Shukronalik yangi ne'matlarning eshigini ochadi

Inson umrida shunday kalit borki, u hech qanday temirdan yasalmagan. Uning tovushi, rangi yo'q. Ammo u ochmaydigan eshik ham yo'q. Bu kalitning nomi — shukronalik.

Ko'pchilik ne'mat kelsa, shukur qilaman, deb o'ylaydi.

Men esa hayotdan boshqacharoq bir haqiqatni o'rgandim.

Avval shukur keladi, keyin ne'mat. Chunki shukronalik — ne'matning tongidir.

Men umrim davomida boylikning ham, kamchilikning ham, shodlikning ham, dardning ham ostidan o'tdim. Har safar hayot menga bir haqiqatni qayta-qayta o'rgatdi: nolib yashagan insonning ko'zida hatto quyosh ham sham bo'lib ko'rinadi.

Shukur bilan yashagan inson esa bitta yulduzdan ham osmon topadi.

Shukronalik — qalbni boyitadi.

Qalb boyigan joyga esa Yaratgan yangi ne'matlarni yuborishdan ayamaydi.

Chunki bo'sh idish emas, minnatdor qalb barakani sig'dira oladi.

Ba'zan men daraxtlarga uzoq tikilib qolaman. Ular hech qachon mevasi yoki ildizi bilan maqtanmaydi. Ular faqat osmonga qarab o'sadi.

Shukronalik ham xuddi shunday. U insonning nigohini yerdan osmonga ko'taradi.

Menimcha, xalqlarning taqdiri ham bir inson taqdiridan farq qilmaydi.

Ne'matning qadriga yetgan millatninggina kelajagi yorug' bo'ladi. Shukronalikni qalbiga joylagan yurtning farzandlari umid bilan yashaydi.

Shu ma'noda mustaqillik ham bizga berilgan eng ulug' ne'matlardan biridir.

Unga shukur qilish — uni ilm bilan asrash, mehnat bilan mustahkamlash, vijdon bilan himoya qilish, sevgi bilan bezashdir.

Shukronalik — har kuni yaxshiroq inson bo'lishga intilish, har kuni bir ezgu ish qilishdir.

Har kuni Vatanga, odamlarga va Yaratganga bo'lgan muhabbatni amal bilan isbotlashdir.

 

To'zon bo'lib to'zmasdan hayot,

Uvoliga qolmasdan vaqtning,

Behudaga sotmay safsata,

Nimadir qil, yayrasin ko'ngling.

 

Toshmasidan sabr daryosi,

To'lqin kabi ketmasdan kuning,

O'zanini buzmasdan bardosh,

Nimadir qil, yayrasin ko'ngling.

 

Yoqasini yirtmasdan dunyo,

To'zmasidan umiding-to'ning.

Libos kiydir yupun umringga,

Nimadir qil, yayrasin ko'ngling.

 

Xarxashadan chiqar boshingni,

Tashvishlardan bo'shasin qo'ling.

Yuragingni ezmasin armon,

Nimadir qil, yayrasin ko'ngling.

 

Yana ming yil yashaging kelsa,

Yana qaytsang, shu bo'lsa yo'ling.

O'lmay desang o'lmasdan avval,

Nimadir qil, yayrasin ko'ngling.

 

Men bugun hayotga ortiqcha talablarsiz, shukur bilan qaraydigan bo'ldim. Chunki kecha orzu bo'lgan narsalar bugun hayotimni to'ldirib turibdi. Kecha men izlagan nur, aslida, shukronalikning o'zi ekan.

Shukur aytgan yurak hech qachon qashshoq bo'lmaydi. Chunki uning eng katta boyligi — qanoat. Eng katta qudrati — umid.

Eng katta davlati esa elning e'tirofi, mehri ekan.

Bugun men hayotimga, Vatanimga, xalqimga, menga ishongan insonlarga va har bir yangi tongga qarab yana bir bor aytaman: Shukur… shukur!

Shukronalik — yangi ne'matlarning eshigini ochadi.

…Yaratganning ne'matlari esa ba'zan insonga rizq bo'lib keladi.

Ba'zan ilm bo'lib, ba'zan tinchlik bo'lib keladi.

Ba'zan esa xalq taqdiriga rahnamolik qiladigan zakovatli insonlar timsolida keladi.

Xalqning yo'lini yoritadigan aql ham ne'mat.

Millatni bir maqsad atrofida birlashtira oladigan iroda ham ne'mat.

Yurtni boshqarish salohiyati ham ne'mat.

Ertangi kunni kechagidan nurliroq qilish uchun tinmay izlanadigan tafakkur ham ne'mat.

Biz yurtimiz taraqqiyoti yo'lida xizmat qilayotgan insonlarning sa'y-harakatini ham qadrlay bilishimiz kerak.

Ba'zan mingta yaxshiliklar ichida birgina kichik nuqsonni topib olib, o'sha yerda to'xtab qolgan noshukurlarni ko'rib, shunday deging keladi:

 

Yomonlik izlamang, yomonlik topmang,

Quyoshli yuziga bulutlar yopmang,

U hukmi Xudodir, gunohga botmang,

Yuzi kulib turgan odamning,

Yuzi kulib turgan odamning.

 

Bir nigoh tashlasa, chamanlar ungay,

Xo'mraygan qoyalar, xarsanglar kulgay,

Toshqinlar tingaydir, to'lqinlar tingay,

Ko'zi kulib turgan odamning,

Ko'zi kulib turgan odamning.

 

Eng oliy maqom-ku lafzi halollik,

Dushmani do'st bo'lar, qo'rqqay yomonlik,

Har bir jon, har bir ruh topgay omonlik,

So'zi kulib turgan odamning,

So'zi kulib turgan odamning.

 

Karvon xatar bilmas mard bo'lsa sarbon,

Bezavol yurt borar, kutib ol, jahon,

Ortidan yetib ko'r, ey, tanbal zamon,

Izi kulib turgan odamning,

Izi kulib turgan odamning.

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar, bunyodkorlik va islohotlar millionlab vatandoshlarimizning mehnati bilan bir qatorda, Prezidentimizning tashabbusi, zakovati va siyosiy irodasi bilan ham chambarchas bog'liq.

Uning nigohi, uning o'y-xayollari, shijoatlari siz bilan biznikidan juda katta farq qilishini tushunib yetish vaqti keldi. Chunki keyingi o'n yillikda Yangi O'zbekiston buni allaqachon isbotlab bo'ldi.

Shukronalikning ma'nosi ham ana shunda. U nafaqat ne'matni tan olish, balki uning qadriga yetishdir.

Men bugun yuragimdagi eng samimiy tuyg'u bilan aytaman:

Yangi O'zbekiston — shukronalik evaziga qurilayotgan yurt.

Uning bunyodkor xalqiga tasanno! Uning ezgu orzulariga tasanno!

Uning kelajagi uchun mas'uliyatni zimmasiga olgan fidoyi insonlarga, elboshisiga tasanno!

 

Qara, uni Tangri sevyapti,

Aytganlari aytganday bo'lar.

Bir qarashdan qasrlar paydo,

Bir nigohdan yo'llar to'shalar.

 

Uni agar qo'llamasa Haq,

Bo'larmidi boshimizga toj.

Rizq daryosin to'g'onin ochar,

Bahra olar chor, nochor, muhtoj.

 

Sevib tursa Ilohning o'zi,

Qanday yaxshi ko'rmay bo'ladi?!

Yurtboshi uchun shukrona aytsang,

Ikki dunyong nurga to'ladi.

Farida AFRO'Z

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + sixteen =