Sodiqning iztiroblari

Sodiq Jalilov 2026 yil 16 aprel kuni qadrdon korxonasiga kelganida uni ichkariga kiritishmadi:

— Siz ishdan bo'shatilgansiz. Mana buyruq, tanishib imzo cheking!

— Ie, bu qanaqasi, nega ishdan bo'shatilaman? — deya oldi u.

Uning ko'z oldi qorong'ilashganday bo'ldi. Endigina ro'zg'orining tirikchiligiga jon kirib, kredit qarzlari ham asta-sekin uzilayotgan edi.

Sodiq Jalilov 2026 yil 16 aprel kuni “Ohangaronsement” MChJ tomonidan chiqarilgan 175-ShT sonli buyruqni sinchiklab o'qib chiqdi. Unda Jalilov bir necha bor mehnat majburiyatlarini buzgani sababli unga intizomiy jazo qo'llanilgani va aynan shu holatlar u bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos bo'lgani qayd etilgandi.

Shu payt Sodiq bundan bir yil muqaddam bir tanishi aytgan so'zlarni esladi: “Uka, mana, ishga tiklanibsan. Endi boshqa joyga o'tib ishla, seni baribir yana bo'shatishadi”.

To'g'ri, boshqa joylarda ham ish ko'p. Sodiq esa azaldan og'ir yuk mashinalarini boshqarishga ishqiboz edi. Qolaversa, “Ohangaronsement” MChJda ish haqi boshqa korxonalarga nisbatan ancha yuqoriligi sababli bu yerda ishlashni xohlovchilar ko'pchilikni tashkil etardi.

Xullas, 2026 yil 16 apreldan so'ng Sodiq ish izlab bir-ikki joyga bordi. To'g'ri, yangi korxonalar ham yo'q emas, biroq oylik maoshi ikki-uch million, nari borsa to'rt million so'm atrofida; buning ustiga, haftasiga olti kun, kuniga o'n ikki soatdan ishlash talab etiladi. Har holda “Ohangaronsement” MChJda kasaba uyushmasi faoliyat yuritadi, jamoa shartnomasi ishlaydi, ijtimoiy kafolatlar bekamu ko'st va oylik maoshlar ham o'z vaqtida beriladi — bunga esa gap bo'lishi mumkin emas.

Munosib ish qidirib charchagan Sodiq nihoyat, ishga tiklanish talabi bilan fuqarolik ishlari bo'yicha Ohangaron tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritdi.

Bu Sodiqning sudga ikkinchi bor da'vo ariza bilan chiqishi edi. Zero, uni 2024 yil 15 noyabrda ham aynan shu ish beruvchi — “Ohangaronsement” MChJ ishdan bo'shatgandi. O'shanda u avvaliga fuqarolik ishlari bo'yicha Ohangaron tumanlararo sudiga murojaat qilgan, biroq birinchi instansiya sudi da'vosini rad etgandi. Jalilov fuqarolik ishlari bo'yicha Toshkent viloyati sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgach, mazkur sud 2025 yil 21 aprelda “Ohangaronsement” MChJning 483-sonli buyrug'ini g'ayriqonuniy deb topib, da'vogarni ishga tiklagan edi.

Qizig'i, o'sha vaziyatda “Ohangaronsement” MChJ Jalilovni Toshkent viloyatining O'rtasaroy hududida kompressorni ishga tushirib, noma'lum shaxslarga sement mahsulotini to'kib berganlikda ayblagan edi. Hartugul, sement mahsulotiga buyurtma bergan xaridor insofli chiqib qoldi: u sudda Jalilov sementni to'lig'icha o'zlariga tushirib berganini tasdiqladi. Xullas, Jalilov dastlabki gal ishga shu yo'sinda tiklangandi.

Biroq ishga qaytgach, u ko'p nohaqliklarga chidashga majbur bo'ldi: unga nisbatan doimiy tazyiqlar kuchayib bordi. Hatto ish beruvchining vakili kimlargadir “Qani, Jalilovning ortidan bir kuzatib yuringlar-chi, bir aybini topsalaring, ishdan darhol bo'shatamiz”, deya tayinlagani ham quloqqa chalindi. Bu choralar ham ish bermagach, ish beruvchi vakili Jalilovni yoniga chaqirib: “Mana senga qirq million so'm, pulni ol-da, ishdan bo'shash haqida arizangni yozib ber”, deb ham ko'rdi. Biroq Sodiq bu taklifga ko'nmadi.

Bu gal esa ish beruvchi Jalilovni “ish vaqtida uxlab qolgan” degan da'vo bilan aybladi. Biroq fuqarolik ishlari bo'yicha Ohangaron tumanlararo sudi sudyasi Abrorjon Jahonov mazkur fuqarolik ishiga boshqacha yondashdi. Sudya ayrim hamkasblari kabi “Jalilovning o'zi mehnat intizomini buzar ekan”, deya da'voni osongina rad etishi ham mumkin edi. Ammo u xodimga intizomiy jazo qo'llash jarayonida O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 303-moddasi talablariga ko'ra, noqonuniy xatti-harakatni aniqlash maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlanmaganiga e'tibor qaratdi va xodimni ishga tiklash to'g'risida hal qiluv qarori chiqardi.

2026 yil 8 sentyabrdagi fuqarolik ishlari bo'yicha Ohangaron tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga binoan, Sodiq Jalilov yuk avtomashinasi haydovchisi lavozimiga ishga tiklandi. Unga majburiy progul davri uchun 77 million so'm ish haqi hamda ma'naviy zarar uchun 19 million so'm miqdorida kompensatsiya to'lab berilishi belgilandi.

Ma'lumki, Mehnat kodeksining 174-moddasiga asosan, xodim ishga tiklanganda unga to'lanadigan ma'naviy zarar miqdori xodimning o'rtacha oylik ish haqidan kam bo'lmasligi lozim. Shunga ko'ra, Jalilovning korxonadagi o'rtacha oylik ish haqi 19 million so'mni tashkil etardi.

Kezi kelganda shuni ta'kidlash joizki, “Ohangaronsement” MChJning bir ibratli odati bor: agar sud xodimni ishga tiklash to'g'risida qaror chiqarsa, korxona qaror yetib kelgan kuniyoq buni ijro etadi va sud tomonidan belgilangan mablag'ni darhol to'lab beradi. Odatda, sudlar xodimga yetkazilgan ma'naviy zararni undirish bo'yicha ijro varaqalarini hal qiluv qarori bir oylik muddat o'tib qonuniy kuchga kirgandan keyingina Majburiy ijro byurosi bo'limlariga yuboradi. Ayrim ish beruvchilardan farqli ravishda, “Ohangaronsement” MChJ esa bu taomilni kutib o'tirmay, sudning hal qiluv qarori chiqishi bilan Jalilovga barcha tegishli to'lovlarni darhol amalga oshirdi: bu esa, albatta, tahsinga sazovor.

Jalilovning o'zi ham ish beruvchiga nisbatan hech qanday adovati yo'qligini, biroq ayrim “hamkasblari” rahbariyatga yolg'on ma'lumot yetkazib turishi hamda ichiqora kimsalarning qilmishlari tufayli shunday ko'ngilsizliklar yuz berayotganini afsus bilan tilga oldi.

Nima bo'lganda ham, Sodiq Jalilov bu safar ham o'zi sevgan ishiga qaytdi. Biz unga kelgusi faoliyatida omad tilaymiz. O'z navbatida, Sodiq ichki mehnat tartib-qoidalariga qat'iy rioya etib ishlashini, ish beruvchi esa xodimning qonuniy huquqlarini hurmat qilgan holda o'zaro hamjihatlikda faoliyat yuritishini istardik.

Bunga esa astoydil ishongimiz keladi.

Ozod XUShNAZARZODA.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 1 =