XALQ BAHOSI — HAQ BAHO

Dunyoda o‘zini, o‘zligini adabiyot, san’at, ma’naviyat va ma’rifatsiz tasavvur qiladigan millat bo‘lmasa kerak. Ma’rifatli odam dinu diyonatli, iymon-insofli, or-nomusli, mard va fidoyi, elparvaru yurtparvar, bag‘ri ummon qadar keng bo‘ladi. Ular tufayli milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analar rivojlanadi. Millatning millat xalqning xalq bo‘lishi ham ommaning ana shunday ziyoli qatlami ko‘p bo‘lishiga bog‘liq.

 

 Insoniyatning o‘z nomiga munosib bo‘lib, tinch va ahil yashashi ham aynan ana shu jihatlarga bog‘liq. Adabiyot, san’at va OAV odamlarda mustaqil fikrlashni, tenglar ichra teng yashashni, voqea-hodisalarni chuqur tahlil qilibgina qolmay, ulardan tegishli xulosa chiqarib olishni, o‘tmish saboqlarini unutmagan holda kelajak sari ishonch bilan dadil intilishni, yutuqlardan havolanib ketmaslikni, hamisha va hamma joyda adolatga tayanib ish tutishni, eng muhimi, loqayd va beparvo bo‘lmaslikni o‘rgatadi. El-yurt dardiga malham bo‘lib, quvonchidan quvonib, uni nurli manzillar tomon chorlaydigan kuchli adabiyot va san’atga, ma’naviyat va ma’rifatga hech qachon gard yuqmaydi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvi, undan so‘ng tegishli farmon, qarorlarning e’lon qilishi va ijodiy sohalarning rivojlanishi uchun yaratib bergan huquqiy asoslari  ayni muddao bo‘ldi. Ko‘pdan kutilgan bu anjumanda Yurtboshimiz tomonidan ko‘tarilgan biri-biridan dolzarb masalalar qalam ahlini ham, sahna jonkuyarlariyu ziyolilarni ham jiddiy tashvishga solib kelayotgan edi. Ta’kidlanganidek, chindan ham, keyingi yillarda adabiyot, san’at va madaniyatimizda g‘oyaviy-badiiy jihatdan sayoz asarlar kirib kela boshladiki, ular o‘quvchining ham, tinglovchiyu tomoshabinning ham didini o‘tmaslashtirib, hafsalasini pir qilmay qolmadi. Axir, puli bor odam xayoliga kelganini  yozib (uni ijodkor deb bo‘lmaydi), bir yilda uch-to‘rtta kitob chiqarayotgani, puli bor “san’atkor” besh-olti so‘z qayta-qayta chaynalaveradigan “yondim-kuydim” qo‘shiqlari bilan teleekrandan tushmay qolgani bor gap-ku! 

Qo‘lbola ijodkorlarning pul ishlash ilinjida chiqargan xom-xatala kitoblari do‘konlarda, yaxshi asarlar yozib, kitob chiqarishga qurbi yetmaydigan yozuvchi va shoirlarning asarlari esa javonlarda yotibdi. Agar, yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, nashriyotlarimiz xalqimiz ma’naviyatini yuksaltiradigan, uni el-yurt manfaati uchun ulug‘vor ishlarga chorlaydigan badiiy barkamol asarlarni chop etib, muallifning mashaqqatli mehnatini munosib rag‘batlantirsa, adabiyotdan yiroq bo‘lgan kitoblarga o‘rin qolmaydi.

San’at masalasiga kelsak, Prezidentimiz xalqona qilib aytganidek, o‘ziga yarashmagan qiliqlar bilan bema’ni qo‘shiq aytadigan san’atkorlar ko‘paygandan ko‘payib, ular o‘rtasida “mashhurlik” kasali avj oldi. Qo‘shiqlari milliylikdan mutlaqo uzoq bo‘lgan “iste’dod” sohiblarining millati ham notayin ko‘rinishda millionlar huzurida  o‘stirilgan soqol va bachkana kiyimda chiqishlarini o‘zlariga o‘xshaganlardan boshqa kim xushlab, kim olqishlaydi deysiz?

Haqiqatdan ham yarim yalang‘och kiyingan san’atkor qizlarning hayo va ibo ko‘chasidan o‘tmagan qo‘shiqlariyu beo‘xshov likillashlarini san’at deb bo‘ladimi? So‘zlari g‘arib, musiqasi chala-yarim ko‘chirilgan, ijro mahorati  past  qo‘shiqlarga barham beradigan vaqt yetishdi.

Biz bugun ham Komiljon Otaniyozov, Ma’murjon Uzoqov, Tamaraxonim, Habiba Oxunova, Tavakkal Qodirov, Faxriddin Umarov, Ortiq Otajonov, Sherali Jo‘raev, Otajon Xudoyshukurov, Kamoliddin Rahimov, o‘ulomjon Yoqubov singari xalqimiz hurmat va muhabbatini qozongan ko‘plab san’atkorlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ularning dilni yayratib, tilni sayratib yuboradigan mo‘’jizaviy, nafis ohanglarga boy qo‘shiqlarini tinglagan sari tinglagimiz kelaveradi. Nega? Chunki, bu san’atkorlarning har bir qo‘shig‘i tinimsiz izlanish, peshona teriyu mehr bilan yaratilgan. Shoir va bastakor bilan birgalikda kunu tun har bir so‘zi, har bir ohangi qayta-qayta ishlangan, sayqal berilgan. Milliy sozlar imkoniyatlaridan to‘g‘ri va samarali foydalanilgan. Shu bois ham bunday qo‘shiqlarda inson qalbini to‘lqinlantiradigan, hayratga soladigan, nur va harorat baxsh etadigan yoqimli ohanglar, jilo va jozibalar, eng muhimi, milliy ruh barq urib turadi. Hech bir shubhasizki, bu kabi qo‘shiqlar tillardan tillarga, dillardan dillarga ko‘chib, xalqimizning bebaho boy madaniy merosi sifatida asrlar osha yashayveradi.

Xonanda Sanobar Rahmonovaning yoshligida olingan “Kuyla, Sanobar!” nomli film-kontsert fikrimizning yorqin dalilidir.

Qarang, o‘zbek qizi milliy libosda o‘zbekona madaniyat bilan diyorimizning go‘zal manzaralari bag‘rida yuzu ko‘zlaridan nur va tabassum yog‘ilib kuylagan parvozi baland qo‘shiqlarda qandaydir sehr kamalakdek tovlanib turganga o‘xshaydi. Yosh xonanda qalbining tub-tubidan vulqon misol otilib chiqayotgan qo‘shiq so‘zlari, ohangi nihoyatda beg‘ubor, tiniq, jarangdor va jo‘shqin. Ularda  ajib bir chiroy, san’atga oshuftaligu fidoyilik va ayni paytda his-hayajon to‘lqinlari shaloladek jilvalanib, ko‘ngillarga olam-olam zavqu shavq baxsh etadi. Shuning uchun ham bu film-kontsertni har gal o‘zgacha bir ishtiyoq bilan tomosha qilamiz. Chunki, unda bugunning nafasi, bugunning harorati balqib turadi.

Fikrimcha film-kontsertni o‘quv asari sifatida san’at bilim yurtlarida tez-tez namoyish etib turish yosh avlodni madaniyat va san’atimizning milliy an’analariga sadoqat ruhida tarbiyalashda munosib hissasi borligini ta’minlab turishimiz kerak. Va albatta, bugungi san’atkor qizlarimiz Sanobardan ibrat olsalar nur ustiga nur bo‘lur edi.

Zero, ana shunday dilbar qo‘shiqlarga ega bo‘lishimiz uchun eng avvalo, qo‘shiq aytadigan san’atkorlarimiz “sen sevmasang ham, men baribir seni sevaveraman”, “sen baribir meniki bo‘lasan” singari siyqa gaplarga eron, turk, afg‘on, hind kuylarini yopishtirib, yuzta qo‘shiq aytguncha, Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Muqimiy, Furqat, Ogahiy, Nodira, Uvaysiy, Zulfiya, Erkin Vohid g‘azallariga mos va xos kuy bastalatib, besh-o‘ntaginasini qoyillatib kuylasalar olam guliston bo‘ladi. 

Bir paytlar biz ism-shariflarini sanab o‘tgan nomdor san’atkorlarimiz mahorat jihatdan balandda bo‘lishlariga qaramay, o‘z qo‘shiqlarini teleradio huzurida faoliyat ko‘rsatgan nufuzli badiiy kengashdan o‘tkazmay tinglovchi va tomoshabinga taqdim eta olmas edilar. Xonanda va cholg‘uchilar ko‘rsatuv oldidan o‘tkaziladigan mashqlarga kelmasalar yoki kiyinish madaniyatiga e’tibor qilmay turli xil ko‘rinishda kelsalar, efirga qo‘yilmas edi. Bu esa televidenie nafaqat targ‘ibot maskani, balki juda katta tarbiya maktabi hamdir. Sohaga aloqador vazifada uzoq muddat ishlaganim uchun ham bu haqda fikr yuritayapman.

Yodimda. Bir kuni O‘zbekiston radiosining ovoz yozish studiyasi oldidan o‘ta turib, Otajon Xudoyshukurovning Jamol Kamol g‘azalini kuylayotganini eshitib, eshik oldida to‘xtadim. Qo‘shiqning so‘nggi misralari yanada balandroq yangray boshladi:

Nihol qomatingni kalomga o‘chir,

Shakar lablaringni salomga o‘chir,

La’ling Jamol degan bir nomga o‘chir,

Shoir tillaringdan duolar istar. 

Meni hayron qoldirgan narsa mashhur san’atkorimizning g‘azaldagi “o‘gir” so‘zini “o‘chir” deb talaffuz qilayotgani bo‘ldi. Studiyaga kirib, Otajon akaga g‘azalni yoddan o‘qib berib, “o‘chir” so‘zi “o‘gir” deb talaffuz qilinishini aytib, bu ikki so‘zning ma’nosini tushuntirib berdim. U kishi bu kamchilikni darhol tuzatish lozimligi haqida qayg‘urib, rejissyorga yuzlandi. Rejissyor vaqt, ortiqcha xatti-harakatlarni qizg‘anib, to‘nini teskari kiyib oldi. Qo‘shiqni qayta yozishni istamadi. Mening kuyib-pishishimu Otajon akaning izza bo‘lgancha rejissyorga iltijo  qilishi befoyda bo‘ldi. “Qo‘shiq juda chiroyli yozildi, bundan ortiq bo‘lmaydi, eshitgan quloqqa “o‘gir” so‘zi “o‘chir” deb aytilgani bilinmaydi ham” deb, turib oldi.  Shu-shu bu qo‘shiq bugunga qadar “o‘gir” so‘zi o‘rnida “o‘chir” so‘zi bilan qolib ketdi.

San’atkorlarimizning “oynai jahon”da berilayotgan kliplari ham maqtagulik emas. Ularda ko‘chirmakashlik ham, taqlid ham, mantiqsizlik ham ko‘p. Bunday kliplar na yaxshi taassurot qoldiradi va na biron-bir fikr uyg‘otadi. Qovun qovundan rang olar deganlaridek, mazmunan biri-biriga o‘xshash, so‘zlari jo‘n va ta’sirsiz bo‘lgan bunday kliplar san’atkorning o‘ziga obro‘ keltirmasligi aniq.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, barcha zamonlarda ham yuksak mahorat bilan kuylangan jozibali qo‘shiqlar xalqimiz  qalbidan munosib joy olib, uning kuchiga-kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shib, olijanob ishlarga ilhomlantirgan. O‘lmas qo‘shiq yaratgan san’atkorlar esa xalqning hurmat-e’tiboriyu mehr-muhabbatiga musharraf bo‘lib, hamisha e’zozlanganlar. Unvonu mukofot ortidan quvib yurgan yosh san’atkorlarimiz ham xalqimiz sinovidan o‘tib, uning haqiqiy e’tirofiga sazovor bo‘lsalar, unvon ham, mukofot ham o‘zi kelaveradi.

Tashkil etiladigan klublarda san’atda maktab yaratgan ustozlar taklif etilib, yutuq va kamchiliklar tahlil qilinib, yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilib, maslahatlar berilsa, muhtaram Prezidentimiz aytgan kamchiliklar tez orada bartaraf etilib, asl qo‘shiqchiligimiz an’analari tiklanishiga ishonamiz.

 

Nuriddin OCHILOV

    

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =