Uyingizda kutubxona bormi?

Bugungi yoshlarimizning ma’naviyati, madaniyati haqida so‘z ketsa, ochiq gap, hijolatpazlikdan andak qizarib-bo‘zarib olishga to‘g‘ri keladi. Sababi sir emas. Ularning aksariyati jamoat joyda o‘zini tutishni, muomala mada­niyatini bilmaydi. Yengil-elpi kun kechirish, soxtagarchilik fazilatga aylanib ulgurdi. Xo‘sh, bunday yoshlarni muqarrar ma’naviy tanazzuldan qanday qutqarish mumkin?

 

Avvalo, yoshlarda kitobga mehr, o‘qishga chanqoqlik uyg‘otish zarur. Bu fikr, albatta, necha-necha bor qayta-qayta o‘rtaga tashlangan, shu sababdan ham ko‘plarning ensasini qotirishi turgan gap. Lekin, nachora, ma’naviy halokatdan bizni faqatgina kitoblar qutqara oladi, xohlasak-xohlamasak-da, baribir yana shu fikr poyiga bosh qo‘yaveramiz.

Kitob xayolotimizni boyitadi, tuyg‘ularimizni o‘stiradi, bilimimizni oshiradi. «Kitob o‘qimaganning kuni o‘tmaydimi?», «Falonchi tuzukroq maktab ko‘rmagan bo‘lsa-da, qo‘lida jaraq-jaraq pul o‘ynaydi», degan «aqilli» gap-so‘zlarni ko‘p eshitamiz. Biroq o‘sha taxlam-taxlam pullarni sanab, huzurlanish uchun ham qandaydir saviya kerak! Yuksak saviya esa kitob o‘qish orqaligina bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘rib yoki eshitib, hidlab yoki silab huzurlanish ham his-tuyg‘ular ishidir. His-tuyg‘uga boy odamning huzurlanishi (azoblanishi ham!) necha chandon ortiq bo‘ladi. His-tuyg‘ular esa, ta’kidlaganimizdek, kitob o‘qish orqaligina o‘stiriladi.

Mahallamizda bir qiz bozorda gul sotadi. Yuzlari ko‘pchigan xamirday, bo‘yi basti baq-baqaloq. O‘sha bir kuni biznikiga chiqib, uzo-oq chaynalib, o‘qish uchun kitob so‘radi. Men hayron qoldim. Chunki u kitob ko‘targanni ko‘rsa «o‘qimishli», deya kinoya bilan kuladigan, dunyoda pulning qudratidan boshqasini tan olmaydigan qiz edi. Qolaversa, kitob o‘qish uchun savodi nechog‘lik ekanini ham bilmasdim.

— Nima uchun kitobga qiziqib qoldingiz? — so‘radim undan.

Mahalladosh qiz gohyerga, goh osmonga qarab, ming bir xijolat ichida arang «kerak-da» deb qo‘ydi. Sezib turibman, u o‘z fikrini ayt­moqchi-yu biroq evini keltirolmay ovora. (Xuddi shu hol ham kitob o‘qimaganlikning asorati). Men o‘sha kuni qizning saviyasiga mosroq kitob topib berish uchun xo‘b qiynaldim. Oxiri «Choliqushi» romanini topib berganim hamon esimda.

O‘shanda qo‘shni qiz bir yilcha muddat mendan kitoblar olib turdi. Lekin keyinchalik kitob so‘rab kelmaydigan bo‘ldi. Biz yaqinda nogoh uchrashib xiyla vaqt suhbatlashib qoldik.

— O‘shanda nima uchun kitob so‘rab chiqqanimni aytaymi? — dedi u.

— Ha, o‘shanda uyalib gapirmagan edingiz.

— Bilasizmi, — dedi qiz o‘ychan, — men bozorda besh-olti yildan beri gul sotaman. To‘g‘risi, gullarimni asosan rus tilida so‘zlovchilar oladi. Olganda ham allaqanday mehr bilan ko‘zlari yonib, gullarga termulishadi. O‘zlaricha nimalardir deb pichirlashadi. Men ularni uzo-oq kuzatdim. Oxiri, miyamda savollar g‘ujg‘on o‘ynay boshladi: go‘zallik nima? Xo‘sh, gulning jozibasi nimada? Nega anovi nodonlar muncha ko‘p gul sotib olishadi. Axir, shu gulga bozordan bir dunyoyegulik xarid qilsa bo‘ladi-ku? Bu gul deganlari uch-to‘rt kundan so‘ng so‘lib qoladi, uni nayeb bo‘ladi, na kiyib… Xullas, o‘ylay-o‘ylay barcha savollarimga kitob o‘qib javob topishga qaror qildim.

— Topdingizmi? — so‘radim.

— Ha, — dedi qo‘shnim kulib, — hatto keragidan ortiq…

— Nega keyingi paytlar kitob so‘rab chiqmayapsiz?

— Vo‘-o‘y, sizni qarang-ga, — dedi qiz ajablangannamo, — hozir o‘zimning shaxsiy kutubxonam bor. Agar biror kitob kerak bo‘lib qolsa, hech tortinmay chiqavering…

Ha, sotuvchi qiz butkul o‘zgargandi. U kitob bilan sirdosh bo‘lib tamom boshqacha insonga aylangandi. Lekin kitoblar uning gul savdosiga ziyon-zahmatyetkazmadi, badnom qilmadi. Aksincha…

Ilgari qizning bozordagi erkaklarga monand baqir-chaqirini butun mahalla eshitardi. Ustidagi kiyimlari qimmatbaho bo‘lsa-da, allanechuk irkitroq ko‘rinar, o‘tgan-qaytganning g‘ashini qo‘zg‘ardi. Endi esa… muomalasida, o‘zini tutishida qandaydir joziba paydo bo‘lgandi, yuz-ko‘zlarida sirli, yorqin xayollar kezinib qolgandi. Buning barchasi qizga chinakam, shar­qona latofat bag‘ishlardi.

Xo‘sh, bolalarda qanday qilib kitobga mehr uyg‘otish mumkin? Qanday qilib ularni xuddi kompyuter o‘yinlariga qiziqqandek, kitobga qiziqtirish mumkin? Avvalo, uyda kitobxon uchun muhit bo‘lishi kerak. Har bir oilaning o‘z kutubxonasi bo‘­lishi zarur. Zero, bolada eng ilgari uydagi muhitga, uy jihozlariga qiziqish uyg‘onadi. Bola ota-onasiga taqlid qila boshlaydi. Ana shunday paytda bolalarni kitobxonlikka osongina mo­yillashtirsa bo‘ladi. (Buning uchun, albatta, ota-onaning o‘zlari ham kitobxon bo‘lmog‘i kerak).

Hozirgi paytda aksariyat oilalar uy mebellarini qimmatbaho idish-tovoqlar bilan bezashga ruju qo‘ygan. Axir, kitoblar bilan ham chiroyli bezash imkonlari bor-ku? Ana shu yo‘l bilan ham shaxsiy kutubxona tashkil etish mumkin. Xo‘sh, shaxsiy kutubxona tashkil etishda nimalarga ahamiyat berish joiz? Menimcha, avvalo, kitob­lar rang-barang (badiiy, ilmiy, falsafiy, diniy) yig‘ilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bolalarning yoshiga mos, sodda, rang-barang suratli kitoblar javonning pastroq, ya’ni jajjilarimizning qo‘liyetadigan, qiziqish uyg‘ongan payti, hech qursa, varaqlab ko‘rish imkoni bo‘ladigan qatorga terilishi kerak.

Biz uzoq tariximizga nazar tashlasak-da, olis ajdodlarimiz shaxsiy kutubxonalarga katta ahamiyat berganini kuzatamiz. Misol tariqasida, hassos shoirimiz Abdulla Oripovning «Hakim va ajal» dostonini bir eslaylik. O‘sha dostonda yosh tabib shaxsiy kutubxonasi bo‘lishni orzu qiladi. Tabibning katta bir xizmatidan so‘ng Buxoro hukmdori unga bo‘yi barobar zar bermaydi, aksincha, o‘z shaxsiy kutubxonasidan foydalanishga ruxsat etadi, shu hukmdorning taxtiga talabgor yosh zodagon yigit esa tabibni badnom qilib, Buxorodan haydatish uchun aynan, kutubxonaga o‘t qo‘yishni tanlaydi. Vaholanki, u tabibga tuxmat qilish uchun boshqa har handay jinoyatga qodir edi. Demak, bu taxtparast ham hech bir narsa yongan kutubxona o‘rnini bosmasligini yaxshi anglabyetgan.

Ha, tarixdan, bobo-momolar hayotidan ma’naviyatimizni qadrlashga, xususan, kutubxonalar yaratishga doir ko‘plab misollar keltirish mumkin. Biroq ajdodlar bilan faxrlanishgina bizga buyuk kelajakni yaratib berolmaydi. Kelajakni ma’naviyati barkamol bugungi avlod yaratadi. Barkamol ma’naviyatni kitob, kutubxona yaratishi shubhasizdir.

Luqmon BO‘RIXON, yozuvchi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − eight =