TABIATNI ARDOQLASH O‘ZLIKNI ARDOQLASH DEMAKDIR

Bolaligida samodagi yulduzlarni sanashga urinib ko‘rmagan, charog‘on chaqnayotgan bu “mitti” “sayyora”ning miltillashini kuzatishdan zavqlanmagan inson bo‘lmasa kerak…

E’tibor bersangiz, yirik shaharlar, urbanizatsiyalashgan hududlarda tunlari osmon g‘uborli ekanini ko‘rasiz, yulduzlar ko‘rinmas “parda” yordamida to‘sib qo‘yilgandek xira nur sochadi. Beixtiyor o‘ylaysiz: qani mening bolaligimda kechalari cheksiz samoga boqib, sanab adog‘iga yetolmagan yulduzlar! Atmosfera tarkibining buzilishi, ifloslanishi tufayli yuzaga kelgan bu g‘ubor ko‘ngilni xira qiladi.

 Insoniyat, qolaversa, barcha jonzotlar hayoti uchun zarur omillardan biri atmosferadir. Uning bugungi ahvolga kelib qolishiga asosan ikki manba, — tabiiy omillar va inson faoliyatining mahsuli — antropogen (sun’iy) omillar sabab bo‘ladi. Tabiiy omillarga kosmik changlar, vulqonlarning otilishi, tuproqning nurashidan vujudga kelgan moddalar, o‘simlik va hayvonlar qoldiqlari, o‘rmon va dasht yong‘inlari va boshqa tabiiy hodisalar tufayli havoda suzib yurgan tuz zarrachalari misol bo‘ladi. Sun’iy ifloslanish esa avtomobil transporti, energetika sanoati, ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab jarayonlar oqibatida yuzaga keladi.

Havoning ifloslanishi tirik organizmlarga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Havo tarkibidagi zararli qurumlar, gazlar kishi organizmida to‘planadi va oqibatda teri va ko‘z kasalliklari, jigar tsirrozi, qon bosimining oshishi, bronxit va shu kabi xastaliklar ko‘payishiga olib keladi.

Havoning sun’iy tarzda ifloslanishining oldini olish va kamaytirishning turli yo‘llari mavjud. Xususan, korxonalarda tozalash qurilmalari o‘rnatilishi, zararli korxonalarning shahar chekkasiga olib chiqilishi, chiqindisiz texnologiyaga o‘tish, shuningdek, transport harakatini tartibga solish, ya’ni metro va elektr transportini rivojlantirish, yonilg‘i sifatini yaxshilash va ekologik toza transport vositalarini yaratish havo ifloslanishini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega. Chunonchi, sanoat korxonalari, shaharlar, dam olish hududlari atrofini ko‘kalamzorlashtirish ham atmosfera havosidagi muvozanatga erishishning usullaridan biridir.

Ta’sirchan va jonli misollar yordamida aholi o‘rtasida ekologik ta’lim va targ‘ibot ishlarini olib borish atmosfera havosini muhofaza qilishning muhim choralaridan biri hisoblanadi. Zero, atmosfera buzilishining sabab-oqibatlarini yaxshi anglagan har bir inson tabiatga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga, ekologiya sofligiga zarar yetkazmaslikka intiladi.

Bunda, ayniqsa, bolalarda tabiatga nisbatan mehr uyg‘otish muhim ahamiyatga ega. Toshkent viloyatida tashkil etilgan “Rodnichok” (“Buloqcha”) nodavlat notijorat tashkiloti ham aynan shunday vazifani o‘z zimmasiga olgan jamoat tashkilotlaridan biridir. “Rodnichok” jamoasi vakillari “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida joylarga, mahallalarga borib, bolalar, yoshlar va ularning ota-onalari o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Tog‘ yonbag‘irlari, dam olish hududlari atrofida yashovchi mahalliy aholi hamda bunday maskanlarga tashrif buyuruvchilarning tibbiy-ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularning ongi shuuriga tabiatni asrab-avaylashdek fikrni singdirish bilan shug‘ullanayotgan mazkur nodavlat notijorat tashkilot o‘z loyihasini to‘laqonli amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy  Majlisi  huzuridagi  Nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratilgan grant mablag‘iga ega bo‘ldi. Ushbu mablag‘ evaziga bir qancha samarali targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi, xususan, NNT logotipi aks ettirilgan banner va ko‘rgazmali stendlar tayyorlandi. Jumladan, “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” loyihasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish, to‘g‘ri ovqatlanish kabi mavzularga oid bukletlar, risolalar, flaerlar tayyorlanib, aholiga tarqatildi. “Sog‘lom turmush tarzi asoslari”, “Atrof-muhit muhofazasi — inson salomatligi himoyasi”, “Inson salomatligiga rahna soluvchi turmush tarzi” singari mavzulardagi davra suhbatlari, uchrashuvlarda ko‘rgazmali qurollar va zarur ilmiy-amaliy adabiyotlar vositasida ma’ruza qiluvchi ko‘ngilli-trenerlar guruhi tashkil etildi. Dastlab loyihaga aloqador mavzularda treninglar o‘tkaziladigan bu guruh a’zolariga keng jamoatchilik bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish, viktorinalar, tanlovlar, musobaqa va jamoaviy vazifalarni yuklash bo‘yicha ko‘nikmaga ega bo‘lish texnologiyalari o‘rgatildi.

     Mana bir necha yildirki, Chimyon tog‘larida har yili o‘tkazib kelinayotgan “Chimyon sadolari” ekologik-turistik festivali davomida keng jamoatchilik o‘rtasida ko‘ngilli a’zolarimiz “Ochiq osmon ostida ekomaktab” loyihasi doirasida bir-biridan qiziqarli mavzularda savol-javoblar, musobaqalari o‘tkazilmoqda. — deydi “Rodnichok” NNT raisi Lyudmila Koshelapova. —O‘yin hamda o‘zaro muloqot tamoyillariga asoslangan tadbirlar ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, o‘tgan  yil yozda Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Yoshlik” mahallasida “Ekolandiya” nomli bolalar kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohini tashkil etdik.

“Rodnichok” vakillarining aytishicha, mahallada istiqomat qilayotgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida insholar tanlovi g‘oliblari, shuningdek, kam ta’minlangan oilalar farzandlari oromgohga qabul qilingan. Oromgohning ta’lim-tarbiya dasturi ekologiya, sog‘liqni saqlash mavzulariga asoslanadi, turli sovrinli tanlovlar bolalarning zavqiga zavq qo‘shayotir.

“Oltin meros” jamg‘armasi viloyat bo‘linmasi bilan hamkorlikda  “Ekolandiya” oromgohi dam oluvchilari va NNTning faol a’zolari Toshkent viloyatining, Parkent tumanidagi rekratsion resurslarga boy hududlarga hamda tarixiy-etnografik maskanlarga olib borildi. “Yosh sayyoh” dasturi doirasida Parkentdagi “Said ota” va “Bobo Mochin”, “Machitali bobo” ob’ektlari hamda Chotqol biosferaviy bulog‘i, sharsharalar bo‘ylab uyushtirilgan sayohat davomida bolajonlarga jannatmonand yurtimizning go‘zal go‘shalari ko‘p ekanligi, ularni ko‘z qorachig‘imizdek asrash hammamizning burchimiz ekanligi batafsil tushuntirildi.

“Rodnichok” a’zolari Qibray tumanidagi maktablarda bo‘lib, “Salomatligim o‘z qo‘limda!” mavzusida 5-9-sinflar o‘rtasida insholar hamda 1-4-sinflar o‘rtasida rangli, rasmlar tanlovini o‘tkazishga bosh-qosh bo‘ldi.

G‘oliblarni esdalik sovg‘alar va maxsus diplom bilan taqdirlash marosimida O‘zbekiston Ekologik harakati tomonidan tayyorlangan “Ko‘zingni och!” nomli hujjatli film o‘quvchi hamda o‘qituvchilar e’tiboriga havola etildi.

Muxtasar aytganda, bolalarning ona tabiatga bo‘lgan munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartirishga, o‘z salomatligi va kelajagiga nisbatan befarq bo‘lmaslikka undovchi bu kabi tadbirlar “Rodnichok”ning faoliyat mezoniga aylangan, desak xato bo‘lmaydi.

 G‘ani SODIQOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × five =