Bu yer hali zo‘r bo‘ladi

1

Mish-mish bor: Qoraqalpoqlar

Ko‘p vaqt o‘tmay ko‘char emish,

Yaxshiyerga qo‘nmoq uchun

Qushlar kabi uchar emish.

 

O‘qidim bir gazetadan,

Biz uchun ko‘p g‘amxo‘r bor-a!

Erinmasdan tuzib chiqqan

Hisob-kitob, tadbir-chora.

Ko‘chgan zo‘rmish o‘tirgandan,

Iqbolimiz kular emish.

Orolga suv keltirgandan

Ancha arzon bo‘lar emish…

Hisoblagan cho‘tga solib…

Es-hushingniyeb qo‘yasan.

Cho‘tin qo‘ldan yulib olib,

“Hap, senimi!..” deb qo‘yasan.

Ayrimlar “mish-mish”ga uchib,

Puch yong‘oqqa to‘lgan qo‘yni.

Katta shahar tomon ko‘chib,

Havas qilgan yangi uyni.

Mayli, o‘zi bilar har kim,

Bu – bilgichlar zamonidir.

Yolg‘on-yashiq gapning balkim

Shivirlagan shamolidir.

Bashoratim bor sozgina –

Barchaga manzur bo‘ladi.

Sabr aylang bir ozgina,

Buyer hali zo‘r bo‘ladi.

Ichimlik suv tuzli bo‘lsa,

O‘z rizqing, o‘z tuzing bo‘lar.

“Suv bormi?” – deb cho‘za-cho‘za

Tuya bo‘yni uzun bo‘lar.

Osti ham tuz, usti ham tuz

Yashayotganyerimizning.

Achchiq-ku deb nolimangiz

Tomgan manglay terimizni.

“Tuz tatib ket!” deydi odam,

Non-tuzsiz dasturxon bo‘lmas.

So‘zlaganda so‘zingning ham

Tuzi bo‘lsa, yomon bo‘lmas.

Hechyeryetmasyerimizga,

Qancha yomon desangiz ham.

Teng kelmas jannatda bizga

Qasr qurib bersangiz ham.

Axir, beor qorabaroq –

O‘t emas-ku odam degan.

Bir joyda o‘sadi daraxt

Vatan degan, Vatan degan!

2

Mo‘l suvini ulug‘ daryo

Ko‘k dengizga quyganyerda,

Uy qurganda ota-bobo

Yurtim deya suyganyerda

Ilk bor qilgan ekan niyat:

Kimki qilsa halol mehnat,

Unumliyer shu odamga

Arvonaday iyar albat.

El don sochib, bo‘ston etgan,

Daryo yurganyerdir buyer.

Tayoq sanchsang gullab ketgan –

Xudo berganyerdir buyer.

Biz shuyerda o‘sib-unib,

Qora uyli el bo‘lganmiz.

Og‘ir mehnatiga ko‘nib,

Terlar to‘kib, sel bo‘lganmiz.

Buyerlardan topgan sehr

Qo‘shig‘imiz, ertagimiz.

Buyer uchun berib mehr,

Kuyib-yongan yuragimiz.

Yoqalashib yov kelsa ham,

Buyerni hech bermaganmiz.

Kim qay tilda so‘zlasa ham,

Tilini yot ko‘rmaganmiz.

Qora uymi, kiyiz uymi,

Xivasifat hovlimi yo,

Birdam qo‘nib totuv ko‘yda,

Bir chinorga soldik uya.

Ko‘nglimiz ham, orimiz ham

Bir tuproqda quralashgan.

Molimiz ham, jonimiz ham,

Qonimiz ham aralashgan.

Dalalari bir yayrasa,

Dengizlari ming yayragan,

Cho‘ponlari mol haydasa,

Shoirlari so‘z haydagan –

Baxtli hayot quchog‘ida

Erkalangan el edik biz.

Farovonlik o‘chog‘ida

O‘t so‘nmasin – tiladik biz.

To‘ydik sig‘may terimizga,

Dilda yo‘qoldi diyonat.

Shunday azizyerimizga

Noshukur qildik xiyonat.

Adolatning oynasidan

Qarab ko‘rsak o‘zimizni,

Yulduz izlab oy yonidan,

Yog‘ bosibdi ko‘zimizni.

Nafsimiz palak yozib keng,

Fe’limiz-chi torayibdi.

Endi, mana, o‘zgalardan

Izlayapmiz bor aybni.

Bir-borovga ayb taqib,

Bahs talashib o‘tarmiz biz.

Daryo hali to‘lib oqib,

Sohiliga qaytar dengiz.

Dengiz qochgan bilan bizdan,

Biz qochmaymiz uyimizdan.

Arava yurar yangi izdan,

Ishga o‘tib olsak so‘zdan…

3

Yaratilmish qanday odil!

Uvol-savob, insofi mo‘l.

(Shum bo‘lganda odamday ul

Tutar edi boshqacha yo‘l.

Kuchlilarga paxta solib,

Ojizlarni xo‘rlar edi.

Yaxshisin o‘ziga olib,

Yaqinlarin qo‘llar edi…)

Yaratilmish odil qanday!

Ulashganda boyliklarin

Onang bo‘lib bergan nonday,

Teng ulashib bergan barin:

Birovlarga juda buyuk

Tog‘ bersa ham,yer bermagan.

Marol mangrab, oqcha kiyik

Yugurguday cho‘l bermagan.

Biryerlar xush tabiatli

Qirg‘ovulning qanotiday.

Biroq ne’mati yo‘q totli

Gulobi, to‘r navvotimday.

Birovlar baliqqa jerik,

Birovlarda – Adriatik…

Birovlarga yomg‘ir berib,

Kun bermagan jovdiratib

Eng boy ellar mahrum hatto

Buyan tomir, gazli kondan.

Yaponlarning “tuproq sot” deb

Yalinganin eshitganman.

Siz bilan makon qurgan

Bu tuproqda bari ham bor.

Ekin eksang, o‘sib turgan

Giyohlarda dori ham bor.

Nor qamishli ko‘llarida

O‘ynaydi suv parilari.

Yantog‘ining gullaridan

Bol yig‘adi arilari.

Keng hovurli dalasida

Mol yoyib, goh suv kechganing.

Qora tolning soyasida

Biryelpinib choy ichganing…

Mehnatin ham, rohatin ham

Boshimizdan kechirganmiz.

Yetti rangli suratin ham

Ruhimizga ko‘chirganmiz.

Tug‘ilganyer, aziz tuproq,

El kechmas hech qachon degan.

Teran tomir otgan daraxt –

Vatan degan, Vatan degan!

4

Davron kelar gullab-yashnab,

Bezanadi buyer hali.

Bizlar tuzatmagan bilan,

Tuzaladi buyer hali.

Kelar uning o‘z egasi,

Yosh, g‘ayratli yangi avlod.

Yangi davrning dahosi

Buyerlarni qilar obod. 

Yer qadrini aziz bilib,

Bu tuproqqa ekadi gul.

Bizday o‘larmanlik qilib,

Ko‘mochiga tortmaydi kul.

Baxt-saodat chiqar peshvoz,

Kelajak manzur bo‘ladi.

Sabr qiling yana bir oz,

Buyer hali zo‘r bo‘ladi.

Zar qadrini bilar zargar,

Shunday zamon keladi-yo!

“Ijaraga oz-mozyer ber” –

Deb yalinar bizga dunyo…


Qoraqalpoq tilidan

Rustam Musurmon tarjimasi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + twenty =