Qushlar xavf ostida

O'zbekistonning tabiati va geografik joylashuvi qushlar uchun juda qulay. Biroq so'nggi o'n yilliklarda iqlim o'zgarishi, yashash joylarining yaroqsiz holga kelishi va noqonuniy ov qilish kabi jiddiy tahdidlar bor. Natijada qushlar populyatsiyasi qisqarib, ularning noyob turlari kamayib boryapti.

Ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda jami 460 dan ortiq qush turi ro'yxatga olingan. Ammo tahlillar shuni ko'rsatadiki, xavflar tobora ortmoqda. 2009 yilda O'zbekiston Qizil kitobiga 48 turdagi qush kiritilgan bo'lsa, 2019 yilga kelib, ularning soni 51 taga yetdi. Umuman, dunyo bo'yicha qush turlarining qariyb 12–13 foizi yo'qolib ketish xavfi ostida. So'nggi o'n yilliklarda global qushlar populyatsiyasi o'rtacha 20–25 foizga qisqargan. Botqoqliklarning qurishi, o'rmonlarning kesilishi va cho'l hududlarining o'zlashtirilishi qushlarni uyasiz hamda ozuqasiz qoldirmoqda.

Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv oqimi holatining buzilishi yo'rg'a tuvaloq, olaqanot va shunqor kabi turlarning kamayishiga sabab bo'ldi. Shuningdek, qishloq xo'jaligida ishlatiladigan neonikotinoid turidagi kimyoviy moddalar qushlarning zaharlanishiga, reproduktiv imkoniyatlarining pasayishiga olib kelmoqda. Brakonyerlarning noyob lochin va shunqorlarni noqonuniy savdo maqsadida ovlashi orqali ham qushlar populyatsiyasiga jiddiy zarar yetkazilyapti. Elektr liniyalarining ko'payishi va yuqori kuchlanishli simlar qushlar hayotiga jiddiy xavf solyapti. Har yili minglab yirik qushlar tok urishi oqibatida halok bo'ladi, elektr chiroqlari esa qushlarning tabiiy yo'nalish olishi va faollik vaqtini o'zgartirib, ularning hayot ritmiga salbiy ta'sir ko'rsatyapti. So'nggi yillarda qushlar sonining kamayishi tezlashib, urbanizatsiya va sanoatning kengayishi tabiatga bosimni kuchaytirmoqda. Natijada ilgari qishloqlarda keng tarqalgan oddiy qaldirg'ochlar va chumchuqlar ham yo'qolib boryapti. Bu muammo ko'plab davlatlarda kuzatilgani kabi mamlakatimizni ham chetlab o'tgani yo'q. Dunyo bo'ylab har yili o'rtacha 21000 dan ortiq qushlarning uchoqlar bilan to'qnashishi qayd etiladi. Bu kuniga taxminan 50-60 ta holat degani. Deyarli barcha to'qnashuvlar qushlar uchun o'lim bilan yakunlanadi.

O'zbekiston osmonida ham ko'chib yuruvchi qushlarning yirik yo'li bo'lmish Markaziy Osiyo migratsiya yo'li  joylashgan. Bahor va kuz oylarida millionlab qushlar bizning osmonimizdan uchib o'tadi, samolyotlar qatnovi ko'payganda shu migratsiya yo'llarida avariyalar sodir bo'ladi. Bunday halokatlarning 90 foiz qismi samolyot ko'tarilayotgan yoki qo'nayotgan vaqtda 300-500 metr balandlikda sodir bo'ladi. Samolyotlardan chiqadigan zaharli gazlar va aviatsiya yonilg'isining qoldiqlari havoni ifloslantiradi. Bu nafaqat qushlarning nafas olish tizimiga, balki ular oziqlanadigan hasharotlar va o'simliklarga ham zararli ta'sir ko'rsatadi. Aeroportlarda parvoz oldidan maxsus ornitologik xizmatlardan, ya'ni aeroport hududidan qushlarni haydash uchun maxsus ovozlardan, ultratovushli qurilmalar hamda lazerli nurlardan foydalanish samolyot xavfsizligi uchun zarur, lekin qushlarning tabiiy migratsiyasi va yashash zanjiriga katta xavfdir.

Agar qushlar bo'lmasa, nima bo'ladi? Qushlar butunlay yo'q bo'lib ketsa, dunyoda ekologik muvozanat buziladi. Hasharotlar populyatsiyasi nazoratsiz ko'payib ketadi, ekinlar hosildorligi keskin kamayadi. Bu esa oziq-ovqat tanqisligiga hamda iqtisodiy inqirozlarga olib keladi. Ozuqa zanjiri ham buziladi. Qushlar tabiatning katta bir qismi va ekotizimning sog'lom ishlashi uchun zarur. Agar suv havzalari, to'qayzorlar saqlab qolinmasa va brakonyerlikka qarshi qat'iy kurashilmasa, kelajak avlodlar qushlarning sayrashini faqat audioyozuvlarda, o'zlarini esa kitob sahifalarida ko'radi.

Zuhra ODILOVA,

O'zbekiston Milliy universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =