BOBOMIZ AYTGAN GAPLAR…

Urush…

Bu haqda bobomiz yoki momomiz aytgan.

Ular aytmagan bo‘lsa, tarix aytgan.

1925 yil. Xos qishloqlik Oysha onamizni to‘lg‘oq tutib, Qo‘shmat ota o‘g‘il ko‘rdi. Go‘dakni Eshonqul dedilar.

1927 yil. Davlatjon onamizni to‘lg‘oq tutib, Adhamboy otamiz qizlik bo‘ldi. Buvakni O‘g‘iloy dedilar.

Eshonqul yolg‘iz o‘g‘il bo‘ldi. O‘g‘iloy durday qiz bo‘ldi. Ikkovining taqdiri o‘x­shab ketdi. Eshonqul o‘n ikki yoshida otadan ayrildi. Shundog‘am nimjon bolakayning jussasini g‘am bosdi. O‘g‘iloy bola bo‘lib bolalik ko‘rmadi, qiz bo‘lib beshtosh o‘ynamadi. Yetti yashar­ligida onadan yetim qoldi. To‘qqizida otasini Sirdaryo tomonlarga olib ketishdi. Ota xat yozaman deb edi, xabar bo‘lmadi. Olti oy deganda o‘sha tomondan allaqanday poezdda olib ketishayotganining daragi yetdi…

 Stantsiya. Qizgina shapka kiyganlar orasida ko‘rinmay qoldi. Otasini izladi. Topdi. Quchoqladi. Yig‘ladi.

“Chiqilsin!” deyildi. Poezd bir silkinib joyidan qo‘zg‘aldi. O‘g‘iloy vagon quvladi. O‘pkasi to‘lib-to‘lib yugurdi. Ota oynadan telpagini silkitdi. “Qayt, qizim!” dedi. Telpak uzoqlab bordi. Ko‘rinmay ketdi…

Bolalar maktab borgan bo‘lishdi. Avvaliga qishloqda faoliyat yuritib turgan bittayu bitta maktab ham urushning daragi yetib yopildi.

Eshonqul o‘n sakkizga to‘ldi. Bir ko‘ngilni sevdirish yoshida bo‘ldi. Ammo davr talotumlari qalb bilan hisoblashmas, bir parcha qog‘oz bor ediki, shugina ham ota qaddini bukishga yetib ortardi. O‘shanday kunlarning birida Eshonqul Qo‘shmatov nomiga bir parchagina chaqiruv qog‘ozi keldi. Shundan so‘ng Oysha onamizning na yeganida ta­yin bo‘ldi, na ichganida. Halovati bo‘lmadi. Shum taqdirdan og‘rindi.

Eshonqul Qo‘shmatovni urushga ketayotganlar safida ko‘r­gan kimki bor, “Nechaga kirding?” derdi. Odamlar uning miltiq ushlolmasday ko‘ringan qo‘llari, yelkalari, qaddi-bas­tiga boshdan-oyoq razm solarkan: “Kim yubordi seni?” deya achinib bosh chay­qardi. Bu xil gaplar Eshon­qulga kor qilmas, qaytanga kuch berar, jasoratga yo‘l ochardi.

Eshonqul otaning yigitlik yillari naq urush alangasiga to‘g‘ri keldi. Suyagi qotib-qotmasdan traktorchilikka havasi uyg‘ongan o‘spirin endigina kasb o‘rganay deganda, orzulari keyinga qoldi. Urushga otlandi. Belorussiya frontida qon kechib, etik yechmay, Yevropaning bir qator mamlakatlari va shahar-qishloqlarini ozod qilishda qatnashdi. 1944 yilda daydi o‘q tegib, o‘ng qo‘lidan yaralan­di-yu, jarohati hadeganda bitmadi. Qishlog‘iga qaytdi.

Uzoqdan Eshonqulni ko‘rgan xotin-xalaj dala boshida qiy-chuv ko‘tardi. Biri olib-biri qo‘yib Oysha onamizga chopdi. Onamiz avvaliga ishonmadi. Ishonganida esa ko‘chaga oyoq­yalang yugurib chiqdi. “Eshon­qulim!” deya to‘rt tomon alangladi. Onamiz shunday entikdi. Onamiz shunday intiqdi. Eshonqulini ko‘rganida bir zum dong qotdi. So‘ng… o‘g‘lining bo‘yniga o‘zini otdi. Quchoqlab oldi. Yuzlaridan, ko‘zlaridan o‘pdi. Yig‘lab-yig‘lab, to‘yib-to‘yib o‘pdi. Yanayam mahkamroq quchdi. Yarasini ko‘rgach, ho‘ngrab yubordi…

Onalar qalbi orzu-havasga to‘lig‘ bo‘ladi, onamiz o‘g‘liga qiz axtardi. So‘rab-surishtirib O‘g‘iloyni topdi. Onamizning bu eshikka to‘liqib borganlari bo‘ldi. Umidvor kutganlari bo‘ldi. “O‘g‘lim senga, sen o‘g‘limga loyiq” deganlari bo‘ldi. Axiyri qizginaning mayli yigitga tushib, yigirma ikkisida ikkovning umri tutashdi.

O‘g‘iloy onamiz yoriga yupanch bo‘ldi. Yarasini yuvdi. Bog‘ladi. Yuvdi-bog‘ladi… Mehr bilan parvarish etdi. Sog‘lig‘ini o‘ziga qaytardi. Eshonqul otamiz ham urushdan avvalgi orzusiga yetishish uchun astoydil harakat qildi. Tez orada mexanizatorlik kasbini egalladi. Ko‘p yillar xo‘jalikning turli rusumdagi texnikalarini boshqardi. Paxta qator orasiga ishlov berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish, ekskavator bosh­qarish kabi yumushlarni mohirlik bilan bajarib keldi. Nafaqaga chiqqach ham uyda o‘tirmadi. Farzandlariga deh­qonchilik va mexanizatorlik hunarini o‘rgatishda davom etdi. Biroq urushda olgan og‘ir jarohati keksayganda o‘z asoratini yuzaga chiqardi. Shunday kunlarda farzandlari otaga tirgak bo‘lishdi.

U tomonda urush o‘q yog‘dirayotgan chog‘, bu yoqlarda yo‘qchilik odamlar sillasini quritmoqda edi. Onalar og‘zida chaynab turgan donni ham, nonni ham bolasiga ilinardi. Mayiz (uzum) pishig‘iga yetsak bo‘ldi, deyilar palla edi. Bordi-yu, mayizga yetib olinsa, ochlik oz bo‘lsa-da, chekinganday tuyulardi.

Eshonqul otamiz va O‘g‘iloy onamiz olti nafar farzand — to‘rt o‘g‘il, ikki qizni ul­g‘aytirdi, halol luqma berdi, elga qo‘shdi. Farzandlarning kattasi Alijon — ichki ishlar xizmati faxriysi. Qobuljon ham xo‘jalikda uzoq yillar ishlab nafaqaga chiqqan. Sobirjon esa ota kasbini egalladi — mohir mexanizator. Kenja o‘g‘il Tohirjon “O‘zmetkombinat” korxonasida ishlaydi. Hafizaxon va Shahzodaxon — o‘z oilasining sarishta bekalari. Yigirma besh nafar nabiraning oldi kamolga yetgan. Bir-biridan shirin chevaralar bobosi va buvijoni atrofida parvona. “Danagidan mag‘zi shirin”, deb shuni aytsalar kerak-da.

Eshonqul ota O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 6 maydagi Farmoniga asosan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Ikkinchi jahon urushining 25, 30, 40, 50 va 65 yilligiga bag‘ishlab chiqarilgan ko‘krak nishonlari, Belorussiya Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan berilgan “Belorussiya ozod etilganligining 70 yilligi” medali Eshonqul otaning urushda chekkan ming bir azoblaridan so‘zlaguvchi tarixdir, asli.

— O‘sha paytlari tirikchilik degani bitta sigir yeliniga qarab qolgandi, — deydi urush qatnashchisi, mehnat faxriysi Eshonqul ota Qo‘shmatov. — Bir bonka sut topilsa, uch-to‘rtta oqqand bilan, topilmasa o‘zini ichib, kun o‘tardi. Kolxoz o‘n kunga uch, to‘rt yo besh kilo don berardi. Donni yorg‘ichoqda maydalab, undan qotirma tayyorlab yerdik. Shularni o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Ochligidan kunjara yeb shishib o‘lganlarni ham ko‘r­ganmiz. Va bugun qanday to‘kinchilik zamonida yashayotganimizga shukrona keltiraman. Bolalarning osuda va farovon hayotda kamol topayotganidan quvonib ketaman!

 

***

Urush…

Bu haqda bobomiz aytgan, bobomiz aytmagan bo‘lsa momomiz aytgan. Ular aytmagan bo‘lsa, o‘zi kim aytgan — tarix aytgan.

Istiqlol!

Bu haqda bobomiz ham o‘ylagan, momomiz ham. O‘zi kim o‘ylamagan?!

 

Akmal JUMAMURODOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + fourteen =