Oliy xo‘jalik sudi:MAQSAD, VAZIFA, NATIJA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining kengaytirilgan Rayosat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda xo‘jalik sudlarining 2014 yildagi faoliyati muhokama qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ­Islom Karimovning mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi hamda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati qo‘shma majlisidagi ma’ruzalaridan kelib chiqadigan vazifalar belgilab olindi. Yig‘ilishda quyi xo‘jalik sudlari sudyalari va xodimlari videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etishdi.

 Yurtimizda xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida sohaga to‘liq erkinlik berish, bu yo‘lda barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Xususiy mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda sud organlari rolini oshirish, davlat, huquqni muhofaza qilish, nazorat organlari mansabdor shaxslarining ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvi uchun javobgarligini kuchaytirish birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lishi lozim.

2014 yilda xo‘jalik sudlariga kelib tushgan 263 mingdan ortiq ariza va da’vo arizalari ko‘rib chiqilib, hal etilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, jumladan, fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid 27 mingga yaqin ish ko‘rilib, ular foydasiga 312,4 milliard so‘m mablag‘ undirish haqida qarorlar qabul qilingan. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida 86 mingdan ortiq xo‘jalik ishlari bevosita joylarda, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. Mahalliy hokimiyat, davlat boshqaruv va nazorat idoralarining tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan, qonunga zid holda chiqarilgan 326 ta hujjati haqiqiy emas, deb topilgan.

Faoliyatga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnolo­giyalari tobora izchil tatbiq etib borilmoqda. Oliy xo‘jalik sudining rasmiy veb-saytida da’vo ariza va iltimosnomalarni elektron shaklda qabul qilish hamda sud hujjatlari, boshqa xat-xabarlarni ishda ishtirok etuvchi shaxs­larga elektron yuborish tizimining joriy etilgani o‘z samarasini bermoqda. Xususan, hisobot davrida xo‘jalik sudlariga elektron shaklda yuborilgan murojaatlar soni avvalgi yilga nisbatan 20 baravarga ko‘payib, 37 mingdan oshib ketgan. Ayni paytda sud muhokamasi ishtirokchilariga 52 mingdan ortiq xabar va sud hujjatlari sudlar tomonidan elektron vositalari orqali yuborilgan.

Qayd etish kerakki, 2014 yil 1 sentyabrdan boshlab xo‘jalik sudlarida sud majlislarini bunday usulda o‘tkazish tizimi ishga tushdi. Cud majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilishi sudda ishtirok etuvchi shaxs­lar, jumladan, tadbirkorlik sub’yektlari vakillarining vaqtlari va mablag‘larini tejab, o‘z hududlaridan chiqmasdan turib, boshqa hududdagi sud majlislarida qatnashish imkonini bermoqda.

Yig‘ilishda kelgusida xususiy mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda xo‘jalik sudlarining mas’uliyati va ta’sirchanligini yanada oshirish, rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda faoliyatga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, qonun ijodkorligi ishlarida faol qatnashish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

Tadbirda,  xo‘jalik sudlarida olib borilayotgan sud-huquq islohotlarini OAVda keng yoritish ta’minlash, fuqarolar xususan, tadbirkorlarning huquqiy  madaniyatini oshirish, yangi qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlarni aholi o‘rtasida keng tushuntirish maqsadida Oliy xo‘jalik sudi tomonidan 2014 yil davomida o‘tkazilgan “Adolat – qonun ustuvorligida” tanlovi yakunlari ko‘rib chiqildi. Tanlov g‘oliblariga diplom va qimmatbaho mukofotlar  topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi

Matbuot xizmati

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − 4 =