BARDAVOM AN’ANALAR

Qadimdan ajdodlarimiz o‘zlari yashayotgan maskanlardagi devoru toshlarga jangu jadallar, bazmlar, ov jarayonlari hamda tabiat manzaralarining aksini tushirgan. Bezaklarning ta’sirchan kuchini yanada oshirish maqsadida ulug‘ allomalarning hikmatli so‘zlaridan foydalangan. Insonlar bilan ramziy timsollar orqali go‘zallik tilida gaplasha olgan. Qo‘li gul ustalar tomonidan yaratilgan bu kabi san’at durdonalari asrlarning behisob dovulu bo‘ronlarini boshidan kechirgan bo‘lsa-da, hali ham o‘z tarovatini yo‘qotmagan.
Yurtimizda xalq ijodiyotining an’anaviy shakllari ommalashib bormoqda. Xalqimizning aql-zakovati bilan bunyod bo‘lgan bu uslublarda milliy qadriyatlar mujassam. Birgina naqqoshlik sohasini olib qaraylik, mamlakatimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgani sababli soha rivoj oldi. Misol tariqasida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv sohilida barpo etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasining barpo etilganini keltirish mumkin. Mazkur obida hozirgi zamon arxitekturasining betakror namunasi sifatida o‘zligini namoyon etib turibdi. Bu muazzam ziyoratgoh Vatanimiz ozodligi uchun kurashgan minglab fidoyi insonlar, shahid ketgan ziyoli yurtdoshlarimiz xotirasiga bunyod etilgan.
Shahar va qishloqlarimiz chiroyiga-chiroy qo‘shib turgan bu kabi ko‘plab milliy uslubdagi binolarni ko‘rib, muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning “Milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy g‘ururimizni yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har biri katta bir darslikdir” degan fikrlari xayoldan o‘tadi. Ayni paytda Samarqand, Buxoro, Xiva me’morchilik san’ati bu so‘zlarning timsolidir, arxeologlarning jiddiy qidiruvlari tufayli bu yerlardan topilgan ashyolar tariximizning qorong‘u bo‘shliqlarini yoritib, yanada boyitmoqda. Endi bu topilmalar qiziqarli eksponat bo‘lib qolmay, balki xalq ustalari uchun qadimgi obidalarning saqlanmagan qismlarini tiklashda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.
— Ota-bobolarimiz turar joy binolarini jilvali bo‘yoqlar bilan bezaganlar. Naqshlangan uyda istiqomat qilgan kishilar ruhiy osoyishtalik og‘ushida bo‘lib, uzoq umr ko‘rishgan. Oilaga mehri kuchli bo‘lgan. Chunki go‘zal naqshlarda inson tafakkurini harakatga keltiruvchi sehrli qudrat bor, — deydi biz bilan suhbatda O‘zbekiston xalq ustasi Asrol MUXTOROV. — Bu ganchlar shunchaki bezak emas, ularning har biri olam-jahon ma’noni o‘zida mujassamlashtirgan.
Milliy me’morchiligimizda binolar shifti quyidagicha bo‘ladi: devorga aroqi sarrob, uning ustiga sharafa, zanjira, hoshiya, yana zanjira, so‘ng navo va kavza qo‘yiladi. Kavzaning tepasiga to‘sin, bosma, keyin vassa teriladi. Har bir elementning o‘ziga xos naqshlari bo‘ladi. Masalan, aroqi sarrobga — patnisi, qo‘shband sanduqa, navoga — naqshi guzaro, naqshi mutassil kabi murakkab naqshlar bitiladi. Sharafaga — guli bitta, bodom, to‘sin yoniga nalinforma, vassaga esa madohil, g‘uncha, shobarg naqshlarining poshshosi ishlatiladi. Bu faqat naqqoshlik dunyosidan bir shingil, xolos.
Ganchkorlik faoliyatim mobaynida turli binolarni bezatishga, har xil buyurtmachilar bilan muloqot qilishimga to‘g‘ri keldi. Tajribamda sinab ko‘rdimki, ganchkorlar ham umri davomida barmoq bilan sanoqli yaxshi san’at asarlar yarata olar ekan. Bu bir tomondan ijod sirlari bilan qolaversa, buyurtmachilarga bog‘liq. Agar buyurtmachi bizga binoni me’moriy qonuniyatlar asosida bezatishimiz uchun yetarli vaqt bersa, ko‘ngildagidek ishlov beramiz. Afsuski, aksariyat hollarda bezaklar qolipdan chiqmay turib, «tezroq bo‘l, falon sanaga tayyor bo‘lishi kerak» deb qistalang qilishadi. Natijada, sifat buziladi. Sifatsiz binoni topshirgandan ko‘ra, kech bo‘lsa ham, puxta qilib topshirish yaxshi emasmi? Bunday shoshma-shosharlik ustoz ko‘rmagan, ta’lim olmagan tajribasiz havaskorlarga qo‘l kelmoqda. Ular naqqoshlik sirlarini to‘liq o‘zlashtirmay turib, buyurtmachilarning didsizligidan foydalanib, ko‘chirmakashlik yo‘li bilan katta-katta binolarning keraksiz joyiga ham naqsh bitmoqda. Nima bo‘lganda ham, ularning eskizsiz ishlashiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
— To‘g‘ri talab, — deyman men ham suhbatdoshimning fikriga qo‘shilib. — Lekin naqqoshlik ham qotib qolgan san’at emas-da! Qo‘lidan ish keladigan yoshlarga oq fotiha berib, erkin ijod qilishlari uchun yo‘l ochgan ma’qul emasmi? Ular ham mas’uliyatli buyurtmalarni bajarib, o‘z uslublari bilan naqqoshligimizni boyitishsin…
— Men har bino, har bir xonadondan go‘zallik ufurib turishini, odamlar bundan estetik zavq olishini istayman. Ba’zan havaskorlar ustaxonadagi ijodiy ishlarimni ko‘rib, moziydan hozirga qadar inson mehnati va iste’dodi tufayli yaratilgan osori atiqalarning qanday bunyodga kelganini so‘rashadi. Naqqoshlik san’atini teran his qilish uchun avval, o‘zi tug‘ilgan joydagi tarixiy obidalar, muzeylar, san’at saroylariga borib, u yerdagi ko‘rkam naqshlarni obdon tomosha qilishi kerakligini aytaman. Shundagina ular hunarni faqat boylik orttirish maqsadida emas, balki jamiyatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi uchun o‘rganish kerakligini anglab yetishadi. Kasbimizning mashaqqatiga, tashvishlariga sabr-toqat qiladi.
O‘zimning ganchkorlik san’atini egallaganimga kelsak, bunga yaqinlarim sababchi bo‘lgan. O‘n bir yoshda edim. Ko‘cha changitib, to‘p tepishdan charchamasdim. Bir kuni otam biror hunar egasi bo‘lishimni istab, meni usta Mahmud Usmonov shogirdlari bilan ishlayotgan joyga olib bordilar. Boshdan-oyoq oppoq changga belangan yigitlarni ko‘rib, yuragim orqaga tortib ketdi. Usta xayolimdan kechayotgan tuyg‘ularni sezib, “Qani, o‘g‘lim, yuring, men ishlagan naqshlarni bir ko‘ring-chi”, — dedilar. O‘shanda ilk bor yuragimga o‘t tushdi. Bu cho‘g‘ bora-bora gulxanga aylandi. Tushimda ham, o‘ngimda ham naqshlarni ko‘rdim. 1960 yildan boshlab, Respublika o‘quvchilar saroyidagi ganchkorlik to‘garagiga qatnasha boshladim. Bu go‘zal olamning ichiga kirib, undan chiqib ketishga o‘zimda qudrat topolmadim. Usta Mahmud akaga shogird tushdim. O‘n uch yil birgalikda ishladik.
Poytaxtimizdagi muhtasham “Turkiston” saroyiga kirganimizda, uning bir-biridan go‘zal qandillariga ko‘zimiz tushadi. Bu naqshinkor chiroqlarni ilk bor ustozim ko‘magida yasagan chog‘larimni eslasam, yuragim to‘lqinlanib ketadi. Mamlakatimizdagi boshqa salobatli bino ustunlari sharafa-peshtoqlarini, ichidagi go‘zal panjaralarida ham u kishining tabarruk naqshlarini ehtirom bilan aks ettirganimdan xursandman. Umr deganlari oqar daryo ekan. Endi o‘zim “qilni qirq yoradi”gan darajada hunar egallagan shogirdlarimga: “Bolam, endi bo‘ldi. Otangdan olgan qarzimni uzdim, sendan roziman”, deb erkin ijod qilishlari uchun oq yo‘l tilayman. Ular mas’uliyatli buyurtmalarni bajarib kelmoqdalar. Bilmaganlarini co‘rashadi, yordamimni ayamayman. Hayotimda nimaiki yaxshilikka erishgan bo‘lsam, ustozim, halol mehnatim, astoydil izlanishim, eng muhimi, ganchkorlikni sevgan, unga ixlos qo‘ygan, hayotini shunga bag‘ishlagan va baxshida etayotgan shogirdlarim tufayli erishdim. Hozirgi kunda ganch o‘ymakorligida faoliyat ko‘rsatayotgan izdoshlarimning o‘zi bir yuz o‘ttiz nafardan ortadi. Shogirdsiz ustoz mevasiz daraxtga o‘xshaydi. Agar hunarimizni yosh avlodga muhabbat bilan o‘rgatib qololsak, insoniy burchimizni sharaf bilan ado etgan bo‘lamiz. O‘z navbatida ular ham boshqalarga murabbiylik qiladilar.
Keyingi paytlarda ganch o‘ymakorligi san’ati yuksak darajada o‘sdi. Aniq, o‘ziga xos tartib-maromga ega buxorocha bezaklar, marg‘iloncha guldor o‘ymalar, Toshkentning qubbali eshiklarida duradgorlarning ko‘ngil dunyosidan ko‘chgan iliqlik bor. Xalq badiiy hunarmandchiligini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgan bir paytda yoshlar bunday ajoyib hunarlarni qunt bilan, erinmay o‘rganishi lozim. Chunki bo‘lajak me’morlarimiz oldida Sharqning aqlni lol qoldiradigan durdona asarlarini asrab qolish va betakror uslublarini davom ettirishdek mas’uliyatli vazifalar turibdi. To‘g‘ri, o‘tmishda sanoat mahsulotlarining taqchilligi binolarning zaxlashi, poydevorlarining nurashiga sabab bo‘lgan. Bugungi davrga kelib, sanoat ishlab-chiqarish mahsulotlari jadallik bilan takomillashib bormoqda. Zamonaviy arxitektura yangiliklariga oid turli xil qo‘llanmalar, temirchilik tsexlari, yog‘ochsozlik zavodlari va g‘isht quyadigan qoliplarning mavjudligi quruvchilarning og‘irini yengil qilmoqda. Ammo hozirga qadar insonning ruhini ko‘taradigan, qalbida hayotga muhabbat uyg‘otadigan naqsh, bezaklar mohiyatini anglatadigan “Ramziylik lug‘ati” yoki “Ramzlar entsiklopediyasi” qiyomiga yetkazib tuzilmagani ko‘pgina qiyinchiliklarni ham tug‘dirmoqda. Ayrim yosh ustalar o‘sha ramzlarning kelib chiqishi, yaratilishi sirlarini o‘qib o‘rganmagani, faqat qolipga solib shakl yasashi tufayli hatto katta-katta saroylardagi naqshlar bir yilga bormay ko‘chib tushayotganligini kuzatish mumkin. Sababi nimada? Ustalarning malakasizligimi yoki sifatsiz sanoat mahsulotlari?! Bu kabi savollarga javob topish uchun yana ustaga yuzlanaman.
— Savolni to‘g‘ri qo‘ydingiz. Xalqimizda “o‘qigan o‘zar” degan gap bor. Yoshlarimiz har bir ishning mohiyatini, kelib chiqish tarixini bilishi shart. Bunga mustaqilikka erishganimizdan so‘ng katta e’tibor qaratildi. Hozirgi imoratlar ming yillarga yetadi. Bunga Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Toshkent xalqaro aeroporti, Ahmad Farg‘oniy majmuasi, Naqshband, Moturidiy masjidlari, Termizdagi Arxeologiya muzeyi, Chirchiqdagi Kimyogarlar madaniyat saroylari yorqin misol bo‘la oladi. Endi bizning yaratayotgan asarlarimiz ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Yaxshi usta o‘z yurtidan ortmaydi. Lekin ayrim me’morlar internet saytlaridan tayyor loyihalarni o‘zlashtirib, o‘z ustida ishlamay qo‘yishdi. Zamon bilan hamnafas bo‘lish yaxshi. Ayni paytda o‘z sohasining bilimdoni bo‘lgan, qurilish jarayonlariga tuzatishlar kirita oladigan oliy va yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj hamisha katta. Yoshlarimizni zarur bo‘lgan mutaxassisliklarga tayyorlash uchun bilim dargohlarida ta’lim-tarbiya ishlari yanada kuchaytirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ustalarning tajribalarini ommalashtirish, yosh avlodning bu merosni avaylab saqlashi uchun imkoniyat yaratishimiz kerak.
Darhaqiqat, asrlar davomida ulkan madaniy boyligimiz, xususan, milliy xalq amaliy bezaklarining keng tarqalgan turlari, maktablari, bajarish texnologiyasi, uslublari, ularni yaratgan ustalarning muborak nomlarini unutmasligimiz kerak. Bu noyob san’at durdonalarini saqlash, ilmiy o‘rganish, ularni yoshlarga o‘rgatish va kelajak avlodga yetkazish har birimizning insoniy burchimiz ekanini unutmaylik.

Adiba UMIROVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + nineteen =