Til – qalblarni birlashtiruvchi ko'prik

14 oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Bokuga amaliy tashrifi hamda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvi ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo'lidagi muhim voqea bo'ldi.

Muzokaralarda avval erishilgan kelishuvlar ijrosi, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Yil boshidan buyon o'zaro savdo hajmi 30 foizga oshgani, geologiya, energetika, transport, logistika va turizm sohalaridagi hamkorlik ko'lami kengayib borayotgani munosabatlar aniq amaliy natijalar bilan boyiyotganidan dalolat beradi.

Bu kabi muloqotlarda iqtisodiy ko'rsatkichlar, investitsiyalar, transport yo'laklari va qo'shma loyihalar xususida so'z yuritilishi tabiiy. Biroq davlatlararo aloqalarning yana bir muhim jihati borki, uni faqat raqamlar bilan o'lchab bo'lmaydi. Bu — xalqlarning bir-birini yaqindan bilishi, o'zaro hurmati va ma'naviy yaqinligidir.

Nazarimda, ikki mamlakat o'rtasidagi do'stlikning bardavomligi, avvalo, insonlar qalbida namoyon bo'ladi. O'zbekistonlik yosh ozarbayjonlik tengdoshining tilini o'rgansa, uning adabiyotiga qiziqib, tarixi bilan tanishsa, qardosh yurt haqidagi tasavvuri yanada boyiydi. Ozarbayjonlik talaba o'zbek tilini o'zlashtirib, Alisher Navoiy asarlarini mutolaa qilsa, xalqimizning ma'naviy olamini teran anglaydi. Ana shunday samimiy insoniy yaqinlik siyosiy va iqtisodiy sheriklik uchun ham mustahkam poydevor yaratadi.

Shu sababli davlat rahbarlarining uchrashuvlarida madaniy-gumanitar hamkorlikka alohida e'tibor qaratilayotganini teran mantiqqa ega tashabbus deb bilaman.

Zotan, iqtisodiy bitimlarni mutaxassislar amalga oshiradi, ilmiy hamkorlikni olimlar ilgari suradi, xalqlar o'rtasidagi do'stlikni esa, eng avvalo, bir-birini chin dildan tushunadigan va o'zaro qadrlaydigan insonlar mustahkamlaydi.

O'zbekiston va Ozarbayjonni asrlar davomida bog'lab kelayotgan tarixiy rishtalar bugun ham o'z ahamiyatini aslo yo'qotgani yo'q. Aksincha, zamonaviy ta'lim va ilm-fan imkoniyatlari mazkur yaqinlikni yangi avlodga yetkazish, uni zamon talablari bilan boyitish uchun keng yo'l ochmoqda. O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida ozarbayjon tilini o'qitish yo'lga qo'yilgani hamda Ozarbayjon tili va madaniyati markazi faoliyat boshlagani ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.

Ajdodlar merosi — bugungi avlodning ma'naviy boyligi

O'zbek va ozarbayjon xalqlarining qardoshligi xususida so'z borganda, avvalo, umumiy tariximiz, mushtarak madaniyatimiz va boy adabiy merosimiz ko'z oldimizga keladi. Biroq bu yaqinlikni faqat o'tmish hodisasi sifatida qabul qilish to'g'ri emas. Ajdodlarimizdan meros ma'naviy xazina bugun ham bizni mulohaza yuritishga, yangi izlanishlarga va bir-birimizni yanada chuqurroq tushunishga undaydi.

Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy nomlarini yonma-yon tilga olishimiz bejiz emas. Ularning har biri o'z davrida yuksak badiiy tafakkur, insonparvarlik hamda ma'rifatning yorqin timsoli bo'lgan durdonalarni yaratdi. Nizomiy Ganjaviyning boy adabiy merosi ozarbayjon xalqi ma'naviyatining bebaho bo'lagi hisoblansa, Alisher Navoiy ijodi o'zbek xalqining milliy o'zligini, ona tiliga muhabbatini va yuksak falsafiy qarashlarini namoyon etadi.

Bu buyuk zotlarni birlashtirib turuvchi asosiy jihat faqatgina turkiy xalqlar adabiyotida tutgan ulkan o'rni emas. Mutafakkirlar insonni ulug'lash, adolatni qaror toptirish, ilm-ma'rifatga intilish va ezgulikni tarannum etish kabi umuminsoniy g'oyalarni ilgari surgan. Ularning asarlariga bugun ham ehtiyoj sezayotganimizning boisi shundaki, zamonlar o'zgarib, turmush tarzi yangilansa-da, insonni komillikka boshlovchi ezgu qadriyatlar o'z mohiyatini yo'qotmaydi.

Navoiy o'z ijodi bilan turkiy tilning naqadar keng imkoniyatlarga ega ekanini isbotlagan bo'lsa, Nizomiy Ganjaviy Sharq adabiy tafakkurining yuksak cho'qqilarini zabt etdi. Muhammad Fuzuliy esa turkiy she'riyat an'analarini o'ziga xos mahorat va nafosat bilan yangi bosqichga olib chiqdi. Ularning asarlarida so'z go'zalligi, fikr teranligi va inson ruhiyatining murakkab kechinmalari mujassamdir.

Bu siymolar merosini o'rganish orqali biz nafaqat adabiyot tarixini o'zlashtiramiz, balki o'z ma'naviy ildizlarimizni ham teranroq anglaymiz. Qardosh xalqning buyuk ijodkorini e'zozlash, uning asarlariga hurmat bilan yondashish yuksak ma'naviy yetuklik belgisidir. Nizomiy Ganjaviyni ozarbayjon xalqining iftixori sifatida qadrlash barobarida, uning asarlaridan mushtarak ma'naviy xazinamiz sifatida bahramand bo'lishga haqlimiz. Xuddi shuningdek, Alisher Navoiy ijodi ham o'zbek xalqining milliy faxri bo'lish bilan birga, boshqa xalqlar uchun ham bitmas-tuganmas ma'rifat bulog'idir.

Ajdodlarimizga bo'lgan chinakam ehtirom faqatgina yubiley tadbirlari, haykallar poyiga gul qo'yish yoki tantanali marosimlar bilan cheklanmasligi lozim. Ularning asarlarini mutolaa qilish, mag'zini chaqish, yosh avlodga yetkazish hamda bugungi hayot talablari bilan uyg'unlashtirish orqaligina bu ehtiromni amalda namoyon eta olamiz.

Bokuda Alisher Navoiyga, Toshkentda Nizomiy Ganjaviy sharafiga qad rostlagan muhtasham haykallar ikki xalqning bir-birining ma'naviy merosiga bo'lgan yuksak ehtiromi timsolidir. Bunday ramzlar, shubhasiz, muhim. Ammo yosh avlod Navoiy va Nizomiyning shaxsiyati, bebaho asarlari va ularda ilgari surilgan teran g'oyalarni chuqur anglagandagina bu ramzlarning asl mazmuni to'liq namoyon bo'ladi.

Shu bois universitetlar oldida ulkan vazifa turibdi: tarixiy yaqinlikni shunchaki yodga olish bilan cheklanmay, uni yoshlar tafakkurida yashaydigan, kundalik hayotida aks etadigan hayotiy qadriyatga aylantirish kerak. Bu maqsadga esa sifatli ta'lim, kitobxonlik, til o'rganish va madaniy muloqotni kengaytirish orqali erishiladi.

Til — boshqa xalqni anglashning eng tabiiy yo'li

Har qanday xalqning tili uning tarixi, dunyoqarashi va asriy hayotiy tajribasini o'zida aks ettiradi. Til vositasida inson nafaqat o'z fikrini ifodalaydi, balki o'z xalqining tarixiy xotirasi, qadriyatlari va ma'naviy olami bilan uzviy bog'lanadi. Shu bois xorijiy tilni o'rganish shunchaki grammatik qoidalarni yod olish emas, balki muayyan xalqning ruhiyatini anglash demakdir.

O'zbek va ozarbayjon tillarining mushtarak jihatlari beqiyos. Ularning ildizlari bir, ko'plab so'z va iboralari, grammatik xususiyatlari bir-biriga hamohang. Bu holat mazkur tillarning birida so'zlashuvchi insonga ikkinchisini o'rganishda katta qulaylik yaratadi. Biroq tillarimizning yaqinligi ularni bir xil deb tushunishga asos bo'lmaydi. Har bir tilning o'ziga xos talaffuz me'yorlari, ifoda nazokati, ma'no tovlanishlari va nutq madaniyati mavjud.

Tillari qardosh bo'lgan insonlar og'zaki muloqotda bir-birlarining asosiy fikrini osongina tushunib olgandek tuyulishi mumkin. Ammo kasbiy faoliyat, tarjima, ilmiy munozara yoki rasmiy uchrashuvlarda umumiy tushunchaning o'zi kifoya qilmaydi. Bunda har bir so'zning asl ma'nosini teran bilish, fikrni nozik farqlari bilan anglash va uni ikkinchi tilda bexato ifodalash talab etiladi.

Ayniqsa, jurnalist, tarjimon, diplomat yoki xalqaro munosabatlar sohasi vakili uchun tilning eng nozik qirralarini ham puxta egallash o'ta muhimdir. Zero, bittagina so'zning noto'g'ri qo'llanishi yoki noto'g'ri talqin etilishi butun bir matn mohiyatini o'zgartirib yuborishi mumkin. Demak, qardosh tilni e'zozlash, uni puxta o'rganish va amaliy muloqotda to'g'ri qo'llash ham qardosh xalqqa bo'lgan chin hurmatning yorqin ifodasidir.

Til o'rganish insonni o'z ona tili va madaniyatiga ham yangicha nazar bilan qarashga undaydi. Ozarbayjon tilini o'rgangan talaba o'zbek tilidagi ko'plab so'zlarning ma'no qatlamlari va etimologiyasiga ko'proq e'tibor qarata boshlaydi. U ikki til o'rtasidagi mushtarakliklarni ko'radi, farqlarni ilg'aydi va har ikki tilning betakror jozibasini kashf etadi. O'zga madaniyatni o'rganish orqali inson o'zligini ham teranroq anglaydi.

Shu nuqtai nazardan, qardosh va qo'shni mamlakatlar tillarini o'qitishga alohida e'tibor qaratish zamonaviy ta'lim tizimining ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lishi darkor. Zero, geografik yaqinlikning o'zigina har doim ham ma'naviy birdamlikni to'liq ta'minlay olmaydi. Bir-birining tilini bilish esa to'siqlarni bartaraf etadi, noto'g'ri qarashlarning oldini oladi va samarali hamkorlik uchun keng ufqlarni ochadi.

Til o'rganishning yana bir bebaho jihati shundaki, u insonni sabr bilan tinglashga va suhbatdoshini tushunishga o'rgatadi. Yangi tilni o'zlashtirayotgan talaba o'zgalar fikrini diqqat bilan tinglaydi, so'zlar mag'zini chaqishga intiladi va o'z maqsadini ravon yetkazish ustida tinimsiz ishlaydi. Bu ko'nikmalar nafaqat til darslarida, balki insonning butun hayotiy faoliyati davomida asqotadi.

Shu bois til ta'limiga faqatgina kasbiy ko'nikma hosil qilish vositasi sifatida qarash yanglish fikrdir. Til inson dunyoqarashini kengaytiradi, unda boshqa millat va elatlarga nisbatan samimiy qiziqish va ehtirom uyg'otadi. Bu esa yoshlarni xalqaro hamkorlikka tayyorlashning eng muhim shartlaridan biridir.

Universitet — ma'naviy yaqinlik shakllanadigan maskan

Oliy o'quv yurtining bosh vazifasi talabaga chuqur bilim berish, uni tanlagan kasbining yetuk mutaxassisi etib tarbiyalash va mustaqil fikrlashga o'rgatishdan iborat. Biroq zamonaviy oliy ta'lim mazmuni bu chegaralardan ancha kengdir. Universitet yoshlarni turli madaniyatlar bilan oshno etuvchi, ularda yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptiruvchi va jamiyatda o'z o'rnini topishiga ko'maklashuvchi ijtimoiy muhitdir.

O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida ko'plab xorijiy tillar o'qitiladi. Talabalarimiz jahon xalqlari tarixi, madaniyati va adabiyotini o'rganish uchun barcha sharoitlarga ega. Mana shunday qutlug' dargohda ozarbayjon tilining ham o'qitila boshlagani ta'lim muassasamizning ko'p tilli ta'limga qaratilgan ilg'or yondashuvini yanada boyitdi.

2025-2026 o'quv yilidan boshlab ozarbayjon tilining uchinchi xorijiy til sifatida dasturlarga kiritilishi talabalarimizga qardosh mamlakat tilini tizimli ravishda o'rganish imkonini berdi. Universitetimizda Ozarbayjon tili va madaniyati markazining tashkil etilishi esa bu jarayonni shunchaki akademik mashg'ulotlar bilan cheklab qo'ymay, keng qamrovli ma'rifiy tadbirlar bilan bog'lashga mustahkam zamin yaratdi.

Markazning ahamiyati, avvalo, uning amaliy mazmuni bilan belgilanadi. Bu yerda talaba yangi leksikani o'zlashtiradi, to'g'ri talaffuz ustida ishlaydi, asl nusxadagi matnlarni o'qib, o'z fikrini ravon bayon etishni mashq qiladi. Shu bilan birga, Ozarbayjon adabiyoti, tarixi va madaniyatiga doir manbalar bilan bevosita tanishib, o'rganayotgan tilining hayotiy ahamiyatini teran his etadi.

Til o'rganish mashaqqatli bo'lib, yuksak sabr va izchillikni talab qiladi. Dastlab talaba sodda jumlalarni tuzishni o'rgansa, bora-bora murakkab matnlarni tushunishga, o'z fikrini keng va asosli bayon qilishga intiladi. Vaqt o'tishi bilan u ilgari notanish tuyulgan murakkab iboralar mag'zini chaqa boshlaydi. Qo'lga kiritilgan har bir kichik yutuq uning o'z kuchiga bo'lgan ishonchini mustahkamlaydi. Pedagogning mahorati esa ana shu so'nmas qiziqishni qo'llab-quvvatlashda va talabaning salohiyatini bosqichma-bosqich kamolga yetkazishda namoyon bo'ladi.

Biz uchun ta'lim maskanimizdagi bu kabi tashabbuslarning eng muhim samarasi talabaning dunyoqarashi va munosabatida ro'y beradigan ijobiy o'zgarishlardir. Agar u til o'rganish barobarida qardosh xalqning adabiyotiga mehr qo'ysa, boy tarixini o'rganishga intilsa va madaniyatini e'zozlay boshlasa, demak, ta'lim tizimi o'zining chinakam insoniy va tarbiyaviy missiyasini sharaf bilan ado etmoqda.

O'tgan o'quv yilida talabalarimizga Ozarbayjon tillar universiteti o'qituvchisi Sevinch Musayeva saboq bergan bo'lsa, joriy o'quv yilida mashg'ulotlarni Shaban Huseynov muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Ustozlar almashganiga qaramay, o'quv guruhlari, reja va amaliy mashg'ulotlarning uzluksizligi ta'minlangan. Bu esa O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Ozarbayjon tillar universiteti o'rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida boshlangan tashabbuslar izchil va bardavom ekanining yaqqol isbotidir.

Shu bois universitetimizda shunchaki til qoidalarini o'rgatish bilan cheklanmasdan, talabalarni o'rganilayotgan tilning jonli madaniy muhiti bilan oshno qilishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Zero, til va madaniyatni bir-biridan ayro holda to'laqonli idrok etib bo'lmaydi. So'z ma'nosini bilish muhim, ammo uning qaysi vaziyatda, qanday ohang va ma'no nozikligi bilan qo'llanishini tushunish ham til bilish madaniyatining ajralmas bo'lagidir.

Toshkent va Boku o'rtasida qurilayotgan ma'rifiy ko'prik

O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi ta'lim sohasidagi hamkorlikning e'tiborga molik jihati — uning tom ma'noda teng huquqli va ikki tomonlama rivojlanayotganidadir. Toshkentda ozarbayjon tilini o'rganish uchun keng sharoitlar yaratilayotgan bo'lsa, Bokuda o'zbek tili va adabiyotiga bo'lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Bu — asriy ma'naviy yaqinlikning mantiqiy va tabiiy davomidir.

2026 yil 3 fevral kuni Ozarbayjon tillar universitetida O'zbek tili va adabiyoti markazining tantanali ochilishi ana shu ezgu yo'ldagi navbatdagi ulkan qadam bo'ldi. Markazning mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi arafasida tashkil etilishi mazkur tadbirga alohida ramziy ma'no bag'ishladi. Unda O'zbekistonning Ozarbayjondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati Eldor Ibrohimov, Ozarbayjon tillar universiteti rektori, akademik Kamol Abdulla, shuningdek, oliy ta'lim vakillari va taniqli olimlar ishtirok etdi.

Bu kabi markazlar haqida fikr yuritilganda, ularning qadrini shunchaki tashkil etilgan sana yoki tantanali ochilish marosimi bilangina baholab bo'lmaydi. Asosiy mezon ular vositasida qanday bilim va tajriba almashinilayotgani, qancha yoshlarning yangi tilni o'zlashtirishga ilhomlanayotgani hamda bu intilishlar kelajakda qanday amaliy samara berishi bilan o'lchanadi.

Bokuda o'zbek tilini qunt bilan o'rganayotgan yoshlar Alisher Navoiy g'azallarini mutolaa qila boshlar ekan, uning qarshisida o'zbek adabiyotining cheksiz va sehrli olami ochiladi. U so'zlarimizning teran ma'nolari, badiiy ifoda go'zalligi va xalqimizning ma'naviy qarashlari bilan tanishadi. Xuddi shu tarzda, Toshkentda ozarbayjon tili sirlarini egallayotgan talaba Nizomiy Ganjaviy va Muhammad Fuzuliy merosini butunlay yangicha nigoh bilan kashf etadi.

Shu tariqa ikkala markaz bir-birining faoliyatini to'ldirib, yaxlit ma'naviy muhit yaratadi: Toshkentda ozarbayjon tili va madaniyati o'rganilsa, Bokuda o'zbek tili va adabiyoti e'zozlanadi. Bu — bir xalqning o'z madaniyatini tanitish barobarida qardosh elning ma'naviy dunyosini ham chuqur hurmat bilan anglashga bo'lgan intilishidir.

Bizningcha, chinakam ma'rifiy ko'priklar aynan shu tarzda bunyod etiladi. Ularning mustahkamligi balandparvoz nutqlar bilan emas, balki darsxonalarda o'qilgan kitoblar, o'rganilgan yangi so'zlar, uyushtirilgan ilmiy bahslar hamda yoshlar o'rtasidagi samimiy muloqotlar bilan kafolatlanadi.

O'zbekiston va Ozarbayjon oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarish uchun imkoniyatlar juda keng. Talabalar va professor-o'qituvchilar akademik almashinuvi, qo'shma ilmiy tadqiqotlar, badiiy tarjima loyihalari, ijodiy uchrashuvlar hamda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar ana shu munosabatlarning amaliy mazmunini yanada boyitadi. Eng muhimi, mazkur tashabbuslar muntazam davom etib, talaba va tadqiqotchilarning kundalik ilmiy-ijodiy faoliyatiga chambarchas singib borishi zarur.

Ajdodlarimizga hurmat – ulug' merosni davom ettirish

Alisher Navoiy yoki Nizomiy Ganjaviy nomlarini tilga olganimizda, odatda, ularning tarixdagi beqiyos o'rni va dahosini ta'kidlaymiz. Bu, shubhasiz, haqqoniy haqiqatdir. Ammo buyuk ajdodlarimizga bo'lgan chin ehtirom ularning muborak nomlarini shunchaki yodga olish bilangina cheklanmasligi kerak. Ularning asarlarini sinchkovlik bilan o'qish, ilgari surgan g'oyalarini to'g'ri anglash va ma'rifatga intilish ruhini yosh avlod qalbiga singdirish ham farz, ham qarzdir.

Hazrat Navoiy o'z ona tilining beqiyos imkoniyatlari va nafosatini namoyon etish yo'lida ulkan ijodiy jasorat ko'rsatdi. Uning bebaho merosi bizga ona tilimizni qadrlash, har bir so'zga yuksak mas'uliyat bilan qarash va fikrni teran ifodalash mas'uliyatini eslatib turadi. Nizomiy Ganjaviy ijodida ham insonparvarlik, adolatparvarlik va ilmga tashnalik g'oyalari markaziy o'rinda turadi. Bunday asarlar o'quvchini nafaqat yuksak adabiy did bilan qurollantiradi, balki hayot mohiyati haqida teran mushohada yuritishga chorlaydi.

Qardosh xalqning buyuk siymolarini e'zozlash o'z ajdodlarimizga bo'lgan ehtiromni aslo kamaytirmaydi, aksincha, mushtarak ma'naviy merosning qadrini teranroq anglashga xizmat qiladi. Biz Navoiy ijodini qanchalik ardoqlasak, Nizomiy Ganjaviy merosini ham shunchalik ehtirom bilan o'rganamiz. Ozarbayjon yoshlari ham Fuzuliy she'riyatini sevgan holda, Navoiy merosidan zavq oladi. Adabiyotning mo''jizasi ham aslida shunda: u xalqlarni ajratmaydi, balki qalblarni bir-biriga tutashtiradi.

Universitetlarda xorijiy tillarni o'qitishning yuksak ma'naviy qiymati ham aynan shu jarayonda namoyon bo'ladi. Talaba o'zga tilda bitilgan durdonani asliyatda o'qir ekan, muallifning tafakkur tarzi, o'sha davr ijtimoiy hayoti va xalqning asriy qadriyatlarini tushunishga intiladi. Bu jarayon uni o'z qarashlarini qayta tahlil qilishga, o'zgalar fikrini hurmat bilan tinglashga va umuminsoniy ma'naviy boyliklarni e'zozlashga o'rgatadi.

Bugungi navqiron avlod uchun ajdodlar merosini zamonaviy hayot bilan bog'lay olish nihoyatda muhim. Navoiy va Nizomiy asarlaridagi ilm-fanga intilish, adolatparvarlik, inson qadri va ijtimoiy mas'uliyat xususidagi o'gitlar hozirgi kunda ham g'oyat dolzarbdir. Agar yoshlar bu bebaho merosni shunchaki imtihon topshirish uchun emas, balki hayotiy zarur dasturilamal sifatida mustaqil fikrlab o'rgansa, tarixiy meros ularning shaxs sifatida shakllanishiga kuchli ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

Shu nuqtai nazardan, qardosh xalq adabiyotiga oshno bo'lish o'z tariximizdan uzoqlashish emas, balki ma'naviy olamimizni yanada boyitish, milliy qadriyatlarimizni qardosh xalqlar merosi bilan qiyosiy o'rganib, ularning umuminsoniy ahamiyatini teran anglash demakdir.

Ta'lim hamkorligi — kelajakka kiritilgan sarmoya

O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi munosabatlar bugungi kunda iqtisodiyot, transport, energetika, logistika va boshqa ko'plab sohalarda jadal sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Bunday sharoitda ikkala mamlakat hayotini yaxshi biladigan, har ikki tilda erkin muloqot qila oladigan va milliy-madaniy xususiyatlarni to'g'ri tushunadigan mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortib borishi tabiiy.

Ammo bu ehtiyojni faqatgina bugungi kun mehnat bozori talablari doirasida cheklab tushunish biryoqlama bo'lar edi. Ta'limga yo'naltirilgan sarmoyaning eng ulkan va bardavom samarasi yillar o'tib bo'y ko'rsatadi. Bugun til o'rganayotgan talaba ertaga malakali tarjimon, tahlilchi jurnalist, fidoyi o'qituvchi, izlanuvchan olim yoki xalqaro loyihalar rahbari bo'lib yetishadi. Uning bilimi va tajribasi esa ikki davlat o'rtasidagi amaliy muloqotni yanada samarali va mazmunli qiladi.

Ozarbayjon tilini mukammal biladigan jurnalist qardosh mamlakat matbuotini to'g'ridan-to'g'ri kuzatib, axborotlarni xolis taqqoslay oladi va voqea-hodisalarni keng kontekstda chuqur tahlil qiladi. Tarjimon adabiy-ilmiy aloqalar rivojiga beqiyos hissa qo'shadi. Turizm sohasi mutaxassisi mehmonlar bilan ularning ona tilida so'zlashib, mamlakatimiz haqida samimiy taassurot qoldiradi. Ilmiy tadqiqotchi esa ikkala tildagi noyob arxiv va manbalarni o'rganib, fan uchun yangi va qimmatli xulosalar yaratadi.

Bularning barchasi til bilish yaratadigan kasbiy imkoniyatlardir. Biroq buning yana bir muhim tarbiyaviy samarasi bor: yoshlar o'zga madaniyat vakillari bilan ishlash hamda muloqotga kirishishdan cho'chimaydi. Ular o'rtadagi tafovutlarni to'siq emas, balki yangi bilim va tajriba orttirish imkoniyati sifatida qabul qiladi. Bunday keng fikrlash va bag'rikenglik esa global dunyoda samarali faoliyat yuritishning bosh mezonidir.

Shu bois oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik rasmiy memorandumlar va kelishuvlar doirasida qolib ketmasligi kerak. Talabalarning bevosita amaliyoti, qo'shma ilmiy izlanishlar, yozgi maktablar va akademik almashinuv dasturlari tizimli yo'lga qo'yilsagina, xalqaro hamkorlik yoshlar hayoti va faoliyatining ajralmas bo'lagiga aylanadi.

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ozarbayjonning yetakchi oliy o'quv yurtlari va ilmiy markazlari bilan munosabatlarni mustahkamlashda ana shu yondashuvga tayanadi. Biz uchun hamkorlikning bosh natijasi talabalarning chuqur bilim egallashi, pedagoglarning tajriba almashishi hamda istiqbolli ilmiy tadqiqotlar ko'lami kengayishida namoyon bo'lishi lozim.

Ilm-fan va ta'limning beqiyos kuchi shundaki, ular bugungi muammolarga samarali yechim izlash bilan birga, kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi. Ikki universitet o'rtasida yo'lga qo'yilgan samimiy muloqot ertaga qo'shma ilmiy tadqiqotlar, yangi avlod o'quv dasturlari hamda muvaffaqiyatli kasbiy hamkorliklarga mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi.

Do'stlikning bardavomligi yoshlar qo'lida

Davlatlararo munosabatlar yetakchilarning oliy darajadagi uchrashuvlari, rasmiy kelishuvlar va strategik loyihalar orqali rivojlanib boradi. Biroq bu munosabatlarning chinakam barqarorligi va uzoq muddatliligi xalqlar, jamiyatlar o'rtasidagi o'zaro ishonchga bog'liqdir. Chin ishonch esa bir-birini yaxshi bilish, tushunish va e'zozlash orqali shakllanadi.

Shu bois yoshlarning qardosh tillarni o'zlashtirishi, o'zga xalqlar adabiyoti bilan oshno bo'lishi hamda xalqaro ta'lim loyihalarida faol ishtirok etishi oddiy o'quv jarayonidan ancha yuqori turuvchi strategik mazmunga egadir. Bu jarayonda ular nafaqat bilim oladi, balki kelajakda hamkorlik qiladigan tengdoshlari bilan mustahkam aloqalar o'rnatadi, turlicha qarashlarni tushunishni o'rganadi va o'z tafakkur ufqlarini kengaytiradi.

Nazarimda, O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi ma'naviy yaqinlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishda oliy o'quv yurtlari zimmasidagi ulkan mas'uliyat aynan shundan iborat. Biz navqiron avlodga qardosh elning tilini o'rgatish bilan bir qatorda, uning adabiyoti, san'ati va milliy qadriyatlarini teran his etish imkonini berishimiz lozim. O'z navbatida, xorijda o'zbek tili va adabiyoti sirlarini egallayotgan yoshlar uchun ham zarur sharoitlar yaratish, milliy merosimizni keng targ'ib etish muhim vazifamizdir.

Toshkentdagi Ozarbayjon tili va madaniyati markazi hamda Boku shahrida faoliyat boshlagan O'zbek tili va adabiyoti markazi ana shu o'zaro intilish va amaliy sa'y-harakatlarning yorqin natijasidir. Bunday markazlarning asl qiymati ularning faoliyati samaradorligida, yoshlar egallayotgan bilim sifatida va kurtak otayotgan samimiy insoniy munosabatlarda aks etadi.

Biz buyuk ajdodlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Navoiy, Nizomiy va Fuzuliy kabi daholar qoldirgan merosni yuksak qadrlaymiz. Bugungi vazifamiz — ushbu xazinani kelajak avlodlarga bekamu ko'st yetkazish, yoshlarning uni mutolaa qilib, teran anglashiga ko'maklashishdan iborat. Qardosh xalq adabiyotini o'rganish ham, o'z boy madaniyatimizni dunyo bo'ylab tanitish ham ana shu muqaddas maqsadga xizmat qiluvchi ezgu tashabbuslardir.

Davlat rahbarlarining muloqotlarida strategik sheriklik, iqtisodiy integratsiya va madaniy-gumanitar aloqalarning yaxlit holda muhokama etilishi chuqur mantiqqa ega. Zero, davlatlar taraqqiyoti faqatgina moddiy va iqtisodiy ko'rsatkichlar bilan emas, balki uning zamirida turgan bilimli insonlar, o'zaro ishonch va porloq kelajakni birgalikda bunyod etishga bel bog'lagan kuchli avlod salohiyati bilan belgilanadi.

Universitetimizda ozarbayjon tilini o'rgatar ekanmiz, biz faqatgina yangi bir tilni o'zlashtirish bilan cheklanib qolmayapmiz. Talabalarimizga qardosh xalq bilan yaqindan oshno bo'lish, uning milliy ruhiyatini anglash va kelajakdagi ko'p qirrali hamkorlikka munosib tayyorgarlik ko'rish imkonini taqdim etmoqdamiz. Boku shahrida o'zbek tili va adabiyoti o'rganilayotganida ham ana shu ezgu maqsadlar ko'zlanmoqda.

Bir-birining ona tilini biladigan, adabiyotidan bahramand bo'ladigan va tarixini chin ko'ngildan e'zozlaydigan avlod uchun do'stlik shunchaki quruq ibora bo'lib qolmaydi. Bu do'stlik kundalik muloqotda, birgalikdagi kasbiy faoliyatda va samimiy insoniy munosabatlarda hayotiy kuchga aylanadi.

Til xalqlarni birlashtiruvchi eng samimiy va mustahkam ko'priklardan biridir. Tilni o'rganish o'zga xalqni anglashga, uning ma'naviy durdonalarini qadrlashga va o'z ajdodlarimiz merosini yanada teranroq tushunishga yo'l ochadi. O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi abadiy qardoshlik rishtalarini kelajak avlodlarga sof va bardavom yetkazishning eng ishonchli yo'li ham aslida shu: sifatli ta'lim, yuksak ma'rifat va o'zaro samimiy hurmat-ehtiromdir.

Ilhomjon TO'XTASINOV,

O'zbekiston davlat jahon

tillari universiteti rektori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =