Shukur deyman har tong, har oqshom

 Erta tongda turib derazalarni ochamiz, atirgullar bo‘yi dimog‘imizga huzur bag‘ishlaydi. Keksa otasi 98 yoshni qarshilagan qo‘shnining hovlisidan bedanalarning dilxush sayrog‘i eshitiladi. Ko‘kchaning qaymog‘iyu qandolatchilarning novvoti, issiq patirlar, o‘zbek dalasining noz-ne’matlariga qarab ko‘zing to‘yadi. Har bir xonadondan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “po‘lat ot”lar manzil sari — ishga, o‘qishga, sport saroyiga, musiqa maktabiga, bellashuvlar o‘tadigan manzillarga yo‘l oladi. El-yurt ishiga hissa qo‘shay, turmushimni yanada farovon etay degan ezgu niyatli inson borki, bari aniq maqsadlar sari eltuvchi maskanlarga intiladi.

 

Besh yoshli nabiram Saidamirxonni murabbiyi Jizzaxda bo‘lib o‘tadigan “O‘zbek jang san’ati” musobaqasiga olib ketdi. Sport liboslariga yurtimiz bayrog‘i tasviri tushirilgan. Kuzatayotganimizda u g‘urur bilan ko‘ksidagi Vatan ramzini silab: “o‘olib bo‘lsam, katta bayroqni o‘paman”, — dedi. Ilohim, har doim O‘zbekiston bayrog‘ini o‘pish nasib etsin, deya, oq yo‘l tilab qolaman. 

Beixtiyor bolalik chog‘larim yodimga tushadi. 

Narpayning chang ko‘chalarida bola ko‘tarib olgan, bir qo‘lida katta tugunchali ayol dalaga, paxta chopig‘iga ketayapti. Orqasidan uch yoshli singilchasini yetaklagancha olti yoshli qizaloq bormoqda. Engashganidan tuproq ko‘chadan boshqa hech narsani ko‘rmaydi. Yerga qarab ketayotib bir narsani orzu qiladi: “Qani endi, oldimdagi tuproq ko‘chadan ikki dona konfet chiqib qolsa edi. Bittasini singlimga berib, bittasini o‘zim yeyar edim”. Yo‘q, qizaloq bu chang ko‘chalardan ko‘p marta o‘tdi. Uning oldidan ikki dona konfet chiqmadi. Keyingi yillar u ukalarini ko‘tarib o‘tdi. “Qani edi, oldimdan ikki dona konfet chiqib qolsa edi, bittasini ukamga berib, bittasini o‘zim yerdim”. Qizaloq to‘qqiz yoshida onasidan judo bo‘ldi. Bir oilada yetti go‘dak yarim yetim qoldi. Endi bu chang ko‘chalardan uning kichkina yuragi katta ayriliqni zo‘rg‘a ko‘tarib o‘tardi. Bu qizaloq — men edim. Sakkizinchi farzandini tug‘ish arafasida, qirq uch yoshida vafot etgan mushtipar ayol umrida bir marta bo‘lsa-da, orzu-umidlariga yetolmagan mening onajonim edi. U kishining ismi Muqimtosh edi. U qismatiga yozilgan bitikni tosh bo‘lib opichlab o‘tdi. Bobom va momomning farzandlari ketma-ket nobud bo‘lavergach, Allohning roziligini so‘rab, shu qizimiz o‘lmasin, toshdek muqim tursin, deb Muqimtosh deya atagan ekanlar. Afsus, o‘sha bebaho tosh ham bo‘laklanib, bir kosa suvdek to‘kilib ketdi. Biz suyanib turgan tog‘imiz quladi. Yetti go‘dak yer-parchin bo‘lib yiqildik. Qanotlarimiz qirqildi. Atrofimizda bolalar parvoz aylab, uchib yurishar edi.

Bizning parvozimiz kechikib ketdi. Keyinchalik bilsam, o‘shanda onalarining bevaqt o‘limi tufayli yuraklari yara bo‘lgan go‘daklar O‘zbekistonda ko‘pchilik ekan. 

Biz yetti farzand yerga qarab o‘sdik. Shu go‘daklar o‘ksimasin deb, holimizdan xabar olib, bayramlarda yangi ko‘ylaklar tikib beradigan xolam ham oradan uch yil o‘tib vafot etdilar. Uning ismi Sanggul edi. Bu toshgul deganidir. Bechora bobom va momom bu qizlarini ham bevaqt o‘lmasin deb, shunday atashgan ekan. Zamonning ayol taqdiriga befarqligi toshgulni ham chil-chil sindirdi. Xolam ham onam kabi go‘zal edi. Qishloqdagilar uni yoshligidan Parizod deb atar edilar. Xolamning orqasidan ham yetti farzand zor yig‘lab qolaverdi. Yo‘q! Biz bilan o‘n to‘rt farzand qaqshab qolaverdik. Yuragining ikki bo‘lagidan judo bo‘lgan, o‘n to‘rt nabirasining ko‘zlaridagi qayg‘uni ko‘tarolmagan momojonim — Sanobar enam ham xolajonim vafotidan ikki yil so‘ng, ado bo‘lgan omonatini Yaratganga topshirdi.

Ana endi bizning hayotimizni, oh, esizgina bolaligimizni tasavvur etavering. “Onali yetim gul yetim, onasiz yetim sho‘r yetim” degan naql bor elda. Bu degani onang tirik bo‘lsa, otasizliging bilinmaydi, agar onang yo‘q bo‘lsa, peshonangning sho‘ri o‘shadir degani ekan. Biz o‘sha sho‘rlik yetim bo‘lib o‘sdik. Hali ham onasizligim bilinadi… Hali-hamon onasi borlarni ko‘rsam, mehribonimni qo‘msayman. Hanuz birovning onasi vafot etibdi desa, o‘shaning oldiga hammadan oldin dod, deb boruvchi sho‘rida bag‘irman, sarg‘aygan sag‘irman… Men sabrman, men bardoshman. Men umidman, men orzuman. Istiqlolni, yurt e’zozini ko‘rolmay, xazon bo‘lib ketgan yuzlab, minglab Muqimtoshlarning, Sanggullarning, Toshgullarning tilagiman. 

Istiqlolgacha o‘zbek ayol kim edi? Hammasi dehqon edi. Hammasi  paxtakor edi, cho‘pon edi, kiygani chopon edi. Nimjon bo‘lsa-da, kamqon bo‘lsa-da, bola tug‘averishi kerak bo‘lgan, joni borligi unutilgan temir edi. U daladami, uydami, aravadami, yuk mashinasidami tug‘averishi kerak edi. Qon ketishdanmi, nafas yetishmasligidanmi, qon bosimidanmi, jigar ezilishidanmi, o‘pka silidanmi, oddiy ko‘richakdanmi, o‘lib ketaverishi kerak edi, qirilib ketaverishi kerak edi.

Ha, o‘lib-tirilgan odam o‘lmaydi, deydilar. O‘zbek ayoli necha bor o‘lib-tirildi. O‘zbek ayoli endi AYoL bo‘ldi. Erka qiz, e’zozli kelin, mehribon ona, hurmatli rahbar, aziz opa-singil, muhtaram ustoz, tabarruk buvi, obro‘li tadbirkor, dongdor fermer xonim, aqli raso olima, jonga-jon shifokor, she’rlari el tilida shoir, ardoqli yozuvchi, “Oltin qalam” sohibi — jurnalist bo‘ldi. Mustaqil yurtimiz xotin-qizlari orasidan 514 nafar fan doktori, 6 nafar akademik, 15 nafar O‘zbekiston Qahramoni, 17 nafar senator, 15 nafar Qonunchilik palatasi deputati yetishib chiqdi. O‘nlab opa-singillarimiz “O‘zbekiston fan arbobi”, “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston xalq artisti” unvonlariga, 255 nafari Zulfiya nomidagi davlat mukofiga loyiq ko‘rildi.

Muhtaram Prezidentimizning 2017 yil — Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ish boshlagan Virtual qabulxonasi, tuman va shaharlarda xalqimiz qalbiga quloq tutayotgan Xalq qabulxonalarining asosiy maqsadi olijanob yurtdoshlarimiz muammolarini eshitish va joyida hal qilishdir. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 16 mart kuni imzolagan “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi ta’minlanayotganiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yo‘llanmasi bilan viloyatlarimizga borganimizda, chekka tumanlarda ham guvohi bo‘ldik. Samarqand viloyati Paxtachi tumaniga tashrifimizda shu yerlik yoshi yuzdan oshgan Noroy momo Ochilovaning xonadoniga kirdik. “Mana, zamonaning erka momosi bo‘lib o‘tiribman. Sal tobim qochsa, birpasda “Tez yordam” yetib keladi, aylanay. Davlatim nafaqamni uyga opkeb beradi. Dori-darmon tekin, vitaminlar tekin, sanatoriy tekin. Bu turishda 200 yoshga kiraman, o‘rgilay”, — deydi momo. Haqiqatdan, Navoiy viloyati Tomdi tumanining eng chekka ovuli Eski Tomdida ham cho‘pon oilalariga xizmat qilayotgan zamonaviy jihozlangan “Tez yordam”mashinalarini ko‘rib xursand bo‘ldik. Respublikamiz viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda 800 dan ortiq qishloq vrachlik punktining zamonaviy poliklinikalarga aylanayotganini ko‘rib ko‘nglim quvonchga to‘ldi. Ha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi qurilishi jadal ketmoqda. Xorazmda esa Rossiyaning A.Bakulev nomidagi mashhur klinikasi bilan hamkorlikda yurak-qon tomir jarrohligi tibbiy markazi qurilishi nihoyasiga yetay deb qolibdi. Termizda Respublika urologiya, Ko‘z mikroxirurgiyasi hamda Ginekologiya va akusherlik ilmiy-amaliy markazlarining filiallari, Qashqadaryoda Respublika kardiologiya va Endikrinologiya markazlarining filiallari qurilishi poyoniga yetayotgani shohidi bo‘ldik.

Zamonaviy jihozlangan tug‘ruq komplekslari, ayollar maslahatxonalari, perinatal markazlari, skrining markazlarining barchasida “Sog‘lom ona va sog‘lom bola” g‘oyasi xalqimiz genofondini yaxshilashga qaratilgan. Bir necha yildirki, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi an’anaviy tarzda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda yurtimizning eng chekka joylariga “Salomatlik” poezdini yubormoqda. Bu poezdda malakali mutaxassis shifokorlar joylardagi “Ambulans” tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari bilan birga fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.

Prezidentimizning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” deb nomlangan asarini shior qilib olgan, yurtimizning taniqli fan, adabiyot va san’at namoyandalari, iste’dodli yoshlaridan iborat targ‘ibot va tashviqot guruhi bilan Samarqand viloyatida bo‘ldik. Guruhimizda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq yozuvchisi Muhammad Ali, xalq artistlari — Rajab Adashev, Mirza Azizov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxon bilan birga men tug‘ilgan Narpay tumani, Xo‘jaqo‘rg‘on MFYga qarashli Yangisaroy qishlog‘idagi 9-maktabga bordik. Maktabim hovlisiga atrofdagi 5 ta qishloqning aholisi yig‘ilgan. Tabarruk yoshli hoji otalar, hoji onalar, keksa o‘qituvchilarim ham taklif etilgan ekanlar. Haqiqiy shukrona davrasi bo‘ldi. Maktabimiz o‘quvchilarining hammasi she’r yozishar ekan desam, mubolag‘a deb o‘ylamang. She’rlar baxtli bolalik haqida, mustaqil yurt haqida va albatta ona haqida. Ular ona haqida she’rlar aytishar ekan, o‘zimning bolalikdagi g‘amgin she’rlarim yodimga tushadi. Bir-biridan chiroyli, zamonaviy liboslar kiygan yoshlarni ko‘rib, ko‘z o‘ngimdan yamoqli ko‘ylaklar kiygan bolaligim bosh egib o‘taveradi…

Tashviqot guruhimiz chiqqan mikroavtobus oynasida yelkasiga oftob tekkan qishlog‘imning bir-biridan chiroyli hovlilarini, ular oldida gullarga suv quyayotgan kelinlarni ko‘rib zavqqa to‘laman. Darvozalar yonida kursilarga o‘tirib bir-biri bilan suhbat qurayotgan keksalarni ko‘rib, ustoz Muhammad Ali haydovchi yigitga, avtobusni to‘xtating, deydilar. Bir pasda yana yigirmadan ortiq otaxon to‘planishadi. Ana endi, haqiqiy samimiyat davrasi boshlanadi. Quvnoq askiyalari butun qishloqqa eshitilgan davra yurtning, Yurtboshining haqiga duolar bilan yakunlanadi. 

Atrofimga qarayman. Atrofda baxt ifori, qishloqlarimda e’zozli onalar, saodatli ayollar. Sochidan tirnog‘igacha avaylanayotgan homilador kelinlar, 5 yoshidayoq musobaqalarda qatnashayotgan sog‘lom go‘daklar-farishtachalar keladi. Oldinda bir-biridan go‘zal, ezguliklarga to‘la kunlar. Shukur, ko‘rsatganiga shukur deyman.

 

Zulfiya MO‘MINOVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =