Oq bo‘z ortidagi xaroba
Bugungi kunda butun mamlakatimiz bo‘ylab “Obod mahalla” dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “Katta xirmontepa” mahallasi ham birinchilardan bo‘lib obod etildi. O‘ydim-chuqur ko‘chalar tekislandi, ko‘p qavatli uylarning tashqi qiyofasi yangilandi, ariqlar tozalanib, manzarali gullar, yashil maydonchalar yaratildi. Bolalar sport maydonchalari va o‘yingohlar qurilgani keksa-yu yoshni quvontirdi. Ammo…
Mahalla hududidagi 477- va 537-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘rtasida qarovsiz bog‘ va “to‘kilib yotgan” ikki qavatli bino bor. Hayron qolarli jihati — zanglab ketgan temir to‘siqlar bo‘ylab oq bo‘z mato ilinib, go‘yoki, bu xunuk manzara “yashirib” qo‘yilgan.
— Ikki yilcha avval shu temir to‘siqqa e’lon osilib, binoda bolalarning darsdan keyingi bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun turli to‘garaklar ochilishi xabar qilingan edi, — deydi mahalla fuqarosi Ziyoda Eminova. — Juda xursand bo‘lgandik. Lekin, bino adoi tamom bo‘layaptiki, va’dadan darak yo‘q.
Oq bo‘z ortidagi xaroba e’tiborsizlikka qo‘yilgan “haykal” bo‘lib yana qancha turar ekan?
Sitora
TOJIDDINOVA,
jurnalist.