«Armiya menga imkoniyatlar eshigini ochdi»
Ba’zan inson biror manzilga yetib borish uchun avval boshqa yo‘ldan qaytishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zan esa amalga oshmagan bir orzu hayotdagi eng katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Ozodbekning hikoyasi ham ana shunday burilishlardan boshlandi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan oddiy askar Ozodbek Abdug‘afforovning hayot yo‘li kutilmagan burilishlarga boy bo‘ldi. Jizzax viloyati Zomin tumanidan kelgan bu yigit bir paytlar kelajagini xorijda, Germaniyada tasavvur qilgan edi. Bugun esa uning eng katta orzusi – Vataniga xizmat qilish, harbiy sohada o‘z o‘rnini topish.
Dastlab u kasb-hunar maktabini tamomlagach, moliya yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qildi. Biroq imtihonlarda o‘zi ko‘zlagan natijasiga erisha olmadi. Shundan so‘ng uning nigohi xorijga qaratildi. Germaniyada o‘qish, ishlash, yangi hayot boshlash uning yangi orzusiga aylandi. Shu maqsadda bir yarim yil davomida nemis tilini o‘rgandi. Ammo bu gal ham test sinovlari uni ayab o‘tirmadi. Til sertifikati testidan yetarli natijaga erisha olmagach, rejalari barbod bo‘lgandek tuyulgan bo‘lsada, hayotdagi har bir voqeada bir xayr borligiga ishondi. Bugun esa ortga qarab, o‘sha amalga oshmagan rejaning ortida boshqa bir imkoniyatlar uni kutib turganini anglaydi. Bu imkoniyat – harbiy xizmat edi.
Dastlab Ozodbek harbiy xizmatni kelajak kasbi sifatida tasavvur qilmagani bois, xizmatni tugatib yana Germaniyaga ketish uchun harakat qilish niyatida edi. Hozirda esa “Bitta askar – bitta kasb” loyihasi doirasida buxgalteriya yo‘nalishida tahsil olmoqda. Kelajakda o‘zi bugun xizmat qilayotgan Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida kursant bo‘lishni orzu qilgan. Harbiy sohani mukammal egallab, o‘z faoliyatini rivojlantirish va istiqbolda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lish uning ulkan maqsadlaridan biri… axir aytishadiku, general bo‘lishni orzu qilmagan askar askar emas…
SOG‘INCH XATGA BITILGAN MEHR
Ozodbekning hikoyasidagi eng katta o‘zgarish faqat uning kelajakdagi kasbiy rejasida emas. Bu, avvalo, uning o‘zida yuz bergan o‘zgarishda.
Kecha tortinchoq yigit, bugun esa o‘ziga ishongan askar. Xizmatning ilk kunlarida Ozodbek ancha tortinchoq, o‘z dunyosiga berilgan va yopiq xarakterli inson edi. Hatto qasamyod qabul qilish marosimida barchaning oldiga chiqib qasamyod qilish ham u uchun oson kechmagan. Odamlarning nigohi ostida turish, o‘z his-tuyg‘ularini namoyon qilish, fikrini ochiq ifodalash unga juda qiyin edi.
Ammo harbiy jamoa, kundalik tartibintizom, mas’uliyat va turli vaziyatlar uni asta-sekin o‘zgartira boshladi. Bugun esa xizmatga kelgan ilk kunlaridagi Ozodbek bilan hozirgi Ozodbek o‘rtasida katta farq bor. U odamlar bilan erkinroq muloqot qiladi, o‘z fi krini aniqroq ifodalaydi. Eng muhimi, ruhiy jihatdan ham ancha chiniqqan. Qiyinchiliklardan qochish emas, ularni yengib o‘tish kerakligini anglab yetgan.
Shu ma’noda harbiy xizmat uning uchun shunchaki burchni ado etish davri emas, balki o‘zini qayta kashf etish maktabiga aylandi.
Suhbatimiz davomida Ozodbek yaqinlarini sog‘ingani haqida gapirar ekan, ko‘zlarida biroz ma’yuslik sezildi. Birzum sukut saqlab, buvisi va onasini sog‘inganini aytarkan:
– Buvimni, onamni juda ko‘p sog‘inaman. Ayniqsa, buvimning: “Bolam, Vatanimiz ravnaqiga hissasi tegadigan farzand bo‘lgin, qayda bo‘lsang ham sog‘-omon yurgin”, degan so‘zlari qulog‘im ostida. Bu men uchun shunchaki oddiy so‘zlar emas. Ular men uchun motivatsiya, men uchun ishonch, – deydi Ozodbek.
Harbiy xizmat unga yaqinlarining qadrini yanada chuqurroq his qilishni ham o‘rgatdi. Universitet tarixidan so‘z ochgan mo‘jazgina muzey ekspozitsiyasida saqlanayotgan askar maktublarini ko‘zdan kechira turib, uning nigohi bir maktubga qadaldi. U urush yillarida askarning o‘z onasiga bitilgan maktubi edi. Shu lahzada Ozodbek ham onasiga yozgan ilk dilnomasi haqida so‘zlab berdi.
– Onamga umrimda birinchi marta xat yozdim. Unda ularni sog‘inganimni, yaxshi ko‘rishimni, bu yerda hammasi yaxshi ekanini yozdim. Oldin bunday hislarimni xat orqali ifodalab ko‘rmagan ekanman. O‘sha xatni yozayotganimda volidamni qanchalik sog‘inganimni yanada chuqurroq his qildim.
MUTOLAADAN XULOSA
Harbiy xizmat Ozodbekka nafaqat jismoniy chiniqish va intizomni, balki mutolaaning qadrini ham o‘rgatdi. Xizmatga kelganidan buyon u 15 dan ortiq kitobni o‘qib tugatdi. Har bir asar uning dunyoqarashida turlicha iz qoldirdi. Ular orasida “Yashamoq” asari alohida o‘rin egalladi.
– “Yashamoq” asari mutolaasida voqealar ichida haqiqatda yashagandek bo‘ldim. Ba’zi kitoblar ko‘z bilan o‘qiladi, ba’zi kitoblar esa qalb bilan. Men “Yashamoq”ni qalbdan his qilib o‘qidim. Asar menga hayotning qadrini, oilaning qanchalik muhimligini, inson bor narsasini qadrlab yashashi kerakligini yana bir bor his qildirdi, – deydi Ozodbek.
Darhaqiqat, ayrim kitoblar inson xotirasida qoladi, ayrimlari esa qalbida.
Ozodbek uchun mutolaa ham xizmatning o‘tgan olti oylik yo‘lida o‘zini anglash, hayot va yaqinlarining qadrini yanada chuqurroq his qilish vositasiga aylandi. Bugun uning qo‘lida qurol bilan birga kitob ham bor.
Bir paytlar Germaniyada yashashni, o‘qish va yangi hayot boshlashni orzu qilgan yigit bugun Vatanga xizmat qilishni o‘zining asosiy maqsadiga aylantirdi. Xizmatdan so‘ng nemis tili bo‘yicha sertifi kat olish, o‘qishini davom ettirish va bilimlarini oshirish ham uning rejalaridan. Ammo endi bu rejalar uning hayotidagi asosiy yo‘nalishni o‘zgartirmaydi. Chunki Ozodbek o‘z yo‘lini topdi. Chunki u uchun xizmatning qolgan olti oyi shunchaki vaqt emas, balki kelajakdagi katta maqsadlariga tayyorgarlik davri.
KATTA YO‘LGA DADIL QADAMLAR
Kecha odamlar oldida qasamyod qabul qilishdan tortingan, o‘z dunyosiga berkingan oddiy askar bugun katta maqsadlar haqida dadil gapirmoqda. Qalbida esa hamon bir ovoz bor:
“Bolam, Vatanimiz ravnaqiga hissasi tegadigan farzand bo‘lgin, qayda bo‘lsang ham sog‘-omon yurgin…”
Bu so‘zlar endi uning uchun shunchaki sog‘inch ifodasi emas. Ular Ozodbekning oldinga intilishiga kuch beradigan, har bir qadamida unga hamroh bo‘ladigan ishonchdir.
Chunki ba’zan hayot bizni o‘zimiz kutgan yo‘ldan emas, aynan biz uchun kerak bo‘lgan yo‘ldan olib boradi.
Ozodbek uchun harbiy xizmat ana shunday yo‘l bo‘ldi – uni nafaqat askar sifatida, balki inson sifatida ham chiniqtirgan, qalbidagi ishonchni mustahkamlagan va kelajakka bo‘lgan qarashlarini butunlay yangilagan yo‘l.
Dilnura YO‘LDOSHEVA,
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti
Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi
