QADRI BALAND QADRDONLARIM!
Jonajon Vatanimizning har bir qarich yeri biz uchun aziz va muqaddasdir. Universitetga o‘qishga kirgach, yurtimizning turfa go‘shalaridan kelib saboq olayotgan kursdoshlarimning intilishlariga qarab xalqimizga, Vatanimizga bo‘lgan muhabbatim yanada kuchaydi.
Surxondaryolik kursdoshlarimning tantiligi, xorazmlik do‘stlarimning yoqimli, shirin suhbati, farg‘onalik saboqdoshlarimning go‘zal muomalasi — umuman, barcha viloyatdan kelib ilm o‘rganayotgan tengdoshlarimning o‘ziga xos fazilatlariga maftun bo‘lib qoldim. Ularni birlashtirib, bog‘lab turgan jihatlar ham bisyor: har birining qalbida shu bebaho yurtga bo‘lgan cheksiz muhabbat o‘ti yoniqdir. Yigitlarning tomirida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Boburlarga xos azmu shijoat, mardlik, Beruniy, Ulug‘bek, Navoiy, Ogahiylarga xos zukkolik, ilmga ishtiyoq, qizlarining tomirida esa To‘marisu Barchinoylarga xos g‘ayrat, Uvaysiy, Zulfiyalarga xos zakiylik fazilatlari jo‘sh urib turibdi.
Talabalikning sho‘x-shodon, darslar bilan bog‘liq muhokamalarga boy qizg‘in onlaridan xiyla chalg‘igan vaqtlarimizda o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan go‘shalarimiz haqida gurunglashamiz. Shunday paytlarda men ham hayajon bilan jonajon qishlog‘im haqida do‘stlarimga so‘zlab beraman.
Koson tumanidagi Obron qishlog‘ida tug‘ilganman. U Kosontog‘ning bag‘rida joylashgan va Quyi Obron, O‘rta Obron hamda Yuqori Obronga bo‘linadi. Qishloq tarixiga nazar solsangiz, mamlakatimizdagi minglab shaharu qishloqlar singari uning qadimiy go‘shalardan ekaniga amin bo‘lasiz. Qishlog‘imizda ziyolilar ko‘p. Ulardan biri Shodmon Umirov edi. U kishidan endi yodgorlik bo‘lib qolgan “Obron qishlog‘i tarixi yoxud umr xotiralari” kitobida Obrontepa yodgorligidan “U” tamg‘asi bosilgan, ot tasviri tushirilgan ikkita tanga topilgani va Ofuron xarobalarida suvli quduqlar saqlanib qolgani aytiladi. Haqiqatan, quduqlar pishiq g‘ishtdan nihoyatda mustahkam qilib qurilgan. Hozirgi kunda ham odamlar ulardan foydalanmoqda. Bu quduqlar pishiq g‘ishtdan bunyod etilgani bilan ham e’tiborlidir.
Qadimda qishlog‘imiz ahli chorvachilik, sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Asosan bug‘doy, qovun, tarvuz, kunjut zig‘ir ekilgan. Qishloq odamlari qo‘y va tuya junlarini yigirib, chakmon, po‘stin, qo‘zi terisidan telpak, mol terisidan kovush, mukki, taka terisidan etik, mahsi tayyorlagan. Keyinchalik ipak va paxtadan to‘qilgan kiyimlar yaratilgan. Onaxonlarimizning aytishiga qaraganda, obronlik ayollar qadimdan kiyimlarini (ko‘ylak, chopon, jelak) o‘zlari to‘qigan. Esimda, bolaligimizda momolarimiz biri kashta tikish, biri urchuqda ip yigirish, boshqasi jiyak tikish kabi yumushlar bilan shug‘ullanishardi. Keksayib qolgan bo‘lsa-da, harakatda ekanliklarini ko‘rib hayratlanardik. Bu biz uchun ibrat edi.
Xalqning boshiga qora kunlarni solgan urushlar qishlog‘imiz ahliga ham ta’sirini o‘tkazmay qolmagan. Qanchadan-qancha fidoyi insonlar urush qurboni bo‘lgan. Ko‘pchiligi yarador holda qaytgan. Front ortida ayollar erkaklar o‘rnini egallab, og‘ir mehnatga duchor bo‘lgan. Ularga 60-70 yoshga kirib qolgan keksalar o‘zlarining qimmatli maslahatlarini berishgan. Urushdan yarador holda qaytgan Azim bobo Usmonov (rahmatli) bilan suhbatda bo‘lgandim. O‘zi qo‘ltiqtayoqda qaytgan bo‘lsa-da, boshqalar qatori mehnat qilganini ko‘rib, fidoyilik nima ekanini his qilganman. 90 yoshga kirgan boboning shijoatdan porlab turgan, ammo urush yillarini eslaganda namlangan ko‘zlari, duoga qo‘l ochganda titragan qo‘llari ko‘z oldimdan ketmaydi. “Shunday tinch, dorilomon kunlarga shukr qilinglar, bolalarim” degan o‘gitlari hamon qulog‘im ostida jaranglab turibdi.
Qishlog‘imizning shunday fayzli otaxonu, onaxonlari borki, ularning hayot yo‘llarining o‘zi bir kitobga sig‘maydi.
Ta’tilda uyga borganimda doim bobom bog‘da nihollar parvarishi bilan band ekanini ko‘raman. Uzumzor, bodomzor, shaftolizor bog‘larimizning har birida 70-80 tupdan mevali daraxt bor. Hosilidan butun qishloq bahramand bo‘ladi. Bobomga o‘zingizni urintirmang, o‘tiring, dam oling, desam, “Ona qizim, vaqt o‘tib ketyapti. Hali qilishim zarur bo‘lgan ishlar ko‘p. Hammasiga ulgurishim kerak”, deb yana ishga tushib ketadilar. Butun umrini harakatda o‘tkazgan insonning bunday javobi kishiga vaqtni qadrlashni, Vatanni, hayotni sevishni, xalq uchun yonib yashashni o‘rgatadi. Qishlog‘imning shunday jonkuyar insonlaridan Vatanni sevishni o‘rgandim.
Bugun yurtimizdagi ko‘plab qishloqlar singari Obronda ham namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar barpo etilib, yosh oilalarga topshirilmoqda. Barcha sharoitlarga ega zamonaviy maktabda ta’lim olayotgan uka-singillarimga havas qilaman. Shaharlardagidan aslo qolishmaydigan shinam va ko‘rkam uylar, ozoda ko‘chalar, dam olish maskanlari, bog‘lar ko‘zni quvontiradi.
Men shunday qalbi qaynoq, bag‘rikeng, vatanparvar insonlarni o‘z bag‘rida ulg‘aytirgan, tabiati huzurbaxsh qishloq farzandi ekanimdan faxrlanaman.
Shohsanam KOMILOVA,
O‘zMU talabasi