Hozircha oddiy talabaman…
Men ham navbatdagi imtihonlar va amaliyotdan keyin azim Toshkentdan Xorazmga qaytish uchun chipta kassasi oldida turardim. Oddiy talabalik hayoti: cho'ntakka mos keladigan oddiy, sekin yurar yo'lovchi poezdiga chipta oldim. Ammo aynan shu lahzada hayotimga butunlay yangi ruh olib kirgan voqea sodir bo'ldi.
Mendan keyingi navbatda o'ziga ishongan, har bir harakatidan muvaffaqiyat ufurib turgan, zamonaviy kiyingan ayol turardi. U kassaga yaqinlashib, hech ikkilanmay “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poezdiga chipta so'radi. U chiptani olib, o'z yo'lida davom etayotganda, ichimda qandaydir havasmi, xullas, shunga o'xshash tuyg'u kechdi. Ko'z oldimga o'sha ayol va u ketadigan muhtasham poezd keldi.
Shu lahzalarda o'zimga qat'iy maqsad qo'ydim: “Men hozircha oddiy talabaman, lekin kun keladi, albatta, o'z mehnatim, bilimim bilan shu kabi poezdlarda Xorazmga mag'rur qaytaman!”
Axir u shunchaki poezd emas, haqiqiy mo''jiza. Men ketadigan oddiy poezd Toshkentdan Urganchgacha 14 soat yuradi. Zamonaviy “Hyundai Rotem” elektropoezdi esa bu uzoq yo'lni atigi 7,5 soatda bosib o'tadi. Soatiga 250-260 kilometr tezlikda shamoldek uchadigan bu tezyurar poezd bizning jazirama cho'l iqlimimizga juda mos. U hatto 40 daraja sovuqda ham, +50 daraja issiqda va dahshatli qum bo'ronlarida ham to'xtamay harakatlana oladi. Qoyilmisiz?
Ichkaridagi qulayliklarni-ku, aytmasa ham bo'ladi. Men o'tirgan poezdda odamlar uxlash uchun joy talashib ketayotgan bir vaqtda, u yerda yo'lovchilar vagondagi iqlim nazorati ostida, maxsus ekranlarni tomosha qilib, o'rindiqlarini xohlagan tomonga burib ketishadi.
Eng muhimi, bu poezdning aynan “Jaloliddin Manguberdi” deb nomlanishida. Biz — butun Xorazm ahli uchun cheksiz bir faxr bor. Manguberdi shunchaki tarixiy shaxs emas, u bizning mard va jasur ajdodimiz, vatanparvarlik timsolidir. O'z yurti ozodligi uchun Chingizxon qo'shinlariga qarshi mardona kurashgan sultonning nomi bugun po'lat relslar uzra yurtimiz markazi va shimolini bog'lab, uzoqni yaqin qilmoqda. Biznesmen ayol poezdga chiqayotganda, men tomirimda o'sha buyuk sarkardaning qoni oqayotganini, menda ham shunday shijoat borligini his qildim.
Hozir men eski poezd oynasidan cho'llarga tikilib, kelajak rejalarini tuzyapman. Yonimdan shamoldek o'tib ketadigan o'sha tezyurar poezd menga hayotda doimo oldinga intilish kerakligini eslatdi.
Shirinoy DO'SIMMATOVA,
O'zbekiston Milliy universiteti talabasi.
Muvaffaqiyat siri
Inson hayotida muvaffaqiyatga erishish ko'p jihatdan uning o'ziga bo'lgan ishonchiga bog'liq. O'ziga ishongan inson qaror qabul qilishda qat'iy bo'ladi, qiyinchiliklardan qo'rqmaydi va o'z oldiga qo'ygan maqsad sari dadil intiladi. Aksincha, o'ziga ishonchi past bo'lgan shaxs imkoniyatlari yetarli bo'lsa ham, ularni to'liq namoyon eta olmaydi. Shu bois o'ziga ishonchni shakllantirish va rivojlantirish har bir inson uchun muhim vazifa hisoblanadi.
Avvalo, o'ziga ishonchni oshirish uchun inson o'zini anglay olishi zarur. O'zining kuchli va zaif tomonlarini bilish, real imkoniyatlarini baholash shaxsning ichki tayanchini mustahkamlaydi. Shuningdek, kichik yutuqlardan boshlab katta maqsadlarga erishish muhimdir. Har bir erishilgan natija insonda ishonchni oshiradi va uni yanada katta marralar sari undaydi.
Bundan tashqari, ijobiy fikrlash o'ziga ishonchni rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi. Salbiy o'ylar va o'zini past baholash insonning ichki energiyasini kamaytiradi. Shu sababli inson o'z fikrlarini nazorat qilib, ijobiy yondashuvni shakllantirishi lozim. Atrof-muhit ham katta ta'sir ko'rsatadi: qo'llab-quvvatlovchi do'stlar va yaqinlar insonning o'ziga bo'lgan ishonchini mustahkamlashga yordam beradi.
Yana bir muhim omil — bu doimiy harakat va o'z ustida ishlashdir. Bilim va ko'nikmalarni rivojlantirish, yangi tajribalarni o'zlashtirish insonning o'ziga bo'lgan ishonchini oshiradi. Sport bilan shug'ullanish, sog'lom turmush tarziga amal qilish ham ruhiy barqarorlikni ta'minlab, ishonchni mustahkamlaydi.
Muvaffaqiyatsizliklardan qo'rqmaslik ham muhimdir. Har qanday xato — bu tajriba va saboq manbai. Uni to'g'ri qabul qilgan inson kelajakda yanada kuchliroq bo'lib shakllanadi. O'ziga ishonch aynan sinovlar orqali mustahkamlanadi.
O'ziga ishonch tug'ma sifat emas, balki hayot davomida shakllanadigan ko'nikmadir. Uni rivojlantirish uchun inson o'z ustida ishlashi, ijobiy fikrlashi va maqsad sari qat'iyat bilan intilishi zarur. Ana shundagina u o'z imkoniyatlarini to'liq namoyon eta oladi va hayotda muvaffaqiyatga erishadi.
Farangiz ShOMURODOVA,
O'zbekiston Milliy universiteti talabasi.
Zamonaviylik niqobidagi tanazzul
Bugun biz osmono'par binolar qurmoqdamiz, eng so'nggi rusumdagi texnologiyalardan foydalanyapmiz. Ammo moddiy yutuqlarimiz ortidan asriy ma'naviy boyliklarimizni “unutib” qo'ymayapmizmi? Yuz yillik qadriyatlarimizning yengil-elpi havaslarga almashilayotgani — millat sifatida o'zligimizni yo'qotayotganimizdan darak emasmi?
Kuzatishlarimizni oddiygina kundalik hayotimizdan — jamoat transportidan boshlaylik. Ertalabki metro poezdi. Vagonga qo'lida og'ir sumkasi bilan yoshi bir joyga borib qolgan onaxon yoki nuroniy otaxon chiqadi. Atrofga qaraysiz: o'rindiqlarda o'tirgan yoshlarning deyarli barchasi quloqchin (naushnik) taqqan, ko'zlar telefonga mixlangan. Kimdir o'zini uxlab yotgandek ko'rsatsa, kimdir ijtimoiy tarmoq tasmasini aylantirish bilan ovora. Biz qachondan beri keksalarga joy berish uchun ularning tepamizga kelib, yerga qarab qaddini bukib turishini kutadigan bo'ldik? Sharqona tarbiya, kattaga hurmat va andisha qaerda qoldi? Eng achinarlisi, bu holat jamiyatimiz uchun oddiy, odatiy holga aylanib boryapti. Virtual dunyoning ichiga kirib ketgan yosh avlod yonidagi tirik insonni, uning yordamga yoki e'tiborga muhtojligini ko'rmayotgandek… yoki ko'rishni istamayotgandek.
Andisha va mas'uliyatning yo'qolishi faqat metro vagonlari bilan cheklanib qolmayapti. U jamiyatning eng muqaddas poydevori — oilagacha yetib bordi. Ilgari o'zbek xonadonida ajrim degan so'z eng katta fojia, oila kattalari aralashib bo'lsa-da, oldi olinadigan uyatli holat hisoblanardi. Bugun-chi? Bugun arzimagan sabablar, sabrsizlik va mas'uliyatsizlik tufayli minglab oilalar osongina barbod bo'lmoqda. Oxirgi yillardagi ma'lumotlarga ko'ra, respublikamizda ajrimlar soni qo'rqinchli darajada o'sib bormoqda. Ma'lumotlarga qaraganda, birgina o'tgan yillarda ajrashishlar soni qariyb 15 foizga oshgan. Eng achinarlisi, ajrashayotganlarning aksariyati 1-2 yilgina birga yashagan oilalardir.
Internetdagi virtual orzular ortidan quvib, hayot qiyinchiliklariga sabr qilmaslik, o'zaro mehr-oqibat va oila muqaddasligi tushunchasining qadrsizlangani mana shunday sovuq va ayanchli raqamlarni keltirib chiqarmoqda. Qadriyatlarni yo'qotish — millatning kelajagini yo'qotish demakdir. Agar biz bugun metroda yoki avtobuslarda qariyaga joy bermaydigan yoshlarni tarbiyalayotgan bo'lsak, ertaga o'z ota-onasini qariyalar uyiga topshiradigan, oila degan muqaddas dargohni shunchaki o'yinchoq deb biladigan jamiyatni qo'limiz bilan qurayotgan bo'lamiz.
Zamonaviy bo'lish — milliy o'zlikdan, andishadan va sadoqatdan voz kechish degani emas. Taraqqiyot sari odimlar ekanmiz, cho'ntagimizdagi eng so'nggi rusumdagi telefonlar qalbimizdagi insoniylik va milliy qadriyatlarimizni yutib yuborishiga yo'l qo'ymasligimiz lozim.
Feruza HUSNIDDINOVA,
O'zbekiston Milliy universiteti talabasi.
Vobkentning sehrli go'shasi
Ona suti ila qalbga jo bo'luvchi muqaddas muhabbat bitta. Bu ham bo'lsa Vatan tuyg'usidir. Kichikligida ona bag'ridan joy olgan inson yillar davomida qanday qilib ona tuprog'ining bir bo'lagiga aylanganini, mana shu zaminning ko'ksidan joy olganini sezmay ham qolarkan.
Har bir insonning o'z muqaddas maskani bo'lganidek, mening ham jonajon va tarixning tirik sahifalarini o'zida saqlab kelayotgan go'sham bor. Bu — o'zbek xalqining shakllanishida muhim o'ringa ega bo'lgan, bugun esa zamonaviy qiyofa kasb etayotgan qutlug' Qatag'on qishlog'imdir.
Tarixiy manbalarga ko'ra, qadimiy turkiy-mo'g'ul ildizlariga ega bo'lgan qatag'onlar deb ataluvchi qabilalar Dashti Qipchoq bag'ridan kelib, Buxoro vohasining Vobkent deb ataluvchi serunum, barakali yerlarini makon tutib, yashay boshlaganlar. Dastlab chorvachilik va erkin hayotni xush ko'ruvchi bu mard urug' vakillari keyinchalik qo'rg'onlar va ulkan uylar qurib, vaqt o'tishi bilan fayzli Qatag'on qishlog'iga aylangan maskan barpo etishgan. Qishloqning qadimiy ildizlaridan so'zlovchi eng ulug'vor guvoh — bu hududdagi mashhur Qalandartepa arxeologik yodgorligidir. Tarixi o'rta asrlarga borib taqaladigan tepalik shunchaki tuproq uyumi emas, balki bag'rida bir-biridan qiziqarli sir-asrorni yashirgan tirik muzey hamda hozirda yosh avlod uchun faxr tuyg'usini beradigan go'shadir.
Bugun Qatag'on qishlog'i butunlay yangicha qiyofaga ega bo'lgan, tonglarida tandirda yopilgan issiq non hidi ufuradigan, ko'chalarida sho'x-shodon yosh bolalarning shirin kulgisi yangraydigan, qariyalarning o'zgacha askiyalari hukmron bo'lgan va yosh avlodning kelajak sari, mustaqil hayot uchun tashlayotgan qadamlari e'tibordan chetda qolmaydigan fayzli va huzurbaxsh manzilga aylangan.
Inson o'z tuprog'idan uzoqda bo'lsagina, uning qadrini anglar ekan. Hozir Toshkentning shovqinli ko'chalarida o'z maskanini qo'msayotgan talabalar bisyor. Qushlarning sayroqi ovozi, yo'l chetida qator tizilishib turgan, meni ko'rishi bilan qaddini egib salom beruvchi daraxtlar, bir-biriga navbat bermay, quvalashayotgan sho'x soy jilg'alari…
Kutinglar, sizlar sog'ingan va sizni sog'ingan o'sha sho'x farzandlaringiz bag'ringizga oshiqmoqda…
Shahrizoda ShAMSIDDINOVA,
O'zbekiston Milliy
universiteti talabasi.
