Esdan chiqqan eski gaplar

Gazetamizning 2014 yil 29 yanvar sonida “Yangiobod bozorida…” sarlavhasi ostida maqola chop etilgan edi. Unda poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan “Yangiobod ilgari foydalanishda bo‘lgan mol-mulkni sotishga ixtisoslashgan bozori”dagi behayo disklar sotilayotgani haqida fikr va mulohazalar bildirilgandi. Buni qarangki, oradan uch yil o‘tib yana o‘sha bozorga yo‘limiz tushdi. Ahvol o‘sha-o‘sha. Behayoligu axloqsizlikni targ‘ib qiluvchilar hanuz o‘zlaridan ko‘payib yotibdi.

 

Qonunchilikda axloqsizlikni targ‘ib qilgani uchun (jinoyat kodeksining 130-moddasi) qat’iy jazo belgilangan bo‘lsa-da, tirikchilik payida yurganlar bu ishni tap tortmay amalga oshirib kelmoqdalar. Bunday kimsalar o‘zgalarni ham o‘z botqog‘iga tortishda davom etmoqda. Eng achinarlisi, ularning qarmog‘iga, asosan yoshlar ilinmoqda. Hatto targ‘ib qiluvchilar orasida ham hali g‘o‘r yigitlar borligi yana ham achinarli. 

Bozorning har yerida litsenziyasiz, noqonuniy ko‘chirib bosilgan  disklarni yuzlab topish mumkin. Bor-yo‘g‘i, 2-3 ming so‘m. Xohlagan kino, kontsert, hammasidan bor. Uyingizda keraksiz disklar bo‘lsa, siz ham bemalol bozorga olib chiqavering. Harna pul-da. Yana naqd. Bu yerda birov sizni mushugingizni pisht demaydi. Chunki ixtisoslashgan bozorda hamma narsa mumkin. Hatto uyingizdagi tovuq bormi, mushuk bormi, xullas, qo‘lingizga nima ilashsa, kelib sotavering. Egasi topiladi. Mabodo, tovuqlaringiz kasal bo‘lsa, so‘yib ham olib chiqavering. Muzlatkich-ku, yo‘q. Soyabonning tagida bo‘lsa ham sotaverasiz. Sanitariya qoidalari deysizmi? Qo‘yavering, buni hech kim tekshirmaydi. Boshqalarini ko‘rsangiz ko‘nglingiz ayniydi. Pashsha g‘ujg‘on o‘ynab, chivinlar bolalab yotibdi. Shu paytgacha e’tibor berishganida qozon boshida bir arava eski-tuskilar turmas, ozuqalar yerda yoyib sotilmas yoki ko‘rsangiz ishtahangiz bo‘g‘iluvchi ko‘rimsiz, sanitariya qoidalariga umuman javob bermaydigan, changu tutundan qorayib ketgan tamaddixonalar ish yuritmasdi. Xaridoru sotuvchilarga esa biroz bo‘lsa-da qulay sharoitlar yaratilgan bo‘larmidi?!

Bozorning bunday manzaralari haqida gapirsang, keti uzilmaydi. Xullas, bu bozorda tartib, qonun-qoidalar mutlaqo yot. Hukumatimiz tomonidan bozorlarni tubdan isloh qilish borasidagi bir qator farmonu qarorlar ham bu bozorga aloqasi yo‘qday. Chunki ixtisoslashgan-da! Bozor mutasaddilarining nazdida hamma narsa mumkin. “Ixtisoslashgan” so‘zining shunday katta imkoniyatlari borligini bilmagan  ekanmiz… 

Eng qizig‘i, bu bozorga plastik, terminal kabi zamonaviy uskunalarning umuman keragi yo‘q. Chunki bu yerda ish yuritish ham o‘ziga xos.

Eski buyumlar-ku, desak. Bozorning to‘rtdan biri yangi kiyim-kechak va buyumlardan iborat. “Ular-chi?”, degan savol biror kishini “qiziq”tirmaydi… Bunday tadbirkorlar faqat kunlik 15 ming so‘m to‘lovni to‘lasalar bo‘ldi. Hamma narsadan ozod. Eskichilar esa 6000 so‘m to‘lashadi. Tamom. Xohlagan narsalaringizni sotavering. Bunday bag‘rikeng bozorda faoliyat yuritish juda oddiy. Terminal ham, plastik ham, hujjat ham kerak emas. 

Yana bir gap. Agar bu bozorga kelmoqchi bo‘lsangiz, avtoulovingizni Qo‘yliq – Rohat yo‘nalishidagi katta yo‘lga qo‘yib kiravering. Bozor atrofidan yo‘l topolmaysiz. O‘zi torgina avtotransport yo‘lining asosini o‘nqir-cho‘nqirliklaru betartib qurilmalar egallagan. Kamiga odamning ko‘pligidan qadam bosishga joy topolmaysiz!.. Yo‘l nozirlari ham bozorchilarga moslashib qolgan… 

Xullas, bu bozorning sifatlari ko‘p ekan. Biz faqat ayrim nuqtalariga to‘xtaldik, xolos. 

Avvalgi maqola chop etilganda ham hech narsa o‘zgarmagandi. Bunisi chop etilsa o‘zgararmidi?! Biz ham “ptichka” uchun yozdik, qo‘ydik-da! Mutasaddilar ham “ptichka” uchun bir enlik xat yozsa, yozar… Yozolmaydi. Chunki bozorda savod sotilmaydi-da!  

 

Bobur MUHAMMADIEV,

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =