OQSILLAR DNKNI «TA’MIRLAYDI»

Moskva davlat universiteti kimyo fakultetining doktoranti Svetlana Xoronenkova va uning hamkasblari DNK o‘zini qanday qilib «ta’mirlab» olishi va undagi buzilishlarning irsiy kasalliklar bilan bog‘liqligini aniqladilar.

Aytish kerakki, inson to‘qimalaridagi DNK molekulalari beqaror bo‘lib, u turli holatlarda ishdan chiqib qolishi mumkin. DNKning ishdan chiqishi uning zararlanishini hamda bu axborotni DNKga yetib kelishi va u molekulasini «ta’mirlash», ya’ni reparatsiya jarayonlarini qamrab oladi.

DNK molekulasining zararlanganini bilishning muhimligi shundaki, zanjir halqasidagi avvalgi molekula o‘rnini sog‘lom, sifatli DNK molekulasi egallashi kerak. Bunday bo‘lmagan taqdirda mutatsiya natijasida insonning saraton va boshqa kasalliklarga chalinish xavfi ancha kuchayadi.

Reparatsiya tizimi zararlangan DNK sifatini tekshiruvchi va uni asrab qoluvchi fermentlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Ushbu tizimdagi turli fermentlar DNK molekulalari sog‘lomligini tekshirib to‘qimalarni saqlab qoladi. Buning uchun zararlangan asoslar aniqlanib, bu haqda fermentlarga axborot yuboradi. Shunda fermentlar DNK molekulasini «ta’mirlaydi». Mazkur ferment­lardan biri bo‘lgan ATM kinaza zararlangan DNK haqida tuzatish tizimiga xabarni uzatadi. Olimlarning aytishicha, ATM DNKdagi ikkilamchi buzilishlarni tezda aniqlay olish qobiliyatiga ega.

 

UCHUVCHI DINOZAVRLARNING YAQIN QARINDOSHI

Amerikalik va rossiyalik olimlar qushlar guruhining kelib chiqishi ustida olib borayotgan ishlari doirasida 21 turdagi qushlarning genomlarini to‘la-to‘kis o‘rganib chiqdilar. Ma’lum bo‘lishicha, barcha qushlarning ilk ajdodi bo‘lgan uchuvchi dinozavrlar genomi tovuq genomiga ancha yaqin ekan.

Qushlar genomini o‘rganishning murakkabligi va shu bilan birga qiziqarli jihati shuki, unda ko‘plab mikroxromosomalar mavjud. Shu sababli ularning qay turga mansubligini oddiy usulda aniqlash ancha mushkul.

Avvallari mikroxromosomalar genetik axborotda unchalik muhim o‘rin tutmaydi, deb hisoblanardi. Keyinchalik bunday emasligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, tovuq genomida barcha genlarning 50-foizdan 70 foizgachasi mikroxromosomalardan iborat.

 

QIZIL KARTOSHKA QON BOSIMINI ME’YORGA KELTIRADI

Pensilvaniya shtati(AQSh) Skrenton universitetining bir guruh olimlari qizil kartoshkani oz-ozdan tez-tez iste’mol qilib turish gipertoniya xastaliklariga chalinishning oldini olishini isbotladilar.

Tajriba o‘tkazilgan insonlar ikki guruhga ajratildi. Bir oy mobaynida mutaxassislar ulardagi vazn o‘zgarishlarini hamda qon bosimi va boshqa ko‘rsatkichlarni sinchiklab kuzatib borishdi.

Natijada ishtirokchilarning barchasida o‘rtacha diastolik bosim 4,3 foizga, sistolik bosim esa 3,5 foizga kamaygani ma’lum bo‘ldi. Ayni holda ularning hech birida semirish, ya’ni vaznning ortishi holati umuman kuzatilmadi.

Tajriba rahbari D.Vinsonning so‘zlariga ko‘ra, kartoshkaning inson organizmiga APF ingibitorlari (qon bosimi oshishini davolashda ishlatiladigan dorilar) kabi ta’sir qilishi aniqlangan. Uning bunday foydali jihati ko‘plab turdagi moddalarning mavjudligida. Hozircha olimlar oq kartoshka ham shunday foydali xususiyatlarga ega ekani xususida aniq bir fikr aytisha olmayapti. Muhimi shundaki, olimlar kartoshkaning po‘stini arch­magan holda qaynatishni maslahat berishmoqda.

 

AKULANING HAM ASABI CHIDAMADI

Tomoshabinlarning tegajoqligi tufayli Kaliningraddagi hayvonot bog‘ida nahang baliq nobud bo‘ldi. Jonivor yorib ko‘rilganda uning yuragi ancha kuchsizlanib, zo‘riqishlarga dosh berolmagani ma’lum bo‘ldi. Akulaning boshqa a’zolari bir maromda ishlab turgan.

— Nahangning bu turi tutqunda ancha kam umr ko‘radi, deydi hayvonot bog‘i xodimi Yekaterina Mixaylova. — Yaxshi parvarish tufayligina bizning balig‘imiz ikki yil yashadi. Ixtiologlarning fikricha, bu yetarlicha muddatdir.

Tomoshabinlarning akvarium oynasini hadeb taqillatishlari jonivorning asablarini batamom ishdan chiqardi. U akvarium devoriga o‘zini tinmay uraverishi natijasida o‘tgan yil noyabr oyida burni va ko‘zini jarohatlagan edi.

Shundan keyin ixtiologlar bu yerga tomoshabinlarning kirishini taqiqlagach, nahang bir muddat tinch yashagan edi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − two =