Markaziy Osiyoni bog'lovchi yangi strategik yo'lak

Markaziy Osiyoda transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, mintaqadagi mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim omil hisoblanadi. Shunday loyihalardan biri – Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temiryo'li bo'lib, u nafaqat mintaqaviy transport bog'lamlarini yaxshilash, balki Xitoyning Yevropa bilan savdo aloqalarini kuchaytirishga qaratilgan.
Loyihaning ahamiyati va maqsadi
Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temiryo'li mintaqada yangi transport koridorini yaratishga qaratilgan bo'lib, u:
Xitoyning g'arbiy hududlarini Qirg'iziston va O'zbekiston orqali Yevropa bozorlari bilan bog'lash;
Yuk tashish vaqtlarini qisqartirish va xarajatlarni kamaytirish;
Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport va savdo salohiyatini oshirish maqsadlarini ko'zlaydi.
Bu temiryo'l orqali Xitoyning Shinjon viloyatidan yuklar Qirg'iziston orqali O'zbekistonga, u yerdan esa Yevropaga yo'naltiriladi. Loyiha yangi savdo yo'laklarini yaratish orqali “Bir makon – bir yo'l” tashabbusining ajralmas qismi sifatida ko'riladi.
Temiryo'lning umumiy uzunligi 486 kilometr bo'lib, uning asosiy qismi tog'li hududlardan o'tadi.
Loyiha tufayli har yili millionlab tonnalar yuk tashish mumkin bo'ladi, bu mintaqadagi savdo aylanmasini sezilarli darajada oshiradi.
Eng muhimi, yangi temiryo'l orqali Qirg'izistonning transport infratuzilmasi sezilarli darajada yaxshilanadi, bu esa mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Iqtisodiy va ijtimoiy foyda
– Mintaqaviy integratsiya: Bu yo'lak Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi transport bog'lamlarini mustahkamlab, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytiradi.
– Investitsiyalarni jalb qilish: temiryo'l qurilishi mintaqaga chet ellik investorlarni jalb qiladi va yangi ish o'rinlarini yaratadi.
– Yuk tashish vaqtlari qisqarishi: bu temiryo'l orqali yuklarni tashish bahosi va vaqtini kamaytirish orqali savdo xarajatlarini optimallashtirish mumkin bo'ladi.
– Ekologik foyda: temiryo'l avtomobil transportiga nisbatan kamroq uglerod chiqindisi keltirib chiqaradi, bu esa mintaqada ekologik barqarorlikni ta'minlaydi.
Temiryo'lning murakkab tog'li hududlardan o'tishi qurilish ishlarini qiyinlashtirib, katta moliyaviy va texnologik resurslarni talab qiladi. Shuningdek, moliyalashtirishdagi kelishmovchiliklar va geosiyosiy omillar ham loyihaga ta'sir ko'rsatishi mumkin. Shu bilan birga, Xitoy, Qirg'iziston va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikning kuchayishi bu muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Har uch davlat uchun loyiha iqtisodiy manfaatlarni ta'minlashi sababli, unga yuqori darajada e'tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 6 iyun kuni Pekin shahrida “Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston” temir yo'li qurilishi bo'yicha strategik loyihani amalga oshirish to'g'risidagi bitimni imzolash marosimi bo'lib o'tgan edi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo'llab, bitimning imzolanish marosimi munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ham o'z murojaatlarini yo'llagan.
Davlatimiz rahbari ushbu muhim infratuzilma loyihasini amalga oshirish boshlanayotgani keng mintaqamizda iqtisodiy va transport jihatidan bog'liqlikni kuchaytirishga qaratilgan tarixiy voqea ekanligini alohida ta'kidlagan edi.
— Mazkur temiryo'l Xitoyni mintaqamiz bilan bog'lovchi eng qisqa quruqlik yo'liga aylanadi. Kelgusida ushbu yo'l bizning mamlakatlarimizga istiqbolli Transafg'on yo'lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini beradi, – degan edi Prezidentimiz.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida vujudga keladigan iqtisodiy samara yangi korxonalar va o'n minglab ish o'rinlari yaratilishi, o'zaro savdo hajmi karrasiga oshishi, sanoat kooperatsiyasi kengayishi, investitsiyaviy jozibadorlik o'sishi va eng muhimi – aholi turmush darajasi oshida namoyon bo'ladi.
Bitimga muvofiq, “Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston” temir yo'li Koshg'ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo'nalishi bo'ylab o'tadi. Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste'molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.
* * *
Bir so'z bilan aytganda, Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temiryo'li nafaqat uch davlat, balki butun Markaziy Osiyo uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochib beradi. Loyiha amalga oshishi bilan mintaqaning savdo va logistika salohiyati sezilarli darajada oshadi. Shuning uchun ham ushbu temiryo'l Markaziy Osiyo uchun nafaqat transport yo'lagi, balki mintaqada integratsiyani mustahkamlash va jahon iqtisodiyotiga yanada yaqinroq integratsiyalash uchun muhim qadam bo'ladi.
Islom ASILBEKOV.