Baxt manzili
Ulug' yoshlarga yetib, keksalik gashtini surish chinakam hayot saodati, oila va jamiyat uchun ulkan baxt sanaladi. Bu yosh insonning hayotiy tajribasi, donoligi va yaqinlariga bergan mehri bilan qadrlanadigan oltin davri sanaladi. Ana shunday fayzli va barakali umr sohibalaridan biri — bugungi kunda muborak 78 yoshni qarshi olgan qo'shtepalik onaxon Maxfiratxon aya Mo'minovadir.
Maxfiratxon aya butun umrini halol mehnat, yuksak sabr-toqat va shukronalik bilan o'tkazgan ayoldir. Turmush o'rtog'i Saydullo hoji ota bilan yelkama-elka turib, hayotning turli sinovlarini matonat bilan yengib o'tdilar. Ularning mehr-muhabbat va o'zaro hurmatga asoslangan oilasi bugun ko'pchilik uchun haqiqiy ibrat maktabidir.
Bu yil ularning turmush qurganlariga 60 yil to'ldi. Oltmish yillik qutlug' umr yo'li davomida ular 7 nafar farzandni mehnatsevar, halol, va elga nafi tegadigan insonlar etib voyaga yetkazdilar. Bugun farzandlarning baxtidan quvonib, 27 nafar nabira va 8 nafar chevaraning mehriga sazovor bobo va buvi sifatida hayot gashtini surmoqdalar.
Otaxon va onaxonning xonadonlaridan baraka, ahillik va mehr-muhabbat arimaydi. Yoshlarga mehnatsevarlik, sabr-toqat, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi milliy qadriyatlarni uqtirib kelayotgan bu fayzli oila mahalla ahlining ham yuksak hurmatiga sazovordir.
– Allohga shukur, shu ulug' yoshlarga yetdik. Hayotimizda oson kunlar ham, qiyin, sinovli kunlar ham bo'ldi. Lekin hamisha sabr qildik va bir-birimizni hurmat qildik. Halol mehnatdan chekinmadik. Shuning uchun ham bugun hayotimizda baxt va quvonch, xotirjamlik mujassam bo'lib turibdi, – dedi Maxfirat aya biz bilan suhbatda.
“Uzoq umr ko'rishning siri nimada?” deb so'ragan savolimizga onaxon tabassum ila: “Uzoq umr ko'rishning siri, menimcha, ko'ngilni pok tutishda, mehnatdan qochmaslikda, rizqqa shukur qilishda va odamlarga doimo yaxshilik qilib yashashdadir”, deya javob berdilar.
– Bilasizmi, mening eng baxtli damlarim qaysi onlarda? Uyimizga farzandlarim, nabiralarim va shirindan-shakar chevaralarim jamuljam bo'lgan vaqtdadir. Ularning quvnoq ovozi, kulgisi butun xonadonimizni fayzga, nurga to'ldiradi. Ularga qarab, butun umrim behuda ketmaganini his qilaman. Men uchun eng katta davlat ham, eng katta boylik ham shu farzandlarimning mehri, nabira va chevaralarimning baxtidir.
Darhaqiqat, Maxfirat ayaning fayzli xonadonidan qaytar ekanmiz, ular bilan kechgan samimiy suhbatdan beixtiyor chuqur xulosalar chiqaramiz. Insonning qadri umrining qancha davom etgani bilan emas, balki uni qanday mazmun bilan yashagani, el-yurtga, oilasiga va farzandlariga qanday ezgu meros qoldirgani bilan o'lchanadi. Bugungi qahramonimiz kabi insonlar hayoti nafaqat bir oila, balki butun mahalla va jamiyat uchun ham ibrat maktabi bo'lib qolaveradi.
Fotima MANSUROVA.
