Jamiyat taraqqiyoti tayanchi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo'llab–quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirishga shart-sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratilgan.
Davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'naviy va gumanitar sohalarni rivojlantirish bugun dolzarb ahamiyatga ega. Jamiyat manfaatlari va aholining haqiqiy ehtiyojlarini ko'zlagan, joylarda saqlanib qolayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni ro'yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlar salohiyatidan foydalanish zarur. Fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga ko'maklashish yo'lida ta'sirchan jamoatchilik nazorati o'rnatish ham ustuvor vazifalardan biridir.
Byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan ijtimoiy buyurtma berish bo'yicha tanlovlar tashkil etilayotgani, tanlovlar ustuvor ravishda inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga murosasiz muhitni shakllantirish hamda ta'lim, tibbiyot, ekologiya, qurilish, transport, kommunal xo'jaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish va boshqa sohalarning eng dolzarb muammolari yechimiga qaratilayotgani e'tiborga molik.
Fuqarolik jamiyati institutlariga tashabbusli loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini olish to'g'risida manfaatdor davlat organiga taklif kiritish huquqi berildi. Tashabbusli loyiha davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan ijobiy baholangan taqdirda, uning tashabbuskoriga davlat organining byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdorda to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzish yo'li bilan ijtimoiy buyurtma berilishi mumkin.
Har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni o'tkazib borish, uning doirasida Oliy Majlis, Adliya vazirligida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv va muloqot o'tkazish, fuqarolik jamiyati institutlarini rag'batlantirish bo'yicha tadbirlar tashkil etish, shu jumladan, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun” ko'krak nishoni bilan taqdirlash taklifining ma'qullanishi, har ikki yilda Fond tomonidan taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofotining ta'sis etilishi quvonarli holdir. Bular, tabiiyki, jamiyat taraqqiyotiga tayanch hisoblangan NNTlarni yanada ko'proq va yuksak mas'uliyat bilan ishlashga ruhlantirmoqda.
O'tgan davr mobaynida qator ibratli ishlar qilinayotganiga guvoh bo'lyapmiz. Prezident Farmoniga muvofiq, jurnalistlar o'rtasida har yili an'anaviy o'tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yo'nalishida nominatsiya tashkil etilganidan behad mamnunmiz. Bu yilgi kasb bayramimizda ilk bor mazkur yo'nalish g'olibi bo'lgan jurnalistlar taqdirlandi.
Jamoat fondida tanlov ishtirokchilarining hujjatlarini elektron platformaga yuklash orqali qabul qilish boshlanganligi ayni muddao bo'ldi. Muqaddam ariza pochta orqali yuborilar, uning yetib borgan-bormaganligidan bexabar qolardik. Haftalab, oylab kutardik yakunini. Endilikda o'sha kuniyoq qabul qilinayotgani quvonarlidir. Tanlovda shaffoflik yanada kuchayishi unda ishtirok etuvchilarning imkoniyatlari tag'in ham kengayishida muhim ahamiyat kasb etayotganligini alohida ta'kidlash joiz. Buni fondning “Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotining kushandasidir” shiori ostida targ'ibot ishlarini olib borish yo'nalishida “Korrupsiya — taraqqiyotga tahdid, umrga zavol” loyihasi bilan qatnashib, grant g'olibi bo'lganligimiz misolida yaqqol ko'rish mumkin.
G'oliblikka erishgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyat bo'limi, O'zbekiston nogironlar jamiyati Yangiqo'rg'on tuman bo'linmasi, Ravidon, Hurriyat, Bog' va Qirg'izqo'rg'on fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, “Qalb mehri” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo'llab-quvvatlash nodavlat notijorat tashkiloti loyiha rahbarlarining maqsad-intilishlari bizga hamohang.
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va fondning Namangan viloyati bo'linmasi tomonidan e'lon qilingan davlat grantlari tanlovi g'oliblariga sertifikatlar topshirish bo'yicha o'tkazilgan taqdimot marosimida Jamoat fondi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga ko'rsatilayotgan katta e'tibor uchun Prezidentimizga minnatdorchilik izhor etildi.
Darvoqe, tahririyat muqaddam “Davlat ijtimoiy dasturlarining amalga oshirilishi, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlarini mustaqil OAVda yoritishga qaratilgan loyihalarini qo'llab-quvvatlash” yo'nalishi bo'yicha tayyorlangan “Ajdodlar jasorati — avlodlarga meros”, “Jamiyatda sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish va aholi sog'lig'ini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish” mavzusidagi “Aholining ekologik va tibbiy madaniyatini yuksaltirish, yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishda OAV rolini oshirish” nominatsiyasi bo'yicha tayyorlangan “Sog'lom turmush tarzi — baxtli yashamoq farzi” deb nomlangan loyihalar bo'yicha ham ikki marta grantni qo'lga kiritgan hamda ularni muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Navbatdagi grant loyihasini ham tuman huquqni muhofaza qilish idoralari hamda keng jamoatchilik ishtirokida to'laqonli bajarish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi tabiiy.
Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining rasmiy kanali bor. Bugun viloyatda nafaqat bunday kanal, balki grant tanlovi g'oliblari uchun ham maxsus telegram guruhi faoliyat yuritmoqda. Bu orqali o'zaro tajriba ham almashib boryapmizki, ko'pchilikka ma'qul kelmoqda. Qolaversa, poytaxtdan turib, soha rahbar va yetuk mutaxassislari tomonidan g'oliblar uchun “Zoom” yig'ilishi o'tkazilgani barchamizga manfaatli bo'ldi.
Muxtasar qilib aytganda, mazkur huquqiy me'yoriy hujjat bilan fuqarolik jamiyati institutlari zimmasiga yana bir qator vazifalar yuklatilib, imtiyozlar ham berildiki, ular Yangi O'zbekistonimizning har taraflama taraqqiy etishida muhim ahamiyat kasb etishiga ishonamiz. Farmon fuqarolik jamiyati institutlarini taraqqiy ettirish, tizimni yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyat taraqqiyotiga qo'shadigan hissasini yanada kengaytirish borasida yana bir imkoniyat bo'lib xizmat qiladi.
Qosimjon AKBAROV,
Mingbuloq tumani hokimligining
“Mingbuloq” gazetasi muharriri,
grant loyihasi
rahbari.