Jurnalistikaning jamiyat oldidagi burçi

Yurtimiz Istiqlolining 35 yilligi bayram tantanasida Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyevning nutqini eşitib, uni matbuotda qayta-qayta öqib çiqarkanman, könglimdan köp öylar keçdi. Negaki, Davlatimiz rahbari nutqida belgilangan ulkan maqsadlar har bir ijodkor, har bir jurnalistdan ham yangiça qaraşni talab qiladi. Quyida ana şu keçinmalarni qoğozga tuşirdim.

Davlatimiz rahbari kelgusi ön yillikni milliy yuksaliş davriga aylantiriş vazifasini ilgari surar ekan, buning zamirida faqat iqtisodiy ösiş emas, insonning munosib hayoti, bilim va salohiyati, soğlomligi, huquq va manfaatlari, yaşaş muhiti hamda jamiyatdagi faolligi mujassam ekanini körsatdi. Nutqda belgilangan yetti milliy dastur ham aslida bir-biridan ajralgan yönalişlar emas, balki yagona taraqqiyot manzarasining turli qirralaridir.

Bu manzaraning markazida esa inson turibdi.

Şu jihatdan qaraganda, Prezident nutqi faqat davlat idoralari yoki alohida sohalar oldiga qöyilgan vazifalar majmui emas. U jamiyatning öziga, har bir kasb egasiga, har bir fuqaroning masʼuliyatiga daxldor. Çunki katta maqsadlar faqat hujjatlarda belgilanib qolmaydi. Ular odamlarning dunyoqaraşi, mehnati, taşabbusi va kundalik hayotidagi özgarişlar orqali röyobga çiqadi.

Bu jarayonda jurnalistikaning örni alohida.

Bugun mamlakatimiz oldida turgan vazifalar haqida jamiyat qançalik töğri va çuqur tasavvurga ega bölsa, islohotlarning mazmuni ham şunçalik keng anglanadi. Demak, jurnalistning vazifasi endi faqat voqeani xabar qiliş bilan çeklanmaydi. U katta maqsadlarning mohiyatini oçib berişi, ularning inson hayotidagi aksini körsatişi, muammolarni kötarişi va jamiyatni öylaşga undaşi kerak.

Axborot tezligi bugun heç kimni hayratga solmay qöydi. Bir neça daqiqada xabar tarqaladi, ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab fikrlar paydo böladi. Ammo tez tarqalgan axborot bilan işonçli axborot bir xil narsa emas. Jurnalistikaning haqiqiy qadri ham aynan şu yerda namoyon böladi: şov-şuvdan köra haqiqatni, tezkorlikdan taşqari aniqlikni, tayyor xulosadan köra dalil va tahlilni tanlaşda.

Aytaylik, taʼlimdagi özgarişlarni yoritişda raqamlarning özi kifoya emas — bilim olayotgan yoşlarning taqdirini körsatiş kerak. Iqtisodiy taraqqiyot haqida söz yuritganda investitsiya hajmi bilan çeklanib qolmay, yangi imkoniyatlarning odamlar hayotiga qanday kirib kelayotganini anglaş muhim. Zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt, ekologiya, soğliqni saqlaş yoki huquqiy islohotlar haqida yozganda esa murakkab jarayonlarni oddiy va tuşunarli tilda izohlaş jurnalistikaning vazifasiga aylanadi.

Eng muhimi, islohotlarni faqat maqtaş yoki faqat tanqid qiliş emas, ularning hayotdagi haqiqiy natijasini körsatiş zarur. Qayerda özgariş bor? Qayerda muammo saqlanib qolmoqda? Odamlar bu jarayonni qanday qabul qilmoqda? Qaror bilan uning amaliy natijasi örtasidagi masofa qançalik qisqarmoqda? Ana şu savollar jurnalistik tahlilning mazmunini belgilaydi.

Çunki jamiyatga bugun şov-şuv emas, mazmun kerak. Baland ovoz emas, asosli fikr kerak. Muammoni körsatiş bilan birga, uning sabablarini anglaş va yeçim haqida öylaş lozim.

Yetti milliy dasturda bilim va malaka, salomatlik, zamonaviy iqtisodiyot, tabiat va suv, qonun ustuvorligi, mahalla hamda tinçlik va bağrikenglik kabi masalalarning bir butun maqsad atrofida birlaşgani bejiz emas. Bularning har biri bevosita insonning bugungi va ertangi hayotiga taʼsir qiladi. Demak, jurnalist ham voqeaning taşqi körinişi bilan kifoyalanmay, uning içki mazmunini köra olişi kerak.

Ayniqsa, mahalla hayoti, oddiy insonning taşvişi va orzusi, yoşlarning intilişi, tadbirkorning taşabbusi, öqituvçi va şifokorning kundalik mehnati kabi mavzular katta siyosatning inson hayotidagi ifodasini körsatib beradi. Raqamlar muhim, albatta. Ammo raqam ortida inson borligini unutmagan jurnalistikagina jamiyatga taʼsir qila oladi.

Yana bir masala bor: işonç.

Bugun axborot makonida yolğon xabar, manipulyativ sarlavha va tekşirilmagan maʼlumot tez tarqalişi mumkin. Bunday şaroitda professional jurnalistikaning eng katta boyligi — uning işonçliligi. Işonç esa bir maqola bilan emas, yillar davomida şakllanadi. Manbani tekşiriş, fakt va fikrni ajratiş, turli nuqtai nazarlarni eşitiş, xato bölsa uni tan oliş — bular oddiy kasbiy qoidalar emas, jurnalistikaning jamiyat oldidagi vijdonidir.

Prezident nutqidagi yana bir muhim jihat şundaki, unda kelajak haqida gapirilarkan, bugungi avlodning ertangi kun oldidagi masʼuliyati ham seziladi. Yangi tarix faqat bunyodkorlik işlari bilan emas, şu jarayonlarning qanday keçganini qayd etiş bilan ham yaratiladi. Bugun yozilgan maqola, tayyorlangan reportaj, olingan intervyu ertaga mamlakatimiz taraqqiyotining maʼlum bir davri haqida tasavvur beradigan manbaga aylanişi mumkin.

Şuning uçun jurnalist özidan vaqti-vaqti bilan bitta savolni söraşi kerak: men bugun yozayotgan material ertangi avlodga bugungi Özbekiston haqida qanday tasavvur qoldiradi?

Bu savolning öziyoq kasbiy mezonni belgilab beradi.

Mustaqillikning 35 yilligi bizga katta yölni eslatdi. Prezident nutqida belgilangan yetti milliy dastur esa bu yölning keyingi manzilini körsatmoqda. Endi gap faqat vazifalarni belgilaşda emas, ularni hayotga tatbiq etiş, natijasini köriş, muammolarni öz vaqtida anglaş va jamiyat bilan oçiq muloqot qilişda.

Bu jarayonda jurnalistikaning masʼuliyati katta. Çunki yangi tarix faqat yaratilmaydi — u yoziladi ham.

Uni xolis yoziş, çuqur anglaş, inson taqdiri bilan boğlaş, bugunning savollarini ertangi kun nuqtai nazaridan köra biliş esa biz, jurnalistlarning kasbiy burçidir.

Zero, sözning kuçi ham, qadr-qimmati ham şunda.

Navbahor DARXONOVA,

jurnalist.

 

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan