HUNARDAN ZAR UNAR
Yurtimizning boshqa hududlari qatori Namangan viloyatida ham tadbirkorlik, kasanachilik kabi sohalarga ustivor ahamiyat berilmoqda. Bu esa pirovardida yalpi hududiy mahsulotlar hajmining oshishida muhim omil bo‘layotir.
Xususan, Namangan viloyatini 2014 yilning to‘qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga doir hisobotdan ko‘rinishicha, o‘tgan davr mobaynida yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur’atlari 109,7 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari, iste’mol mollari ishlab chiqarish, qurilish va boshqa sohalardagi o‘sish ham 7-21 foizni tashkil etgan.
Albatta, bu raqamlar zamirida katta-kichik mehnat jamoalari, kichik va o‘rta biznes vakillari, xususiy tadbirkorlarning, qolaversa, kasanachilarning ham munosib hissasi bor. Ayniqsa, keyingi yillarda uy mehnati bilan shug‘ullanib iste’molchilarning turli buyumlarga ehtiyojini qondirayotgan, shu bilan bir paytda o‘z oilasi farovonligini yaxshila±tgan tadbirkor va omilkor shaxslarning ko‘payib borayotgani diqqatga sazovordir.
Shuni ham aytish kerakki, kasanachilik bilan shug‘ullanishni istaganlar, ayniqsa, uy bekasi hisoblanmish yosh xotin-qizlar juda ko‘p. Ularning ayrimlarida tegishli malaka yoki kasb-korning yo‘qligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Namangan viloyatida bir qator nodavlat notijorat tashkilotlari ana shu masala yechimi ustida ish olib borib, samarali natijalarga erishmoqda. Ular orasida “Hunarmand” uyushmasi viloyat bo‘limi faoliyatini ham tilga olish mumkin.
– Bozor iqtisodiyoti sharoitida yangi ish o‘rinlarini yaratish, oilalarning iqtisodiy imkoniyatlarini yaxshilash orqali fuqarolarni ish bilan ta’minlashning ahamiyati juda katta, – deydi uyushma viloyat bo‘limining rahbari Ikromjon Karimov. – O‘tgan yili Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grant tanlovida qatnashdik. Bundan maqsad, Namangan shahrida va Yangiqo‘rg‘on tumanida o‘n besh nafar yosh ayolga milliy qo‘g‘irchoqlar yasash, libos bichish va dizaynerlik hunarlarini o‘rgatish edi.
Shunisi quvonarliki, uyushma ishlab chiqqan loyiha grant tanlovida g‘oliblar qatoridan joy oldi va 14 million so‘mlik grantga sazovor bo‘ldi. Ana shu mablag‘ hisobidan zamonaviy tikuv dastgohlari, o‘quv qo‘llanmalari, boshqa jihoz va ashyolar xarid qilindi. Tajribali mutaxassislar Nozima Abdusamadova va Gulnora Qurbonova tashkil etgan mo‘’jaz o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasida o‘ttiz nafar yosh kasb sirlarini o‘zlashtira boshladilar. O‘quv kursi yakunlangach, o‘ziga xos taqdimot marosimi o‘tkazildi. Unda har bir bitiruvchi o‘zi tayyorlagan mahsulotlarni namoyish etdi. Ochig‘i, bejirim, zamonaviy usulda tikilgan milliy liboslar ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. O‘zbek xalq ertaklari personajlarini ifodalagan qo‘g‘irchoqlar esa ko‘rgazmadan so‘ng Namangan shahridagi 26-mehribonlik uyiga sovg‘a qilindi.
– Biz o‘z faoliyatimizni yo‘lga qo‘yishda bir qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilganimiz yaxshi samara berdi, – deydi Nozima Abdusamadova. – Ayniqsa, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Yangiqo‘rg‘on tuman kengashining bizga katta yordam ko‘rsatganidan juda xursand bo‘ldik. Dilafro‘z To‘xtasinova yetakchiligidagi faollar kursga tinglovchilarni jalb etishga ko‘maklashishdi. Partiya kengashining rejasida xotin-qizlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish maqsadi bo‘lib, birgalikda bu vazifani muvaffaqiyatli uddaladik.
Ayollar va yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish, ularni turli kasb va yumushlarga yo‘naltirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yuzasidan ibratli ishlarni amalga oshirayotgan NNTlardan yana biri To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Lola” o‘quv markazidir. Mazkur nodavlat notijorat tashkiloti ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi tashkil etgan tanlovda muvaffaqiyatli qatnashib, grantga sazovor bo‘lgan. Loyiha “To‘raqo‘rg‘on tumanining chekka hududlarida oila farovonligini ta’minlash maqsadida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni va yoshlarni hunarga o‘rgatish, kasbga yo‘naltirish, kasanachilikni rivojlantirish” deb nomlangandi.
«Lola» o‘quv markazi tomonidan tashkil etilgan kurslar va seminar-treninglar ko‘pchilikka ma’qul tushayotir. Binobarin, o‘tgan davr mobaynida 180 nafar yosh xotin-qiz pazandalik va chevarlik kasblari sirlarini egalladi. Biznes kurslarida berilgan saboq esa ularga o‘z ishlarini boshlashga ko‘mak berishi turgan gap. Axsi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Fotima Ahmedova ham “Lola”da tahsil olgandi. Endilikda u boshqa yoshlarga ham pazandalik sirlarini o‘rgatmoqda.
– Hozirgi paytda deyarli har kuni to‘y-tomosha, turli oilaviy bayramlar, tadbirlarning ustidan chiqasiz, – deydi u. – Ularda albatta, dasturxon bezatiladi. Xilma-xil pishiriqlar qo‘yiladi. Shuni nazarda tutsak, men kabi pazandalar mijozlar borasida qiynalmaydi. Bundan tashqari, turli savdo shoxobchalari, oshxona va kafelardan ham buyurtmalar tushib turadi. To‘g‘risi, bu kasbni egallaganimdan nihoyatda xursandman. Ayni kunlarda hunarimni o‘n nafarga yaqin yosh oila bekalariga o‘rgatayapman. Ular ham tez orada mohir pazanda bo‘lib yetishishlariga ishonchim komil.
E’tiborli jihati shundaki, bunday nodavlat notijorat tashkilotlari bugungi kunda viloyatning barcha tumanlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular bozor iqtisodiyoti sharoitida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, oilalar farovonligini ta’minlashga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shayotir.
A.SODIQOV