Dolg'ali davr kechmishlari

Mamatqul Hazratqulovning ketma-ket nashr etilgan ikki kitobi – “Varaqsiz daftar” va “Qirg'oqsiz daryolar” – o'zbek adabiyoti, o'zbek badiiy publitsistikasi hamda o'zbek memuarchiligi rivojiga qo'shilgan munosib hissa bo'ldi, deb o'ylayman. Zahmatkash adib, mohir publitsist, taniqli siyosat va jamoat arbobi, ustozimiz Mamatqul akani bu ijodiy muvaffaqiyati bilan chin dildan tabriklayman.

Ayni paytda, ushbu ikki to'plamni yuksak kitobat san'ati talablariga binoan chop etgan “Oltin meros press” nashriyoti hamda  G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi jamoasini o'qishli yangi nashrlari bilan tabriklasak arziydi.

“Varaqsiz daftar” va “Qirg'oqsiz daryolar” – shubhasiz, astoydil o'qiladigan, fikrlashga va mulohazaga chorlaydigan noyob kitoblardir.

Noyobligi nimada?

Avvalo, qamrovining kengligida. Oz emas-ko'p emas, yarim asr, balki undan ham ko'proq davr voqealari qamrab olinganida. O'tgan epoxaning quruq bayoni emas, adabiyotdagi, san'atdagi, siyosatdagi, umuman, ijtimoiy  hayotdagi jarayonlarning insonlar taqdiridagi in'ikosida, maroq bilan tasvirlanganida.

Yana bir muhim jihati – samimiyligida. “Varaqsiz daftar”da jamlangan xotiralarni maza qilib o'qiysiz. Unda ichakuzdi hangomalar, nozik kuzatishlar, ibratli hikoyalar, kutilmagan xulosalar – hammasi bor. Hammasi bir insonning eslashga, roviyligiga munosib, ajoyib va g'aroyib kechmishlaridir.

Kimlar o'z kechmishlari haqida yozishi va yozganlari boshqalarning e'tiborini tortishi mumkin? Ayonki, dolg'ali davrlarda yashab, unutilmas voqealarga, ulkan tarixiy evrilishlarga guvoh va bevosita ishtirokchi bo'lgan shaxslar. Mamatqul akaning boshidan o'tgan voqealarga, kitoblaridan joy olgan yodnomalariga havasingiz kelishi tayin.

Bu ikki kitob Vatanimizning yaqin o'tmishdagi tarixi, adabiyoti, san'ati,  falsafasi,  xalqimizning istiqlolga erishish va mustaqillikni mustahkamlash yillaridagi hayoti, yutuqlari, chekkan iztiroblari haqidagi badiiy, ayni paytda, o'ziga xos  hujjatli solnomalardir. Tarixni insonlar yaratadi. Milliy taraqqiyotimizga o'z ijodi va amaliy faoliyati bilan katta hissa qo'shgan ulug'larimiz haqidagi o'qishli hikoyalar jamlangan bu to'plamlarga.

Ushbu  majmualar – ko'pni ko'rgan, irodasi mustahkam, el-yurt ishida qoyim, fidoyi va donishmand adibning, yirik arbobning mozaika shaklida bitilgan, lekin kitobda  yaxlit bir butunlik kasb etgan g'oyat jozibali memuaridir.

O'zbekning ne-ne adiblari, olimlari, san'atkorlari, ulamolari, ya'ni, ziyolilari o'z ilmiy-ijodiy ishini chetga surib qo'yib, umrini saltanatu siyosatga – Vatanimizning davlat mustaqilligini mustahkamlash ishiga bag'ishlaganini yaxshi bilamiz.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov – chekiga ana shunday buyuk sinovlar tushgan, milliy istiqlolimizni yelkasida opichlab katta qilgan fidoyi  avlodning kamtarin vakillaridan. Bu avlod istiqlolimizning avvalidagi g'oyat qaltis davr yukini – milliy davlatchiligimizni tiklash va mustahkamlashdek ulkan mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi. Xatolardan cho'chimadi va el-yurtimizga, kelajak avlodlarga bebaho xazina hadya qildi. O'sha xazinaning nomi boy tajriba, tarixiy xotira va istiqlol ishiga sidqu sadoqatdir.

Mamatqul aka kitoblarining mutolaasi o'quvchini ana shu ulkan xazinadan keng bahramand etadi.

“Varaqsiz daftar” – milliy memuarchiligimizdagi shaklan va mazmunan yangi yo'nalishning boshlanishi. Muallif ijodiy mehnatining  vijdon sarhisobi. Bilamizki, ko'pgina arboblarimizning xotiralarini o'qishning o'zi azob. Soliq idorasiga taqdim etiladigan hisobotdan farqi kam.

Men Mamatqul aka bilan uzoq yillar birga ishlash nasib etgan qalamkash sifatida u kishining yangi kitoblarida darj etilgan voqea-hodisalarning ko'plaridan xabardorman. Binobarin, kitobga jamlangan asarlarning aksariyatini siyohi qurimasidan o'qiganman. Muallif kitobxonga aql o'rgatmaydi. Nasihat qilmaydi. Go'yo u bilan guftigo' qilib gurunglashadi.

Mamatqul aka haqida gap ketar ekan, u kishini ish odami, barakali,  serhafsala inson, degim kelaveradi.  Bu fazilatlarning siri nimada? Mas'uliyatda, zahmatda! O'z kasbiga, Vataniga, xalqiga, adabiyotga mehrida, sadoqatida. Qaerda, qaysi ishga qo'l urmasin, bor mehrini berib, chin ixlos bilan mehnat qilishida.

Adibning mutolaasevarlarga taqdim etilgan yangi kitoblari ana shunday ulkan mehr, chin ixlos va katta hafsalaning mevalaridir.

“Qirg'oqsiz daryolar”dan joy olgan esselarda hayoti va faoliyati haqida hikoya qilingan atoqli yozuvchilar, mashhur san'atkorlar,  taniqli jamoat va siyosat arboblarining safi anchagina keng. Shunday ulug'lar qatoridan marhum Nizom Komilov, Asad Dilmurodov, Otayor Nahanov kabi g'oyat kamtarin, behad kamsuqum, chumolidek zahmatkash adiblarga ham joy berilganini ko'rib, muallifdan minnatdor bo'lasiz.

Mamatqul aka Hazratqulovning yangi kitoblari, boshqa asarlari kabi,  qo'lma-qo'l bo'lib o'qilishiga, talay maqolalar va ilmiy tadqiqotlarga asos bo'lishiga ishonaman.

Qulman OChIL

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × three =