Maqsad – ixtisoslashgan sud jurnalistlarini tayyorlashga ko'maklashish
kurs bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi
Yaqinda O'zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sud jurnalistikasi” maxsus o'quv kursini tamomlagan tinglovchilar – O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 30 nafar talabasiga tegishli sertifikatlar topshirildi.
Joriy yilning 6 aprelidan 25 mayiga qadar davom etgan mazkur medialoyihadan ko'zlangan asosiy maqsad – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka to'laqonli yetkaza oladigan, sud organlari faoliyati to'g'risida xolis va haqqoniy axborotlarni tayyorlaydigan bo'lajak sud jurnalistlarini tayyorlashga ko'maklashishdan iborat.
Kurs davomida asosiy e'tibor, bo'lajak sud jurnalistlarida sud tizimi to'g'risida bilim va tushunchalarni shakllantirish, sud jarayonlarini xolis, qonuniy va professional asosda yoritish ko'nikmalarini rivojlantirish hamda sud hokimiyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlashga qaratildi.
Tadbirni O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo'min Yodgorov ochib, sud hokimiyatining mustaqilligini ta'minlash va uning shaffofligini oshirishda professional sud jurnalistikasining o'rni beqiyos ekanini alohida ta'kidladi va quyidagi fikr-mulohazalarini bildirdi:
“Bugun milliy mediamaydonda sud-huquq tizimini shunchaki kuzatuvchi emas, balki professional darajada tahlil qila oladigan, vaziyatga huquqshunos nigohi bilan qaray oladigan xolis jurnalistlarga ehtiyoj bor. Aytish mumkin bo'lsa, dastlabki eksperiment tarzida tashkil etilgan ushbu loyiha – kelajakda sud jurnalistikasi sohasida faoliyat yuritadigan yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularni shu sohaga yo'naltirishga xizmat qiladi. Biz sud organlari faoliyatini yoritishda xolislikni ta'minlaydigan ixtisoslashgan kadrlar zaxirasini shakllantirishni maqsad qilganmiz”.
Shundan so'ng, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Shuhrat Oripov so'zga chiqib, ushbu o'quv kursi bo'lajak jurnalistlar uchun haqiqiy mahorat va dunyoqarash maktabi bo'lganini e'tirof etdi. U o'z so'zida huquqiy mavzularni yoritishda OAV vakillarining mas'uliyati, etika standartlari va axborot xavfsizligi masalalariga to'xtalib, Sudyalar oliy kengashining ushbu tashabbusi jurnalistlar hamjamiyati tomonidan yuqori baholanishini qayd etdi.
Ikki oylik o'quv dasturi yangicha yondashuv – dual ta'lim tamoyili asosida tashkil etildi. Kurs doirasida jami 30 soatlik mashg'ulotlar o'tkazilib, ularning 22 soati nazariy, 8 soati esa bevosita amaliy mashg'ulotlardan iborat bo'ldi.
Nazariy bosqichda: tinglovchilar sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari, sud tizimining tashkiliy-huquqiy tuzilishi, sud qarorlarini sharhlash madaniyati hamda mediakommunikatsiyaning huquqiy va etik standartlari bo'yicha bilim va ko'nikmalar olishdi.
Amaliy bosqichda: sud binolarida bo'lib, ochiq sud majlislarini bevosita kuzatdilar. Sudyalar va sud apparati xodimlarining ish jarayoni bilan yaqindan tanishib, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamladilar.
Mashg'ulotlarga jurnalistika sohasida katta tajribaga ega mutaxassislar, huquqshunos olimlar, Odil sudlov akademiyasi professor-o'qituvchilari hamda ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan amaliyotchi sudyalar jalb etildi. Darslar interaktiv shaklda, qizg'in bahs-munozaralarga boy tarzda o'tdi.
Tadbirda kurs bitiruvchilarining fikr-mulohazalari va takliflari ham tinglandi. Shuningdek, o'quv kursi doirasida tinglovchilarning ijodiy salohiyati va olgan bilimlarini baholash maqsadida tashkil etilgan ocherklar tanlovi g'oliblari ham tantanali ravishda taqdirlandi.
Rashidova Nurjahonbegim (1-o'rin sohibi):
— Ushbu o'quv kursi biz, bo'lajak jurnalistlar uchun chinakam mahorat maktabi bo'ldi. Ikki oy davomida sud-huquq sohasiga oid juda ko'p kerakli va fundamental ma'lumotlarni o'rgandik, ilgari bizga murakkab tuyulgan huquqiy atamalar va ayniqsa sud protsesslarining mohiyatini chuqur anglab yetdik. Nazariy bilimlarni bevosita sud binolarida, real sud majlislarini kuzatgan holda amaliyot bilan mustahkamlaganimiz bizga katta tajriba berdi. Mana shunday sharoit va imkoniyatni yaratib bergan Sudyalar oliy kengashi rahbariyatiga va barcha ustozlarimizga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Olgan bilimlarimiz kelgusida tizimni xolis va professional yoritishimizga xizmat qiladi, deb ishonch bildiraman.
Choriyev Azizbek (2-o'rin sohibi):
— Sud jurnalistikasi kursi bizning kasbiy dunyoqarashimizni butunlay o'zgartirdi, desam, mubolag'a bo'lmaydi. Mashg'ulotlar davomida sohaning eng yetakchi ekspertlari va ko'p yillik tajribaga ega sudyalar bilan bevosita muloqotda bo'lib, sud organlari faoliyati yuzasidan faktlarga asoslangan axborot tayyorlash va sud qarorlarini sharhlash madaniyatini o'zlashtirdik.
Tantanali tadbir yakunida o'quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Sudyalar oliy kengashi rahbariyati hamda hamkor tashkilotlar tomonidan maxsus sertifikatlar va esdalik sovg'alari topshirildi.
Arslon EShMURODOV.
