95 yildan buyon postida sodiq nashr

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson qadri, xalq manfaati mujassam. Bunday islohotlar qatorida matbuot va ommaviy axborot vositalari sohasida ham demokratik tamoyillar tobora chuqurlashib, ochiqlik va shaffoflik ustuvor vazifaga aylanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, “Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to'rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda”.

Aytish joizki, “Postda — Na postu” gazetasi bu mas'uliyatli vazifani o'ziga xos tarzda sharaf bilan ado etib kelmoqda. Ushbu nashr tashkil etilganiga esa 95 yil to'ldi.

Ha, salkam bir asr! Bu raqamni tilga olishgina oson. Ammo uning ortida qanchadan-qancha insonlarning mehnati, matonati va sadoqati yotganini tasavvur qilish joiz.

“Postda — Na postu” gazetasi ana shu shonli yo'lda, ijod va izlanish pillapoyalariaro yurtimizdagi ommaviy axborot vositalari orasida o'zining munosib va mustahkam o'rniga ega bo'ldi. Ichki ishlar vazirligi nashri sifatida gazeta o'z auditoriyasini tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor qilish bilan birga, jinoyatchilikning oldini olish, yot g'oyalar va jamiyatimizdagi turli illatlarga qarshi ma'rifat maydonida qat'iy kurashib kelmoqda.

Gazeta 1930 yil 12 may kuni dunyo yuzini ko'rganida bir oyda uch marta, bor-yo'g'i 150 nusxada bosilgan edi. Tinimsiz harakat va samarali mehnat tufayli 50-yillarga kelib, gazeta tiraji 6 ming nusxaga yetdi. 1960 yildan e'tiboran haftasiga ikki marta, 10 ming nusxada chiqa boshladi. 1965 yil 1 avgustdan boshlab esa nashrning keng jamoatchilikka mo'ljallangan yakshanba sonini chop etish yo'lga qo'yildi.

O'tgan asrning 70-80-yillarida ayrim sabablarga ko'ra chiqishi to'xtab qolgan nashr mustaqillik sharofati va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan 1991 yilda qayta tashkil etildi. O'sha yilning 1 yanvarida “Postda — Na postu” gazetasi ikki tilda, o'zbek va rus tillarida alohida sonlari bilan muxlislar qo'liga yetib bordi.

Podpolkovnik Zokir Atayev bosh muharrir bo'lgan gazetaning dastlabki sonlarida G'ayratjon Boltaboyev, Erkin Sattorov, Siddiqxo'ja Sulaymonov, Rahmonali Qosimov, Abdumo'min Tilovov, Muhabbat Ibragimova, Oygul Mamaraimova, Ismoil Munavvarov, Ortiq Mahmayusupov kabi mualliflarning maqolalari joy oldi.

— Esimda, mustaqillikning ilk yillarida IIV nashrlarini har tomonlama rivojlantirishga bel bog'laganmiz, — dedi vazir maslahatchisi, o'sha yillarda Ichki ishlar vaziri bo'lgan general-polkovnik Zokirjon Almatov gazeta yubileyi munosabati bilan bergan intervyusida. — Eng birinchi navbatda, tahririyat xodimlariga yetarli darajada shart-sharoitlar yaratib berishimiz kerak edi. Shu orqali vazirlik gazeta-jurnallari sifatli, o'qishli chiqishiga erishish maqsad qilingandi. Aytish kerakki, hozirgi davrga yetib kelishdagi jarayonlar oson kechmagan. Bugun chop etilayotgan turli janrdagi maqolalar bilan tanisharkanman, yorqin ranglar, chiroyli dizaynlar va ularning sifati yaqqol e'tiborimni tortib, o'sha paytdagi mehnatlarimiz besamar ketmaganligidan ich-ichimdan xursand bo'laman.

Haqiqatan ham, o'tgan davr ichida “Postda — Na postu” gazetasi keng jamoatchilikning nashriga aylandi. Ayni kunda gazeta 45 000 dan oshiq nusxada chop etilsa-da, kuzatishlar nashrning 300 mingdan ortiq auditoriyasi borligini ko'rsatmoqda.

Albatta, “Postda — Na postu” gazetasining yuqori adadda izchil nashr etilib, o'quvchilar qo'liga muntazam yetib borishida uning muassisi — Ichki ishlar vazirligining alohida xizmati bor. Chunki bosma nashrlar judayam og'ir ahvolga tushib qolgan hozirgi vaziyatda muassis e'tibor qilmasligi oqibatida uncha-muncha gazetalar yopilib ketyapti. Masalan, oxirgi yillarda moddiy qiyinchilik tufayli ne-ne o'qishli gazetalar faoliyatini yakunladi, qanchasi mablag' yo'qligidan vaqtincha to'xtatib qo'yilgan, nechtasi ikki haftada yoki oyda bir marta zo'rg'a chiqyapti. Sababi, muassislar e'tibor qaratmayapti.

Ichki ishlar vazirligining e'tirofga sazovor xizmati shundaki, necha yildan buyon gazeta tirajini tushirmasdan, doimiy chiqishini ta'minlab kelmoqda. Ichki ishlar vazirligi birlashgan tahririyati tarkibida 1998 yilda ta'sis etilgan “Qalqon — Щit” jurnali ham har oyda 15 ming nusxada muxlislar qo'liga yetib bormoqda. Bu — muassis tahririyatga o'zining farzandidek alohida e'tibor, otalarcha mehr bilan qarashidan dalolatdir. O'quvchilar ko'ngliga yo'l topib, yuqori adadda tarqalayotgan “Postda — Na postu” gazetasi erishayotgan bunday muvaffaqiyatlar “Bosma nashrlar o'ladi” deya jar solayotgan ayrim kimsalarning fikri puchligini isbotlab, jurnalistlarga umid bag'ishlamoqda.

Mazkur nashrning boshqa gazetalardan farq qiladigan o'ziga xos jihatlaridan biri shundaki, maqolalardagi qahramonlar kim bo'lishi, unvoni va lavozimidan qat'i nazar, ularning insoniy fazilatlari alohida yoritiladi. Bu esa ichki ishlar xodimlarining odamiylik va insonparvarlik qiyofasini yaratishda muhim rol o'ynaydi.

Shu o'rinda qayd etish joizki, yaqin-yaqingacha Ichki ishlar tizimiga nisbatan fikrlar ijobiy emas edi. Chunki sobiq Ittifoq davrida tizim xodimlari xalq ongida faqat jazolovchi organ sifatida salbiy obraz yaratgan edilar. Gazeta mana shu stereotipni ijobiy tomonga o'zgartirishga imkon qadar munosib hissa qo'shmoqda. Ya'ni, tahririyat xodimlari tizimda faoliyat ko'rsatayotgan shunaqa qahramonlarni topyaptiki, jonkuyar, o'z kasbiga sadoqatli xodimlar haqida yozib, ularni o'rnak qilib ko'rsatyapti. Natijada aholi ichki ishlar xodimlarining himoyachi sifatidagi yangi qiyofasini, imijini yaratyapti.

— Ushbu gazeta, ayniqsa, ichki ishlar organlarida olib borilayotgan yangilanish va o'zgarishlarni yoritishda, xodimlarimiz va ular oila a'zolarining dunyoqarashini kengaytirish, siyosiy, ma'naviy, huquqiy bilim va salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, — dedi O'zbekiston Ichki ishlar vaziri, general-mayor Aziz Tashpulatov asr bilan yuzlashayotgan nashrning xizmatini e'tirof etarkan. — Xodimlarning yurt tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini ta'minlash borasidagi mashaqqatli faoliyati, quvonch va tashvishlari, ular erishgan yutuqlar, jinoyatchilikka qarshi kurashish yo'lida jon fido qilgan mard o'g'lonlarning yorqin xotirasi, iste'dodli xodimlarning ijod namunalari — bularning barchasi gazeta sahifalarida o'z aksini topgan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.

Gazetaning bugungi kundagi yutuqlari, avvalo, bosh muharrir Bernora Sodiqovaning tashabbuskorligi, mas'uliyati, kasbga bo'lgan mehri bilan ham bevosita va bilvosita bog'liq. Ayol kishi bo'lishiga qaramay, u zimmasidagi mas'uliyatli vazifani nafaqat professional jurnalist, balki Ichki ishlar vazirligi polkovnigi sifatida maqsadga arzigulik darajada olib bormoqda. Uning yangilikka intilishi va g'ayrati tufayli tahririyat zamonaviy talablarga juda tez moslashmoqda: ayni paytda gazetaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari juda ko'p muxlislar tomonidan o'qilayotgani ham fikrimizning dalilidir.

Rostdan ham, bugun odamlar matbuotdan uzoqlashib, virtual olamda “yashamoqda”. Axborot uzatishda ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari yetakchilik qilmoqda. Ammo “Postda — Na postu” gazetasi shunday vaziyatda o'quvchilarini yo'qotmagan, matbuotning kuchini his qildirayotgan, dolzarb, og'riqli mavzularni bemalol olib chiqayotgan sanoqli nashrlardan biridir.

Ta'kidlash joiz, Bernora Sodiqovaning tashabbuskorligi tufayli gazeta turli ijodiy tanlovlarda ham faol qatnashib keladi, tahririyat ijodkorlari “Oltin qalam”, “Eng ulug', eng aziz”, “Yilning eng faol jurnalisti” singari nufuzli tanlovlarda sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritgan. 2021-2022 yillarda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi bo'lib ishlagan paytimda “Postda — Na postu” gazetasi xodimlarining faolligiga bevosita guvoh bo'lganman. Ularning Uyushma tomonidan o'tkazilayotgan tanlovlarda ketma-ket g'oliblikka sazovor bo'layotganiga e'tiroz bildiruvchi qo'ng'iroqlar bo'lganida, tanlov hakamlar hay'ati raisi Salim Doniyorovga “G'oliblikni faqat “Postda — Na postu” gazetasi ijodkorlari qo'lga kiritayotganidan norozi bo'lishyapti” dedim, u: “Ijodi zo'r bo'lganidan keyin, oladi-da!” deya qisqa qilib javob bergani esimda.

Shunday qilib, “Postda — Na postu” gazetasi 95 yildan buyon xalqimiz bilan hamnafas, hamqadam.

Olimjon O'SAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi, filologiya

fanlari nomzodi, dotsent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − three =