OMMA BILAN YUZMA-YUZ

Tikuvchi matoni egasiga o‘lchab, qarab bichadi. Agar aksincha bo‘lsa, libos buyurtmachiga mos kelmasligi aniq. Biz yozayotgan maqola ham shunday.

 

Yurtimiz viloyatlaridagi gazetalar bilan yaqindan tanishish maqsadida, Navoiy viloyatining ayrim nashrlarini ko‘zdan kechirdik. Jumladan, hududdagi yetakchi nashrlardan biri Navoiy viloyati hokimligining ijtimoiy-siyosiy gazetasi — “Do‘stlik bayrog‘i”ning biz kuzatgan sonlarida tanlangan mavzular qoniqarli, ammo tahliliy-tanqidiy, mulohazali maqolalarga keng o‘rin berilmagan.

 

Masalan, nashrning sakkizta soni orasida joriy yil 24 yanvar, 7-sonida “Haydovchi mas’uliyatli bo‘lsa…”, “O‘gay ko‘cha faryodi” nomli tahliliy maqolalardan ko‘ngil to‘ladi. Gazetada giyohvandlik, diniy ekstremizm, missionerlik, OITS mavzularidagi, shuningdek, “Jinoyat va jazo”, “Qilmish-qidirmish” rukni ostidagi materiallarga kengroq o‘rin berilgan. 

Ayni paytda Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxonlik va kitob targ‘ibotini keng yo‘lga qo‘yishning holati ham nashr e’tiboridan chetda qolmagan. Joriy yilning 20 yanvar sonida “Yaproq umri” va “Vatan ichra” sarlavhalari ostida shu nomdagi kitoblarning mo‘’jaz taqdimoti yoritilgan. 

Ushbu sonda yana bir e’tiborni tortadigan “o‘araz niyatli saytlar” nomli maqola chop etilgan. Anglaganingizdek, material mushtariylarni shunday saytlardan ogoh bo‘lishga chorlamoqda. 27 yanvar sonida esa Ramazon Egamov muallifligida “Karmanadagi tabarruk maskan” sarlavhali tarixiy ma’lumotlarga boy maqola e’lon qilingan. Material Mir Said Bahrom maqbarasining qurilishi, bugungi kunda bu maskanga qaratilayotgan e’tibor va bunyodkorlik ishlari haqida. 

Ushbu nashrda bu kabi dolzarb masalalar yuzasidan yozilgan maqolalar talaygina. Ammo gazetaning biz o‘qigan (2016 yil 104-, 102-, 103-, 2017 yil 1-, 4-, 6-, 7-) sonlarining hech birida auditoriyaning aks-sadosi, murojaatini uchratmadik. Faqat joriy yil 20 yanvar sonida tahririyat tomonidan “Munosabat” rukni tashkil etilgani ma’lum qilingan. 

Navoiy kon-metallurgiya kombinati muassisligidagi “Konchilar hayoti” gazetasida qator salmoqli maqolalar e’lon qilinmoqda. Xususan, 2017 yil 27 yanvar sonida “Hayoti ibrat insonlar” rukni ostida “Doktor bobo, men keldim!” maqolasi chop etilgan. Maqolada hududdagi tajribali shifokor Abdulvahob Hasanov faoliyati haqida samimiy fikr yuritilgan. Bolalar shifokorlardan qo‘rqadi, yoniga bormayman, deb xarxasha qiladi. Lekin ushbu qahramon bolajonlarga qadrli inson. Buni maqola boshida keltirilgan birgina dialog orqali bilish mumkin. 

Karmana tumani hokimligi gazetasi – “Karmana ovozi”da joriy yilda qo‘yilayotgan talablarni hisobga olib, “Ochiq minbar” rukni tashkil qilingani haqida e’lon berilgani diqqatimizni tortdi. Chunki “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da bunday rukn ostida berilayotgan materiallar xalq bilan yaqindan muloqot qilish, ularning quvonchu tashvishlari bilan yaqindan tanishishda katta o‘rin tutadi. Bundan tashqari, gazetaning shu yil 27 yanvar sonida “Ko‘rgach”… yoxud yolg‘izgina g‘azalda bir ishq qissasi, yetti hikoya va bir hikmat tasviri “, “Yur, bolam, “Hazrati Xizr”ga boraylik…”, “Jannatdan benasiblar yoxud otasini urgan farzand”, “Oila nega darz ketadi?”, “Baxtsizlikdan baxt izlamang” kabi bir qator tahliliy maqolalar e’lon qilinganining o‘ziyoq nashrning o‘qishliligini isbotlaydi.

Xatirchi tumani hokimligining “Xatirchi hayoti” gazetasi ham jiddiy mavzularga qo‘l urmoqda. Masalan, joriy yil 20 noyabr sonida “Diniy ekstremizm: buzg‘unchi va soxta g‘oya” sarlavhali maqola e’lon qilingan. Unda diniy bilimlarga bo‘lgan ehtiyojni qonun doirasida qondirish kerak, degan g‘oya ilgari surilgan. 

Shuni ham qayd etish kerakki, ortiqcha so‘zlardan foydalanish, maqolaning cho‘zilib ketishi, mantiqning  buzilishiga olib keladi. Nashrning 2016 yil 23 dekabr sonida chop etilgan “Hunarli qiz xor bo‘lmas” maqolasida shunday jumla bor: “Tadbir davomida uning ishtirokchilari tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik, to‘quvchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi”. Bu gapda “uning ishtirokchilari tomonidan tashkil etilgan” birikmasi ortiqcha. Bu birikma bo‘lmasa ham ma’no o‘zgarmaydi. 

Nurota tumani hokimligi gazetasi — “Nurnoma” o‘z auditoriyasining axborotga bo‘lgan ehtiyojini imkon qadar qondirishga harakat qilmoqda. Biroq nashrga tajribali dizaynerning yordami kerakka o‘xshaydi. Gazetaning 2016 yil 30 dekabr sonida “Mahalla — mening taqdirimda” sarlavhali maqola e’lon qilingan. Unda shu nomda bo‘lib o‘tgan tanlov haqida fikr yuritilgan. Material o‘rtasiga “Ko‘rik-tanlov” deb qo‘yilgan ruknning pastrog‘ida 2017 raqami bor. Sonlarga berilgan fon matnni to‘sib qo‘ygan, o‘qishga imkon bermaydi. Nashrning 2016 yil 20 dekabr sonida “Buyuk fazilat” sarlavhali maqola e’lon qilingan. Materialda o‘tgan yili Qizil yarim oy jamiyati hamda hamkor tashkilotlar tomonidan tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga ko‘rsatilgan moddiy yordam tilga olingan va har birining summasi ko‘rsatilgan. Material hisobotga o‘xshab qolgan. Muallif (jamiyatning Nurota tumani bo‘limi kichik hamshirasi S.Hakimberdieva) maqolani quruq raqamlar bilan emas, intervyular, xalq bilan muloqot orqali boyitganda, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Qisqartmalardan foydalanishda ham nashrlarda xatoliklar uchraydi. Masalan, OAV qisqartmasi ommaviy axborot vositalari ma’nosini beradi. Afsuski, bu qisqartma gazetalarimizda “OAVlari” shaklida uchrayapti. Bu hol ikki marta ko‘plik qo‘shimchasi qo‘llanganini ko‘rsatadi. Masalan, viloyatda nashr etiladigan xususiy gazetalardan biri “Iste’molchi minbari”da shunday jumla bor: “She’riyatda sehr sohibi” deb nomlangan mazkur tadbirda Navoiy pedagogika va xizmat ko‘rsatish hamda Madaniyat va san’at kolleji o‘qituvchi va o‘quvchilari, AKM xodimlari va OAVlari vakillari ishtirok etdi”. Bundan tashqari, gapda to‘rt o‘rinda “va” bog‘lovchisidan foydalanilgan. So‘zlarni takror qo‘llash ham uslubiy jihatdan to‘g‘ri emas. Bog‘lovchilarning ikkitasini o‘zgartirib bo‘lmas, lekin qolgan ikki o‘rinda ulardan foydalanilmasa ham bo‘lar edi.

Zarafshon shahar hokimligi muassisligidagi “Oltin vodiy” gazetasi hududda bo‘layotgan voqealarni, muhim yangilik va axborotni o‘z vaqtida mushtariylarga yetkazish, aholini ogohlikka chorlashga intilmoqda. Gazetada “Inson va qonun” rukni ostida materiallar berib borilmoqda. Jumladan, joriy yil 28 yanvar sonida chop etilgan “Noqonuniy faoliyatga chek qo‘yildi” nomli kichik xabarda shunday jumla bor: “Shuningdek, ular savdo pullarini nazorat kirim mashinasiga kirim qilmasdan faoliyat yuritib kelayotgani ma’lum bo‘lishdi”. E’tibor bering, gapda na ega, na kesim to‘g‘ri qo‘llangan. “Taksichi” jarimaga tortildi” xabarida ham shunday g‘aliz jumla bor: “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari talablariga asosan yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanish tadbirkordan maxsus ruxsatnoma olish talab etiladi”. Bu gapda esa to‘ldiruvchi noto‘g‘ri qo‘llangan.

Bugungi auditoriya faqatgina o‘quvchi yoki tinglovchi emas. Ular kezi kelganda tanqidchi, nazoratchi hamdir. Auditoriya ichida o‘qituvchi ham, tadbirkor, yozuvchi-shoir, dehqon ham bor. Ular mavzuning biz nazardan qochirgan tomonlariga e’tibor berishi, biz ilg‘amagan kamchiliklarni ko‘rishi mumkin. Tahririyatning auditoriya bilan aloqasi vizual (bevosita va bilvosita), xatlar, telefon qo‘ng‘irog‘i orqali amalga oshiriladi. Shulardan xatlar yordamida muloqotni yo‘lga qo‘yish eng samarali usul ekani amaliyotda isbotlangan. Shunday ekan, har bir tahririyat o‘z manziliga yuborilgan xatlarga alohida e’tibor qaratishi kerak. Chunki mushtariydan kelgan xat orqali ijtimoiy fikrni o‘rganish mumkin. Qolaversa, joriy yil ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan xalq bilan muloqot OAVda ham o‘z aksini topadi.

Bugungi matbuot maydonida munosib o‘rin egallab, har bir nashr o‘z auditoriyasi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishi, uning qiziqishlari, muammolari, talab-istaklarini doimiy o‘rganib borishini istagan holda, Navoiy viloyati nashrlariga omad tilaymiz.

 

Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 5 =