SIFATLI, CHIDAMLI, KO‘RKAM

Bolaligimizda katta bo‘lsang, kim bo‘lasan deb so‘rashsa, o‘ylanmasdan “uchuvchi bo‘laman” derdik. Hozirgi bolakaylarga shu savolni bering-chi, g‘urur bilan: “Biznesmen bo‘laman” deydi aksari. Istiqlol yillarida tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishlari uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratildi. Bu esa o‘z navbatida ko‘plab hamyurtlarimizga kichik biznes va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkonini bermoqda. Natijada ularning safi yildan-yilga kengayib borayotir. Erkin raqobat muhitining yaratilishi, mahsulotlarning sifati va narxiga sezilarli ta’sir etdi.

 8-10 aprel kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida namoyish etilgan mahsulotlarni kuzatib, bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Ko‘rgazma erkin raqobat, o‘zaro hamkorlik ruhida o‘tdi.

Ko‘rgazmalar uchta katta pavilonda tashkil etilib, ularda mebel, sport va yengil sanoat mahsulotlari namoyish etildi. Birinchi zalda mebel sanoati vakillari keng turdagi mahsulotlar, jumladan, uy va ofis, tibbiyot va ta’lim muassasalariga mo‘ljallangan mebel jihozlarini taklif etdi. Ularni ko‘rib havasingiz ortadi. Zamonaviy dizayndagi turli maktab, bog‘cha va ofis uchun jihozlar sifati bir-biridan qolishmaydi. Xaridor uchun tanlash imkoniyati keng. Raqobat katta. Kimning mahsuloti zamon talablariga javob berishi shu yerda ma’lum bo‘ldi-qoldi.

Sifatni birinchi o‘ringa qo‘yadigan tadbirkorlardan biri Zafar Jo‘raevdir. U kishining firmasida tayyorlangan mahsulotlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, xaridorlarning “ushbu jihozlar yaratuvchisi Zafar aka — mana shu kishidir”, deya bir-biriga tanishtirayotganining guvohi bo‘ldik. Qarang, odamlarni hech qachon aldab bo‘lmaydi, agar siz chiqarayotgan mahsulotlar kishilar talabiga mos kelsa, sizni e’tirof etishni bilishadi. Yurtdoshlarimizning Zafar Jo‘raevga bo‘lgan iliq munosabati, hurmatidan bildikki, uning tadbirkorlik faoliyati avvalo xalq­qa ma’qul.

Tadbirkorning suhbatini olish uchun biroz kutishga to‘g‘ri keldi. Shartnoma so‘ragan xaridorlar ancha-muncha. Shartnomalar tuzish, mahsulotlar narxi ko‘rsatilgan kataloglarni tarqatish, qolaversa, har bir buyumni tanishtirib, savdoni pishitish kerak. Ko‘rgazma qatnashchilaridan biri ofis stolining narxini so‘raydi.

— 68 ming so‘m? — Hayratini sherigidan yashirolmaydi: — O‘tgan kuni bozordan olmay tursam bo‘larkan. 90 mingga olgandim-a…

Nihoyat, tadbirkorning o‘zi bilan gaplashishga ham gal keldi:

— Bizning “Magna mebel” korxonamiz 2012 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Ayni damda 40 dan ortiq ishchi mehnat qilayotir. O‘tgan yili faoliyatimizni yanada kengaytirish maqsadida Milliy bankdan 172 million so‘m kredit oldik. Uning hisobiga Xitoydan zamonaviy texnik vositalar xarid qildik. Bu esa bizga mahsulotlarimiz turini ko‘paytirishga va sifatli bo‘lishiga zamin yaratdi. Shu kunlarda mahalliy xom ashyodan 70-80 turdagi mebel mahsulotlari ishlab chiqarmoqdamiz. Ko‘rib turganingizdek, mahsulotlarimizning sifati ham, narxi ham xaridorlarga ma’qul kelayapti.

Keyingi pavilon sport anjomlari zali. U yerda istalgan turdagi sport inventarlarini topasiz. Bir payt­lar sport libosi yoki buyumi deyilsa, «Adidas», «Nayk» yoki «Puma» mahsulotlari ko‘z oldimizga kelardi. Bugun O‘zbekiston korxonalarida Germaniya, AQSh kabi mamlakatlar firmalari mahsulotlaridan aslo qolishmaydigan, sifat va ommaboplikda ular bilan bemalol raqobatlasha oladigan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda va o‘z xaridorini topmoqda. Buni ushbu ko‘rgazmada ham ko‘rib, yana bir karra ishonch hosil qildik.

— Mana bu koptok qaerniki, Pokistonnikimi, Xitoynikimi? — jo‘rttaga so‘raymiz ko‘rinishidan tadbirkorligi sezilib turgan xushmuomala yigitdan.

— Aka, bu yerda faqat O‘zbekistonniki! — qat’iy javob beradi u, «nimalar deyapsiz, o‘zimizniki turganda…» degan ohangda. Uning javobidan faxr­lanaman. Ana haqiqiy milliy mahsulotlar ishlab chiqarayotgan ishbilarmonlar, qandingni ur!

Yigitni suhbatga chorlayman.

— Bizning “Xo‘jaobod” mas’uliyati cheklangan jamiyatimiz Toshkent “Orzu” charm attorlik va sport buyumlari ishlab chiqarish birlashmasi qoshida tashkil etilgan, — deydi Baliqchi tumanidan kelgan tadbirkor Bekzodbek Odilov. — Istiqlol yillarida  korxona mas’uliyati cheklangan jamiyatga aylantirilib, xususiylashtirilgandi. Ayni damda korxonamizda 30 turdan ortiq sport buyumlari ishlab chiqariladi. Sportchilar va o‘quvchilar sumkasi, futbol to‘plari, tatami, boks mahsulotlari, kurash, badiiy gimnasitika gilamlari shular jumlasidan. Mahsulot uchun xom ashyoning asosiy qismi mahalliy aho­lidan xarid qilinadi. Biror vaqt omborda turib qolgani yo‘q. Bugun ko‘rgazmada ishtirok etib, ko‘plab xaridorlar bilan shartnomalar tuzdik. Shuningdek, boshqa tadbirkorlarning ish tajribasi va mahsulotlari bilan ham tanishib, kerakli xulosalar chiqardim. Kelgusi faoliyatimizda bu katta yordam berishiga ishonaman.

Keyingi — yengil sanoat buyumlari paviloniga o‘tganimizda turli bolalar ki­yimlari, poyabzallarni ko‘­rib, nahotki shularning hammasi o‘zimizda ishlab chiqarilgan bo‘lsa-ya, deya hayratimiz oshdi. Yangi-yangi nomlar, brendlar ostidagi  mahsulotlar ko‘zni qamashtiradi.

Ta’kidlash joizki, sanoat forumi doirasida ishtirokchi korxonalar o‘z mahsulotlarini namoyish etib, hamkorlik uchun taklif berishdi. Muzokaralar o‘tkazilib, shartnomalar imzolandi. Shuningdek, yangi turdagi sanoat mahsulotlarini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + fourteen =