KO‘NGLI DALASIDEK KENG

 

“Dalalarimdan qor aridi.

Uzun qish qorayib-qorayib yotmish dalalarim yerrang-errang bo‘ldi…

Dalalarimda omonat-omonat qotib yotmish kesaklar umalib-umalib tuproq bo‘ldi…

Dalalarim ko‘pchib-ko‘pchib qoldi…”

Dalalarim to‘lg‘ondi….

Dalalarim entikdi.

Dalalarim uyg‘ondi. Dalalarim ko‘z ochdi.

Dalam meni imladi, dalam meni chorladi”. 

Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asaridan ushbu satrlarni o‘qiganimda beixtiyor bobom ko‘z oldimga keladi.

Bolalik chog‘larda bahor keldi deguncha, bobomizga qo‘shilib mol-hollarni dalaga haydardik. U kishining mehnat asnosida goh mahzun, goh quvnoq xirgoyilarini eshitish biz uchun maroqli edi. Umri dehqonchilik bilan o‘tgan, biyday dala uning eng yaqin qadrdoni sanalgan bobomning ko‘ngli dalasidan-da keng, shoirtabiat, donishmand inson edi.

— Bolam, tuproqning ham, unda o‘sadigan har bir giyohning ham joni bor. Sen ularga qancha yaxshilik qilsang, biladi, biz bandalargina eshitmaymiz, xolos. Ular uni parvarish qilgan odamzod haqqiga hamisha duo qiladi, — degan gaplarini xuddi ertak-afsona tinglagandek ting­lardik.

Har gal bahor kelib, bog‘u dalalarda ish qizg‘in pallaga kirgan kezlarda xuddi odam kabi jonli tuproq va o‘z tillarida pichirlab fidoyi dehqonlar sha’niga iliq so‘zlar aytayotgan giyohlar haqida o‘ylayman.

Mana, ko‘klamning ham ikkinchi oyi davom etayotir. Bunday paytda dalalarda ish qaynaydi. Bugun yurtimiz keng­liklarida yer bilan tillashadigan ming-minglab yurt­doshlarimiz qizg‘in ish ustidalar.

Bir paytlar dehqon deganda daladan beri kelma­y­digan, yuzi oftobdan qora­yib ketgan, kamsuqum, sodda odam tushunilardi. Endi-chi? Bugun ishbilarmon, omilkor fermerlarimiz an’anaviy dehqonchilik madaniyatini yangicha mazmun va qarashlar bilan bo­yitmoqdalar. Fermer deganda ko‘z oldimizga chehrasidan ertangi kunga ishonch, kuch-g‘ayrat, shijoat yog‘ilib turgan insonlar keladi. Bugun ular yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Istiqlol yillarida fermerlik harakatining tashkil etilishi, o‘z navbatida, dehqonchilik madaniyatining ham butkul o‘zgarishiga, tubdan yangilanishiga olib keldi. Birinchi navbatda yerga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Mehnat qilib ham o‘ziga, ham el-yurt­ga naf keltirish hissi paydo bo‘ldi. Bar paytlar qancha ter to‘ksa ham biri ikki bo‘lmagan deh­qonlarimiz, endi yirik fermer, ishbilarmon, shaharu qishloqlarimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadigan tadbirkor kishilarga aylandi. Ularning zalvorli mehnatlari tufayli yurtimiz endilikda barcha oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga qodir ilg‘or mamlakatlar safiga qo‘shildi.

Qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar natijasida ishlab chiqarish samaradorligi oshib, asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi va chorva mahsuldorligi o‘sdi. Xususiy fermer xo‘jaliklarida rentabellik ortdi va oziq-ov­qat mahsulotlarini barqaror tarzda ishlab chiqarish masalasida mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydigan darajada ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. 

Bunda avvalo olib borilgan islohotlar samarasi va mehnatkash xalqimizning hamjihatlik asosidagi mehnatlari mujassam. Tub islo­hotlar samarasi o‘la­roq, yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilayotir. Mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi yil sayin ortmoqda. O‘tgan yili mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,9 foiz, chakana savdo aylanmasi 14,3 foiz o‘sdi. Mirishkor dehqon va fermerlarimiz 8 million 50 ming tonna g‘alla hamda 3 million 400 ming tonnadan ortiq paxta xom ashyosini yetishtirdi. Bu yil ham fidoyi dehqonlarimiz hosilni bundan-da oshirishni ko‘zlamoqdalar.

Ana shunday mehnatkash yurt­doshlarimizdan biri Oqdaryo tumani Guliston muqobil mashina traktor parki hududidagi “Iskandar Qoraboev” fermer xo‘jaligi rahbari Amin Iskandarovdir. U kishi mana o‘n yildirki, fermer xo‘jaligini eng ilg‘or xo‘jaliklardan biriga aylantirish maqsadida mehnat qilib kelmoqda.

Xo‘jalik Qoradaryo bo‘ylaridagi zax yerda joylashganiga qaramasdan, yer egalarining agrotexnik ishlovlari samarasi o‘laroq paxta, g‘alla rejalarini doimiy ravishda uddalayotir. O‘tgan yili gektaridan 55 tsentnerdan g‘alla olingandi. Bu yil hosilni yanada oshirish mo‘ljallanmoqda. Yaqinda barcha g‘alla maydonlari ko‘zdan kechirilib, o‘g‘itlandi.

Xo‘jalikka yo‘lingiz tushsa, ishchilar bilan baravar ishlayotgan o‘ttiz besh-qirq yoshlardagi bir yigitga ko‘zingiz tushadi. Yaqinroq borib sersolsangiz, u Amin akaning o‘zi ekanini ko‘rasiz. Bilagidan kuch, yuragidan g‘ayrat arimagan fermerning yoshida adashmang, aslida u allaqachon oltmishni qoralab qolgan, farzand­larini uyli-joyli qilgan, nabirali inson. Faqat o‘z ishiga bo‘lgan muhabbat, qalbidagi soflik, yaxshi niyat, odamlarga yaxshilik qilish odati uni doim yashartiradi.

Ayni damda u kishining qanoti ostida yigirmadan oshiq ishchi-xizmatchi xo‘jalik ishlarida ko‘makdosh.

— Xo‘jaligimizning 52 gektar yeri bor, undan unumli foydalanishga harakat qilamiz, — deydi Amin Iskandarov. — 30 gektariga g‘alla, 20 gektariga paxta, qolganiga poliz ekinlarini ekamiz. Kichik bog‘imiz ham bor. Ayni paytda chigit qadash uchun yer hozirlayapmiz. Bu yil yog‘ingarchilik yaxshi bo‘ldi. Xudo xohlasa, fayz-baraka yili bo‘ladi. Yildan-yilga xo‘jaligimiz ishlari oldinlab bormoqda. Boshida paxta va g‘alla yetishtirgan bo‘lsak, endilikda meva-cheva va poliz mahsulotlari ham o‘zimizdan chiqayapti. Kelgusida chorvachilikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli.

Amin aka kabi mehnatsevar vatandoshlarimizni ko‘rib, ularga havasing ortadi. Chunki ular yurt ravnaqiga hissa qo‘shish bilan birga xalqimiz dasturxoniga to‘kinlik bag‘ishlamoqda. Bunday fermerlarga qarata hormang, fermer akalar, do‘st­lar, opaxonlar, doim ombor­ingiz xirmonga to‘lsin, deging keladi.

 

B. MUHAMMADIYEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =