VATAN, DEB URSA YURAK…

 

O‘zbekistonimiz tonglarini kuzatganmisiz? Bunday musaffolik, sokinlik… Darhaqiqat, o‘zida to‘rt faslni mujassam etgan tarovatu saxovati bisyor jannatmonand yurtimizga havas qiladiganlar ko‘p. Xalqimizning ardoqli shoiri Hamid Olimjon: «O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston…» deya bejiz ta’riflamagan. «Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi», deya yurtimiz ko‘rkini misralarga jo etgan hassos shoir Oybek domla ham haq. Ona-tuprog‘imiz bag‘riga cho‘pni suqsang, nihol unadi.

– Yurtimizdagi mo‘l-ko‘lchilik, serobchilik, obodlik-bunyodkorlik aqlingni shoshiradi, – deydi Namangan shahridagi «Yashil bozor»da bir otaxon havasini yashirolmay. – Biz Andijonimizdagi o‘zgarishlardan qanchalar quvonyapmiz. Namangandagi ko‘rkamlik-fayziyoblik ham undan qolishmaydi. Ko‘p yillik qadrdon do‘stimnikiga mehmonga kelgandim. Shahringizdagi obodonchilik ishlarini ko‘rib, ko‘nglim yayrab ketdi. Keng, orasta ko‘chalarni yayov kezdim. Do‘stimning uyiga o‘tgan yili, qizini uzatganda kelgandim. Bir yil ichida shuncha o‘zgarish, hatto uning uyini topolmay, rosa xijolat bo‘ldim. Haydovchi yigit bo‘lsa, do‘stingizning uyini bilmaysizmi, deb uyaltirdi deng. Axir, katta ko‘chaning boshidan etagigacha darvozayu devorlar bo‘yalib, ta’mirlanib, ko‘cha bo‘ylari gullarga to‘lgan bo‘lsa, bir tomonda zamonaviy uslubdagi kottejlar qad rostlagan bo‘lsa, ajratish mushkul-da! Men esa ko‘k rangli eshikniyu, uning avvalgi uyini qidiraveribman. Qadrdonim kattaxon temir darvoza o‘rnatib, ikki qavatli yangi uy ko‘targan ekan. Obod yurtda shu-da, har kuni bir o‘zgarish, yangilanish. Qisqasi, bunday yurt dunyoning hech yerida yo‘q…

Atrofdagilar otaning gapini ma’qullashdi.

Shubhasiz. Tinchlik-osoyishtalik barqaror yurtdagina bunyodkorlik, yaratish ishtiyoqi ortadi. Ma’naviyat yuksaladi.

Bir paytlar ro‘zg‘orining kamini to‘ldirish uchun yerto‘lasida yashirincha atlas to‘qigani uchun besh yilga qamalib ketganlar bo‘lgan. Bugun shunday insonlarning farzandlari tadbirkor, hunarmand, ishbilarmon, mulk egasi!

O‘z yurtida begonaday tazyiqu ta’qiblar ostida, na bir fikrini ochiq aytolmay, na iste’dodini ro‘yobga chiqara olmay, mutelik azoblarini boshidan kechirgan xalqimizning ne-ne farzandlari ochilmay so‘nganiga tarix guvoh.

Buning oqibati esa xalqimizning turmush tarziga soya solgani sir emas. Sobiq SSSR davrida xalqimiz go‘sht, sut, sut mahsulotlarini mamlakat aholisiga nisbatan to‘rt barobar kam iste’mol qilgan. Oyiga 75 so‘mdan kam daromad oladigan aholining ulushi Ittifoq bo‘yicha 12 foiz bo‘lgani holda respublikamizda 45 foizni yoki 8 million 800 ming kishini tashkil etgani to‘qib chiqarilgan emas. Maktab va kasalxonalarning 60 foizi nobop binolarda joylashgani, 1700 ta maktab avariya holatida bo‘lgani, qishloq aholisining atigi 5 foizigina kanalizatsiya va vodoprovod, 17 foizi tabiiy gaz, 50 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlanganini aytish g‘oyatda achinarli.

240 ming aholida yer bo‘lmagan, 1,8 million hovli esa uy-joy qurish uchun kengaytirishga muhtoj bo‘lgan. Qishloqlarimizdagi har besh xonadonning birida birorta ham chorva mol, 37 foizida sigir, yarmisida qo‘y boqilmagan.

O‘sha paytlar katta mamlakatga qaram, ayni damda mo‘may xom ashyo manbai bo‘lgan O‘zbekistonimizni dunyo tanimas edi.

Xalqimizning sabr-kosasini to‘ldirgan bunday muammolarni hal etish uchun ozodlik, erk, mustaqillik zarur edi.

Prezident Islom Karimovning: «Biz endi eskicha yasholmaymiz. Hammasiga o‘zimiz, o‘z kuchimiz bilan erishmog‘imiz zarur. Biz o‘zimiz tanlagan, belgilab olgan yo‘limizdan hech qachon qaytmaymiz!» – deya markazqo‘m topshiriqlariyu, tazyiqlariga qaramay: – «Men markazqo‘mdan qo‘rqmayman! Ulug‘ xalqim bor. Shu xalqimning orzusini amalga oshirish uchun harakat qilaman», – degan qat’iy ahd bilan atayin uyushtirilgan Farg‘ona, Guliston, Sirdaryo, Bo‘ka, so‘ngra Namanganda yuz bergan dahshatli voqealar ichiga qo‘rqmay kirib borishi katta jasorat edi.

Bunga tariximizni varaqlagan yoki «Mustaqillik arafasida yoxud sho‘rolarning so‘nggi talvasasi» filmini ko‘rgan hamda davlatimiz rahbari Islom Karimovning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobini o‘qigan inson yana bir karra amin bo‘ladi.

1989 yil 17 avgustda yurtboshimiz boshchiligida respublika hukumatining Toshkentda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida aholiga tomorqa va shaxsiy uchastkalar ajratish masalasi ko‘rilgan va «qishloqda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan ta’minlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish haqida» qaror qabul qilinadi.

Ushbu tarixiy hujjatda qishloqda yashovchi har bir kishiga o‘rtacha 25 sotixdan yer ajratib berish va tomorqa maydonlarini qariyb 4,5 baravar ko‘paytirish ko‘zda tutilgan edi. Buning natijasida 1989-90 yillarda 1,5 milliondan ko‘proq oilaga qo‘shimcha yer ajratildi, 700 ming oilaga yangi tomorqa yerlari berildi. Masalaning oqilona tarzda hal etilgani tufayli yurtimizdagi ming-minglab odamlar uyli-joyli, ishli bo‘lishiga erishildi. Bozorlarimizda mahsulot ko‘payib, narx-navo arzonlashdi. Bu bilan ijtimoiy keskinlikning oldi olindi.

Mana bugun oradan qariyb 24 yil o‘tgach, erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan ishlar ko‘lamini ko‘rib, qalblarimiz faxr-iftixorga to‘lmoqda. Istiqlol bergan imkoniyatlardan, erk, ozodlik ne’matidan dillarimizda surur, shukronalik tuyg‘usi.

Bugungi kunga kelib, eng kam ish haqi oyiga 107635 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ijtimoiy sohani moliyalashtirishga davlat byudjetidan jami xarajatlarning 60 foizidan ko‘pi sarflanayotgani ham, qishloq aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash uchun namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurish dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida qurilishi kerak bo‘lgan 11 mingga yaqin uydan hozirgacha 4486 tasi foydalanishga topshirilgani, qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga har yili 450-550 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanayotgani va hozirgi kunda 140 ta qishloq aholi punktida suv ta’minoti yaxshilangani ham mustaqillik bizga bergan imkoniyatlar samarasidir.

– Umr yo‘ldoshim bir umr temirchilik qilgan, – deydi Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi sakson olti yoshli Qutbinisa aya Sattorova. – Kosamiz oqarmagan. Ota-onam shu mehnat orqasidan erta o‘tib ketishdi. 16 yoshli Sadriddin ukam urushdan qaytmadi. 15 yoshli Sayfiddin akam tibbiy yordam ololmay olamdan o‘tgan. Un yo‘q, non yo‘q, sholg‘om bilan qizilchani qaynatib yeganlarimizni, burchoq undan atala pishirib kun kechirganimizni, oqibatda ko‘p odamlar qo‘tirga chalingan, ochlikdan vafot etgan og‘ir damlarni eslasam, ko‘z yoshimni to‘xtata olmayman. Shukrki, Istiqlol sharofati bilan mana shunday tinch, baxtli kunlarga yetishdik. O‘tgan yili ota-onam, umr yo‘ldoshim yetolmagan orzu – Makkai Munavvaraga borib, haj ziyoratini ado etish baxtiga muyassar bo‘ldim. Farzandlarim, nabiralarim uyli-joyli, yerli, tadbirkor. O‘ziga to‘q, tinch. Har qancha shukur qilsak kam.

– O‘ylab qarasam, tinch, osuda hayot kechira boshlaganimga yigirma to‘rt yil bo‘libdi, – deydi «Nanay» QFY hududida istiqomat qiluvchi sakson sakkiz yoshni qarshilagan O‘ktamxon Islomova. – Yoshligim eng og‘ir yillarda mehnat, qiyinchilik, ochlik azoblarida o‘tgan. Ota-onadan erta qolib, ukalarimni boqish zimmamga tushgan. Azondan qora tungacha qilgan mehnatim evaziga olgan bir kaft unni ukalarimga atala qilib, ichirib, o‘zim olma qoqi qaynatib, suvi bilan qanoatlangan paytlarim bo‘lgan. Bugun esa oddiygina yashaydigan oilaning to‘yga yozadigan dasturxoniga qarang. Yoki do‘konlarimizdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘ring. Bunday to‘kinchilikni xayolimizga ham keltirmaganmiz.

O‘ktamxon onaning yolg‘izgina qizlari Halima opa Yusupova 63 yoshda. «Oqilbek» fermer xo‘jaligini 1997 yilda tashkil etgan. 45 turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtiradi. Har yili g‘alla va kartoshka, meva tayyorlash rejalarini ortig‘i bilan ado etadi. 13 gektar maydondagi 2000 tupdan ortiq meva ko‘chatlari ilk hosil nishonalarini bera boshladi.

– Onamning o‘tmish xotiralaridan bilamanki, bir parcha yerni ko‘zlariga to‘tiyo qilishgan. Axir, ona yer insonning yashashi, yeb-ichishi uchun bor ne’matini tortiq etadi-da! – deydi u. – Mustaqillik tufayli yer egasiga aylandim. Xo‘jalikni o‘g‘lim Qobilbek bilan birga yuritamiz. O‘g‘lim Odiljonda esa 1 gektar xususiy bog‘ bor. Azimjon 70 sotix nokzor egasi. Har ikkovlari ham shu yer orqasidan uy-joy qilishdi, mashina olishdi, oila tebratishyapti. Qizim Mohira turmush o‘rtog‘i Ubaydullo bilan «Mohira – Sohiba – Saodat» fermer xo‘jaligini yuritishadi.

Haqiqatan ham, yer bilan tillashgan inson borki, oilasiga ham, atrofdagilarga ham naf yetkazyapti. Halima opa o‘z qishlog‘ida 1,5 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan savdo do‘konini qurib, kam ta’minlangan oila boshlig‘iga topshirib qo‘ygan.

Istiqlol nafaqat qalblarimizni tozartirdi, balki ma’naviyatimizni, madaniyatimizni, dunyoqarashimizni, ongu tafakkurimizni ham yuksaltirdi. Elim deb, yurtim, deb yonib yashayotgan yurtdoshlarimizning fidoyiliklarini ko‘rib faxrlanasan, ham g‘ururlanasan kishi.

Yangiqo‘rg‘on tumanining O‘zak qishlog‘ida yashovchi tadbirkor Abdullajon Zokirovning o‘z shaxsiy mablag‘i hisobidan «Navro‘z obod» QFYda sport majmuasi bunyod etgani, «Yangiqo‘rg‘on» ShFYdan tadbirkor Sherzod Madaminovning yangi savdo markazini ishga tushirgani kabi xayrli ishlarni amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz nihoyatda ko‘p.

Faxr va iftixor bilan so‘z yuritganlarimizdan xulosa shuki, istiqlol bergan imkoniyatlar har bir inson qalbida yaxshi yashashga, shijoat bilan mehnat qilishga, yaratishga, jonajon Vatanimizni yanada obod, ko‘rkam qilishga bo‘lgan ishtiyoqni jo‘sh urdirmoqda.

O‘tgan 24 yillik fursat ichida jannatmonand yurtimizni dunyoning barcha davlatlari tan oldi. Qanchasi bilan o‘zaro hamkorlik, diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.

Qadr-qimmatimizni yuksaklarga ko‘targan, o‘zligimizni ulug‘lagan, o‘zbek nomini dunyoga tanitgan Mustaqilligimizga, tinch-osoyishta hayotimizga har qancha shukronalar keltirsak oz.

Bir paytlar majlislarda ruscha so‘zlay olmay peshonasidan reza-reza ter quyilgan paxtakor otaxonning nabirasi bugun ta’lim tizimidagi muvaffaqiyatlar sabab, til o‘rganib, dunyo tanidi. Endilikda chet elda diplomat, elchi.

Uyida bir bosh moli, uch bosh qo‘yi bo‘lgani uchun «boyning bolasi», «davlat xoini» deya olis o‘lkalarga badarg‘a qilingan dehqonning evarasi katta fermer, qo‘ra-qo‘ra moli bor. Sut, qaymoq, pishloq ishlab chiqaradigan tsexi bor. «Bu «Moskvich»ni qaysi pulingga olding», degan so‘roqlardan tinkasi qurigan ziyolining nevarasida avtomobillarni tuzatish shoxobchasi bor. Har mahalla, ko‘cha, xonadonda esa «Neksiya», «Lasetti», «Tiko», «Matiz», «Spark», «Malibu». Yasha, mehnat qilibsan, rohatini ko‘r! Davlatmand bo‘l, o‘zingga ham, o‘zgalarga ham nafing tegsin! Bularning barchasi – istiqlol sharofati! Bunday imkoniyatlarni, imtiyozlarni hammamizga Mustaqillik berdi!

Quyosh olamni munavvar qilganiday, istiqlol istibdod zulmiga barham berdi. Ko‘zlarga nur, dillarga ravshanlik, kelajakka ishonch uyg‘otdi.

Bir parchagina bulut suzib yurgan musaffo osmon bag‘rida charx urib uchayotgan qushlarga, oftob nurlarida erkalanib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilayotgan bolga to‘lgan bog‘u, uzumzorlarga, shabboda epkinida xush bo‘ylarini taratayotgan anvoyi gullarga, to‘lib toshib oqayotgan anhorlarimizga, yurtni yanada obod qilish ishtiyoqida g‘ayrat bilan mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizga e’tibor bering.

Bizni dunyoga keltirgan, ota-bobolarimizning xoki yotgan bebaho zamin, aziz Vatan – yagona, tuprog‘ining har qarichi – muqaddas. Uni asrash, farzandlarimizga yanada obod, ozod, erkin va farovon holda topshirish – burch.

Qutlug‘ ayyom arafasida dillarimizda ana shunday ulug‘ maqsadlar yanada bo‘y ko‘rsatib, ezgu tilaklarimizga qanot berayotgani, shubhasiz. “Tobora gullab-yashnayotgan ona yurtimiz uzra istiqlol quyoshi abadiy porlab tursin! Tinchligimizga ko‘z tegmasin! Mustaqilligimizning qutlug‘ ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!”

Jamoliddin MUSLIM, Lobar RUSTAMOVA, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari. Namangan viloyati  

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 1 =