“Raqamli” dunyoda rahnamo – ilm

Termiz davlat universiteti rektori, professor Abduqodir TOShQULOV bilan suhbat

— Universitetlarni mamlakat yuragiga mengzash mumkin. Yurak urishiga qarab davlatga tashxis qo'ysa bo'ladi. “Raqamli” dunyoda rahnamo – ilm. Haqiqatga eltguvchi yagona vosita ham shudir. Bu yo'lda sobitqadam bo'lmas ekanmiz, dog'da qolishimiz aniq. Abduqodir Hamidovich, o'zingizga yaxshi ma'lum, O'zbekiston oliy ta'lim tizimini rivojlantirish, isloh qilish – keng qamrovli, murakkab masala. G'arbda universitet o'qituvchilariga ortiqcha byurokratik vazifalar yuklanmaydi. Nazarimda, mamlakatimiz oliy ta'lim tizimida ham professor-o'qituvchilar malakasini talabalar tomonidan baholash tizimini yo'lga qo'yish, har semestr yakunida o'qituvchining dars berish mahorati, salohiyatini sarhisob etish darkor. Mustaqil ekani, ta'lim siyosatini o'zi belgilagani bois Yevropaning aksar universitetlari erkin fikrlovchi insonlarni shakllantiradigan muassasa, davlat siyosati va jamiyat ahvolini baholaydigan muhim tizimga aylangan. “Ko'hna qit'a”da asosiy e'tibor akademik halollik va akademik erkinlikka qaratilishini ham qayd etmoq joiz. Akademik erkinlik mamlakat o'quv dargohlarining davlat siyosatidan mustaqilligi, oliy ta'lim va sohaning senzuradan xoli ekanini anglatadi. Suhbatimizni O'zbekiston oliy ta'lim tizimida akademik halollik va akademik erkinlik holatini baholashdan boshlasak.

— Aksar fikrlaringizga qo'shilaman. Haqiqatan ham, XXI asrda davlatlar taraqqiyoti tabiiy boylik yoki geografik imkoniyatlardan ko'ra ko'proq ilm-fan va inson kapitaliga bog'liq bo'lib bormoqda. Oliy ta'lim esa mamlakatning intellektual salohiyatini ko'rsatuvchi strategik tizimga aylanayotir.

G'arb oliy ta'limidagi siz tilga olgan akademik erkinlik, professor mehnatini ortiqcha byurokratik yuklamalardan xalos qilish, talabaning o'qituvchi faoliyatini baholashi kabi mexanizmlar zamonaviy universitet boshqaruvining muhim tarkibiy qismlaridir. Biz ularni shunchaki ko'chirmay, milliy ta'lim tizimimiz xususiyatlari va taraqqiyot ehtiyojlariga moslashtirgan holda tatbiq etishimiz muhim deb hisoblayman.

Akademik erkinlik va akademik halollik bir-birini to'ldiruvchi qadriyatlardir. Akademik erkinlik haqiqatni izlash huquqini bersa, akademik halollik uni izlash madaniyatini vujudga keltiradi. Biri bo'lmasa, ikkinchisi ham mazmunini yo'qotadi.

Universitetning asosiy vazifasi faqat diplom berish yoki mutaxassis tayyorlash emas, balki haqiqatni izlash, mustaqil fikrlash va intellektual mas'uliyat madaniyatini shakllantirish hamdir. Erkin fikr bo'lmagan joyda yangi bilim tug'ilmaydi. Erkin fikr esa mas'uliyat va halollik bilan uyg'unlashgandagina ilmga do'nadi.

Shu ma'noda, akademik erkinlikni faqat huquqiy me'yor yoki boshqaruv mustaqilligi sifatida tushunmaslik kerak. U, eng avvalo, universitetning ichki intellektual muhiti, professorning mustaqil fikr bildirish imkoniyati, talabaning savol berish jur'ati va ilmiy bahs madaniyatida zuhur etadi. Kiroyi dorilfununda talaba tayyor javoblarni yodlashni emas, savol qo'yishni, tahlil etishni va o'z nuqtai nazarini dalillar bilan himoya qilishni o'rganadi. Zero, har doim taraqqiyotga yangi javoblar emas, yangi savollar doyalik qilgan.

So'nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta'lim tizimini modernizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Universitetlarga akademik va moliyaviy mustaqillik berish, ta'lim dasturlarini erkin shakllantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash kabi qadamlar akademik erkinlik uchun huquqiy asoslarni yanada mustahkamladi. Bu o'zgarishlar universitetlarga katta imkoniyatlar taqdim etish barobarida ularga yanada zalvarli mas'uliyat yuklayotir.

Akademik halollik masalasida ham ijobiy o'zgarishlar kuzatilmoqda. Plagiatga qarshi elektron tizimlarning joriy etilishi, dissertatsiya va ilmiy maqolalarga qo'yiladigan talablarning kuchayishi, xalqaro ilmiy nashrlarda maqola e'lon qilish madaniyatining shakllanayotgani e'tiborga molik. Biroq akademik halollikni faqat texnik nazorat vositalari bilan ustuvor etib bo'lmaydi. Plagiat dasturi matnni tekshirishi mumkin, ammo vijdonni taftish etolmaydi-da. Binobarin, akademik halollik muayyan o'quv dargohidagi madaniyat va shaxsiy e'tiqod masalasidir.

Bugun jahon universitetlari o'rtasida infratuzilma, reyting yoki diplom bobida emas, balki ishonch borasida raqobat kechmoqda. Qaysi universitetda erkin fikrlash, mustaqil tadqiqot, akademik halollik va ilmiy mas'uliyat kuchli bo'lsa, o'sha universitet dunyoda munosib o'rin egallaydi.

Menimcha, endilikda bizning asosiy vazifamiz islohotlar mazmunini chuqurlashtirish bo'lishi kerak. Akademik erkinlik nainki huquqiy hujjatlarda, universitetning kundalik hayotida ham namoyon bo'lmog'i darkor. Professor o'z fikrini erkin ayta oladigan, talaba bahsga kirishishdan qo'rqmaydigan, ilmiy haqiqat har qanday manfaatdan ustun turadigan muhit shakllangandagina universitet chinakam vazifasini bajaradi.

— Rivojlangan davlatlar bugun bir o'q bilan ikki quyonni uryapti: ham ta'limdan mo'may daromad olyapti, ham milliy mentalitet va tarixini yoyish orqali taraqqiyot yo'liga kirgan davlatlarni o'z yo'rig'iga solyapti. Masalan, 2023 yilda Germaniyaning 423 ta oliy ta'lim muassasasida tahsil olgan 2,92 million talabaning qariyb 460 ming nafarini xorijliklar tashkil etgan. Gyote vatanidagi ko'plab universitetlar dunyoning eng ilg'or ilm dargohlari ro'yxatiga kiradi. Temir tartib-intizom bilan nom qozongan ushbu mamlakat universitetlari tadqiqotlar uchun mablag'ni ayamaydi va xalqaro ilmiy hamkorlikda ham peshqadamdir. Fik­rim bahsli tuyulishi mumkin, ammo men O'zbekistonga sayyohlikdan ko'ra ta'lim ko'proq foyda keltiradi deb o'ylayman. Sayyoh chaqirish uchun sarflanayotgan kuch va mablag'ni ta'limga yo'naltirganimizda yanada salmoqli natijalarga erishgan bo'larmidik deng…

— Bu masalada mening fikrim boshqacharoq. Sayyohlik va ta'limni raqobatchi sohalar sifatida emas, mamlakatning ikki strategik kapitali sifatida baholash to'g'ri bo'lur edi. Sayyohlik qisqa fursatda iqtisodiy samara keltirsa, ta'lim uzoq muddatli taraqqiyotga xizmat qiladi. Birinchisi daromad keltiradi, ikkinchisi bilim, texnologiya va inson kapitalini yaratadi. Jahonda “ta'lim eksporti” alohida iqtisodiy tarmoqqa aylangan. AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya, Kanada, Xitoy kabi davlatlar chet el talabalarini jalb qilish orqali milliardlab dollar daromad topmoqda. Eng muhimi, bu davlatlar dunyoga o'z ilmiy maktabi, madaniyati, tili va qadriyatlarini ham yoymoqda. Bu esa “yumshoq kuch”ning (soft power) eng ta'sirchan shakllaridan biridir. O'zbekiston ham “ta'lim eksporti”dan samarali foydalanishi mumkin. Buning uchun universitetlarimizning xalqaro miqyosda raqobatga shayligini oshirish, ta'lim dasturlarini global mehnat bozori talabiga moslashtirish, ilmiy tadqiqotni kuchaytirish, xorijiy professor va talabalar uchun jozibador akademik muhit yaratish zarur.

Ta'lim va turizm bir-birini to'ldiruvchi sohalar ekanini unutmaylik. Xorijlik talaba mamlakatga bir necha kunga kelib-ketadigan ­sayyoh emas, balki to'rt-besh yil muqim yashaydigan, iqtisodiyotga hissa qo'shadigan, mahalliy xizmatlardan foydalanadigan, yaqinlarini ham mamlakatga jalb qiladigan inson hisoblanadi. U nainki universitetning mijozi, mamlakatning kelajakdagi intellektual elchisi hamdir.

Xalqaro amaliyotda “akademik turizm” yoki “ta'lim turizmi” degan tushuncha shakllanganini bilamiz. Shu bois men masalani “sayyohlik yoki ta'limga e'tibor” tartibida emas, “ta'lim orqali intellektual iqtisodiyotni shakllantirish” tarzida qo'yish tarafdoriman. Tabiiy resurslar bir kun borib tugaydi, ammo bilimga asoslangan iqtisodiyot doimiy o'sish manbai bo'lib qolaveradi. Agar inson kapitaliga sarmoyani oshirishni ustuvor vazifaga aylantira olsak, bu nafaqat ta'lim tizimi, balki sanoat, innovatsiya, texnologiya va turizmni ham yangi bosqichga olib chiqadi.

— Angliyada magistratura bosqichida tahsil olgan talabamiz Sasseks universitetidagi ilk suhbatni bunday xotirlagan edi: “Agar siz professorning gaplarini shunchaki ma'qullab, imtihonda qayta aytib bersangiz, past baho olasiz. Biz shaxsiy fikringiz, professor nazariyasiga tanqidiy yondashuvingizni qadrlaymiz”.

Darhaqiqat, dunyo universitetlarida talaba real bozorga tayyorlab boriladi. Tizim talabani muntazam izlanishga majbur qiladi. Talaba esnab o'tiradigan tinglovchi emas, balki ijodiy fikrlaydigan, bahsda o'z nuqtai nazarini asoslab beradigan mutaxassis o'laroq namoyon bo'ladi. 

Afsuski, bizda universitetlar va ish beruvchilar o'rtasida manfaatli muloqot shakllanganicha yo'q. Aksar ish beruvchilar “mahsulot” yaroqsizligidan yozg'iradi. Ayrim ta'lim muassasalarida investitsiya niqobi ostida soxta tijorat shakllangani, qalbaki shartnomalar tuzilayotganidan ko'z yumib bo'lmaydi. Xorijdan professor-o'qituvchi jalb etish ham ba'zan xo'jako'rsinga qilinayotgandek. Dual ta'lim – nazariya va amaliyot uyg'unligi haqida ko'p va xo'b gapirdik, ammo oliy ta'lim mehnat bozorining tilini haligacha to'liq topolmadi. O'zbek nasiyadan ko'ra naqdini xush ko'radigan xalq. Gapning indallosini aytsak, nazariya va amaliyotning et bilan tirnoq bo'lib ketishiga nima monelik qilyapti?

— Bu yerda asosiy muammo nazariya bilan amaliyotning qarama-qarshiligida emas, balki o'zaro bog'lanish mexanizmi to'liq shakllanmaganida.

Zamonaviy universitet mehnat bozoriga tez moslasha oladigan, mustaqil fikrlaydigan va yangi sharoitda o'zini o'stira biladigan mutaxassis tayyorlashi lozim. Bu borada esa davlat, ish beruvchi va oliy ta'lim muassasasi bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmog'i darkor. Universitet bilan ish beruvchi o'rtasidagi hamkorlikni bir martalik uchrashuv emas, balki doimiy institutsional munosabatga aylantirish muhimdir. Dual ta'limning mohiyati ham aynan shunda. Ish beruvchi ta'lim dasturlarini takomillashtirish, talabaning salohiyatu layoqatini baholashda qatnashishi, professor-o'qituvchilar esa ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohalari bilan muntazam aloqada bo'lishi kerak. Ana shunda nazariya hayotdan uzilmaydi, amaliyot ilmiy asosga ega bo'ladi.

Xorijiy professorlarni taklif qilishda ham natijaga qarab baho bergan ma'qul. Chet ellik olimning universitetda ma'ruza o'qib ketishi bilan murod hosil bo'lmaydi. Agar u mahalliy mutaxassislar bilan qo'shma tadqiqot olib borsa, laboratoriya yoki ilmiy maktab shakllantirsa, ta'lim dasturini yangilash, talabalarning ilmiy salohiyatini oshirishga hissa qo'shsa – ana shu chinakam xalqaro hamkorlikdir.

Mehnat bozori muttasil o'zgarishda. Diplomning o'zi kifoya emasligi kundek ravshan. Ish beruvchi muammoni hal eta oladigan, jamoa bilan yelkama-elka ishlaydigan, raqamli texnologiyalar, chet tilini puxta biladigan va eng asosiysi, mustaqil qaror qabul qilishga qodir mutaxassisga talabgor. Demak, universitet bilim berishdan tashqari layoqat, salohiyatni shakllantirishga ustuvor ahamiyat qaratishi zarur. Oliy ta'lim muassasalari hadeb mehnat bozori ortidan quvishi ham durust emas. Chunki dorilfunun faqat bugungi mehnat bozori uchun emas, ertangi iqtisodiyot uchun ham kadr tarbiyalaydi. Bu fundamental bilim, amaliy ko'nikma va innovatsion tafakkur uyg'unligini talab qiladi.

— Abduqodir Hamidovich, Sizning ijtimoiy tarmoqlardagi ilm-ma'rifat, axloqqa da'vat etuvchi chiqishlaringizni ko'pchilik qiziqish bilan kuzatmoqda. “Ilm shahrining darvozasi” deya ulug'langan Hazrat Alining “Ilmli shohga zavol yo'qdir” degan hikmati bor. Xulafoi roshidinning so'nggisi bo'lgan faqih, muhaddis zot yana “Ko'p toatdan oz ma'rifat yaxshi” deya uqtirgan. Bozor munosabatlari muhitida to'lov-kontrakt tushunchasi yoshlarimizning qon-qoniga singib ketdi. Ayting-chi, vatandoshlarimiz qachon mutaraqqiy jamiyat a'zolaridek bepul ta'lim oladi?

— Ma'rifiy chiqishlarimni tilga oldingiz, rahmat. Bu asli hayotning o'zi tug'dirgan ehtiyoj. Ilm-fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan, sun'iy intellekt inson faoliyatining barcha sohalariga kirib borayotgan davrda yashayapmiz. Biroq yoshlar orasida ma'naviy immunitetning zaiflashuvi, yengil muvaffaqiyatga intilish, hasad, loqaydlik, mas'uliyatsizlik kabi qusurlar ham kuzatilmoqda. Ma'rifiy chiqishlarimiz ana shu singari illatlarga qarshi kurash yo'lida kamtarona urinishdir.

Hazrat Alining (roziyallohu anhu) hikmati chindan-da teran ma'noga ega. U zot ilmni davlat va jamiyat taraqqiyotining eng mustahkam poydevori sifatida baholagan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ta'limga sarflanayotgan mablag'ni oddiy xarajat sifatida baholash to'g'ri emas. Bu – mamlakatning kelajagiga kiritilayotgan muhim sarmoyadir. Biroq har qanday sarmoya kabi uning ham iqtisodiy asoslari va moliyaviy mexanizmlari bo'ladi.

Dunyoda mutlaqo bepul oliy ta'lim tizimi mavjud emas. Bu uchun davlat, jamiyat, xususiy sektor yoki ta'lim oluvchi haq to'laydi. Masala mohiyati to'lovda emas, balki har bir qobiliyatli yosh uchun sifatli ta'lim imkonini yaratishdadir.

Biz shartnoma puli miqdorini muhokama qilishga odatlanganmiz. Nazarimda, “Sifatsiz ta'lim mamlakatga qanchaga tushadi?” degan savol tegrasida ko'proq mulohaza yuritishimiz lozim. Yaxshi ta'limga sarflangan mablag'ni xomcho't qilish mumkindir, ammo nobop ta'lim keltirgan ziyon-zararni hisoblab bo'lmaydi.

Kontraktning haqiqiy bahosi u tarbiyalagan mutaxassisda in'ikos etadi. Agar universitet bilimli, halol, mas'uliyatli, vatanparvar kadrni yetishtira olsa, demak,  nafaqat oila, balki butun jamiyat sarmoyani to'g'ri sarflabdi.

Demak, “Ta'lim qachon bepul bo'ladi?” emas, balki “Qachon har bir iqtidorli yosh, ijtimoiy ahvolidan qat'i nazar, sifatli ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'ladi?” degan masala diqqatimiz markazida bo'lmog'i lozim.

Mamlakatimizda ayni shu maqsad yo'lida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat grantlari ko'lamini kengaytirish, imtiyozli ta'lim kreditlari, ehtiyojmand oilalar farzandlarini qo'llab-quvvatlash, xotin-qizlar va iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar shular jumlasidan. Buning barchasi qobiliyatli yoshlar moliyaviy tanglik bois ta'limdan bebahra qolmasligiga qaratilgan.

Ilmga sarflangan mablag'ni xarajat deb bilgan jamiyat tezkor natija kutadi. Ilmni sarmoya deb bilgan jamiyat esa uning mahsulini avlodlar taqdiri, mamlakat taraqqiyoti va millatning intellektual qudratida ko'radi.

— Ilm-fanda yuzakilik, ko'chirmakashlik ko'paygani, nomunosib kishilarning ilmiy daraja olishga intilayotgani dilni xira qiladi. Yaqinda O'zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov bilan qilingan suhbat ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozara qo'zg'adi. “Oliy o'quv yurtlari reyting ortidan quvib, “PhD”bozlik kasaliga duchor bo'ldi, ilmiy daraja olish kampaniyasi qachon tugaydi?!” deb yozg'irayotgan yurtdoshlarimiz ko'pchilikni tashkil etadi. “Rahbarlarning PhD yoki DSc bo'lmoqqa intilishini qoralash noto'g'ri. Rahbar ham ilmiy darajaga ega bo'lishga haqli”, degan nuqtai nazar ham yo'q emas. Ijtimoiy fanlardagi yuzakilikdan gap ochilsa, ba'zi hamkasblarimiz “Miqdor o'zgarishi pirovardida sifat o'zgarishiga olib keladi”, deydi. Bu qarashning ziddi – hozirdan sifatga e'tibor qaratishni talab etuvchilar ham talaygina. Shunday davrda chin va soxta olimni ajratuvchi mahak toshi bormikan?

— Bu masalaga hissiyot bilan emas, balki aniq va xolis mezonlar asosida yondashish kerak. Hozir nafaqat bizda, dunyoning ko'plab mamlakatlarida ilmiy darajaning qadrsizlanishi haqidagi xavotir ortib boryapti. Ilm-fan miqdor emas, ishonch bilan yashaydi. Ishonch susaygan joyda diplom ham, unvon ham o'z qiymatini yo'qotadi. Avvalo, ilmiy daraja quruq maqsad emas, ilmiy faoliyatning tabiiy natijasi bo'lishi kerak. Afsuski, ba'zida bu ikki tushunchaning o'rni almashib qoladi. Ilmiy izlanish haqiqatni anglash ehtiyojidan emas, lavozim yoki rasmiy talab uchun qilinsa, siz sanagan e'tirozlar tug'ilishi tabiiy.

Rahbarlarning ilmiy daraja olishiga kelsak, men buni butkul inkor etmayman. Agar rahbar haqiqatan ham mustaqil tadqiqot olib borsa, yangi ilmiy g'oya taklif qilsa, soha taraqqiyotiga hissa qo'shsa, nega endi u ilmiy darajaga ega bo'lmasligi kerak? Muammo rahbarning fan doktori bo'lishida emas, balki ilmiy darajaning rasmiy maqom yoki obro'-e'tibor vositasiga aylanib qolishida. Dissertatsiya – hali ilm yo'lining boshi. Agar ilmiy daraja sohibi himoyadan keyin ham muntazam izlansa, yangi g'oyalar yaratsa, shogirdlar tayyorlasa, maktab shakllantirsa, haqiqiy olim ekanini isbotlagan bo'ladi.

Dunyoda olimlarning darajasi unvoni bilan emas, ilmiy ta'siri bilan o'lchanadi. Maqola, risolalariga nechta olim murojaat etdi? G'oyalari amaliyotga qanday ta'sir berdi? Qay bir muammoni yechishga hissa qo'shdi? Ilmiy maktab yarata oldimi? Shu singari mezonlar olimning haqiqiy o'rnini ko'rsatadi.

Ijtimoiy fanlarda ham asosiy e'tiborni fikrning yangiligi, ilmiy dalilning ishonchliligiga qaratishimiz zarur. Ilmiy ishning qiymati sahifalar hajmi yoki chop etilgan maqolalar soni bilan emas, dissertant qo'ygan savol va bergan javobining ilmiy salmog'i bilan belgilanadi. Zotan, tarixda hech bir olimni diplomi mashhur qilmagan.

Halollik, intellektual mustaqillik va amaliy ahamiyatga ega ilmiy natija – bular kamina uchun chin olimni ajratuvchi mahak toshidir. Agar shu uch mezon mavjud bo'lsa, unvon o'z-o'zidan qadr topadi. Ularsiz eng yuksak ilmiy daraja ham naf bermaydi. Nihoyat, ilmning eng oliy mezoni – vaqt. Beayov fursat soxta shuhratga ham, sun'iy reytinglarga ham, tasodifiy muvaffaqiyatlarga ham chek qo'yadi.

— O'tgan yil e'lon qilingan xalqaro tadqiqotda O'zbekiston soxta ilmiy jurnallarda maqola chiqarish va ko'chirmakashlik bo'yicha dunyoda “etakchi”lardan biri deb topilgani juda uyatli ish bo'ldi-da. Ilmda son ketidan quvish, reytingga “boshqorong'ilik” qachon barham topar ekan?

— Bu hol, shubhasiz, har bir olimni o'ylantirishi kerak. Ilmiy muhitda soxtakorlik, ko'chirmakashlik va rasmiyatchilikning kuchayishi butun mamlakat nufuziga soya soladi. Biroq masalani biryoqlama baholash ham to'g'ri emas. Keyingi yillarda yurtimizda ilmiy faollik keskin ortdi. Ilmiy daraja olayotgan tadqiqotchilar, xalqaro jurnallarda chop etilayotgan maqolalar soni ko'paygani quvonarli, albatta. Lekin jadal miqdor o'sishi davrida sifat masalasi ham kun tartibiga chiqadi.

Fikrimcha, muammoning asl sababi olimlarning ko'pligi emas, noto'g'ri mezonlardir. Agar faoliyatning asosiy ko'rsatkichi chop etilgan maqola, himoya qilingan dissertatsiyalar soni yoki reytinglar bo'lsa, tabiiy ravishda son ortidan quvish kayfiyati paydo bo'ladi. Qanday ko'rsatkichni rag'batlantirsak, tizim ham o'shanga moslashadi. Agar son rag'batlantirilsa – son ko'payadi, sifat rag'batlantirilsa – sifat o'sadi. Ilmiy siyosatning asosiy vazifasi tanlovni to'g'ri belgilashdan  iborat. Mutaraqqiy dunyo ham asta-sekin bibliomet­rik ko'rsatkichlardan ilmiy ta'sirni baholashga o'tmoqda.

Ilmiy halollik muammosi faqat plagiat dasturlari vositasida hal etilmaydi. Universitet va tadqiqot markazlarida shunday muhit shakllanishi kerakki, olim qo'rqqanidan emas, vijdon talabi bois ko'chirmakashlikka qo'l urmasin. Son va reyting ortidan quvishga barham berishning eng samarali yo'li – rag'bat tizimini o'zgartirish. Agar olimning obro'si g'oyalarining qiymati, jamiyatga keltirgan nafi, tayyorlagan shogirdlari va shakllantirgan ilmiy maktabiga qarab baholansa, mazmun-mohiyat uchun raqobat boshlanadi.

Yana bir haqiqatni unutmasligimiz lozim – ilmda oshig'ich muvaffaqiyat qozonib bo'lmaydi. Chin ilmiy natija yillar davomida bo'y ko'rsatadi. Shu bois ilmiy siyosatning bosh maqsadi qisqa muddatli statistik ko'rsatkichlar emas, uzoq yillar davomida mamlakat intellektual salohiyatini oshiradigan mustahkam ilmiy maktablar yaratish bo'lishi kerak. Ana shu qadriyatlar ilm-fan taraqqiyotining bosh mezoniga aylangan kundan e'tiboran, son ketidan quvish, soxta nufuz uchun poyga to'xtaydi.

— Mamlakatimizda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgan (2020). “Manfaatlar to'qnashuvi to'g'risida”gi qonun (2024) ham jamiyatda ushbu illat payini kesishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Lekin OAV va ijtimoiy tarmoqlarda pora bilan ushlanayotgan rahbarlar haqidagi xabarlar ko'p uchraydi. Soliq yukining og'irligi, davlatning iqtisodiyotga haddan ziyod aralashuvi kabi omillar xufiyona iqtisodiyotni vujudga keltiradi, deydi mutaxassislar. Yashirin iqtisodiyot gullab-yashnagan davlatlar esa ofshor hududlarning mijoziga aylanishi ma'lum. Daromadlarni deklaratsiyalash tartibiga qachondir o'tilar, ammo hozircha sarvatini “uzumni yeb, bog'ini surishtirmaydigan” ajnabiy davlatlarda g'amlayotgan yurtdoshlarimiz uchun mamlakatimizda ofshor hudud tashkil qilsak bo'lmaydimi? Iqtisodchi olim sifatida shunga nima deysiz – davlat bundan yutmaydimi?

— Darhaqiqat, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning institutsional, huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida jiddiy qadamlar qo'yildi. Biroq qonun va institutlarning mavjudligi muammoning barham topishini anglatmaydi. Korrupsiyaga qarshi kurash samarasi, avvalo, iqtisodiy munosabatlarning ochiqligi, davlat xizmatlarida inson omilining kamaytirilishi, nazorat va javobgarlik mexanizmlarining benuqson ishlashi bilan belgilanadi.

To'g'ri qayd etdingiz, xufiyona iqtisodiyot faqat soliqdan qochish istagining mahsuli emas. Soliq va ma'muriy yukning og'irligi, ortiqcha tartib-qoidalar, ruxsat berish jarayonining murakkabligi, naqd pul aylanmasi va boshqa omillar ham biznesni norasmiy maydonga yetaklashi mumkin. Xufiyona iqtisodiyot kengaygan sari kapitalni yashirish, uni mamlakatdan tashqariga olib chiqish va turli xorijiy yurisdiksiyalarda saqlash ehtiyoji ham ortadi.

Shu ma'noda, “Nega o'zimizda ofshor hudud tashkil etmaymiz?” degan savol iqtisodiy mantiqdan xoli emas. Nazariy jihatdan baholasak, davlat bundan yutishi ham mumkin. Kapital mamlakatda qoladi, moliyaviy xizmatlar bozori rivojlanadi, yangi kompaniyalar, ish o'rinlari paydo bo'ladi, investitsiya resurslari ko'payadi. Ammo masalaning nozik tomoni bor. Kapitalni jalb qilish boshqa, uning manbasini surishtirmaslik boshqa. An'anaviy ofshor modellarining jozibasi yengil soliq yuki bilangina emas, balki moliyaviy maxfiylik, kompaniyaning haqiqiy benefitsiarlari haqidagi axborotning sir tutilishi bilan ham bog'liq edi. XXI asr moliyaviy tizimi esa tobora boshqa yo'nalish – benefitsiar mulkdorlarni aniqlash, shubhali operatsiyalarni nazorat qilish, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish va soliq axboroti almashinuvini kuchaytirish tomon bormoqda.

Ehtimol, ofshor hudud qisqa muddatda kapitalni jalb qilar, ammo uzoq muddatda davlatga qimmatga tushishi mumkin. Moliyaviy aldovlarga qarshi talablarning bo'shashtirilishi mamlakat moliyaviy nufuzi, banklarning xalqaro munosabatlari va investitsiya muhitiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

O'zbekiston bu masalada zamonaviy yo'lni tanlamoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha “Toshkent xalqaro moliya markazi to'g'risida”gi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Aslida bu qariyb o'n yildan buyon amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning navbatdagi bosqichi hisoblanadi. Markaz Angliya huquqi asosida, alohida maqomga ega hudud sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, u mustaqil tijorat sudi va ilg'or xalqaro standartlarga asoslangan tartibga solish tizimiga ega bo'ladi. Muhimi, imtiyozlar moliyaviy nazoratdan voz kechishni anglatmaydi. Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi talablarga rioya etiladi. Toshkent xalqaro moliya markazini klassik ma'nodagi ofshordan ko'ra Dubay yoki Ostona xalqaro moliya markazlari singari maxsus moliyaviy yurisdiksiyaga yaqin model sifatida baholash to'g'riroq. Bu yagona loyiha emas, balki mamlakatning xalqaro moliyaviy standartlar tomon izchil integratsiyalashuv siyosatining bir bo'g'inidir.

Demak, biz oldimizga “Kapital mamlakatdan chiqib ketishiga ehtiyoj qolmasligi uchun qanday iqtisodiy, huquqiy muhit yaratishimiz kerak?” degan savolni qo'yishimiz lozim. Kapital suvga o'xshaydi – qaerda to'siq bo'lmasa, o'sha tomonga oqadi. Sarmoya, mablag'ni ma'muriy yo'l bilan saqlab turish amrimahol. Ammo adolatli soliq tizimi, kafolatlangan mulk huquqi, mustaqil sud, byurokratiyani jilovlash va ishonchli moliyaviy institutlar orqali uni mamlakatning o'zida qoldirish mumkin.

Davlat uchun eng maqbul yo'l – “Imtiyoz bor, lekin maxfiylik yo'q; kapital erkin, lekin nazoratsiz emas” degan tamoyilga asoslangan moliyaviy muhitni shakllantirishdir. Toshkent xalqaro moliya markazi ana shu muvozanatni ta'minlay olsa, xorijda saqlanayotgan milliy kapitalni qonuniy ravishda mamlakatga qaytarishga ham xizmat qiladi.

— Sir emas, bugun kriptovalyuta, bitkoin savdosidan daromad topayotgan yoshlar ko'payib bormoqda. Xakaton, xaker, prompt, neyrotarmoq kabi atamalar kundalik hayotimizga jadal kirib kelmoqda. Sun'iy idrokni (SI) dastyor etmoqning samarali yo'llarini izlash – zamonga qarab oyoq olish degani. Uning insoniyat hayotiga ta'siri haqida turlicha fikrlar bor. Raqamli pul, SIni faqat tahdid sifatida ko'rayotganlarga munosabatingizni ham bilsak.

— Har bir texnologik inqilob qo'rquv bilan qarshi olingani ma'lum. Matbaa ixtiro qilinganda muhofazakor qatlam endi kitob qadrsizlanadi, deya tashvish bildirgan. Kompyuter ommalashgach, odamlar ishsiz qoladi, degan xavotirlar yangradi. Internet paydo bo'lganida esa uning foydasidan ko'ra xavfi ko'proq muhokama qilindi. Ammo vaqt shuni ko'rsatdiki, gap texnologiyada emas, balki uni qanday qo'llashda ekan.

Sun'iy idrokka raqib emas, aqlli yordamchi deb qaragan ma'qul. SI ma'lumotni tezkor ravishda qayta ishlaydi, tahlil etadi, matn yozadi, tarjima qiladi, tasvir yaratadi. Ammo u insonga xos vijdon, axloqiy mas'uliyat, savqi tabiiy, ijodiy kashfiyot va ma'naviy tanlovni to'liq o'zlashtira olmaydi. Shu bois kelajakda inson bilan SI o'rtasida emas, balki SIdan samarali foydalana oladigan inson bilan undan foydalana olmaydigan odam o'rtasida raqobat kuchayadi.

Tarixga nazar tashlasak, har bir texnologiya insonning jismoniy mehnatini yengillashtirgan. SI esa odamzodga aqliy mehnat bobida sheriklik da'vo etmoqda. Binobarin, uning ta'siri avvalgi texnologik inqiloblardan chuqurroq bo'lishi tabiiy. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy “Kishiga necha kelsa mushkul hol, Hikmatu aql anga erur hallol” deya aqlu idrokni insonning eng buyuk boyligi o'laroq ta'riflagan edi. SI – inson zakovati mahsuli. Demak, u insonning imkoniyatlarini kengaytirishi lozim.

SI ravnaqi oliy ta'lim oldiga ham muhim vazifalar qo'ymoqda. Endi talabaga ma'lumot yodlatishning o'zi yetarli emas. Chunki har qanday ma'lumotni bir necha soniyada SI vositasida topish mumkin. Universitet talabaga tanqidiy fikrlash, ma'lumotlarni tahlil qilish, haqiqat bilan yolg'onni ajratish, muammoni mustaqil hal etish malakasini o'rgatishi lozim. Bugungi “raqamli” dunyoda insonning munosib hayot kechirmog'i ana shu bilim, ko'nikma va fazilatlarga bog'liq. Albatta, ilm-fan sohasida yangi xatarlar ham paydo bo'layotir. Masalan, SI yozib bergan maqola yoki dissertatsiyani shaxsiy mehnat mahsuli sifatida taqdim etish qonunga ham, axloqqa ham zid. Bu borada universitetlar SIdan to'g'ri foydalanish madaniyatini shakllantirishi kerak.

Men yoshlarga hamisha bir fikrni aytaman: sun'iy idrok sizdan aqlliroq bo'lishi mumkin, ammo u siz kabi mas'ul-javobgar emas. So'nggi qarorni baribir inson qabul qiladi. Ilmga sadoqat, axloqiy mezonlarga hurmat, Vatan oldidagi mas'uliyat va ijodiy tafakkurni biror-bir algoritm yarata olmaydi.

Kamina SI va raqamli moliya tizimini yangi tamaddun bosqichi deb bilaman. Kimki texnologiya imkoniyatlaridan oqilona foydalanmasa – yutqazadi. Texnologiya kuch-qudratini inson manfaati, ilm-fan taraqqiyoti va jamiyat farovonligiga safarbar eta olganlar esa har jabhada g'olibdir.

Olim TOShBOYEV suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnalining 2026 yil 3-sonidan olindi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =