Mutolaa, ilm — baxt kaliti
“Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxonasida Oliy Majlis huzuridagi Parlament komissiyasi qarori bilan Toshkent shahar “Sog'lom ona va bola” ayollar va yoshlarni qo'llab-quvvatlash markazi nodavlat notijorat tashkilotiga berilgan “Mutolaa, ilm — baxt kaliti” nomli davlat grantining yakuniy tadbiri bo'lib o'tdi.
Mamlakatimiz Prezidentining: “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o'zining intellektual salohiyati, yuksak ma'naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti — kitob va kutubxonalarda”, degan so'zlarida ulug'vor haqiqat mavjud. Davlat granti yordamida Uchtepa tuman axborot-kutubxonasiga 40 ta stellaj va 6 ta kompyuter olib berildi.
Loyiha doirasida O'zDJTUning xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari o'rtasida yashil iqtisodiyotga bag'ishlangan videolavhalar tanlovi ham o'tkazilib, g'oliblar taqdirlandi. Buning uchun talabalarning iqtidorini yuksaltirishga munosib hissa qo'shib, ularni qimmatbaho kitoblar bilan taqdirlagan fakultet dekani Alisher Matyakubovga o'z minnatdorligimizni bildiramiz.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali “yashil” iqtisodiyotga bag'ishlangan onlayn savol-javob tarzida tanlov ham uyushtirildi, faol qatnashganlar rag'batlantirildi.
Tadbirda “Gulxan”, “G'uncha” jurnallari hamda “Tong yulduzi” gazetasi vakillari ham qatnashib, o'z gazeta va jurnallarini davradoshlarga va tanlov g'oliblariga hadya etishdi.
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondining Toshkent shahar bo'linmasi, O'zDJTUning xalqaro jurnalistika fakulteti hamda Toshkent shahar “Bilim” axborot- kutubxonasi bilan hamkorlikda o'tgan tadbir hamkorlar hamda ishtirokchilar o'rtasida faol fuqarolik yondashuvini mustahkamlashga xizmat qildi.
Ra'no ZARIPOVA,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist,
NNT rahbari.
