MEHNAT VA MA’NAVIYAT UYG‘UNLIGI

Qalampirkent qayerda? Bunaqa joy yo‘q deysizmi? Uning qaerdaligini oltiariqliklardan so‘rang. Ular o‘zlari uchun eskitdan juda-juda qadrdon bo‘lib ketgan qo‘li chaqqon, dili guliston kishilar yashovchi qo‘shni Bag‘dodga shunday “taxallus” qo‘yib olishgan.

 

Bu bejiz emas. Bag‘dodliklar hatto qandchoyga ham qalampir ezib ichishadi. To‘ylarida alohida doshqozon osiladi, unga qalampirni paqirlab solib qaynatishadi, bir olim oshni chaynaguncha, qumoritqi bo‘lib ketgan qalampirsho‘rvadan uch marta ho‘plashadi. Tumanning faxri, behad jonkuyar farzandi bo‘lmish O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoga bag‘ishlangan bir she’rda ham mahalliy aholining ana shu xususiyati bo‘rttirma tarzda hazilga olingan. Yurtimizning turli hududlarida yashovchi eski ulfatlar o‘z qishlog‘idan biri go‘sht, biri guruch, biri sabzi, biri piyoz, biri zira-zirk ko‘tarib kelib, to‘kma palov uyushtirishadi. Bir qaraganda, kerakli masalliqning hammasi muhayyo, lekin oshpaz Iqboljon o‘choqqa o‘t yoqishni paysalga solaveradi. Sababini surishtirishsa, hali Bag‘doddan qalampir yetib kelmagan ekan.

Gapni qalampirdan boshlaganimning boisi bor. Ilgarilari bozorlarda qalanib yotuvchi ushbu mahsulot suvtekinga sotib kelingan bo‘lsa, endi ne ko‘z bilan ko‘raylikki, quling o‘rgilgur zamonaning zayli bilan, qimmat-qimmat bahoda xorijga eksport qilinyapti. Qalampirchilarning yonchig‘i qappaygandan qappaymoqda. 

Bir mahallar savdo tizimida ishlab yurgan Furqat Berdaliev keyinchalik tadbirkorlikka o‘tib, turli ko‘katlarni Rossiya bozorlariga eltib sotish bilan shug‘ullana boshladi. Bir yili, sinov tariqasida, oz-ozdan qalampir ham olib boradigan bo‘ldi-yu, xaridor ko‘payib, birdan ishlari yurishdi. Daromad oshib boravergach, avvaliga kichik tsex tashkil etdi, yana picha vaqt o‘tib, hokimlik tomonidan ajratib berilgan ikki gektar joyga qator binolar qurdi, xorijdan uskunalar sotib olib, “Aromatы Bagdada” degan dovruqli korxonaga asos soldi. 

Xaridor mahsulotning yangi uzilganini talab qiladimi, qayta ishlanganinimi, xuddi o‘shanday tarzda yetkazib berish uchun endi jamoada barcha imkoniyat yetarli. Bir uskunada mahsulot quritilsa, ikkinchisida qiymalanadi, uchinchisida tuyiladi, to‘rtinchisida har xil vaznlarda qadoqlanadi. Achchiq qalampirlar qatoriga har xil hajmda to‘g‘ralgan, chiroyli o‘ramalarga qadoqlangan bulg‘ori qalampir, baqlajon qiymalari, quritilgan rayhonu jambillar qo‘shilib, mahsulot turi yanada ko‘paytirildi. Qadimiy usulda ipga shodalab tizilgan quruq  qalampirlarning ham o‘z mijozlari bor.

Oldinlari birgina Rossiya bilan savdo aloqasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hozir bu safga Ukraina, Gruziya, Qirg‘iziston kabi davlatlar ham qo‘shilib, yangi sheriklar mahsulotning asosiy qismini o‘zlari tashib ketadigan bo‘ldi. Qolganini korxona ixtiyoridagi “MAN” rusumli fura, “Mersedes-benz” yuk mashinasi ichki va chetki bozorlarga olib borib, yangi-yangi mijozlarni kashf etmoqda. Eksport miqdorini bu yil kamida besh yuz ming dollarga yetkazish ko‘zlanyapti.

Korxona mahsulotlariga yana bir qancha davlatlarning tadbirkorlari qiziqish bildirayotgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarishning hozirgi cheklangan quvvati yangi shartnomalar tuzishga monelik qilib turibdi. Shartnomani tuzib qo‘yib, va’daning ustidan chiqolmay qolishdan yomoni yo‘q, sheriklarning ishonchi bir yo‘qoldimi, keyin tiklash juda mushkul kechadi.

Shular nazarda tutilib, so‘nggi yillarda yurtimizda keng quloch yoyib borayotgan, ishlab chiqarishning yangicha samarador usuli bo‘lgan klaster tizimini joriy etishga ahd qilindi. Markaziy Farg‘onadan yuz gektar yer olinib, shu o‘ramda tiklanayotgan arzon uylardan yigirmatasiga yosh oilalarni ko‘chirib borish orqali, zarur bo‘lgan achchiq va bulg‘ori qalampirlarning asosiy qismini o‘z ekinzorlarida yetishtirishga, Xitoydan yana olti yuz ming dollarlik yangi texnologiyalar keltirib, korxona quvvatini oshirishga, muzlatkich ombor qurishga kirishildi.

Muhimi – kimdir ulgu ko‘rsatib berishida ekan. Qalampirchilik bilan shug‘ullanuvchi bunday ishbilarmonlar soni tumanda ortib bormoqda.

Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat 

Mirziyoevning jannatmonand yurtimizda eksportga chiqarish mumkin bo‘lmagan narsaning o‘zi yo‘q, degan gapi asl haqiqat ekanligiga oilaviy bizneschi Shuhratjon Razzoqov xonadonida bo‘lganimizda yana bir karra ishonch hosil qildik. Qalampir-ku – qalampir, qarangki, oddiy oyim supurgi-yu, ruslar “mochalka” deb atovchi qozon yuvg‘ichni-da chet elga pullab, valyuta ishlasayam bo‘lar ekan.

Xonadonda, oila a’zolaridan tashqari, yana o‘n nafarga yaqin qo‘shnilar ishlab turganini ko‘rdik. Har biri kuniga yuztadan oshirib supurgi bog‘lar ekan. Ushlaganda qo‘lni tilmaslik uchun dumiga rangdor suvqog‘oz (plyonka) qoplangan supurgilar ikki xil ko‘rinishda, biri – o‘zimizdagi odatiylari, ikkinchisi – rus ertagidagi jodugar kampir minib yuradigan uzun yog‘och soplisi. Bunga “yalmog‘izsupurgi” degan nom qo‘yib olishibdi. O‘tgan yili ushbu xonadondagilar o‘n yetti mingtadan oshiq supurgi bog‘lab berishdan tashqari, atirgul ko‘chatlari yetishtirib, bir qismini Rossiyaga sotishibdi. O‘zimizda bitta supurgi uch ming so‘m atrofida tursa, Rossiyada salkam bir dollar, soplisi ikki dollar ekan. Atirgul ko‘chatlari, qozonyuvg‘ich ham u yoqda o‘zimizdagidan to‘rt-besh baravar qimmat, deyishdi.

Tadbirkor Ahmadjon Jo‘raev takroriy ekin sifatida ekiluvchi supurgi poyalarini dalalardan mashinada tashib keltirib, har bir supurgi uchun naqd to‘lanadigan bahoni kelishib olgan holda, Cho‘lyunus, Qo‘shtegirmon, Chektuvaloq, Xo‘jaqishloq, Chekxitoy, Karimbobo singari joylardagi Shuhratjonnikiga o‘xshash yuzlab xonadonlarga tarqatib chiqarkan. Odamlar poyaning kerakli qismini supurgi uchun qirqib olgach, ostki yo‘g‘on bo‘lagi o‘tin, shilib olingan po‘sti va donlari qo‘y-mollarga bepul ozuqa bo‘larkan. O‘tgan yilning o‘zida uch yuz ming dollarlik mahsulot eksport qilinibdi. Pulni supurib olish degani mana bunaqa bo‘ladi!

Bu tuman xususida gap ketganda, mashhur “Tohir-Bag‘dod” telekanali ustida to‘xtalib o‘tmaslikning iloji yo‘q. Mashhurligi shundaki, bu joyga Said Ahmad, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ne’mat Aminov, O‘tkir Hoshimov, Muhammad Yusuf singari dovruqli zotlarning qadami tekkan. Telekanal qoshida viloyat yozuvchilar hamda jurnalistlar uyushmalari bilan birgalikda “Ijodkorlar uyi”, adabiy to‘garak tashkil etilgan.

To‘garak haqida so‘z yuritayotib, bu mavzuga batafsilroq yondashgim keldi. Millatimizning ma’naviy jihatdan yanada barkamollikka erishuvida hech nima adabiyotning o‘rnini bosolmasligi nazarda tutilib, yurtimizda kitob chop etish va kitobxonlikni tobora avj oldirish, kitob do‘konlari, kutubxonalar faoliyatini keskin jonlantirish; ijodkorlar, ayniqsa, yosh qalamkashlarga g‘amxo‘rlikni kuchaytira borish borasida mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar Farg‘ona viloyatida ham o‘z aksini topmoqda. Barcha shahar va tumanlarda o‘n oltita adabiy to‘garak tashkil etilib, zarur vositalar bilan jihozlangan xonalar ajratib berilgan, ularga a’zo bo‘lgan yoshlar soni besh yuz yetmish nafardan oshib ketdi. Farg‘ona shahrida Farida Anis, Gulchehra Asronova, Marg‘ilonda Ismoil Mahmud, Qo‘qonda Farida Husainova, Farg‘ona tumanida A’zam Ismoil, Rishtonda Bahodir Iso, Yozyovonda O‘ktamxon Solieva, Quvada Zuhra Alieva, Oltiariqda Aziza Jo‘raeva, Bag‘dodda Karima Ashurova boshqarayotgan to‘garaklar alohida tilga tushgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Enaxon Siddiqova bularga doim bosh-qosh bo‘lish bilan birga, viloyatda yashab ijod qilayotgan Oxunjon Hakimov, Malika Mirzaeva, Matluba Dehqon qizi, Yo‘ldosh Solijonov, San’at Mahmudova, Siddiq Mo‘min, Maqsuda Egamberdieva, Gulbahor Saidg‘anieva, Qahhor Yo‘lchiev, Rashidxon Shukurov kabi faollardan tashqari, poytaxtdan kelib turuvchi qalamkashlarni ham joylardagi to‘garaklarga boshlab borib, mahorat darslari uyushtirib turadi. Havaskor ijodkorlarning oldingi va keyingi avlodlari Xudoyberdi To‘xtaboev, Muhammad Ali, Jumaniyoz Jabborov, Baxtiyor Nazarov, Mahmud Toir, O‘tkir Rahmat, Sirojiddin Sayyid, Abdug‘afur Rasulov, To‘lan Nizom, Habib Sa’dulla, Ahmadjon Meliboev, Shuhrat Jabborov, Bahodir Karim, Qo‘chqor Norqobil, Shuhrat Rizaev, Ahror Ahmedov yanglig‘ taniqli adib va jurnalistlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarni hanuz sururga chulg‘ana-chulg‘ana eslab yurishadi.

O‘tgan yilning o‘zida Zomin seminari ishtirokchilari bo‘lgan Abdumannob Mansurov bilan Nozima Habibullaeva g‘oliblar qatoriga kirdi, kitoblari Ijod fondi tomonidan katta tirajda nashr etilib, an’anaga ko‘ra, respublika kutubxonalariga tarqatildi. Jasur Ahmedov, Farog‘at Ro‘ziboeva, Masihulloh Madaminov, Mehriniso Ahmadjonova, Asror Solijonov, Muruvvat o‘afforjonova singari yoshlar viloyat, respublika miqyosida o‘tkazilgan turli tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egalladi. Bu yil “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘rinni olib, prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobili bilan mukofotlangan oltiariqlik Sharofatxon Ismoilova ham, asli, to‘garak ko‘rganlardan.

Yana avvalgi mavzuga qaytsak, mustaqillik sharofati bilan 1996 yilda faoliyatini boshlagan “Tohir-Bag‘dod” telekanali ko‘rsatuvlari doirasi hozir birgina Farg‘onani emas, Andijon, Namangan viloyatlari hududining talay qismini ham qamrab olgan. Bu hol qo‘shnilar o‘z mahsulotlarini bir-biriga reklamalab borishidan tashqari, u yoki bu turdagi xom-ashyolarni sotib olishlarini ma’lum qilib turish imkonini yaratib, mahalliy tadbirkorlar orasidagi aloqalarni kuchaytirishda juda qo‘l kelmoqda.

Eng qoyil qolarlisi, tuman hokimligi ko‘magiga tayanib, bu telekanal yaqinginada mamlakatimiz miqyosida ham katta yangilik hisoblanmish raqamli formatga o‘tdi. Respublika teleradiokompaniyasi tizimidagi mohir telejurnalistlardan sanalguchi Sohibjon Alijonov, Ozoda To‘raqulovalarni tarbiyalab yetishtirgan bu telekanalda hozir o‘n besh nafar xodim ishlab turibdi. Endi, xabarlar tezkorligini oshirish maqsadida Buvayda, Oltiariq, O‘zbekiston, Rishton, Yaypan, Beshariq tumanlarida muxbirlik bo‘limlari tashkil etilayotgani tufayli, ularning soni o‘ttiz nafarga yetadigan bo‘ldi.

— Bir narsani bilib qo‘ying‘lar, vodiyning ag‘-bag‘idagi hech qaysi tumanda biznikidan bo‘laq telekanal yo‘q, — deya, bag‘dodcha shevada mag‘rur so‘z qotadi telekanal rahbari Tohirjon Hamroqulov. – Bu enang‘dan ko‘paygur maqtanyapti demang‘lar-u, mabodo, birorta tuman telekanal tashkil qig‘andayam, hali-veri biz minan kalla urishtirolmaydi.

Aslida, ishlab chiqarishda ham, madaniy-ma’rifiy jabhalarda ham tumanini birdek yuksakka ko‘tarib kelayotgan azamat bag‘dodliklarning aynan mana shu ding‘-ding‘lama so‘zlari, chapanicha shevasi ko‘ngil tomirchalarini yoqimli qitiqlab, og‘aynilar davrasiga doim boshqacha bir lazzat baxsh etadi.

Atay Bag‘dodga kelib, uyga qalampirsiz qaytish noqulaydek tuyuldimi, bozorga kirdim. Kirdim-u, qalampir sotib o‘tirganlarning bunisi Said Anvarga, unisi Nabijon Boqiyga o‘xshab ko‘rinaverdi. Ularga qarab, nima, gonorarlar kamlik qilyaptimi, deyishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turardim.

Anvar OBIDJON,  

O‘zbekiston xalq shoiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 4 =