Avvalo o'zimizni hurmat qilaylik!

Ona tilimiz — milliy ma'naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog'idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko'rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

Sh. MIRZIYOYEV

Til bu shunchaki odamlar o'rtasidagi muloqot vositasi emas, balki millatning borligini, shu millatga mansub xalqning yashayotganligini dunyoga ko'rsatuvchi vositadir.

Shuning uchun ham ona tilimiz, ya'ni o'zbek tilining qadr-qimmati masalasi doimo kun tartibida bo'lgan.

Aslida ona tilini asrash, avaylash va uning rivoji uchun kurashish shu millatga mansub bo'lgan har bir kishining eng muhim vazifasi, burchidir. Aytish joiz bo'lsa, bu burch va juda katta mas'uliyat demakdir.

Xo'sh, biz bu burchni, tilni asrab-avaylash mas'uliyatini bugungi kunda nechog'liq uddalayapmiz? Tilimizning hurmatini, qadr-qimmatini o'rniga qo'ya olyapmizmi? Savollar ko'p, javoblardan esa ming afsuski, ko'ngil to'lmaydi.

Ona tilimiz millatning ori, g'ururi, iftixori hisoblanadi. Xo'sh, orimiz, g'ururimiz va iftixorimiz bo'lgan tilimiz sofligi uchun nimalar qilyapmiz? Ona tilimizni onamizni qadrlagandek qadrlay olyapmizmi? Tilimizga onamizga hurmat-e'tibor ko'rsatgan kabi hurmat va e'tibor ko'rsata olyapmizmi?

Bu kabi savollarga javob berish juda qiyin. Chunki “ha” deb javob bersak, nafaqat boshqalarni, balki o'zimizni ham aldayotgan bo'lamiz.

To'g'ri, bugungi kunda tilimizga hukumatimiz, xususan, Prezidentimiz tomonidan katta e'tibor qaratilib, o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yildan oshdi. O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun yurtimizda o'zbek tili bayrami kuni deb e'lon qilindi. Barcha vazirliklar, davlat idoralarida ish yuritish to'liq davlat tilida olib borilmoqda.

Unda muammo nimada, dersiz? Masala shundaki, tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 35 yildan oshgan bo'lsa-da, uning qadr-qimmatini joyiga qo'ya oldik, deya maqtana olmaymiz. Taniqli olim ta'biri bilan aytganda, biz bu kunni faqatgina bayram qilishimiz emas, balki tilimizning qadr-qimmatini joyiga qo'yishimiz kerak.

Shu kunlarda o'zbek bo'la turib farzandlarini boshqa tildagi maktablarga olib borayotgan, uyida, ko'cha-ko'yda farzandlari bilan boshqa tilda so'zlashayotganlar soni tobora ortib borayotgani har birimizni bezovta qilishi kerak. To'g'ri, bolaning ko'p til bilgani yaxshi, faqat bu o'z ona tilini bilmaslik hisobiga emas! Axir ma'rifatparvar jadid bobolarimiz farzandlarimiz kamida besh tilni bilishi kerak, ammo dastlabki savodini o'z ona tillarida chiqarishi kerak, deb bejiz yozishmagan.

Ha, farzandlarimiz savodini o'z ona tilida chiqarishi, o'z ona tilida fikrlashi lozim. Chunki inson qaysi tilda fikrlasa, o'sha millatga xizmat qiladi.

Shu o'rinda adabiyotshunos olim, rahmatli G'aybulla as-Salomning fikrlarini keltirib o'tsak: “Biz bola tarbiyasi, didni o'stirish, o'sayotgan niholga shakl berish, tabiatni muhofaza qilish, o'rmon, ko'l, dengizlarni asrash haqida (kechikib bo'lsa ham!) o'ylay boshladik. Yirtqichlar, baliqlar, kapalaklar, chuvalchanglar, shilliqqurtlarni halokatdan qutqazish haqida qonunlar bor. Nega endi tilning sofligi, beg'uborligi, pokizaligi to'g'risida g'amxo'rlik yo'q? Axir til — ruhiy g'izo, insonning insonligi, uning mohiyati-ku!”

Hammamiz bilamizki, yurtimiz kelajagi yoshlar qo'lida. Yosh avlodni ona tilini puxta biladigan, o'z fikrini lo'nda ifodalay oladigan qilib tarbiyalash lozim. Buning uchun eng avvalo o'zimiz ona tilimizga ehtirom ko'rsatishimiz, qadr-qimmatini joyiga qo'yishimiz kerak.

Yoshlar nimaga ishonadi? Eshitganidan ko'ra ko'proq ko'rganiga ishonadi, albatta. Ular bugun ko'chaga chiqib nimani ko'ryapti? Ayniqsa, mamlakatimiz poytaxtini sayr qilib yurgan yoshlarning ko'zi qanday yozuvlarga tushyapti? Ular ko'cha-ko'yda ona tilimizga bo'lgan hurmatni, ehtiromni ko'rishyaptimi? Yo'q, albatta.

Avvallari: “Nega O'zbekistondagi binolar, turli tashkilotlar va savdo do'konlarining nomlari rus tilida yozilgan? Davlat tilida yozish kerak-ku!” — deya nolir edik. Bugun esa… yana qancha tillarga – ingliz, turk, xitoy tillariga tutildik. Katta-katta binolarimiz peshtoqiga bir necha xil ajnabiy tillarda yozish urf bo'ldi.

Ishonmasangiz, bir vaqt topib poytaxtimiz markazini aylaning, ahvol qay darajada ekanligini o'z ko'zingiz bilan ko'rasiz.

Amir Temur xiyoboni atrofidagi eng katta mehmonxonalar, savdo va ko'ngilochar binolarning peshtoqiga nomlari katta qilib ingliz tilida yozilganiga guvoh bo'lasiz. Hatto nomiga kichikroq qilib bo'lsa ham davlat tilida yozib qo'yilmagan. Aslida, aksi bo'lishi kerak emasmi?! Bu binolarning peshtoqlariga katta harflar bilan o'zbek tilida yozilishi, agar lozim bo'lsa, pastroqqa kichikroq harflarda boshqa tillarda ham yozish mumkin edi.

Undan teparoqqa, Amir Temur ko'chasi bo'ylab Oloy bozori, Minor metro bekati, undan o'tib, Bodomzor tomon yursangiz, o'zbek tilida yozilgan yozuvga ko'zingiz yo tushadi, yo tushmaydi. Chunki bir-ikkita davlat idoralaridan tashqari, barchasining nomlari boshqa chet tillarida yozilganiga guvoh bo'lasiz. Xayolingizdan “Men hozir O'zbekistonda yuribmanmi yoki boshqa davlatdami?” degan o'y o'tadi.

Xo'sh, nimaga poytaxtimiz markazida O'zbek tili haqidagi qonunga rioya qilishmayapti, bepisandlik bilan qarashyapti? Mutasaddilar qayoqqa qarayapti?

Hademay 21 oktyabr — tilimizga davlat tili maqomi berilgan kun keladi. Yana bu kunni bayram sifatida nishonlaymiz. Hammayoq ona tilimiz jonkuyarlari va fidokorlariga to'ladi. Teleekranlarda taniqli insonlar, yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, san'atkorlar ona tilimizni madh etib intervyular beradi, she'rlar o'qiydilar.

Mamlakatimizga kelganiga endigina bir-ikki yil bo'lgan xorijlik talabalarning ona tilimizni o'rganib biyron-biyron gapirayotgani, tilimizning boyligi, jozibadorligi haqida so'zlayotganini ko'rib, eshitib boshimiz ko'kka yetadi. Ammo keyin-chi… Keyin esa boshqa bayramlar, tadbirlar bilan ovora bo'lamiz. Ona tili bayrami kuni ham boshqa bayramlar kabi bir kunlik tadbir sifatida o'tib ketadi. Axir ona tilimizga hurmat, ehtirom bir kunlik bayram bo'lishi kerak emas-ku. Ona tilimizga har nafasimizda, har kunimizda ehtirom ko'rsatishimiz kerak emasmi?

O'zimizni hurmat qilaylik, o'zligimizni unutmaylik. Necha ming yillik tarixga ega bo'lgan, o'zbekligimiz unvoni bo'lgan o'zbek tilimizning qadr-qimmatini joyiga qo'ymas ekanmiz, bizning dunyoda borligimiz bekordir.

Nosirjon ERKABOYEV,

Favqulodda vaziyatlar vazirining

Davlat tilini rivojlantirish va

ijtimoiy masalalar bo'yicha

maslahatchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 5 =