Voha cho'llaridan zamonaviy taraqqiyot sari
Bugun Yangi O'zbekiston zamini global yangilanishlar va strategik islohotlarning ulkan maydoniga aylandi. Mamlakat hayotining barcha jabhalarida yuz berayotgan keng ko'lamli o'zgarishlar, avvalo, inson qadrini yuksaltirish, aholi farovonligini ta'minlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish va iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Iqtisodiyot tarmoqlarini kengaytirish, hududlarning ichki imkoniyatlarini to'liq safarbar etish hamda aholi farovonligini izchil yuksaltirish davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Bu vazifalarni amalga oshirishda esa har bir hududning o'ziga xos imkoniyatlarini chuqur o'rganish, mavjud muammolarni manzilli hal etish va yangi taraqqiyot nuqtalarini aniqlash muhim o'rin tutadi. Zero, mamlakatning umumiy taraqqiyoti hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati qay darajada samarali ishga solinayotgani bilan chambarchas bog'liq. Shu ma'noda, har bir viloyat va tumanning o'ziga xos “o'sish nuqtalari”ni aniqlash, ularni harakatga keltiruvchi kuchli huquqiy-iqtisodiy mexanizmlarni yaratish bugungi islohotlarning muhim yo'nalishlaridan biridir.
Ana shunday ulkan salohiyatga ega hududlardan biri — Qashqadaryo viloyatidir. Boy tabiiy resurslari, qadimiy dehqonchilik an'analari, qulay ishbilarmonlik muhiti, mehnatkash xalqi va eng muhimi, beqiyos inson kapitali bilan ajralib turadigan bu voha mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o'rin egallaydi.
Qashqadaryo deganda, avvalo, fidoyi insonlar, ulkan iqtisodiy imkoniyatlar, rivojlangan sanoat va qishloq xo'jaligi, erkin tadbirkorlik muhiti ko'z oldimizga keladi. Ayni damda vohaning ana shu ko'p qirrali salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish, mavjud imkoniyatlarni zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish va har bir fuqaro hayotida real o'zgarishlarni ta'minlash yo'lida tarixiy burilish pallasi kechmoqda.
Ayniqsa, hududda iqtisodiy o'sishni ta'minlash bilan bir qatorda aholi bandligini oshirish, yangi ish o'rinlari yaratish, kambag'allikni qisqartirish, infratuzilmani yaxshilash, qishloq xo'jaligida samaradorlikni oshirish hamda yoshlarni zamonaviy kasblarga o'qitish kabi yo'nalishlarning o'zaro uyg'un holda olib borilayotgani e'tiborga molik. Bu jarayonlarning barchasi yagona maqsadga — Qashqadaryoni zamonaviy, raqobatbardosh, investitsiyalar uchun jozibador hamda aholi uchun munosib yashash va mehnat qilish sharoitlari yaratilgan hududga aylantirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 13 martida davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan PQ–96-sonli qaror Qashqadaryo viloyati rivojida yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Qaror doirasida viloyatni rivojlantirish uchun 1,4 trillion so'm mablag' ajratildi. Bu raqamning o'zi hudud oldiga qo'yilgan vazifalarning ko'lami va ahamiyatini yaqqol ko'rsatib turibdi.
Shu bilan birga, viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun investitsiyalar hajmini 3,5 milliard dollarga, eksportni esa 727 million AQSh dollariga yetkazish kabi aniq marralar belgilab berilgan.
Bu raqamlar shunchaki iqtisodiy ko'rsatkichlar emas. Ularning ortida yangi ishlab chiqarish korxonalari, qo'shimcha ish o'rinlari, aholi daromadlarining ortishi, ilg'or texnologiyalar, eksportbop mahsulotlar va hududning xalqaro iqtisodiy aloqalarini kengaytirishdek ulkan vazifalar mujassam.
Yangi avtomobil yo'llarining qurilishi va rekonstruksiya qilinishi, Qamashi tumanida “Yangi O'zbekiston” massivining barpo etilishi, ichimlik va oqova suv tarmoqlarining kengaytirilishi, elektr tarmoqlarining modernizatsiya qilinishi hamda yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi natijasida yuz minglab aholining turmush sharoitini yaxshilash ko'zda tutilgan.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan ishlar bir-biridan ayri loyihalar emas, balki yagona taraqqiyot zanjirining uzviy bo'g'inlaridir.
Ma'lumki, Qashqadaryoning iqtisodiy salohiyatini oshirishda qishloq xo'jaligi alohida o'rin tutadi. Vohaning yer-suv resurslari, boy dehqonchilik an'analari va mehnat salohiyati ushbu sohani rivojlantirish uchun katta imkoniyatdir. Shu bois bu borada ham mutlaqo yangi yondashuvlar asosida ish olib borilmoqda. Asosiy e'tibor yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda agrar ishlab chiqarishning barqarorligini ta'minlashga qaratilgan. Yerlarni qayta qishloq xo'jaligi aylanmasiga kiritish, suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish, “Aqlli quduqlar” platformasini ishga tushirish, “Agrostar” tizimini tashkil qilish, chorvachilik va ozuqa yetishtirishni rivojlantirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash kabi chora-tadbirlar vohaning agrar salohiyatini yuksaltirishning asosiy dastaklari sifatida belgilab olingan.
Ammo bugun qishloq xo'jaligiga faqat an'anaviy ishlab chiqarish tarmog'i sifatida qarash yetarli emas. Zamonaviy agrar siyosatda yer, suv, texnika, ilm-fan, raqamli texnologiya va inson omilini bir butun tizim sifatida ko'rish talab etilmoqda. Shu jihatdan, suv tejovchi texnologiyalar va “Aqlli quduqlar” platformasining ishga tushirilishi resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qilishi shubhasiz. Bu esa nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar manfaati ham hisobga olinayotganidan darak beradi.
Islohotlarning yana bir muhim jihati inson kapitaliga bo'lgan e'tiborning kuchaytirilayotganidadir. Darhaqiqat, har qanday iqtisodiy dasturning muvaffaqiyati, avvalo, uni amalga oshiradigan insonlarga bog'liq. Zamonaviy korxonalarni barpo etish, yangi texnologiyalarni o'zlashtirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun bilimli, kasb-hunarli va tashabbuskor kadrlar zarur. Shu ma'noda, Qashqadaryoda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar iqtisodiy islohotlar markazida turibdi.
Viloyatda maktabgacha ta'lim qamrovini 80 foizdan oshirish, 18 mingdan ziyod xotin-qiz uchun daromad manbaini yaratish, Germaniya bilan hamkorlikda yoshlarni xorijiy til va kasblarga o'qitish, 50 ming nafar fuqaroni Yevropa davlatlarida mehnat faoliyatiga tayyorlash kabi vazifalar belgilab olingan. Zero, bu raqamlar ortida minglab insonlarning taqdiri, oilalar farovonligi va yoshlarning kelajak rejalari mujassam.
Ayniqsa, xotin-qizlar uchun daromad manbalarining yaratilishi oila farovonligiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Yoshlarni zamonaviy kasblarga o'qitish esa ularning nafaqat ichki, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh bo'lishi uchun mustahkam zamin yaratadi. Shu bois viloyat mutasaddilari bu masalaga alohida e'tibor qaratishmoqda.
Inson kapitaliga sarmoya kiritishning eng katta samarasi shundaki, uning natijasi bir kunlik yoki bir yillik ko'rsatkich bilan cheklanmaydi. Bilim va kasb egallagan inson keyinchalik yangi imkoniyatlarni o'zi yaratadi, oilasi va jamiyati taraqqiyotiga munosib hissa qo'shadi. Bu tashabbuslar, avvalo, aholi, ayniqsa, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning zamonaviy kasblarni egallashi va munosib daromad topishi uchun keng sharoit yaratadi.
Jumladan, “Qashqadaryo erkin iqtisodiy zonasi” hududida qiymati 195 mln dollarlik 26 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Har bir yangi loyiha — yangi ishlab chiqarish quvvati, yangi texnologiya va eng muhimi, yangi ish o'rinlari demakdir. Bu esa aholi bandligini ta'minlash, daromadlarni oshirish va hududning iqtisodiy faolligini kuchaytirishda muhim omil bo'lmoqda.
Masalan, “Sulton teks grupp” MChJ tomonidan qiymati 120 mln dollar bo'lgan, 3500 ta ish o'rni yaratadigan, O'zbekistonda yagona hisoblangan suvni isrof qilmaydigan mato, tayyor kiyim-kechak va gigienik vositalar ishlab chiqarish loyihasini yo'lga qo'yish jarayoni kechmoqda. Mazkur loyihaning ahamiyati nafaqat uning hajmida, balki ishlab chiqarish yo'nalishining zamonaviyligida ham namoyon bo'ladi.
Shuningdek, “Muborak” innovatsion sanoat zonasi va “Qarshi” yashil texnologiyalar sanoat zonasida 2026-2027 yillarda umumiy qiymati 1,1 mlrd dollardan ziyod 36 ta loyihani amalga oshirish hamda qariyb 6 mingta ish o'rni yaratish rejalashtirilgan. Bu loyihalarning amalga oshirilishi hudud sanoat salohiyatini oshirish bilan birga, mahalliy aholi uchun yangi mehnat imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bugun dunyo mehnat bozorida kasb va malakaga bo'lgan talab ortgan. Shu bois yoshlarni zamonaviy kasblarga o'qitish, xorijiy tillarni o'rgatish va ularni xalqaro mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash dolzarb vazifaga aylandi. Qashqadaryoda ham bu borada muhim qadamlar tashlanmoqda. Aniqrog'i, xalqaro mehnat bozori uchun kasbiy tayyorgarlik yo'nalishida Germaniya bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi. Rejaga ko'ra, 2026 yilda 3 ming, 2027 yilda 5 ming nafar yoshni talab yuqori bo'lgan kasblarga o'qitib, tartibli mehnat migratsiyasi asosida ishga yo'naltirish ko'zda tutilgan. Ushbu maqsadda Qarshi shahrida Ta'lim va texnologiyalar markazi ochildi. Markaz yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash, ularning xorijiy tillarni o'rganishi va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishi uchun muhim maydon vazifasini o'taydi.
Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning barchasini bir nuqtada birlashtiruvchi asosiy maqsad — inson manfaatidir. Axir yangi yo'llar manzilga tez va qulay yetib borish uchun xizmat qiladi. Yaxshilangan ichimlik va oqova suv tarmoqlari aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratadi. Modernizatsiya qilingan elektr tarmoqlari xonadonlar va ishlab chiqarish ob'yektlarining barqaror faoliyatiga zamin bo'ladi. Yangi sanoat korxonalari ish o'rinlarini yaratadi, investitsiya loyihalari iqtisodiy faollikni oshiradi.
Demak, iqtisodiy o'sish va ijtimoiy farovonlik bir-biridan ayri tushunchalar emas. Aksincha, ular bir-birini to'ldirib, yagona taraqqiyot jarayonini shakllantiradi.
Qashqadaryoda bugun amalga oshirilayotgan o'zgarishlar ana shu yaxlit yondashuv asosida yo'lga qo'yilmoqda. Prezidentimizning ushbu tarixiy qarori shunchaki nazariy rejalar majmui emas, balki Qashqadaryoning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini tubdan o'zgartirishga qaratilgan mukammal va hayotiy dasturdir. Ushbu hujjat vohaning strategik salohiyatini harakatga keltiruvchi kuchli lokomotiv vazifasini bajarmoqda. Chunki bugun belgilanayotgan har bir vazifa aniq maqsad va natijaga yo'naltirilgan.
Bir tomonda ulkan investitsiya loyihalari, yangi ishlab chiqarish korxonalari va zamonaviy sanoat zonalari barpo etilayotgan bo'lsa, ikkinchi tomonda inson kapitaliga, ta'limga, kasb-hunarga va yoshlarning kelajagiga e'tibor kuchaytirilmoqda.
Albatta, vohaning boy tabiiy resurslari va iqtisodiy imkoniyatlari inson kapitali bilan uyg'unlashgan taqdirdagina barqaror taraqqiyotga erishish mumkin. Shu bois ta'lim, kasb-hunar, xorijiy tillar, zamonaviy texnologiyalar va yoshlar tashabbuskorligini qo'llab-quvvatlash masalalari iqtisodiy vazifalar bilan bir qatorda turgani bejiz emas.
Ayniqsa, yoshlarga berilayotgan e'tibor vohaning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun g'oyatda muhim. Chunki bugun bilim va kasb egallayotgan yoshlar ertaga yangi korxonalarni boshqaradi, yangi mahsulotlar yaratadi, innovatsion g'oyalarni amalga oshiradi va yangi ish o'rinlarini tashkil etadi. Shu ma'noda, Qashqadaryoning bugungi taraqqiyot strategiyasi faqat bugungi kun ehtiyojlarini emas, balki ertangi avlod manfaatlarini ham qamrab olgan.
Saidvafo BOBOYEV,
yozuvchi.
