CHORRAHALARDAGI KAMERALAR QOIDABUZARLIKLARNI QAYD ETA BOSHLADI

Toshkent shahridagi 400 dan ziyod chorrahaning 115 tasiga video kuzatuv moslamalari o‘rnatilgan edi. Yangi — onlayn tizimida ish boshlagan ushbu texnik moslamalar to‘liq ishga tushib, jarima qilish mexanizmi joriy etilgan. Videokameralar tomonidan qayd etilgan har qanday qoidabuzarliklar uchun haydovchilarni jarimaga tortish mexanizmi sinov tariqasida ishga tushirildi.

 

— 15 mart kunidan boshlab qoidabuzarliklar uchun jarima solish to‘g‘risidagi qaror transport vositasining mulkdoriga jo‘natilaveradi. Aynan mana shu  ish  jarayonida tizimdagi texnikalarning ishlashini nazorat qilib olamiz. Yuzaga keladigan muammolar va  kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘ramiz. Shu  sababli ham sinov tariqasida, deyapmiz,  — deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi YHXBB boshlig‘i,  polkovnik Xolmatjon Saydaliev. — Nazorat qilinadigan har bir ob’ekt, ya’ni chorraha harakatni nazorat qiluvchi, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlovchi zamonaviy texnik vositalar, intellektual detektorlar, kontrollerlar, videokameralar bilan jihozlangan. Chorrahalardan olingan barcha ma’lumotlar markaziy dispetcherlik xizmatiga uzatiladi va  bu yerdagi elektron tablo hamda videomonitorlarga chiqariladi. Tizimga kiritilgan chorrahalardagi svetoforlar ham detektorlardan harakat oqimi to‘g‘risida olingan ma’lumotlarni qayta ishlash orqali avtomatik tarzda boshqariladi. Chorrahalardagi vaziyatni masofadan uzluksiz kuzatib borish uchun videokameralar hamda fuqarolar uchun maxsus xizmatlarni, jumladan, ichki ishlar, tez tibbiy yordam, yong‘in xavfsizligi xizmatlarini chaqirish uchun maxsus uskunalar o‘rnatilgan.

Poytaxtimizda avtoulovlarning qoidabuzarliklarini aniqlashning yangi tizimi joriy etilishi munosabati bilan  ayrim  qonun hujjatlariga tegishli o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, 2015 yil 10 avgustda «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeks 2 ta  yangi modda bilan to‘ldirilib, 13 ta  moddaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan edi. Ya’ni kodeks 171-modda bilan to‘ldirildi. Ushbu modda maxsus avtomatlashtirilgan foto va  video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun shaxslarning ma’muriy javobgarligi haqida. Unga ko‘ra, maxsus texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganlik holati qayd etilganda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori tortilishi belgilangan. Shuningdek, yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsi tortilishi belgilab berildi.

Ikkinchi yangilik, bu  — kodeksga kiritilgan 3091-modda. Bu  modda foto va  video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklariga nisbatan jarima solish tartibini belgilaydi. Ushbu moddaga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va  video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi bo‘yicha jarima solish to‘g‘risidagi qaror ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz chiqariladi. Jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi foto va  video qayd etish texnika vositalardan olingan materiallarni ilova qilgan holda qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch  kun ichida buyurtma pochta jo‘natmasi orqali huquqbuzarga jo‘natiladi.

Agar ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan berilgan shikoyatni ko‘rib chiqish jarayonida tegishli transport vositasiga huquqbuzarlik qayd etilgan paytda egalik qilgan shaxs aniqlansa yoxud mazkur transport vositasi boshqa shaxslarning g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlari natijasida transport vositasi mulkdorining egaligidan chiqib ketganligi aniqlansa, transport vositasining mulkdori o‘ziga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi. Bu qoidabuzarliklarning oldini olishda juda ham muhim. Sababi endilikda mulkdor ham haydovchini qoidabuzarlik qilmaslikka chaqirib, qoidalarga amal qilish zarurligini eslatib turadi. Ayniqsa, bir necha transport vositalarini ijara shartnomasi asosida yoki ishonch qog‘ozi bilan boshqarishga bergan mulkdorlarning mas’uliyati oshadi. Ularning o‘zlari ham qoidabuzarliklarga qarshi kurasha boshlaydilar.

«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 127-moddasi ikkinchi qismining dispozitsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish ham ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Shuni ham aytish lozimki, shunday holatlar aniqlanganida kodeksning 291-moddasiga asosan transport vositasi vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yiladi. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida bunday qurilmalar musodara qilinib, fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch  baravarigacha miqdorida, mansabdor shaxslarga esa uch  baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Shuningdek, kodeksning 276-moddasiga ham o‘zgartirish kiritilgan. Unga muvofiq, avtomatlashtirilgan tizim orqali olingan ma’lumotlar ma’muriy ish bo‘yicha dalil sifatida qabul qilinishi belgilab qo‘yildi. Hujjatlar elektron shaklda rasmiylashtirilishi sababli maxsus qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik uchun ma’muriy bayonnoma tuzilmasligi haqida ham kodeksning 283-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirildi.

Mazkur kodeksning 36-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga binoan, ma’muriy jazo qo‘llash muddatlari ikki oydan bir yilga uzaytirildi. Bundan tashqari, kodeksning 332-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilib, maxsus avtomatlashtirilgan foto va  video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kundan kechiktirmay, bunday qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda esa, shikoyat yoki protest qanoatlantirilmaganligi to‘g‘risida xabar berilgan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay to‘lashi lozimligi haqidagi norma belgilab berildi.

Qoidabuzar ko‘rsatilgan ushbu muddatlarda ham jarimani to‘lamaslik holatlari nazarda tutilgan holda kodeksning 291-moddasining ikkinchi qismi to‘ldirildi. Unga ko‘ra, jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan vakolatli organ rahbari jarima solish haqidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran oltmish kun o‘tgach, jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish  yuritish tugaguniga qadar transport vositasini vaqtinchalik jarima maydonida ushlab turish to‘g‘risida yozma ko‘rsatma berishi haqidagi qoida belgilab berildi.

Kodeksning 321-moddasi to‘ldirilgan uchinchi qismiga muvofiq esa maxsus avtomatlashtirilgan foto va  video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi bo‘yicha ish  yangidan ko‘rib chiqish uchun yuborilib, qaror bekor qilingan taqdirda, mazkur ish  ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan u  ilgari sodir etgan huquqbuzarliklarning takroriyligini inobatga olgan holda umumiy asoslarda ko‘rib chiqilishi lozimligi mustahkamlab qo‘yildi.

Yana bir holat, muqaddam jarimalar qoidabuzarliklarning takroriyligiga qarab belgilanar edi. Yangi tartibda esa qoidabuzarlikning takroriyligi inobatga olinmaydi.

Agarda chiqarilgan qaror yuzasidan shikoyatni ko‘rib chiqish jarayonida ushbu huquqbuzarlik boshqa shaxs tomonidan sodir etilganligi aniqlanganda, qaror bekor qilinadi va  transport vositasini boshqarib, qoidabuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Bunda qoidabuzarlikning takroriyligi inobatga olinadi. Qisqa qilib aytganda, jarima solish to‘g‘risidagi qarorga e’tiroz bildirilmasa qoidabuzarlikning takroriyligi inobatga olinmaydi. Ish qayta ko‘rilayotgan paytda boshqa shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilsa, takroriylik inobatga olinadi.

Shu o‘rinda chorrahalardagi kameralar aynan qaysi qoidabuzarliklarni qayd etadi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Murotov ma’lum qilishicha, Toshkent shahrining 115 ta chorrahasiga o‘rnatilgan kameralar faoliyati ikki bosqichda takomillashtiriladi. Kameralar birinchi bosqichda ikki turdagi: svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib ketish va ruxsat berilgan tezlikni oshirish qoidabuzarliklarini qayd etadi.

Chorrahalarni kameralar bilan qamrab olish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Mazkur loyihaning sinov bosqichi uch-to‘rt oy davom etadi, keyin ikkinchi bosqich boshlanib, unda mobil telefondan foydalanish, xavfsizlik kamarini taqmaslik kabi qoidabuzarliklar ham qayd etiladi.

Qizil chiroqda o‘ngga burilish  ruxsat etilgan chorrahalarda kameralar o‘ngga burilishni qoidabuzarlik sifatida qayd etmaydi. Biroq bunda haydovchi qoidaga rioya qilishi talab etiladi. Ya’ni chorrahani yashil chiroqda kesib o‘tayotgan transport vositalari va piyodalarni o‘tkazib yuborishi shart. Hozircha bu kabi chorraha shaharda birgina joyda mavjud. Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, yo‘l harakati qoidalariga tegishli o‘zgartishlar kiritiladi.

“Hurriyat” muxbiri

Jobir XO‘JAQULOV tayyorladi.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + four =