TARAQQIO‘TNING MUSTAHKAM POYDEVORI

Mustaqilligimizning har bir yili ta’bir joiz bo‘lsa, Vatanimizda erkin demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida salmoqli qadamlar bo‘layotir, desak aslo mubolag‘a qilmaymiz. Zotan, istiqlolning har bir kuni, har bir oyi ong-shuurimizda, hayotimizda va qarashlarimizda jiddiy o‘zgarishlar qildiki, buni hech kim inkor eta olmaydi.

 O‘tgan salkam yigirma to‘rt yil mobaynida muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimov rahnamoligida ro‘yobga chiqarilgan ishlarni ko‘rib, shu qisqa muddatda asr­ga teng yutuqlarga erishganimizga yana bir qur amin bo‘lamiz. Ayni kunda jahon hamjamiyati ham xalqimiz o‘zi tanlagan, milliy manfaatlariga mos yo‘ldan dadil odimlayotganini, barcha sohalarda har bir yilni muvaffaqiyatli yakunlab, farovon va baxtli hayot qurayotganini ko‘rib turibdi.

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, deyarli har bir hududda barpo etilayotgan namunaviy loyihadagi uylar, obod guzarlar, zamonaviy kollej va maktablar, yangi zavod va fabrikalar,xullas, hamma-hammasi inson manfaatlari uchun xizmat qilayotgani, albatta, har birimizga ulkan faxr va g‘urur bag‘ishlaydi. Ayniqsa, buyuk tariximizga, bebaho ma’naviy merosimizga, milliy qadriyatlarimizga berilayotgan e’tibor yurtimiz gullab-yashnashi va barqaror rivojida mustahkam poydevor bo‘libgina qolmay, balki ajdodlarimiz ruhlarini ham behad shod etayotir. Endilikda shak-shub­hasiz, butun olam ahli «O‘zbek modeli» deb nom olgan, mash­hur besh tamoyilga asoslangan, tadrijiy — evolyutsion, bos­qich­ma-bosqich rivojlanishning O‘zbekiston yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanining guvohi bo‘lib turibdi.

O‘tgan yillar davomida xal­qimiz manfaati yo‘lida erishilgan yutuqlarimizni sarhisob etadigan bo‘lsak, mamlakatimizning iqtisodiy qudrati yanada yuksalib, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi, aholi daromadi, xarid quvvati tobora oshib borayotganini ko‘ramizki, bu narsa dunyo­ning boshqa ko‘plab mamlakatlari uchun havas qilarli darajada.

Jumladan, 2014 yilda yalpi ichki mahsulot 8,1 foiz, sanoat ishlab chiqarish hajmi 8,3 foiz, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi 6,9 foiz, chakana savdo aylanmasi hajmi 14,3 foizga oshdi. Muhimi, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qariyb 70 foizini yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor tovarlar tashkil etdi. Fermer xo‘jaliklari bugungi kunda nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 90-92 foizini ishlab chiqarmoqda, balki qishloq hayoti taraqqiyotini o‘z zimmasiga olgan ijtimoiy siyosiy harakatga aylanib bormoqda. Ayni kunda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 56 foizini ishlab chiqarayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida esa ish bilan band aholining 75-77 foizi mehnat qilmoqda.

Mamlakat iqtisodiy salohiyati tobora yuksalgani sari aholi farovonligi ham shunga mos ravishda oshib boryapti. Ayni kunda deyarli har ikki oiladan biri o‘z shaxsiy transport vositasiga ega, ayrim oilalarda ikkitadan yengil mashina bor. Bu mashinalarning hammasi yurtimizda ishlab chiqarilgani ayniqsa, e’tiborga loyiqdir. Holbuki, o‘tgan asrning saksoninchi yillarida O‘zbekistonning istiqlolga erishib, salgina fursatda har tomonlama rivoj topgan mamlakatga aylanishiga ko‘pchilikning aqli bovar qilmasdi. Mana shu yillar davomida Vatanimizda avtomobilsozlik, motorsozlik, ularga butlovchi qismlar tayyorlovchi yangi sohalar, neft va gazni qayta ishlovchi, zamonaviy televizor va kompyuterlar, mobil telefonlar va boshqa turli tovarlar ishlab chiqaradigan va eksport qiladigan sanoat tarmoqlari vujudga keldi.

Mamlakatimizning turli hududlarini bir-biriga tutashtirayotgan yangi temir yo‘l liniyalari, «Afrosiyob» tez­yurar poezdlari, xalqaro aeroportlar, ravon va zamonaviy magistral yo‘llar xalqimizniing uzog‘ini yaqin qilmoqda.

Aholi soni ko‘payib borishiga qaramasdan, odamlarni uy-joy bilan ta’minlashda uy-joy maydoni 12,4 kvadrat metrdan 15,4 kvadrat metrga oshdi. Uy-joy fondining deyarli barchasi xususiy mulk sifatida aholi tasarrufida ekanini aytish kerak. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibda uy-joylar qurish bo‘yicha maqsadli davlat dasturi doirasida 2014 yilda 11 mingta yangi turar joylar barpo etildi. Shaharlarni kompleks qurish bo‘yicha qabul qilingan dasturga muvofiq, Toshkent, Farg‘ona, Qo‘qon, Mar­g‘ilon, Namangan, Urganch, Qarshi, Termiz, Samarqand va boshqa ko‘plab shaharlarimizning qiyofasi mutlaqo o‘zgarib ketdi.

Mamlakatimizda yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, umuman, ta’lim sohasi Davlatimiz rahbarining doimiy            e’tiborida ekanini yaxshi bilamiz. Zotan, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va boshqa bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar, umummilliy dasturlar qabul qilinib, ularning muvaffaqiyatli joriy etilishi bois ta’lim-tarbiya ishlari tubdan yangilandi. Yangi-yangi maktablar qurish, mavjud maktablarni rekonstruktsiyalash va kapital ta’mirlash, o‘quv-tarbiya jarayonlari sifatini yaxshilash, o‘quv qurollari va darsliklar bilan ta’minlash, kompyuter texnologiyalarini kiritish va Internet tarmog‘idan foydalanish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yili hammasi bo‘lib 540 dan ziyod ob’ekt, shu jumladan, 380 ta maktab, 160 dan ortiq kasb-hunar kolleji va akademik litsey tubdan yangilandi. Mazkur maqsadlar uchun 550 milliard so‘m sarflandi.

Mamlakatimizda 9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik bepul ta’lim tizimi joriy etilishi natijasida umumta’lim maktabidagi 9 yillik o‘qishdan so‘ng o‘quvchilar 3 yil davomida kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ta’lim-tarbiya sohasini isloh qilish, ta’lim muassasalarini zamon talablariga mos ravishda ta’mirlab, jihozlab borish, moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish kabi masalalar doimo davlatimiz siyosatining muhim shartlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Zotan, oldimizda turgan eng yuksak ezgu maqsadimiz — mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham, bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizning qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishlari bilan bog‘liq.

Mamlakatimizda oxirgi o‘n yil davomida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 8 foizdan yuqori bo‘ldi. Shub­hasiz, bu bizlarning katta muvaffaqiyatimiz desak, aslo yang­lishmaymiz. Lekin albatta, bunday yutuqlar va marralar bilan chegaralanib qolib, havolanish, beparvolik kayfiyatiga berilmasligimiz kerak. Zotan, hech birimiz globallashuv zamonida yasha­yot­ganimizni, taraqqiyot hech qachon bir joyda qotib turmasligini aslo unutmasligimiz zarur. Qolaversa, jahon miqyosida iqtisodiy-moliyaviy inqiroz davom etayotgani, raqobat, qarama-qarshilik tobora beshafqat tus olayot­gani, radikalizm, terrorizm, ekstremizm kabi tahdidlar kuchayib borayotgani barchamizni hushyor bo‘lishga undaydi.

Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida bu haqda ta’kidlarkan, shunday deydi: «Shu jumladan, birinchi nav­batda, axborot va so‘z erkinligi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va himoyalash kabi islohotlarni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish — aytish mumkinki, bu sohalarda hali qiladigan ishlarimiz ko‘p».

Shuningdek, Davlatimiz rahbari mazkur nutqida tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk va tadbirkorlik yo‘lidan barcha to‘siqlar va g‘ovlarni olib tashlashga ham alohida urg‘u berdi.

Aytish kerakki, tinchlik-osoyishtalik, ahillik hamisha xalqimiz uchun eng tansiq ne’mat bo‘lib kelgan. Ayniqsa, bugungi kunda o‘ta tahlikali, tobora keskinlashib borayotgan, turli xavf-xatarlar zamonida tinchlikning qadr-qimmatini hech bir o‘lchov bilan o‘lchab ham, baholab ham bo‘lmaydi. Faqat tinch­lik-oso­yishtalik hukmron bo‘lgan Vatanda rivojlanish, fayz-baraka bo‘ladi. Bugun yurtimizda xukm sura­yot­gan tinchlik-oso­yishta­likni, xalqimizning osuda hayotini, chegaralarimiz daxl­sizligini asrash maqsadida uzoq va yaqin atrofimizdagi barcha davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash ustuvor vazifa bo‘lib qolaveradi, albatta.

Xalqimiz va yurtimiz uchun tinchlikning naqadar ulkan ahamiyatini Davlatimiz rahbari «Ilgari ham aytganimdek, bizga, xalqimizga tinchlik va omonlik kerak, buning uchun kurashishimiz kerak», deya ta’kidlaydi.

Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan belgilab olingan mustaqil taraqqiyot yo‘li, Vatanimizda ro‘yobga chiqa­rila­yot­gan ulkan islohotlar, istiqboldagi vazifalar elimiz farovonligini yuksaltirishga, tinchlik va osoyishtaligimizni ta’minlashga, O‘zbekis­tonni barcha sohalarda taraqqiy topgan davlatlar qatoriga olib chiqishga, mustaqillikni mustahkamlashga qaratilgan. Zotan, bu ezgu ishlar, islohotlarning tub mohiyatida jonajon xalqimiz va shu yurt­da umrguzaronlik qilayotgan har bitta insonning manfaatlari aks etadi.

 

Abdumajid AZIMOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 7 =