“Yashil” taqdirlar tutashgan nuqta: Iqlim inqiroziga qarshi mintaqaviy hamjihatlik
Bugun insoniyat tamadduni misli ko'rilmagan sinovlar qarshisida turibdi. Global isish shunchaki ilmiy bashorat emas, balki har birimizning kundalik hayotimizga, sog'lig'imiz va iqtisodiy farovonligimizga daxl qilayotgan real voqelikka aylandi. Dunyo okeani sathining ko'tarilishi, bioxilma-xillikning keskin kamayishi va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlar bizdan tezkor, eng muhimi, tizimli harakatlarni talab qilmoqda.
Yaqinda Ostona shahrida bo'lib o'tgan Mintaqaviy ekologik sammit hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi ta'sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig'ilishida ana shu tahdidlarga hamjihatlikda kurashish bo'yicha mintaqamizning kun tartibi belgilab olindi, desak, mubolag'a bo'lmaydi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammit minbaridan turib eng og'riqli nuqtaga e'tibor qaratdi. “Global isish sur'atlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq ko'tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo'qoldi, yog'ingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda”, deya xavotir bildirdi Prezident.
Bu — yaqin kelajakda suv tanqisligi va cho'llanish jarayoni kuchayishidan darak bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonda ekologik barqarorlikni shakllantirish bo'yicha aniq maqsadli va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.
Xalqaro hamjamiyat va nufuzli nashrlar, xususan, Qozog'istonning “Kazinform” agentligi O'zbekistonning bunday ekologik tashabbuslarini yuqori baholamoqda. Agentlikning qayd etishicha, mamlakatimiz “yashil” iqtisodiyotga o'tishda quruq bayonotlardan amaliy natijalarga o'tganini quyidagi raqamlar ham isbotlaydi:
“Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Bu — hududlarda mikroiqlimni yaxshilash va havo sifatini oshirish yo'lidagi ulkan qadamdir.
Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o'rmonzorlar barpo etilib, yangi “yashil belbog'”lar yaratilmoqda. Bu zaharli tuz va qum bo'ronlarini jilovlash bo'yicha dunyodagi eng yirik ekologik amaliyot sifatida tan olindi.
Suvni tejash borasidagi keng ko'lamli sa'y-harakatlar natijasida O'zbekistonda yiliga 10 milliard kub metr suv iqtisod qilinmoqda.
Generatsiya quvvatlarida “yashil” energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, joriy o'n yillikning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi. O'zbekiston Parij bitimi bo'yicha zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirish majburiyatini muddatidan oldin bajardi va o'z oldiga yangi maqsad — ularni 2035 yilgacha ikki barobar qisqartirish vazifasini qo'ydi.
Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish bo'yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yilda chiqindilarni yoqish bo'yicha ikkita yangi zavod ishga tushiriladi, yana 9 tasi esa kelgusi ikki yil davomida faoliyatini boshlaydi. Ularning ishga tushirilishi har yili 5,5 million tonna chiqindini utilizatsiya qilish, 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindilar hajmini 1 million tonnadan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari Mintaqaviy ekologik sammitdagi nutqida mintaqaviy muammolarni hal etishning yangi va samarali mexanizmlarini ilgari surdi. Xususan, “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini tashkil etish va texnologik o'tish jarayonlarini tezlashtirish uchun “Markaziy Osiyo yashil savdo yo'lagi”ni shakllantirish g'oyalari iqtisodiy rivojlanishni ekologik barqarorlik bilan uyg'unlashtirishga qaratilgan.
Prezidentimizning “Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish keyingi qadam bo'lishi kerak. Bu bizga tarqoq tashabbuslar bilan emas, balki mintaqani rivojlantirish bo'yicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini beradi” degan fikrlari ham xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshi olindi. Shuningdek, sammitda davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o'zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish, biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. Bu qadamlar kelgusidagi qarorlarning ilmiy asoslangan bo'lishini ta'minlaydi.
Qisqa qilib aytganda, ekologik xavf-xatarlar chegara bilmaydi va milliy chegaralarda to'xtab qolmaydi. Shu bois Markaziy Osiyo davlatlarining “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” degan bosh g'oyasi atrofida jipslashishi tarixiy zaruratdir. O'zbekiston bu jarayonda muammoning yechimini ko'rsatib beruvchi ishonchli hamkor sifatida namoyon bo'lmoqda.
Mintaqaviy ekologik sammitda ta'kidlanganidek, iqlim inqirozi global muammo bo'lishiga qaramay, uning yechimi avvalo mintaqaviy hamjihatlik va aniq amaliy qadamlarga bog'liq. O'zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o'tish, atrof-muhitni muhofaza qilish va resurslardan oqilona foydalanish borasidagi tashabbuslari nafaqat milliy, balki mintaqaviy barqarorlikka xizmat qilmoqda. Ilgari surilgan yangi mexanizmlar va hamkorlik formatlari esa tarqoq harakatlar o'rniga yaxlit strategiya asosida ish yuritishga zamin yaratadi.
Gulzaynab ZULHAYDAROVA,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh mutaxassisi.
