SHE’RIYAT VA QALB TARBIYASI
taniqli shoir aziz said bilan suhbat
– Aziz aka, qalb mudom she’riyatga ehtiyoj sezadi, buning sababi nima deb o‘ylaysiz?
– Men she’riyatni insonning o‘z-o‘zi bilan, odamlar bilan, tabiat bilan, Xudo bilan ruhoniy suhbati deb bilaman. Bu suhbatga ehtiyoj qachon tug‘iladi? Ishonchim komilki, odamzod dunyoga kelganda bu olamning pok tasviri qalbiga muhrlangan bo‘ladi – ota-ona, Vatan, do‘stdan tortib Yaratuvchigacha, mehr, muhabbat, adolat va hurlikdan tortib e’tiqodgacha. U ro‘baro‘ kelgan hayot ana shu pok – ideal tasavvurday go‘zal bo‘lsa, zavqlanadi, unga mos kelmasa iztirob chekadi.
Misol uchun, istibdod davridagi mustabid tuzumning millatimizga va Vatanimizga qilayotgan zulmiga she’riyat orqali isyon qilinar, iztirobdagi ruh she’riyatdan taskin topar edi. Esimda, saksoninchi yillar yoshlarining davralarida A.Oripovning “O‘zbekiston”, E.Vohidovning “O‘zbegim”, R.Parfining Vatan qismati haqidagi she’rlari alam bilan, faxr bilan o‘qilar, Cho‘lponning:
Ey! Sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan,
Ey! Bo‘ynimg‘a kishan solib, halokatka sudragan,
Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmag‘il, bas endi!
kabi misralari, bo‘g‘izlarga tiqilgan yig‘i bilan, alam bilan takrorlanardi. Bu – qalbning ehtiyoji edi. Ammo so‘z ham ta’qiqda bo‘lib, faqat tashbehli, majoziy-simvolik she’riyatning maydonidagina erkinlik bor edi, chunki uni fikr posbonlari to‘la anglamas, anglagan taqdirda ham majozlar va shakllar shoirni himoya qilardi. Ishoralar, kinoyalar, tashbehlar san’at darajasiga ko‘tarilgan edi.
Gap she’riyatga ehtiyoj haqida ekan, o‘n yilcha oldingi yana bir voqyeani ham eslamasam bo‘lmas. Oliy o‘quv yurtlarining birida Halima Xudoyberdiyeva bilan uchrashuv bo‘lyapti. Navbat savol-javoblarga kelganda bir ayol o‘rnidan turdi. Uning ko‘zlari juda mungli edi. Ayol qo‘lidagi kitobni ko‘rsatib: “Sizni eshitib qishloqdan keldim, mana shu kitobdagi she’rlar meni o‘n yetti yildan buyon o‘limdan asrab keladi. Ko‘nglim bo‘lmagan odamga turmushga berishgan. Oilaviy hayotim do‘zaxning o‘zi. O‘zimni o‘ldirishga har kun qasd qilaman, so‘ngra siz bilan oxirgi marta gaplashish uchun she’rlaringizni o‘qiyman, sizdagi ulkan dardni va ulkan bardoshni ko‘rib yana hayotga qaytaman. Yuragim orom oladi, umidlarim qaytadan uyg‘onadi. Shuncha yildan buyon kitobingizni yostig‘im ostiga qo‘yib yotaman. Rahmat sizga”, dedi.
Bugungi she’riyatimizning iste’dodli vakillaridan biri Rahimjon Rahmat esa shunday yozadi: “Men bir paytlar o‘ta og‘ir ayriliq alamidan telbalardek baqirib she’r o‘qish yordamida xalos bo‘lganman. O‘sha paytlar kun va tunimning asosiy qismini ba’zan o‘kirib, ba’zan ingranib she’r o‘qish bilan o‘tkazardim. O‘shanda «Layli va Majnun» va «Demon» dostonlarini o‘qirdim. Faqat shu ikkala dostonda aks etgan fojia, dard mening qalbimdagi musibatga mos kelardi”.
Tomchida olam aks etganday, ana shu misollarning o‘zidanoq haqiqiy, yuksak she’riyatning qudratini ko‘rish, inson qalbi mudom she’rga talpinishining sabablarini mushohada qilish mumkin. Faqat bugina emas, she’r dunyo dag‘alligidan ozurda yurakka tiriklik nafasini ufuradi, ko‘ngilni yumshatadi, mehrga, ezgulikka moyil qiladi, o‘z botiniga nigoh tashlashga undaydi, bir so‘z bilan aytganda qalbni tarbiyalaydi.
– Buning uchun hammaning qalbida she’riyatga muhabbat uyg‘ota olish kerak, shunday emasmi?
– Bu o‘ta murakkab ish bo‘lsa ham shu yo‘ldan borish kerak. Ota-bobolarimizning ta’lim usulida ham, tarbiya usulida ham asosiy vosita she’riyat bo‘lgan. Pandnomayu jangnomalar, sayohatnomayu zarbulmasallar, topishmog‘u tezaytishlar she’riy yo‘lda bo‘lganini, hatto namoz odoblari she’r shaklida yod oldirilganini eslash kifoya. Chunki she’rda ohang bor, musiqa bor va avval qalbga so‘zning ohangi, musiqasi kirib boradi, so‘ngra aqlu fahm ko‘magida xotiraga muhrlaydi. Natijada so‘z mag‘zida neki bo‘lsa, qalb o‘sha bilan tarbiyat topadi. Yoki ertaklarning boshlanishini oling: “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan” – bu she’r emasmi, musiqa emasmi! Ma’nosi-chi, adabiyotning qaysi oqimi, falsafaning qaysi kategoriyasi bilan uzil-kesil izohlab bo‘ladi?! Nima u – bir boru bir yo‘q? Bolalarcha oddiy savoldan o‘y, fikrlash, mushohada, tafakkur, tasavvur boshlanadi.
Oddiy qilib aytganda, she’rni o‘qib ta’sirlana olishdan iborat she’rxonlik deb atalmish ushbu qobiliyatni tarbiyalashni yoshlikdan boshlasa, deyarli hammada she’riyatga muhabbat darajasida shakllantirish mumkin. Bora-bora bu qalb uchun ehtiyojga aylanishi shubhasiz.
– Siz aytganday qalb tarbiyasi bugun dolzarb masala bo‘lib turibdi. Chunki she’r o‘qiydigan, undan bahra oladigan odamlar hozir juda kam…
– Qalb tarbiyasi degan masala bugun ko‘ndalang bo‘layotgani yo‘q. Odamzod ijod qila boshlaganidan buyon adabiyot, san’at, musiqa ana shu maqsadga xizmat qilyapti. “Avesto” va “Ramayana”, “Qobusnoma” va “Kalila va Dimna”dan tortib “Go‘ro‘g‘li”yu “Alpomish”gacha, Sharqu G‘arbning antik adabiyotidan bugungi adabiyotgacha qalb tarbiyasi, ruhning erkinligi va ozodligi, muqaddas tuyg‘ularning umrboqiyligi garovi bo‘lib kelgan.
To‘g‘ri, kecha va bugun o‘rtasida katta tafovut bor. Kecha deganim qadim adabiyot davridan XX asrning oxirlarigacha, bugun deganim so‘nggi yigirma besh yilni nazarda tutyapman. Kecha qalb sokin edi, tolib edi, diqqatga moyil edi. U she’r, doston, roman, musiqa, rasm shaklidagi mehmonlarni alohida-alohida qabul qilar, mushohadaga, hayratga, hayajonga kenglik va fursat bor edi, mehmonlar esa qalb uyidagi dunyoviy va nafsoniy g‘uborlarni o‘z nurlari hamda ezgu epkinlari bilan poklar edi.
So‘nggi ikki yuz yillik sivilizatsiya bu qalb muvozanatini buzishga urinib ko‘rdi. Zavod-fabrikalar, telefon, samolyot va poyezdlarning kashf etilishi hayot maromini birozgina tezlashtirdi. Ammo qalbga, ruhiyatga murojaat qiluvchi vositalar – adabiyot, musiqa, rasm o‘z o‘rnini boshqasiga bo‘shatib bermadi. Ayniqsa, mutolaa ruh tarbiyasining asosiy vositaligicha qoldi, ya’ni hayotiy va hissiy ma’lumotlar shu darvozadan kirib kelardi.
XX asr oxiriga kelib fantastik asarlardagi xayollarni ham ortda qoldirib ketadigan shunday texnik ixtirolar qilindiki, ular insoniyatning o‘z-o‘zi bilan va dunyo bilan muloqotidagi maromni, muvozanatni buzib yubordi. Avval sputnik televideniyesi, so‘ngra internet, mobil aloqa vositalarining imkoniyatlari va ulardagi ma’lumotlar tezligi qalb tarbiyasi borasidagi ustozlikni mutolaadan tortib oldi. Va insonning tin olishiga, tafakkur qilishiga, o‘z qalbida kechayotgan hissiyotlarni mushohada qilishiga o‘rin ham, fursat ham qoldirmaydigan shiddatli hayot maromini yaratdi. Boz ustiga bu shiddatli quyun qalb va ruhiyatning asrlar davomida shakllangan – ezgulik, rahmdillik, mehru vafo, go‘zallikka oshuftalik, halollik, sadoqat, hayo va odob kabi boyliklarini odamzod qonida muhrlangan ko‘zaga solib tashlangan jin kabi oqib yuradigan jaholat, shafqatsizlik, berahmlik, ochko‘zlik va xudbinlik kabi illatlar lashkariga talon qildirmoqda.
Zohiran odamzod taraqqiyotning minglab yillarini so‘nggi chorak asr fursatda bosib o‘tgandek, ammo botiniga nazar tashlasangiz inson o‘sha-o‘sha – miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda yaratilgan “Iliada”dagidek, o‘rta asrlarda yozilgan “Farhod va Shirin” va “Gamlet”dagidek, XX asrda yozilgan “Qiyomat” yoki “Hakim va Ajal”dagidek qalbi Axuramazda va Axriman o‘rtasida talosh holda turibdi. Bu kurashda adabiyot, uning ustunlaridan biri bo‘lmish she’riyatgina Axuramazda vazifasini o‘tashi, qalbni qattiqlashuvdan, ezgu tuyg‘ulardan mosuvo bo‘lmaslikdan asrab qolishi mumkin.
– Xo‘sh, qanday qilib? Axir Siz aytayotgan hayot shiddati mutolaaga kam o‘rin qoldirayotgan bo‘lsa?..
– Globallashuv atalmish bu shiddatning ba’zi iqtisodiy-madaniy aloqalarning tezkorligiga xizmat qilishdek afzalligi bo‘lishi bilan birga, yuqorida aytganimday insonning nafaqat ichki olamini, balki maqsadlarini, hatto jamiyatni o‘zgartirib yuborishga ega qudratini his qilib turibmiz. Shuning uchun ham kino, moda, estrada kliplari, multfilmlar, ko‘ngilochar shoular, kompyuter o‘yinlari libosiga o‘ralgan “Ommaviy madaniyat” “jonbozligi”dan tashqari, mobil telefon bilan “nafas olish” va internet “ichida yashash” tarzining ommalashib borayotganiga butun dunyo “davo” topish bilan mashg‘ul.
Go‘yo XXI asr boshiga kelib, yashab turgan olamimizga parallel yana bir olam – chegarasi yo‘q, qonun qoidasi yo‘q, fuqaroligi yo‘q mobil va virtual olam paydo bo‘lganday. Endi shoirning “Chekka bir qishloqning chekka uyida” satrini “Global qishloqning global uyida” deb bemalol o‘zgartirsa ham bo‘ladi.
Bu muammo o‘z xalqining ma’naviyati uchun qayg‘urayotgan juda ko‘p davlatlar oldida ko‘ndalang turibdi. Jumladan, bizning ham. Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida qalb tarbiyasi borasidagi butun muammolar, xususan, globalizmning salbiy bo‘hronlariga qarshi turishga poydevor bo‘ladigan ma’naviy merosimiz, axloqiy qadriyatlarimiz atroflicha tahlil qilingani va yechimlar ko‘rsatib berilgani, ayniqsa, inson ma’naviy olamini, qalbini butun saqlaydigan vositalardan biri adabiyot ekani alohida ta’kidlangani ham bejiz emas. Bizning adabiyot va qalb tarbiyasi borasidagi mulohazalarimizga yana shunday javob ham olamiz: “Agar biz O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorug‘ kelajagini ulug‘lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo‘lsak, avvalambor buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak. Nega deganda, ulug‘ adib CHo‘lpon aytganidek, adabiyot yashasa – millat yashaydi”.
Endi, bu vazifani bajaruvchilar kimlar – ota-onami, o‘qituvchilarmi, oliy o‘quv dargohimi, katta shoiru yozuvchilarmi degan savollarga javob va amaliy harakatlar talab qilinadi. Zero “tarbiyalashimiz kerak” deb ham bejiz aytilmayapti. Bu adabiyotga fidoyilikni, qalbi pok, bilimdon ustozlarning sabotli mehnatini, yosh iste’dodlarni bolaligidanoq saralab yig‘ishni, qolaversa, keragicha maxsus maktablar, litseylar, oliy o‘quv yurtlari ochishni, ularda adabiyotning har bir janri bo‘yicha yo‘nalishlar, fakultetlar ochish zarur. Ijodkorni tarbiyalash albatta mashaqqatli ish, ammo ertaga shunday hosil beradiki, buning misolini poytaxt va viloyatlardagi maxsus maktablarimizda, akademiyalarimizda tarbiya topayotgan va jahonni lol qoldirayotgan musiqachi, gimnastikachi, shaxmatchi va futbolchi yoshlarimiz timsolida ko‘rish mumkin.
Ertaning buyuk ijodkorlarini tarbiyalash masalasida hozir ham katta imkoniyatlar eshigi ochiq. Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator qarorlarning qabul qilinishi, har yilgi davlat Dasturlarida yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga mo‘ljallangan tadbirlar uchun mablag‘larning yo‘naltirilishi, har yili o‘ndan ortiq yosh ijodkorlarning kitoblari bepul chop etilishi, viloyat va tumanlarda “Yoshlar ijod saroylari”ning barpo bo‘lishi, “Yurt kelajagi”, “Zulfiya mukofoti” ko‘rik-tanlovlarida adabiyot yo‘nalishiga alohida e’tibor qilinishi ozmuncha harakat emas.
Bularga qo‘shimcha ravishda viloyat va tuman gazetalari qoshidagi, kollej, litsey, maktablardagi adabiy to‘garaklarni va nihoyat, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan muntazam o‘tkaziladigan yosh ijodkorlar seminarlarini ham alohida e’tirof etish lozim. Ana shu dargohlarda eng fidoyi shoir va yozuvchilarimiz hech bir shov-shuvsiz, ta’masiz, yoshlarning qalb tarbiyasi bilan mashg‘ul ekanlarini ko‘rishimiz mumkin.
Ammo bu sa’y-harakatlar Xudo qay bir darajada iste’dod bergan yosh ijodkorlar bilan olib borilyapti. Natijalardan, ya’nikim, ularning intilishlari va ilk mashqlaridan mamnunmiz ham. Ammo tanlov bu – bor narsani saralash, to‘garak va seminar mashg‘ulotlari esa ilk mashqlarni muhokama qilish, adabiyotning boshlang‘ich qonun-qoidalari haqida ma’lumot berish imkonigagina ega ekanini hisobga olsak, yuqorida belgilangan vazifani bajarish uchun ta’lim tizimlarining ham jiddiy munosabatiga, jiddiy o‘zgarishlar qilishiga ehtiyoj sezamiz. Bu boradagi shaxsiy mulohazalarimni aytib o‘tay: menimcha birinchi navbatda maktab, litsey va kollejlarda adabiyot darslari sonini ko‘paytirish lozim; ikkinchidan, yoshlarda badiiy adabiyot o‘qishga ehtiyoj paydo bo‘lishi uchun oliy o‘quv yurtlarining yo‘nalishidan qat’i nazar barchasida testdan oldin insho imtihonini qo‘yish kerak, garchi testlardagi savollar sonini kamaytirish hisobiga bo‘lsa ham. Kimdir ayrim yo‘nalishlarda testdan oldin ijodiy tanlovlar bor-ku, deyishi mumkin, ammo mutaxassislik tanlovlari boshqa masala, insho imtihoni boshqa masala, deb o‘ylayman. Insho yoza olish yoshlarning o‘qishga kirish-kirmasligini, ya’ni kelajagini belgilasa, u insho yozishni o‘rganishga majbur bo‘ladi, bu degani kitob o‘qiydi, mantiqiy fikrlashni, jumla tuzishni, badiiy asarni mustaqil tahlil qila olishni o‘rganadi, degani. Eng asosiysi, adabiyotdagi ezgu g‘oyalar, his-tuyg‘ular qalbiga yuqadi. Ularning ichidan ertaning buyuk shoirlari va yozuvchilari yetishib chiqishi ham shubhasiz.
– Bunday natijaga badiiy adabiyotni o‘qish va insho yozishga majbur qilib erishib bo‘larmikan?
– Qadim-qadimdan ta’lim-tarbiya majburiy bo‘lgan va bu o‘zini hozirga qadar oqlab kelyapti. Odamzod bilim va tafakkurining mahsulini, yuragi va ruhiyatining tarixini keyingi avlodga qoldiradigan boshqa yo‘l topolgani yo‘q. Masalan, bizda ikki bosqichli, o‘n ikki yillik ta’lim majburiy. Natijami, marhamat – biz savodxonlik bo‘yicha dunyodagi juda ko‘p mamlakatlardan, hatto AQSHdan ham oldinda turamiz. O‘quvchi yoshlarimiz kimyo, matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda oltin medallarni olib kelishayotgani ham majburiy ta’limning qonun bilan yo‘lga qo‘yilgani tufayli, deb o‘ylayman.
Endi XII asrlarga doir bir qiziq misolni ham aytay. O‘sha paytlarda G‘arb cherkovi klassik she’riyatni rad etgan, duoi bad qilgan, ammo foydasiz bo‘lgan. Xalq o‘zining marosim va muhabbat qo‘shiqlarini kuylayvergan, ularni soddalik bilan cherkovga ham olib kelgan. Cherkov esa ularni xudodan qaytish va gunohlarga chorlash deb qoralagan. Lekin xuddi ana shu cherkovning o‘zi odamlarga majburan lotin yozuvini o‘rgatgan, ba’zi bezarar deb bilgan klassik shoirlarning she’rlarini, ulardagi go‘zallik va timsollarning ma’nolaridan ta’lim bergan. Qarabsizki, qiziqish uyg‘otildi, she’rlar endi yashirincha ham o‘qilgan, natijada cherkov aqidalariga begona obrazlar ta’sirida xalq ruhiyati va dunyoqarashi shakllana boshlagan. Taqlid qilib ijod qilish ham boshlangan, buning uchun tilni o‘rganish, poetik lug‘atlarni bilish, uslublarni o‘zlashtirishga to‘g‘ri kelgan. Diniy maktablarda o‘z fikrlarini ifodalay olish uchun insho yozish ham rasm bo‘lgan. Bu avval majburiy mehnat bo‘lsa, keyinchalik ijodga aylangan. Avval taqlid, so‘ngra shaxsiy va poetik ifoda etish malakasi shakllangan. Ritsarlik davri shoirlari va lirikasi xalqning o‘tmish merosi va madaniyatidan oziqlanib yangicha ifodalar bilan maydonga chiqqan. Bu esa xalq she’riyatining yuksalishiga sabab bo‘lgan. XIX asr rus adabiyotshunosi A.N.Veselovskiyning “Tarixiy poetika” kitobida keltirgan majburiy ta’limning ushbu natijasi savolingizga bir qadar javob bo‘lsa ham, o‘zim guvoh bo‘lgan yana bir voqyeani eshiting.
O‘qishga kirishga borganimda yotoqxonada harbiy dengiz flotida xizmat qilib yaqindagina qaytgan, huquqshunoslik fakultetiga hujjat topshirgan vodiylik bir yigit bilan xonadosh bo‘lib qoldik. Ularda ham, bizda ham birinchi imtihon – insho. Abituriyentlarning og‘zida “asosan inshodan “to‘kib” tashlar emish” degan vahima. Oldinda ikki oy fursat bor. Hamxonam: “Uch-to‘rt yil bo‘ldi, qo‘limga kitob olmaganman, inshoni-ku umuman yozolmayman, shpargalka olib kiraman, yozganlaringizni ko‘chirishga berib turarsiz?” dedi. Xullas, men maktab davrida, undan keyin yozgan yuzdan ortiq insholar jamlangan daftarlarimni berdim, u ko‘chiraverdi. Ko‘chirganda ham toza varoqlarni ikki barmoq enligida qirqib bir-biriga yelimlab, uzun tasma qilib, juda mayda harfda, hafsala bilan ko‘chirar edi. So‘ngra filolog abituriyentlardan ham yuztacha insho yig‘ib kelib ularni ham qog‘oz tasmalariga muhrladi. Ko‘chirayotib asarlarning mazmunini mendan gapirib berishni so‘rar, insholarni qayta o‘qir, ba’zan qiziqib ketib insho mavzusiga taalluqli kitoblarni ham o‘qib chiqardi. U o‘qishga kirish uchun insho yozishga majbur edi. Imtihon kuni barcha insho tasmalarni alohida-alohida o‘ram qilib, o‘zining harbiycha tilida “pulya” yasab matroslar kiyimining yashirish mumkin bo‘lgan hamma puchmoqlariga joylashtirdi. Va ikki yuzdan ortiq inshoning nomini va kiyimining qayeridaligini yodlab chiqdi. Buni qarangki, u shuncha vaqt mobaynida bor xattotlik san’atini ishga solib ko‘chirgan, qayta-qayta o‘qigan insholarining bittasi ham imtihonda tushmabdi. Ammo u shartta erkin mavzuni tanlab besh-olti betlik insho yozib chiqibdi. Yotoqqa kelgach, uning qanday baho olishi mumkinligini bilish uchun o‘sha inshoni takroran yozib ko‘rsatishini so‘radik. U birorta qog‘ozga qaramasdan inshosini bitirdi. To‘g‘risini aytsam, inshosidagi rejadan tortib, jumla tuzishlari, fikrini ravon ifodalashi, hayotiy va adabiy misollarni chog‘ishtirishi, she’rlardan o‘rinli ko‘chirmalar keltirishi, o‘ziga xos xulosalaridan hayron qoldik. Bu so‘zma-so‘z yodlab olingan yoki “qolip”dagi tayyor insho emas edi. Beixtiyor “siz filologiyaga kirsangiz bo‘lar ekan”, deb yubordik. Hamxonam insho yozish ehtiyoji va majburiyati tufayli ko‘z o‘ngimizda butunlay boshqa odamga aylangan edi.
– Ijodkorlik ko‘p kitob o‘qishga bog‘liq emas, asar ilhom kelsa yoziladi, degan qarashlar ham bor.
– Ijod jarayonining nimalarga bog‘liqligi, u qanday hodisa ekani haqida qator-qator falsafiy, ilmiy-psixologik va adabiy asarlar yaratilgan. Hatto uni kosmik aloqayu o‘zga sayyoraliklar bilan bog‘lovchilar ham bor. Hamma dono fikrlar, ilmu farazlarni bir chetga qo‘yib, oddiy mulohaza qilib ko‘raylik – Navoiy ko‘p kitob o‘qimay faqat ilhom kelganda she’ru doston yozganmi yoki Tolstoy kitob-pitobga qarab o‘tirmay ilhom kelishi bilan “Urush va tinchlik”ni yozib ketaverganmi?! Muxtasar aytganda poydevorsiz imorat qurib bo‘ladimi?! Adabiyot olamida nomi tilga olinadigan jamiki shoiru yozuvchining tarjimai holiga nazar tashlaylikchi, kam o‘qigani bormikan?! Ijodkor eng kamida dunyo adabiyotining shoh asarlarini o‘qigan, o‘z millati adabiyotining tarixi, buguni va nazariyasi haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi lozim. Arastuning “Poetika”si sharhida Forobiy shoirlarni tug‘ma tabiatli, she’r bitishga tayyor tabiatli va shu ikki tabaqaning fe’llariga taqlid qiluvchilar toifasiga bo‘ladi. So‘ngra uchinchi toifa haqida shunday deydi: “Bu turdagilar… she’riy san’at qonun-qoidalaridan xabardor bo‘lmay turib, tashbih-o‘xshatish va tamsil kabilar ketidan boradilar. Yo‘ldan adashadigan va toyadigan shoirlarning ko‘pchiligi xuddi mana shu tabaqa shoirlar ichidan chiqadi”. Demak, bilim zaxirasi bo‘lmagan joyda – xuddi gulu gulzorsiz taqir maydonga bulbul kelmaganidek – ilhom ham yo‘q.
Ba’zan buyuk asarlarni ko‘p o‘qiganda ulardagi qudrat, joziba, so‘z san’ati ayrim ijodkorlarda o‘z kuchiga ishonchsizlik tug‘dirishi ham mumkin. Bu endi butunlay boshqa masala.
– Shoirlarning yoshlikda yozgan she’rlari bilan yoshi ulg‘ayganda yozgan she’rlari o‘rtasida farq bo‘ladi degan fikrga qanday qaraysiz?
– Albatta farq bo‘ladi. Yoshlik dunyoga eng pokiza qalb bilan, hayratlarga to‘la nigoh bilan qaraydigan davr. Yoshlikning yuragi yorug‘likdan quvonch, zulmatdan xavotir, beta’ma muhabbat, ezgulikka fidoyilik bilan tepib turadi. Shu bois ham bu davrda qog‘ozga tushgan tuyg‘ular tizginsiz, fikru mushohadalar ham samimiy bo‘ladi. Yoshlik g‘o‘rdir, soddadir, ammo uning ruhiyati shiddatkor, murosasiz, mag‘lubiyatni tan olmaydi, u olamga yo muhabbat, yo nafrat ko‘zi bilan qaraydi va hamisha umidga to‘la bo‘ladi. Bu she’rda ham aks etib turadi. Xohlagan yoshi katta ijodkor o‘zining o‘n yetti – yigirma besh yoshlari oralig‘ida yozgan she’rlarini o‘qib ko‘rsin – boshqa dunyoga kirib qolganday bo‘ladi. Albatta o‘tayotgan yillar so‘z san’atini, texnikasini mukammalashtiradi, so‘z boyligini oshiradi, faylasuflik baxsh etadi, yangi mavzu, yangi dardlar olib keladi. Ammo bularning barini siz bilan “xayrlashgan” o‘sha bokira hislarga almashmoqqa tayyor turasiz, xuddi Lutfiy yoshgina Navoiyning bir baytiga butun ijodini almashmoqchi bo‘lganiday. Ba’zilar Sa’diy Sheroziy va Gyoteni misol keltirib yoshning farqi yo‘q deyishadi. Ijod qilishda yoshning farqi bo‘lmasligi mumkin, ammo she’rning o‘zi qachon tug‘ilganini “aytib” turadi-da.
– O‘tgan asr she’riyati haqida gapirganda adabiyotshunoslar g‘oyaviy, ijtimoiy mavzular yetakchilik qilganini aytishadi, sizningcha hozir she’riyat qaysi yo‘nalishdan ketyapti?
– Suhbatimizning boshida aytganimday, sho‘ro davrida har bir so‘zning soyasi paypaslab ko‘rilardi. Bexavotirroq bo‘lish, o‘zini himoyalab qo‘yish istagi mavzularda ham ko‘rinardi albatta. SHo‘ro siyosatiga chin dildan ishonib bayroqdor bo‘lganlar ham bor edi, ochiqdan-ochiq qarshi borib kaltak yeganlar ham bor edi. Bu adabiyotdagi g‘oyaviylik maydonidagi ahvol. Ijtimoiy mavzu masalasiga kelsak, keyingi paytda urg‘u berilayotgan “she’riyatda o‘z ichki olamga qaytish” bilan ijtimoiy mavzu tushunchalari o‘rtasiga katta devor qo‘yish kerak emas. Masalan inson ozodligi, erki, Vatan mavzularini qalb hayqirig‘i yoki o‘z yuragidagi tebranishlarga quloq tutish deyish mumkinmi? Mumkin. Yoki onani sog‘inish yoki muhabbat aldovlaridan ruhning ozurdaligi chizib berilgan she’r boshqalarning ham yuragidagi iztirob va azoblarga, armonlarga hamohang bo‘ladi, bu ijtimoiy mavzu, deyish mumkinmi!? Menimcha mumkin. A.Oripovning birgina “Bahor” yoki “O‘ylarim” she’rlarini mavzu doirasidagi qaysi toifaga kiritamiz?! Shu bois o‘tgan asr she’riyati mavzulari tahlilida qat’iy hukmlardan tiyilgan ma’qul.
So‘nggi chorak asrdagi she’riyatning yo‘nalishiga kelsak, menimcha, jiddiy o‘zgarish yuz bergani yo‘q, faqat she’rxonlar soni va ularning she’r haqidagi tushunchalari, tasavvurlari o‘zgardi. Bir davr bo‘ldiki, sho‘ro vaqtida ichda to‘planib qolgan alamlar, milliy dardu muammolar san’at-pan’at qilib o‘tirmasdan ochiq oydin aytildi, shu orqali yurak bo‘shatib olindi. Bu haqiqiy she’riyat sifatida qabul qilindi, olqishlar bilan qabul qilindi. Chunki yetmish yildan buyon alamzada ko‘ngillar shunga muhtoj edi. So‘ngra diniy mavzu – hadislarni qofiyaga solish, yaratganga murojaat, nasihatomuz she’rlar yozish rasm bo‘ldi. Bu holatni tashna odamning yutoqib chanqog‘ini qondirishiga mengzash mumkin. Ilgari ta’qiqlangan darvoza mustaqillik tufayli ochilgani bois bu hol ham tabiiy edi. Keyin bir muddat jimlik hukm surdi. Yo‘q, bu shoirlar yozmadi yoki she’riy kitob chiqmadi degan ma’noda emas. “Jimlik” ichida qandaydir tayyorgarlik, sifat o‘zgarishi yuz berdi. So‘ngra she’r yana ruhning tili, qalbning manzaralari, timsollar va tashbehlar olamidan iborat “o‘zligiga” qayta boshladi. Ammo bu qayta parvoz ichida bir toifa shoirlarning she’rlari Navoiy bobomiz ta’biri bilan aytganda, “avvalgilarga o‘xshamas” – erinibgina, hafsalasizgina, shiddatsizgina, menam bor, deganday taassurot qoldirsa, ruhiy quvvati va shiddatini saqlagan yana bir toifa shoirlarning ovozi she’riy san’at mezonlarini yuksakligicha tutib turganlarini namoyish qilyapti. Shuningdek, o‘ziga xos ohanglari, kutilmagan tashbehu topilmalari bilan kirib kelayotgan bir guruh yoshlar ovozi, garchi ijodlari haqida xulosalar qilishga erta bo‘lsa-da, umid qanotlaringizga quvvat bag‘ishlaydi. Ushbu jarayonni har bir shoirga to‘xtalib batafsil tahlil qilish kerak, falon yo‘nalishdan ketyapti deb tashxis qo‘yib bo‘lmaydi. Bu orada kitob bosish, efir va ekran, yangi ochilgan yuzlab qo‘lbola gazet-jurnallar darvozalari lang ochilib, havaskor shoirlar va qo‘shiqchi shoirlar uloqni olib ketdi. Eng hayratlanarlisi, ular qisqa muddatda yangi she’rxonni ham tarbiyalab ulgurishdi. Radiodan taralgan yoxud klip qilingan qo‘shiq matni ular uchun she’riyat mezoni bo‘lib qoldi. Bilaman, qo‘shiq uchun she’r yozish qiyin ish, gap yengil-yelpi qo‘shiqlar haqida. Albatta bunday “she’r”larning ko‘pi o‘tkinchi, adabiyotda qoladigan asarlar boshqa. Lekin ular umumiy adabiy saviyani tushirib yuborayotgani ham bor gap, umumiy saviya qancha baland bo‘lsa, yaxshi shoirlar ham shuncha ko‘p yetishib chiqadi.
– Haqiqiy she’riyatni ham zamonaviy usullar bilan targ‘ib qilsa bo‘lmaydimi?
– Ya’ni, ommabop usullar bilan demoqchisiz. Ba’zi mamlakatlarda she’rlarni kompakt disklarga yozib tarqatish, klip qilish, “videoshe’riyat”, “tirik kutubxona”, “she’riy komikslar” singari turli ommabop usullarni qo‘llab ko‘rishmoqda. Masalan, bizda ham Navoiy asarlaridan parchalarni Afzal Rafiqovning musiqa jo‘rligida o‘qishi, kimning g‘oyasi bo‘lsa ham, yaxshi taassurot qoldirdi. Televideniyeda marhum shoirlar haqida tayyorlangan ko‘rsatuvlarning ham saviyasi yomon emas. Yana “Zakovat”, “Iqtidor” kabi intellektual teleo‘yinlarda she’riyat haqidagi savollarni ko‘paytirish, faqat she’riyatga bag‘ishlangan teleo‘yinlar tashkil qilish ham mumkindir. Bular yaxshi va kerakli, ammo yordamchi vositalar. Hali aytganim – zamonaviy qo‘shiqchilikning “she’riy tarbiyasi” bilan bahslasholmaydi.
– Internet-chi?
– Internetning adabiy, ijtimoiy saytlaridagi she’riyat, uning saviyasi, mualliflari – alohida suhbatning mavzusi. Shunday bo‘lsa ham aytib qo‘yay, internetni asosan kutubxona sifatida qadrlasam ham, u menga omonat olamday taassurot qoldiradi. Bir lahza elektr quvvati bo‘lmasa – tamom, bu adabiyot ham, bu olam ham yo‘q. Qolaversa, dahmazasi ham yetarli, internetga ulanadigan asbobu uning to‘lovi joyida bo‘lishi kerak, kompyuter yoningda bo‘lishi kerak yoki telefonlar unga ulanadigan darajada zamonaviysidan bo‘lishi kerak, buning ustiga ko‘zga beradigan charchoq, miyaga beradigan radiatsiyasiga chidashing kerak. Ana shulardan keyin ekranda lipillayotgan ellikta reklama-yu xabarga e’tibor bermay she’riyatdan zavq ham olishing kerak. Buni kitob va jurnaldagi she’r mutolaasi yoki ustozning jonli sabog‘i bilan taqqoslab ko‘ravering. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qalb tarbiyasi uchun ham, umumiy adabiy saviyaning o‘sishi uchun ham eng avvalo mutolaaga, she’r ta’limiga ehtiyoj uyg‘otish lozim deb o‘ylayman.
Adiba Umirova suhbatlashdi.