KOMILLIK — UMUMMILLIY MASALA
Ilm bobida birin-ketin zabt etib borilajak pillapoyalarning har biri o‘z nomi bilan tarbiyadir. Ulardan qay biri odob, qay biri tavoze, nojoiz ishdan tiyilmoq, aytar so‘zi pok bo‘lmoq, imkoni boricha yaxshilik ulashmoq. Shu ma’noda erishilgan har qanday yutuq zamirida ta’lim, mohiyatida tarbiya masalasi mujassam.
Bugun oramizda ilmu ma’rifatli, yuksak salohiyatli yoshlar talaygina. Ularning ijtimoiy faolligi har jabhada o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, bu borada “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati qoshidagi “O‘quv-uslubiy markaz” nodavlat ta’lim muassasasining o‘rni beqiyos. Ushbu muassasa o‘z faoliyatini uch yo‘nalishda – “Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash”, “O‘quv-uslubiy” hamda “Axborot-resurs” sohasida olib boradi.
O‘tgan yili ta’lim muassasasi tomonidan ushbu yo‘nalishlarda bir qator ishlar amalga oshirildi. Harakatning yetakchi mutaxassislari uchun malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugun tizimda faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarning oliy ma’lumotli bo‘lishiga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. O‘quv mashg‘ulotlarda ishtirok etgan tinglovchilarning 389 nafari oliy ma’lumotli, 56 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekani ham fikrimizni asoslaydi.
O‘quv-mashg‘ulotlarida tinglovchilarning nafaqat nazariy bilim olishi, balki amaliyotni mustahkamlashga ham urg‘u berildi. Shu maqsadda malaka oshirish kurslarining nazariy mashg‘ulotlariga ikki nafar fan doktori, o‘n ikki nafar fan nomzodi va o‘n nafar o‘qituvchi jalb etildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2014 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ning 6-bandi ayni shu yo‘nalishga qaratilgan. Ya’ni Harakatning umumta’lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda korxona, tashkilot va muassasalardagi boshlang‘ich tashkilotlari uchun o‘quv-seminarlar va “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan respublika forumi tashkil etilib, ular ushbu o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishdi. O‘quv jarayonida yetakchilarning imijini shakllantirish, ularda notiqlik mahoratini takomillashtirish, loyihalar bilan ishlash ko‘nikmasini singdirishga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Shuningdek, ta’lim muassasasi mutaxassislari tomonidan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarlikning oldini olish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” ishlab chiqildi. Ushbu to‘plam beshta kitobdan iborat bo‘lib, unda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlari, bolalar bilan ishlashning dolzarb vazifalari, bu borada ota-onalar, o‘qituvchilar va boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari tomonidan amalga oshiriladigan ishlarga oid tavsiyalar o‘rin olgan. Ulardan nafaqat tashkilot yetakchilari, balki o‘qituvchilar va ota-onalar ham foydalanishlari mumkin. Qo‘llanmaning birinchi kitobida voyaga yetmaganlar va huquqbuzarlikka moyil yoshlar bilan ishlashning umumiy nazariy asoslari haqida so‘z yuritilsa, ikkinchi kitobda voyaga yetmaganlar orasida nazoratsizlik va qonunbuzarlik profilaktikasining umumiy asoslari haqida ma’lumot beriladi. Uchinchi kitobda esa ota-onalarni va bolalarni ta’lim muassasalarida psixologik-pedagogik o‘qitish nazarda tutilgan. Navbatdagi qo‘llanmalarda alkogolizm, giyohvandlik va toksikomaniya profilaktikasi, o‘smirlarda zararli odatlarning erta namoyon bo‘lishi va boshqa muammolar, ularning yechimi yuzasidan tavsiyalar keltirib o‘tilgan.
– Muassasamizda axborot-resurs markazi mavjud bo‘lib, kitob fondi 2013 yilda mingdan ziyodni tashkil etgan, – deydi direktor o‘rinbosari Toshpo‘lat Xoliqov. – Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilda ikki mingga yetdi. Markazimiz “Yangi davr kitoblari”, “Sharq ziyokori”, “Yoshlar matbuoti” va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Shuning evaziga kutubxona o‘quv-uslubiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, tibbiy-psixologik, ma’naviy va ma’rifiy yo‘nalishlardagi kitoblar bilan boyidi. A’zolarning kitoblardan foydalanishini osonlashtirish maqsadida elektron kutubxonani tashkil etdik. Shu yilning yanvar oyida beshta kompyuter jamlanmasiga ega bo‘ldik. Video va fonotekani tashkil etish maqsadida “Sinema Market” MChJdan 276 dona hujjatli va badiiy film DVD disklari, psixologiya, sotsiologiya, xorijiy tillarni o‘rgatuvchi multi o‘quv-qo‘llanmalarni markazimiz faoliyatiga jalb etdik. Natijada joriy yilda kutubxona a’zolari soni 110 nafarga yetdi.
Shuningdek, ta’lim muassasasining rasmiy sayti www.kum.uz ishga tushirilib, ayni paytda sayt ta’lim muassasasi faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan to‘ldirib borilmoqda.
“O‘quv-uslubiy markaz” nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan joylarda tashkil etilayotgan seminarlar jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishni nazarda tutadi. Xususan, “Kamolot” yoshlar oromgohida tashkil etilgan “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” tadbiri ana shunday maqsadni o‘zida aks ettirdi. Seminar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, OIV/OITS kasalligi, giyohvandlik, ichkilikbozlik, tamaki chekish kabi illatlarning oldini olishga qaratilgan mashg‘ulotlardan iborat bo‘ldi.
Muassasa tomonidan uyushtirilgan navbatdagi – “Men rahbar bo‘la olaman!” mavzuidagi seminar iqtidorli, faol yoshlar va yetakchilarda jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Bundan tashqari, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida “Harbiy xizmatchilarda liderlik sifatlarini shakllantirishning dolzarb vazifalari” mavzusida tashkil etilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida ta’lim muassasasi vakili o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ushbu anjumanda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarida liderlik sifatlarini shakllantirishda psixologiyaning tutgan o‘rni, oliy harbiy ta’lim tizimida ushbu fanning o‘qitilishi, liderlik sifatlarini shakllantirishda psixologik metodlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
“Yoshlar eko hayotni tanlaydi!” loyihasi doirasidagi o‘quv seminarida esa “Kamolot” YoIHning hududlardagi kengashlari orqali saralab olingan 130 nafar iqtidorli, tashabbuskor va trenerlik qobiliyatiga ega bo‘lgan ko‘ngilli yoshlar qatnashdi. Unda bo‘lajak trenerlarga informatsion mini-sessiyalarni tashkil etish ko‘nikmalari, notiqlik san’ati, yetakchilik qobiliyati, yoshlar auditoriyasi bilan ishlash sirlari o‘rgatildi. Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi va “AKFA Lighting” kompaniyasi vakillari tomonidan maxsus mahorat darslari olib borildi.
Aslida, ta’lim muassasasi faoliyatini samarali tashkil etish, o‘quv mashg‘ulotlarning samaradorligini oshirishda texnik ta’minot ham katta o‘rin tutadi. Bu borada texnika-texnologiya vositalari ish unumdorligini oshirishga xizmat qilayotir. Shu o‘rinda qayd etish joizki, muassasaning joylarda faoliyat yuritayotgan xodimlariga hududiy kengashlar tomonidan qaratilayotgan e’tiborni u qadar yuqori deb bo‘lmaydi.
Aytaylik, hududlardagi xodimlarning faoliyatini tashkil etish jarayonida hududiy kengashlar oldiga ularni alohida xona bilan ta’minlash hamda chekka tumanlardagi o‘qishlarni o‘tkazishda ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan. Ayrim hollarda muassasa koordinatorlarining chekka tumanlarda tashkil etayotgan o‘quvlari uchun xizmat safari xarajatlarini qoplab berish, zaruriy kantselyariya vositalari bilan ta’minlashda ayrim muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Harakatning barcha hududiy kengashlari tomonidan ta’lim muassasasining hududiy xodimlariga qaratilayotgan e’tiborni bir xil deb bo‘lmaydi, albatta. Masalan, Andijon, Buxoro, Namangan Qashqadaryo viloyatlarida nodavlat ta’lim muassasasi xodimlari uchun alohida xona va o‘quv zali ajratilgan. Ammo Jizzax, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida mutaxassislar uchun bunday imkoniyat yo‘q.
“Ota-bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo‘lmish ilmu ma’rifat, ta’lim va tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilgan…
Shu bois bu sohada yuzaki, rasmiy yondashuvlarga, puxta o‘ylanmagan ishlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu keng jamoatchilik, butun xalqimizning ishtiroki va qo‘llab-quvvatlashini talab qiladigan umummilliy masaladir”. Bu davlatimiz rahbari ko‘rsatgan nurli yo‘l. Demak, “Kamolot” YoIH yoshlarning haqiqiy tayanchi va suyanchiga aylanishi, uning hududiy bo‘limlari xuddi shu pozitsiyada turib, o‘z vazifalarini ado etishlari zarur.
Akmal JUMAMURODOV,
“Hurriyat” muxbiri