Yillarga tatigulik damlar
shu yilning 7-9 iyul kunlari iste'dodli yosh ijodkorlarning an'anaviy Zomin seminari bo'lib o'tdi
Bog'bondan so'rasam bu jannat nomin,
Deydi lo'nda qilib: “Zomin bu, Zomin”.
Abdulla ORIPOV,
O'zbekiston Qahramoni,
O'zbekiston xalq shoiri
…Ortga qaytmoqdamiz. Borliq allaqachon sokin tun quchog'iga singib ketgan. Avtobus shiftidagi mayda chiroqlar qorong'ilik bag'rida xuddi yulduzlardek miltillaydi. Har kim o'z olamiga g'arq bo'lgan. Orqa o'rindiqlarda kimdir endigina qog'ozga tushgan qoralamasini hamrohiga o'qib bermoqda. Oldinroqda esa bir guruh yoshlar past ovozda yangrayotgan musiqa jo'rligida allaqanday o'yin bilan band. Men boshimni o'rindiqqa suyab, kun davomida kechgan uchrashuvlar, aytilgan fikrlar va eshitilgan she'rlarni xayolimdan bir-bir o'tkazaman. Yonimdagi sherigim allaqachon quloqchinda yangrayotgan musiqa og'ushida o'z dunyosiga sho'ng'ib ulgurgan. Kimdir charchoqdan mudraydi, yana kimdir telefon ekranida yangi hikoya yoki she'rning navbatdagi satrlarini qoralamoqda.
Darhaqiqat, har bir ijodkorning qalbida ilhom uyg'onadigan, fikri charxlanadigan va so'zga bo'lgan muhabbati yanada mustahkamlanadigan maskanlar bo'ladi. Ana shunday manzillardan biri — Zomin. Yillar davomida respublika yosh ijodkorlari uchun chin ma'nodagi ijod maktabiga aylangan Zomin seminari bu yil ham yuzlab iste'dodli yoshlarni bir maqsad — adabiyot va ijod atrofida birlashtirdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan respublika yosh ijodkorlarining an'anaviy Zomin seminari bugun nafaqat adabiy anjuman, balki ustoz va shogirdni, tajriba va izlanishni, ilhom va mas'uliyatni bog'lovchi muhim ijodiy maydonga aylandi. Seminar iste'dodlarni kashf etish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va o'zbek adabiyotining munosib davomchilarini tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi yosh ijodkorlar anjumani 7-9 iyul kunlari Zomindagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tasarrufidagi “Zomin” sihatgohida tashkil etildi. Musaffo havo, betakror tabiat va osoyishta muhit yosh qalamkashlar uchun go'yo ilhom manbaiga aylandi. Turli hududlardan kelgan ijodkorlar bu yerda nafaqat yangi bilim oldilar, balki o'zaro tajriba almashish, yangi do'stlar orttirish va ijodiy qarashlarini boyitish imkoniga ega bo'lishdi. Bu yilgi seminar yana bir muhim jihati bilan e'tiborga sazovor bo'ldi. Ilk bor “Vatandoshlar” jamoat fondi ko'magida xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan o'zbek ijodkorlari ham taklif etildi. Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan yosh qalamkashlarning ishtiroki adabiy muloqotlar ko'lamini yanada kengaytirib, o'zbek adabiyoti dunyo bo'ylab yashayotgan ijodkorlarni birlashtiruvchi ma'naviy kuch ekanini namoyon etdi. Ularning ijodiy qarashlari, hayotiy tajribalari va adabiyot haqidagi mushohadalari seminar ishtirokchilari uchun yangi fikr va taassurotlar manbai bo'ldi.
Seminar an'anaga muvofiq Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo'yish marosimi bilan boshlandi. Bu ramziy tadbir milliy adabiyotimizga bo'lgan hurmat va ehtiromning yorqin ifodasi bo'ldi. Shundan so'ng ishtirokchilar Zomin sari yo'l olib, seminarning tantanali ochilish marosimida mamlakatimizning taniqli adiblari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan uchrashdilar. Zomin oqshomidagi kechki mushoira esa seminarning eng samimiy va unutilmas lahzalaridan biriga aylandi.
Seminarning birinchi kunida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid yosh ijodkorlarni anjuman bilan qutladi. Bu qutlug' tashabbus Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning adabiyotga katta e'tibori bois amalga oshirilayotgani alohida ta'kidlandi. Ushbu anjumanni o'tkazishda ko'mak berayotgan mamlakatimizdagi yirik sanoat korxonalaridan biri “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ga, Jizzax viloyati va Zomin tumani hokimligi, respublika Xalq banki singari tashkilot va idoralar mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi.
Seminarning ikkinchi kuni esa mazmunan yanada boy dasturlar bilan davom etdi. Sho''ba mashg'ulotlarida ishtirokchilar she'riyat, nasr, dramaturgiya, bolalar adabiyoti, badiiy tarjima, publitsistika hamda adabiy tanqid yo'nalishlari bo'yicha tajribali ustozlardan saboq oldilar. Har bir yo'nalishda asarlar tahlil qilinib, yosh ijodkorlarga amaliy tavsiyalar berildi. Yosh ijodkorlarning asarlari yurtimiz adabiyotining taniqli namoyandalari tomonidan sinchkovlik bilan ko'rib chiqildi. Hakamlar hay'atidan O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, O'zbekiston xalq shoirlari Mahmud Toir, Xosiyat Bobomurodova, Qoraqalpog'iston xalq shoiri Rustam Musurmon, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o'rinbosari Minhojiddin Mirzo, Uyushma raisi o'rinbosarlari Farida Afro'z, G'ayrat Majid, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Do'stmuhammad, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining hududiy bo'lim rahbarlari va Uyushmaning mas'ul vakillaridan Mehribon Abdurahmonova, Noriniso Qosimova, Xurshida Qo'chqorova, Gavhar Ibodullayeva, Toshpo'lat Tugalov, G'ulom Abdiyev, Shodmon Sulaymonov, Bahriddin Sadriddinov, Mengnor Ollamurod, Dilshoda Ergasheva, Ma'mura Zohidova, Yahyobek Fayozov, Nargiza Asadova, Fozil Jabborov singari taniqli ijodkorlar o'rin oldilar.
Shuningdek, Sirojiddin Rauf, Salim Ashur, Nurboy Jabborov, Tohir Qahhor, Dilshod Rajab, Muhiddin Omon, Ziyovuddin Mansur, Feruza Adilova, Abdurasul Jumaqul, Orziqul Ergash, Nurilla Chori, Shoira Shams kabi taniqli ijodkorlar ham yoshlarning har bir ijodiy namunalarini e'tibor bilan ko'zdan kechirib, fikr-mulohazalarini samimiy tarzda bildirdilar.
Ba'zan birgina jumla ustidagi muhokama ham butun asarga yangicha nigoh bilan qarashga undardi. Eng muhimi, muhit erkin, samimiy va ijodiy ruhda kechdi. Ustozlar va shogirdlar bir davrada fikr almashib, bahs va mushohadalar orqali har bir ishtirokchi o'z ijodini boyitish imkoniga ega bo'ldi. Shu ma'noda, Zomin seminari imtihon maydoni emas, balki haqiqiy ijodiy muloqot makoni ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Yosh ijodkorlarning adabiyot anjumanida Jizzax viloyati hokimi Ulug'bek Mustafoyev ham qatnashib, ijod ahlini ushbu anjuman bilan muborakbod etdi. Zomin seminarining yosh iqtidorlarni kashf etishdagi o'rni xususida so'z yuritdi.
Anjumanga O'zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning tashrif buyurgani va adib ishtirokidagi mahorat darsi seminar ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Yozuvchi badiiy ijodning nozik jihatlari, asar ustida ishlash madaniyati, ijodkorning jamiyat oldidagi burchi haqida samimiy fikrlarini bildirdi. Atoqli adib o'zining “Ishonch telefoni” kitobidan ayrim hikoyalarni o'qib berib, badiiy asarning hayotiy kuzatuv va inson ruhiyatini chuqur anglash asosida yaratilishini misollar orqali tushuntirdi. Mahorat darsi qizg'in savol-javoblarga ulanib ketdi. Yosh ijodkorlar va ustozlar adibdan davlat xizmatidagi mas'uliyatli faoliyati, Prezidentimiz huzuridagi muhim vazifalar bilan bir qatorda ijod qilishga qanday vaqt topishi, yozuvchi sifatida o'z ustida ishlash jarayoni hamda yaxshi ijodkor bo'lish uchun nimalarga e'tibor qaratish lozimligi haqida savollar berdilar. Xayriddin Sulton esa yozuvchi uchun faqatgina iste'dodning o'zi kifoya emasligini, chinakam ijod muttasil mutolaa, hayotni teran kuzatish, uzluksiz izlanish va eng avvalo xalq oldidagi mas'uliyatni chuqur his etish bilan kamol topishini alohida ta'kidladi. Yozuvchining har bir javobi yosh qalamkashlar uchun ijodiy saboq, hayotiy tajriba va katta maktab vazifasini o'tashi aniq. Zero, sevimli yozuvchimizning asarlarini o'qimagan yosh ijodkorlar bo'lmasa kerak. Dastur doirasida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining “So'z” loyihasi ijodkorlari tomonidan adibning “Yaldo kechasi” asari asosidagi sahnaviy chiqish namoyish etildi. Unda ijod va ekran san'ati uyg'unligi yana bir bor namoyon bo'ldi.
Seminarning yopilish marosimida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O'zbekiston xalq yozuvchisi Kengesboy Karimov, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodir Jonuzoq, Jizzax viloyat hokimining o'rinbosari Dilmurod Xudoyshukurov singari ustozlar yosh ijodkorlarni samimiy tabriklab, mamlakatimizda adabiyot va ijod ahliga qaratilayotgan e'tibor, an'anaviy Zomin seminarining yosh iste'dodlarni tarbiyalashdagi o'rni haqida fikr bildirdilar. Faol ishtirok etgan yosh ijodkorlarga faxriy yorliq, statuetka va qimmatbaho sovg'alar, pul mukofotlari topshirildi. Bu e'tirof ular uchun yangi marralar sari dadil qadam tashlashga undovchi ishonch va ilhom ramzi bo'ldi. Seminar yakunida esa ishtirokchilar uchun Jizzax viloyatining so'lim maskanlari bo'ylab sayohat uyushtirildi. Xususan, tabiat mo''jizasi – Aydarko'lga borgan ishtirokchilar yangi taassurotlar va unutilmas xotiralar bilan qaytishdi.
Seminar yakunlandi. Zominda uch kun davom etgan zavqli onlar ijodkor yoshlar qalbiga uzoq yillarga tatigulik unutilmas hayajonlarni baxsh etdi.
Farangiz ABRUYEVA,
respublika yosh ijodkorlarining an'anaviy Zomin seminari ishtirokchisi.
