ERTAKLAR SALTANATIGA SAYOHAT

Yoshlikning go‘zal va esda qolarli onlari ko‘p. Eng baxtiyor damlari esa onajonimizdan ertak tinglaganimiz bo‘lgani aniq. Zotan, ularning ko‘z qorasi, yakka-yolg‘iz umidi biz bo‘lganmiz. Ota-onamiz yaxshi kitob­larni o‘qib, mehr-muruvvatli, mard, iymoni salomat insonlar bo‘lib kamol topishimizga katta e’tibor berishgan.

Ayniqsa, har kuni oila davrasida aytilgan ertaklar to‘g‘ri yashashga, mehnat qilishga o‘rgatgan. Hozir ham shu kuch zimmamizdagi kichkina vazifaga ham mas’uliyat bilan yondashib, har bir so‘zimizni o‘ylab, o‘lchab gapirishga undab kelayapti. Bu sehr­li olamning ko‘z ilg‘amas, qo‘l yetmas, quloq eshitmagan qirralarini qancha ta’rif etgan bilan ado qilolmaysan, kishi. Faqat ibratli hikoyalar bolalarning fikrlash qobiliyatini o‘stirib, yorqin kelajak sari yetaklashiga ishonamiz.

 Inson baxtiyor hayot kechirishni, orzu-havaslarga g‘arq bo‘lib yashashni istaydi. Mana shu ezgu maqsadlar yo‘lida to‘siq bo‘lgan g‘ovlarni sof vijdon bilan yengishga harakat qiladi. Chunki u baxilning bog‘i ko‘karmasligini, yaxshilik chechaklari barq urib gullashini, bir ma­yizni qirq bo‘lib yeyish-u, yetti o‘lchab bir kesishni ertaklardan o‘rgangan. Mana, bunga “Ikki aka-uka” ertagi yorqin misol bo‘la oladi. Unda bir-biriga choh qazishni bilmagan, to‘g‘ri niyat og‘a-inilar bug‘doy ekishib, teng bo‘lishib oladi. Ukasi akasining oilali ekanini o‘ylab, kechasi bildirmay, o‘z bug‘doyidan unikiga qo‘shib keladi. Akasi esa ukasining kambag‘alligini o‘ylab, unga sezdirmay o‘z bug‘doyidan ukasinikiga qo‘shib qo‘yadi. Mehribon aka-ukalar shundan keyin tinchiydilar… Hayotda ham yaxshilik qilib charchamaydigan, savob ekib, hosiliga duo ko‘taradigan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashga hammaning ham qurbi yetarmikan?! Gohida ko‘cha-ko‘yda yoki qo‘ni-qo‘shnilarning uylaridan o‘z bolalariga nisbatan bilib-bilmay qo‘pol so‘zlar ishlatayotganini eshitib, xafa bo‘lib ketaman. To‘g‘ri, ona bo‘lgandan keyin koyiydi, vaqti kelsa erkalaydi. Ammo huda-behudaga yosh go‘dakni koyish to‘g‘rimi? Bola yaqinlarining tahqir so‘zlaridan emas, yaxshi muomala-munosabatidan tarbiya olgani tuzuk. Har qadamda koyish eshitaverish hatto kattalarni ham ishdan ko‘nglini sovitib yuboradi.

Psixologlarning aytishicha, bolani hech kim ota-onasiday to‘g‘ri va mukammal tushunmaydi. Bir oilada tarbiya topgan aka-ukalar, opa-singillar bir-birlarini turt­kilamay o‘sishi uchun avvalo, ular o‘zi dilbandlarini yaxshi-yomonga ajratmasligi kerak. Keyinchalik bolalar bog‘cha, maktabga chiqqanlarida ham ayirmachalikni bilmaydi. Dildagi ezgu niyat, duo­lar murg‘ak tasavvurlarni shaf­qat ziyosi bilan munavvar etadi. Noinsof bo‘lishdan saqlaydi. O‘ta tantiq, injiq, shumtakalarning ham fe’l-atvorini mazmunli ertaklar aytib berish orqali ijobiy tomonga o‘zgartirish mumkin ekan.

 

“SIM-SIM”, OCHIL

— Bolalar dunyosi beg‘ubor, o‘ziga xos bo‘ladi. Xayollari jannat qushlariday uchqur, ruhi buloq suviday toza, g‘ayrat-u shijoati olamga sig‘maydi. Buning zavq-shavqini g‘aroyibotlar va ajoyibotlar saltanatidan izlash kerak, — deydi biz bilan suhbatda “Mushtum” jurnalining bosh rassomi, karikaturachi Husan Sodiqov. — O‘zbek xalq ertaklari asosida ko‘plab rasmlar chizganman. Ijodiy ishlarimning aksariyati gazeta, jurnal sahifalarida, o‘qish kitoblarida chop etilgan. Ayni paytda bu to‘plamlar bir necha xorijiy tillarga o‘girilib, dunyo kezib yuribdi. Lekin men bular avvalo, o‘zimizning qora ko‘zlar e’tiboridan chetda qolmasligini istardim. Sababi, bu ijod namunalarida millatimizning o‘ziga xos tabiati, xususiyatlari va an’analari aks etgan. Ayniqsa, ertaklardagi maqollar, topishmoqlar va afsonalar murg‘ak tasavvurlarni kengaytiradi. Nazarimda, bolalar ruhini ko‘taradigan tasviriy san’at asarlarini yaratish oson emas. Siz ko‘rib turgan ertak qahramonlarini yigirma-o‘ttiz martalab turli xil qiyofalarda yaratganman. Bular orasidan eng yaxshilarini tanlab, majmualarga kiritganman. Masalan, «Zumrad va Qimmat» ertagiga ishlangan eskizlarim aynan hayotdan olingan. Kartinada o‘zbek hovlisi, kaftday tekis joyga o‘sma ekilgan, tom boshida tandir-o‘choq va turli xil xarakterdagi xonadon egalari ro‘zg‘or yumushlari bilan yuribdi. Yoki “Oltin tarvuz”dagi tabiat manzaralari, laylak, deh­qon va ochko‘z boy obrazini ham o‘zim bilgan kishilar xulq-atvoridan kelib chiqqan holda ishlaganman. Ayniqsa, “Ur to‘qmoq”qa kelganda, ancha ter to‘kishimga to‘g‘ri kelgan. Yurtimizda ilk bor «Ertaklar saltanatiga sayohat» ko‘rgazmasini tashkil etganimda, zal yosh tomoshabinlarga to‘lib ketgandi. Ularning asarlarim bilan g‘oyibona suhbatlashganini ko‘rib quvonganman. Dovyurak shahzodalar, go‘zal va aqlli malikalar faqat ertaklarda emas, hayotda ham uchrab turadi. Maqsadim, kichkintoylar ijodiy ishlarimdan ta’sirlanib, o‘z aql-tushunchasiga ega, muhtojlarga muruvvat ko‘rsatadigan, eng og‘ir damlarda ham o‘zini tuta biladigan haqiqiy insonlar bo‘lib ulg‘ayishga harakat qilishsin. Ular oldida hali turmushning turli xil manzaralari, qiyofalari, ziddiyatlari, mashaqqatlari turibdi.

 

“SUSAMBIL”GA KYETAMIZ

Rassomning har bir asari shunday sodda va aniq ifodalanganki, ortiqcha izoh berishga hojat yo‘q. Qolaversa, ma’naviy hayotimizning to‘kis bo‘lishida tasviriy san’at asarlarining o‘rni beqiyos. Hamma ham bu go‘zallikdan bahramand bo‘lib, yaxshilik va yomonlik, to‘g‘rilik va egrilik o‘rtasidagi farqni anglab yetsalar, qaniydi… Bugungi tengdoshlarimiz bir-biridan: “Qani, shu paytgacha nechta kitob o‘qiding?” yoki “Qanaqa hunarni o‘rganding?”, deb so‘ramaydi. Afsuski, ko‘pchilikni qimmatbaho ki­yim-bosh, qo‘l telefonining zamonaviymi yoki bor-yo‘qligi qiziqtiradi. Qiziq, qalbi sehrli javharga to‘la bo‘lmaganlar kelajak kunlarini qanday tasavvur qilarkan? Bilamiz, mehnatdan bo‘yin tovlamagan, dono va ziyrak bolalar mard o‘g‘lonlar, Alpomish, Rustam, Barchinoylar bo‘lib kamolga yetadi. Ayt­gani-aytgan, degani-degan bo‘l­gan dangasa, erkatoylar esa ul­g‘ayib, ota-onasining sho‘ri bo‘ladi. Bu bilan hech kimning ishi yo‘q.

Bugun zamon shiddati, texnika vositalarining rivoji hayotimiz, taqdirimizga qaysidir ma’noda ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, bolalarimizning mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndirgani yo‘q. Agar kichkintoylarga o‘zi yaxshi ko‘rgan biror ertakni aytib bersangiz, jon qulog‘i bilan eshitadi. Bozor-o‘charga ketayotganimizda ham, xo‘roz­qand yo pufak emas, ertak kitoblar keltirib berishimizni xohlashadi. Ayrimlar buni izlashga erinib, matbuot do‘konlaridan “O‘zing bo‘ya” turkumidagi yupqa jurnallar va bosh­qotirma gazetalarni keltirib beradi. Bola esa qo‘liga tushgan narsani o‘qishga majbur bo‘ladi. Saviyasi sayoz bunday nashrlar asta-sekinlik bilan beg‘ubor tuy­g‘ularni jo‘nlashtirib qo‘yadi! Axir, bolalik xayollarining parvozi turmush ikir-chikirlaridan balandda turadi. Men bugun jajjilarning bir-birlariga maqtab, maqtanib o‘qiydigan asarlari katta tirajlarda nashr etilishini orzu qilaman. Agar bular zamonaviy talqinda ekran yuzini ko‘rganda, dunyo bolalarining sevimli qahramonlariga aylangan — Zolushka, Alisa, Buratino, Mashalar qatoriga Zumrad, Malikai Husnobod, Xurmacha polvonlarimiz qo‘shilgan bo‘lardi. Odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalariga darz ketayotgan bir paytda ertaklardan haqiqiy yor-do‘stlar, dugonalar, habiblar chiqib, hayotimizda ko‘payishini istayman. Bu shunchaki, balandparvoz gap emas, balki qalb ehtiyojiga aylangan ulkan istak hamdir. Zero, xalqimiz “Ertaklar — yaxshilikka yetaklar” deb bejiz aytmaydi.

Adiba UMIROVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 8 =