Talabalar ishga joylashdi

“Karyera va ochiq eshiklar kuni” orqali yetti yuzdan ziyod talaba ishga joylashish uchun yo'llanma oldi
Farg'ona davlat texnika universitetida bitiruvchilar bandligini ta'minlash hamda abiturientlarni oliy ta'limga jalb qilish maqsadida “Karyera va ochiq eshiklar kuni” bo'lib o'tdi.
Tadbirda universitet rektori O'.Salomov so'nggi yillarda har bir oliy ta'lim muassasasi bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash bo'yicha alohida tizim shakllantirilayotganligiga to'xtalib o'tdi. Shuningdek, mazkur tadbir orqali talabalar, bitiruvchilar, ish beruvchilar va kadrlar agentliklari o'rtasida ochiq muloqot maydoni yaratilganini ham qayd etdi.
Mazkur tadbir ikki qismda tashkillashtirildi. Birinchi qismida “Ochiq eshiklar kuni” doirasida maktab bitiruvchilari universitetda talabalarning sifatli ta'lim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Unda Farg'ona viloyatida mavjud 70 dan ortiq umumta'lim maktabi va texnikumlarning 2 ming 300 nafardan ortiq bitiruvchilari ishtirok etishdi. Shuningdek, universitetning muhandislik ta'limi yo'nalishida tahsil oluvchi yuqori kurs talabalari mutaxassislik fanlaridan yakuniy nazorat ishlarini loyiha ko'rinishida maktab bitiruvchilari va universitet mutaxassislari ishtirokida himoya qilishdi.
Tadbirning ikkinchi qismi “Karyera kuni”ga bag'ishlanib, unda universitet bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etib, ishlashga ehtiyoji bo'lgan bir yarim mingdan ortiq talaba-yoshlar turli korxona-tashkilotlarda tashkil etiladigan suhbatda qatnashish uchun ro'yxatdan o'tkazildi.
— Universitetimizda har yili an'anaviy tarzda mehnat yarmarkasi tashkil etiladi, — dedi yengil sanoat va to'qimachilik fakulteti talabasi Madina Ma'murova. — Ushbu yarmarka biz, talabalar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu yilgi tadbirda tengdoshlarim qatorida men ham o'z mutaxassisligim bo'yicha doimiy ish o'rniga ega bo'ldim. Hozirda viloyatimizdagi yetakchi va nufuzli korxonalardan biri — “Narimtekstil” MChJda o'z soham bo'yicha ishga joylashganimdan behad mamnunman. Bu kabi amaliy imkoniyatlar biz yoshlar uchun katta rag'bat, kelajakka ishonch bag'ishlaydi.
Yarmarkaga 120 dan ortiq tashkilot, korxona va tadbirkorlik sub'yektlari jalb qilindi. Talabalarga shahar va tuman bandlikka ko'maklashish markazlari o'zlarining mingdan ortiq bo'sh ish o'rinlarini taklif etishdi.
Yarmarkaning o'zida 278 nafar talaba ishga joylashdi va 700 nafardan ortig'iga ishga joylashish uchun suhbatga yo'llanma berildi.
Shohsanam EShMATOVA,
Farg'ona davlat texnika universiteti matbuot kotibi.