QUSH TILINI QUSH BILADI

yoki bolalar dasturlari qanday bo‘lishi kerak?

Farzandingiz bo‘sh vaqtida nima bilan mashg‘ul bo‘ladi? Ko‘pchilik ota-onalar xonadon burchagidan joy olgan, ortiqcha xarajat talab qilmay, soatlab bolalarni o‘ziga jalb etadigan oinai jahonni masalaning yechimi deb bilishadi. Ayni kunda televizor beminnat bolani voyaga yetkazishda ota-onalarning beminnat “yordamchi”siga aylangani sir emas. Bu hol bugun hech kimni ajablantirmaydi. Ommaviy axborot vositalari uchun bolakaylar ham eng faol, ziyrak auditoriya hisoblanadi. 

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori televideniye ham jadal sur’atlarda rivojlanayotir. Ayniqsa keyingi to‘rt-besh yil mobaynida qilingan ishlar miqyosi nihoyatda keng. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida “Madaniyat va ma’rifat”, “Dunyo bo’ylab”, “Kinoteatr”, “Navo”, “Bolajon”, “Diyor”, “Oilaviy” kabi yangi kanallar ochilgani so‘zimizning isboti bo‘la oladi. Ular orasida ayniqsa, “Bolajon” telekanali tezda jajji tomoshabinlar qalbidan o‘rin egalladi. Kanal O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) “Yoshlar” teleradiokanali tarkibida 2013 yil 1 iyundan o‘z faoliyatini boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 30 iyulda “O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining raqamli telekanallari sonini oshirish, ulardan to‘liq formatda foydalanish, sifatli boyitish va xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan ushbu telekanalning raqamli formatda ishlashi e’tiborga molik. 

Jajji tomoshabinlarga mo‘ljallangan kanal ochishning mas’uliyati katta. Auditoriya bolalar bo‘lsa-da, ularni “ko‘nglini topish” mushkul vazifa. Mutaxassislar  bu borada juda ehtiyotkor bo‘lishni ta’kidlashadi. Negaki, dunyo bo‘yicha bolalar televideniyesi hali to‘liq o‘rganilmagan, nisbatan yangi yo‘nalish hisoblanadi. Oldinlari bolalar uchun ko‘rsatuvlar bilan cheklanilgan bo‘lsa, bugun butun boshli telekanallar ularga moslashtirilmoqda. Ruhshunoslar bunday telekanallar o‘z dasturlarini ta’lim-tarbiya asosida tayyorlashni maqsadga muvofiq hisoblashadi. Ularni qay tarzda omuxta qilish, birga olib borish esa soha egalarining mahoratiga bog‘liq. Zero, undagi har bir dastur bolaga axloqiy yoki nazariy bilim berishi, unda dunyo­qarashni, fikrlashni shakllantirishi kerak.

O‘zining vizual hamda audio imkoniyatlariga ko‘ra, televideniye bola ongiga ta’sir qilishda katta kuch sanaladi. Aynan teleekran orqali beriladigan axborotni bola yaxshi eslab qoladi va unga taqlid qiladi. Shuning uchun ham ota-onalarga farzandlarining nimani tomosha qilayotganlarini  muntazam nazorat qilish tavsiya etiladi. Mutaxassislar bu o‘rinda bolalarga mo‘ljallangan telekanallarda yorqin ranglar, sho‘x musiqa, turli ko‘ngilochar, intellektual o‘yinlardan foydalanishni maslahat berishadi. Shu jihatlari bilan u bosh­qa yo‘nalishdagi kanallardan ajralib turadi.

Bolalar televideniyesi qanday bo‘lishi kerak, degan masala ayni kunda jamoatchilik va mutaxassilarni o‘ylantirayotir. Avvalo, bunday kanallarda professionallar lozim. Bolalar kanallarining dasturlari garchi kichkintoylarga atalgan esa-da, puxta o‘ylangan, ma’lum maqsadni ifoda etgan, turli zo‘ravonliklardan xoli bo‘lishi kerak. Dasturlarni tayyorlash jarayonida ruhshunoslar bilan bamaslahat ish olib borish ijobiy natija beradi. Ko‘rsatuvlarda bolalarning tengqurlari boshlovchilik qilishi esa tezda tomoshabinning e’tiborini tortadi. Axir, qush tilini qush biladi, deya bejiz aytishmaydi-da. Ekran qarshisidagi bolakay o‘z teng­doshining gaplarini kattalarnikidan osonroq, odatiyroq qabul qilar ekan.

Bunday telekanallar dasturlaridan, albatta, bolakayning bilim- salohiyatini oshiradigan intellektual bellashuvlar ko‘proq o‘rin olishi zarur. Ularda ishtirok etayotganlar topshiriqlarni bajarish asnosida sof raqobatni his qilib, maqsad sari intilishni o‘rganishadi. Bunday dasturlar sport yo‘nalishida yoki san’atning har xil turlari bo‘yicha bo‘lishi mumkin. Ona tabiatga muhabbat, ekologiyani toza asrashga yo‘naltirilgan tarbiyaviy ko‘rsatuvlar bolalar uchun muhim sanaladi. Atrof- muhitga mehr uyg‘otishga yo‘naltirilgan bunday das­turlar hayvonot va nabotot olami bilan tanishtirish asnosida olib boriladi.

Faoliyatiga hali u qadar ko‘p bo‘lmagan “Bolajon” telekanalida ko‘rsatuvlar tayyorlash jarayonida biz yuqorida sanagan omillarning inobatga olingani tahsinga loyiq. Kanalda uzatilayotgan dasturlar turli ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar yo‘nalishlarni qamrab oladi. Telekanal 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga olamni idrok etish, milliy qahramonlar, o‘zbek xalqi va boshqa xalqlarning dostonlari, eposlari, ertaklari vositasida ezgulik va adolat tushunchalarini shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Ko‘ngilochar-o‘rgatuvchi televizion ko‘rsatuvlar, maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalar uchun mo‘ljallangan intellektual o‘yinlar va viktorinalar ularda aqliy hamda jismoniy mehnatning boshlang‘ich ko‘nikmalari va madaniyatini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan.

Dasturlarni tayyorlab efirga uzatishda jajji teletomoshabinlarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda, zamonaviy interaktiv shakl va usullar, raqamli va multimediali texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanilayotir. “Bravo English!”, “English is fun!” kabi ko‘rsatuvlar bolalarga xorijiy tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan. “Do-mi-sol” singari dasturlar esa san’atga qiziquvchi bolakaylarni o‘z iqtidorlarini namoyish etishga yordam beribgina qolmay, ekran qarshisidagi tomoshabinlarni ham baralla kuylashga chorlaydi.

Kichkintoylar salomatligini saqlash, ularga sanitariya-gigiyena qoidalarini singdirish, bu borada ko‘nikmalarini shakllantirishga bag‘ishlangan “Sog‘lom bolajon” ko‘rsatuvi ham ko‘pchilik bolalarning sevimli dasturiga aylandi. “Salom, bolajon”, “Sayohatchi bolajon”, “Ertakchi bolajon”, “Bolajonlar sahnasi”, “Katta tanaffus”, “Quvnoq startlar”, “Sirli o‘rmoncha” kabi dasturlari nafaqat bolalar, balki ota-onalar e’tirofiga ham sazovor bo‘lmoqda. Efirga uzatilayotgan multfilm va kinolarning ham bolakaylar yosh xususiyatlaridan kelib chiqib tanlanayotganini e’tirof etmay iloj yo‘q. Biroq ularning asosiy qismi xorijniki ekanidan ko‘ngil xijil bo‘ladi. Ushbu kanalda nazarimizda milliy o‘yinlarimizni ommalashtirishga qaratilgan ko‘rsatuvlar soni yanada ko‘paytirilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Bobo, momolarimiz bolaliklarida o‘ynab katta bo‘lishgan o‘yinlar bugun ancha unutilgandek. Ularni yanada jonlantirish, ommalashtirish yosh avlod qalbida milliylikni, an’ana va qadriyatlarga hurmatni oshiradi. Bundan tashqari, bunday o‘yinlar ayni payt­da dunyo bolalarining talay qismi aziyat chekayotgan kamharakatlilik, ortiqcha vazn paydo bo‘lishining oldini olgan bo‘lardi.

Sevimli adiblarimizdan biri aytganidek “…bolalarni aldab bo‘lmaydi. Ular uchun o‘zlaridek sof qalb egalari qalam tebratishlari kerak”. Zero, bolajonlar kamoloti yo‘lida chekilgan zahmat, yorug‘ kelajak uchun qo‘yilgan to‘g‘ri qadamdir.

 

Mohira OTABOYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three − one =