“Ustoz AI” – zamonaviy kasblar maydoni

Bir paytlar kasb tanlashda “Qaysi sohada ish va imkoniyat ko'p?” degan savolning o'zi yetarli edi. Bugun esa uning yoniga yana biri qo'shildi: “Bu kasb besh yildan keyin qanday ko'rinishda bo'ladi?” Texnologiyalar mehnat bozorini jadal o'zgartirayotgan ekan, kecha qo'shimcha ustunlik sanalgan ko'nikma bugun zarur talabga aylanmoqda. Shu bois bugun gap faqat kasb tanlashda emas, balki o'zgarishga moslasha oladigan mutaxassis bo'lishdadir.

Yoshlar hayotiga nazar tashlasak, kimdir kitob izlaydi, kimdir xorijiy til o'rganadi, yana kimdir biznes boshlash yoki zamonaviy kasb egallashga urinadi. Bu ehtiyojlarning shakli turlicha, ammo zamiridagi savol bir: o'zgarayotgan dunyoda o'z o'rnimni qanday topaman?

Yoshlar ishlari agentligi tizimida keyingi yillarda shakllangan loyihalar ham aynan shu savolga javob izlashga qaratilgan. “Mutolaa” — kitobxonlikni yangi avlodning kundalik hayotiga yaqinlashtirishga, “Ibrat farzandlari” — xorijiy tillarni o'rganish imkoniyatlarini kengaytirishga, “UzCombinator” — yoshlarning startap g'oyalarini biznesga aylantirishiga yo'l ochishga xizmat qilmoqda. “Ustoz AI” esa yoshlarning zamonaviy kasblar va amaliy ko'nikmalarga bo'lgan ehtiyojiga javob beradigan raqamli ta'lim loyihasi sifatida maydonga chiqdi.

Bu loyihalarga shunchaki alohida tashabbuslar deb qarash qiyin. Chunki ularning ortida O'zbekistonning demografik manzarasi va mehnat bozoridagi o'zgarishlar turibdi. Oliy ta'lim imkoniyatlarining kengayishi tabiiy ravishda mehnat bozoriga kirib kelayotgan malakali yoshlar sonining ham ortishini anglatadi. Shu sababli ta'lim tizimi oldidagi navbatdagi vazifa — yoshlarga nafaqat diplom berish, balki ularni mehnat bozorining o'zgaruvchan talablariga tayyorlashdan iborat.

Endilikda ish beruvchi ko'pincha bitta yo'nalishni emas, bir nechta ko'nikmani o'zlashtirgan kadrni ishga olishga intilmoqda. Xususan, bugungi kun talabi — jurnalist maqola yozish bilan birga video tayyorlashi, ma'lumotni tahlil qilishi va raqamli platformalarda ishlashni ham bilishi lozim. Marketolog auditoriyani tushunish bilan birga analitika va sun'iy intellekt vositalaridan foydalana olishi kerak. Dizayner grafik dasturlarni bilish bilan cheklanmay, yangi texnologiyalarni o'zlashtirib borishi zarur. Tadbirkor uchun esa mahsulot yaratishning o'zi kifoya emas: uni bozorga olib chiqish, mijoz topish va raqamli muhitda ishlash ham kerak. Shu sababli “zamonaviy kasb” tushunchasi ham o'zgarib bormoqda. U endi faqat dasturchi yoki IT-mutaxassisini anglatmaydi. Zamonaviy kasb — bu texnologiya va yangi mehnat usullarini o'z faoliyatiga singdira oladigan sohadir.

“Ustoz AI” aynan shu o'zgarishlar fonida paydo bo'ldi. Loyiha 2024 yilda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Uning huquqiy asosi 2024 yil 21 fevraldagi PF-37-sonli Prezident Farmoni bilan bog'liq bo'lib, loyiha yoshlarni zamonaviy kasblarga o'rgatish, zamonaviy bilim va ko'nikmalarini kengaytirish hamda bandligiga ko'maklashish maqsadida yo'lga qo'yilgan. “Ustoz AI”ning ilk bosqichida 20 ga yaqin yo'nalish bo'yicha 350 dan ortiq videodars tayyorlangan va 70 mingdan ziyod yosh undan foydalanishni boshlagan. Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa'dullayev loyiha taqdimotida yoshlarning bilimli va malakali mutaxassis bo'lib yetishishida hamda zamonaviy kasblarni egallashida bunday ta'lim imkoniyatlarining ahamiyatini ta'kidlagan edi.

Bugun platformaning mazmuni dastlabki ko'lamdan ancha kengaygan. “Ustoz AI” saytida 2000 dan ortiq videodars va 80 dan ziyod videokurs mavjud. Foydalanuvchilar soni 1,2 million kishini tashkil etadi. Kurslar “PR”, “HR”, grafik dizayn, videomontaj, mobilografiya, marketing, “no-code” dasturlash kabi yo'nalishlar bilan cheklanib qolmay, buxgalteriya, logistika, turizm, 3D printer, karyera, sun'iy intellekt va boshqa amaliy sohalarni ham qamrab oladi.

“Ustoz AI” ning imkoniyatlari faqat videodarslar bilan cheklanmaydi. Platformada kurslarni muvaffaqiyatli yakunlagan foydalanuvchilar sertifikatga ega bo'lishi, ta'lim jarayonidagi faolligi orqali esa (Coin — “tanga”) yig'ib, ularni “Ustoz AI Market” dagi turli sovg'a va imkoniyatlarga almashtirishi mumkin. “Market” da kurslar, master-klasslar, amaliyot, mutaxassislar bilan uchrashuvlar, texnika va boshqa sovrinlar taklif etiladi. Shu jihatdan platformada ta'lim, rag'bat va amaliy imkoniyatlar yagona tizimga birlashtirilgan.

Ko'plab yoshlar qaysidir kasbga qiziqadi, ammo uni qaerdan o'rganishni bilmaydi. Masalan, jurnalistika yo'nalishida o'qiyotgan talaba maqola yozishni biladi. Ammo u mobilografiya va videomontajni ham o'rganib olsa, bitta materialni matn, video va ijtimoiy tarmoq kontenti ko'rinishida taqdim eta oladi. Bu uning diplomini o'zgartirmaydi, lekin kasbiy imkoniyatlarini kengaytiradi. Yoki kichik biznes boshlamoqchi bo'lgan yoshni olaylik. Uning mahsulot yaratishga qobiliyati bor, ammo marketing, mijozlar bilan muloqot yoki brend yaratish bo'yicha tajribasi yetarli emas. Uning uchun “zamonaviy kasb” degani boshqa kasbga o'tish emas, balki o'z ishini yuritish uchun yangi ko'nikmalarni egallashdir.

“Ustoz AI”ning yo'nalishlari aynan shu nuqtada ahamiyatli: platforma faqat bitta kasbga tayyorlamaydi. U turli kasbiy yo'nalishlarni bir joyga jamlaydi. Bugungi platformada sun'iy intellektga oid kurslarning paydo bo'lishi esa mehnat bozoridagi yana bir o'zgarishni ko'rsatadi. “AI” (“Artificial Intelligence” — sun'iy intellekt) endi faqat IT (“Information Technology” — axborot texnologiyalari) sohasi vakillarining mavzusi emas. Jurnalist undan axborotni qayta ishlashda, marketolog kontent yaratishda, tadbirkor g'oyalarni ishlab chiqishda, dizayner esa vizual konsepsiyalarni sinab ko'rishda foydalanishi mumkin. “Ustoz AI” katalogida sun'iy intellekt, “AI” asosida ma'lumotlar tahlili va “AI” vositalari bilan ishlashga bag'ishlangan kurslarning paydo bo'lishi ham shu ehtiyojning ifodasidir.

Loyihaning tashkil etilishi va dastlabki shakllanish jarayonida Orian-Mehroj Rashidovning faoliyati ham alohida qayd etiladi. “Ustoz AI” loyihasi rahbari sifatida uning oldida faqat ta'lim platformasini ishga tushirish emas, balki yoshlarning zamonaviy kasblarga bo'lgan ehtiyojini raqamli formatda qamrab oladigan tizimni shakllantirish vazifasi turgan edi. Shu jarayonda ta'lim kontenti, platforma imkoniyatlari va foydalanuvchilarni o'qishga undaydigan mexanizmlarning bir tizimga keltirilishi “Ustoz AI”ning bugungi modelini shakllantirgan omillardan biri bo'ldi.

Albatta, shunchaki kursni ko'rish bilan mutaxassis bo'lib qolmaydi kishi. Videodars — bu boshlang'ich nuqta. Keyingi bosqichda amaliyot, portfolio, real loyihalar, mijozlar va mehnat tajribasi kerak. Shuning uchun “Ustoz AI”ning ham haqiqiy samarasi faqat “qancha odam kurs ko'rdi?” degan savol bilan emas, balki “qancha yosh o'rganganini real faoliyatga aylantirdi?” degan savol orqali baholanishi lozim.

Biror yosh yangi kasb o'rganib ish topadi. Boshqasi frilanserlik orqali daromad qilishni boshlaydi. Yana biri o'z biznesining marketingini o'zi boshqaradi. Talaba universitetda olgan nazariyasini amaliy ko'nikma bilan to'ldiradi. Ishlayotgan mutaxassis esa yangi texnologiyani o'z kasbiga olib kiradi. Ana shunda raqamli ta'limning ijtimoiy qiymati namoyon bo'ladi. Yoshlar ishlari agentligi loyihalarining bir-birini to'ldirishi ham shundan dalolat beradi. Kitob o'qigan yoshning dunyoqarashi kengayadi. Til bilgan yoshning axborot maydoni kengayadi. Startap muhitiga kirgan yosh g'oyasini biznesga aylantirishni o'rganadi. Kasbiy ko'nikma egallagan yosh esa bilimini mehnat bozorida qiymatga aylantirish imkoniga ega bo'ladi.

Bu jarayonning markazida, aslida, bitta tushuncha turibdi: inson kapitali. O'zbekiston kabi yoshlar soni katta mamlakat uchun inson kapitalining sifati iqtisodiy masaladir. Yoshlarning bilimli bo'lishi muhim. Ammo ularning bilimini amaliyotga qo'llay olishi undan ham muhimroq. Chunki mehnat bozori diplomlarni emas, natijalarni sotib oladi. Bugun ish beruvchi “qaysi universitetni bitirgansiz?” deb so'rashi mumkin. Ammo undan keyingi savol deyarli doim bir xil: “Nima qila olasiz?”

“Ustoz AI” kabi loyihalar bilimga olish, yangi yo'nalishni sinab ko'rish va zamonaviy ko'nikmalarni o'zlashtirish uchun qo'shimcha imkoniyat yaratadi. Bilimning manzili o'zgarib, u kitob javonidan telefonga, auditoriyadan platformaga, bir martalik ta'limdan uzluksiz o'rganishga ko'chmoqda. Ammo texnologiya qanchalik rivojlanmasin, yakuniy natijani baribir insonning o'zi yaratadi. Platforma yo'lni ko'rsatishi mumkin. Kurs bilim berishi mumkin. Texnologiya ishni tezlashtirishi mumkin. Lekin o'sha bilimni kasbga, kasbni daromadga, g'oyani natijaga aylantirish — insonning o'ziga bog'liq.

Zero, bugungi yoshlar uchun imkoniyatning mavjudligi hali natijaning o'zi emas. Muhimi — o'sha imkoniyatning bilimga, bilimning ko'nikmaga, ko'nikmaning esa real hayotdagi natijaga aylanishidir.

Farangiz ABRUYEVA,

“Hurriyat” muxbiri.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + eight =