chetda qoladi. Aslida hamma ijodkorlar qatori uning xizmati ham e’tibor-u, e’tirofga loyiq. Yo‘qsa, “Mehrobdan chayon”, “Jobbi Jujak hiylasi”, “Ko‘ngil ko‘chalari”, “Qotil”, “Kecha va kunduz”, “Qismat” kabi film va videofilmlar bu qadar shuhrat qozonmagan, xalq mehriga u qadar musharraf bo‘lmagan bo‘lardi. Rafail Kamolov operatorligida tasvirga olingan bu kinoasarlar mohir stsenaristlar, iqtidorli aktyorlar, mahoratli rejissyorlarning mehnatini yuzaga chiqargan, el mehriga sazovor qilgan, desak yanglishmaymiz.
– Toshkentning Eski shahar mavzeida tug‘ilganman. Bolaligim shu kentning chang ko‘chalarida, ilon izi yo‘llarida kechdi. Bu ma’sum davr qanday zamonda o‘tmasin baribir uni qo‘msayverar ekansiz. Bir kuni o‘rtoqlarim bilan o‘ynab yursak, Hadrada kino olinayotganligini eshitib qoldik. Chopib o‘sha yerga bordik. Qarasak, o‘afur o‘ulomning “Sen yetim emassan” asari asosida kino tasvirga olinayotgan ekan. Mashhur aktyorlar ijrosidagi rollarni, ularni turli yo‘sinda tasmaga muhrlayotgan operatorlarning ishini to kechgacha zavq va hayajon bilan kuzatib turaveribman. Men shunda bolalik shuurim bilan bo‘lsa-da, hayotni qanday qilib boricha tasvirga olish mumkinligi haqida ilk tasavvur va taassurotga ega bo‘lganman.
Fizikada tayanch nuqtasi degan tushuncha bor. Bizning ishimizda ham ishning nuqtasini, ya’ni ko‘zini bilish muhim. Har bir ko‘rsatuvga oldindan tayyorgarlik ko‘raman. Garchi bu mening navbatdagi ishim bo‘lsa-da, uni birinchi marotaba qilayotgandek tasvirga olinadigan joyni, ishtirokchilarni, so‘zlovchilarni kuzataman. Nafaqat chiroyli insonlarni, tabiiy, samimiy, yuzi nurli kishilarni tasvirga tushirishga e’tibor qarataman. Darvoqe, ishimizda nur yetakchi o‘ringa egaligini aytishim kerak. Uning joylashuvi, ob’ekt bilan kesishuvi tasvirning yorqin chiqishini ta’minlaydi. O‘ylab qarasam, men nurni oldindan yaxshi ko‘rarkanman. Oftob doim men bilan birga. Huv o‘sha bolalik yillarimda onam bilan yetaklashib yurgan yo‘llarimizda ham uning munavvar nurlari bor edi… Bugun ham har tong qadrdon ishxonam sari otlanar ekanman, saxiy nurlari bilan quyosh yo‘limni, ko‘nglimni yoritaveradi.
Biz ham Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston teleradiokompaniyasining ustoz ijodkori, bosh operatori Rafail Kamolovning hayot yo‘li doim nurlarga belanib yursin, deb qolamiz.
Nargiza ASADOVA