Asr sudi: Nyurnberg mahkamasiga 80 yil
1946 yil 1 oktyabr kuni Nyurnbergdagi Xalqaro harbiy tribunal zaliga cho'kkan sukunat insoniyat tarixida yangi eraning boshlanishi edi. To'rt buyuk davlat — SSSR, AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya vakillari bo'lgan sudyalar natsistlar Germaniyasining oliy rahbariyati ustidan chiqarilgan tarixiy hukmni e'lon qilishdi. Deyarli bir yil davom etgan va jahon huquqshunosligida chinakam burilish nuqtasiga aylangan “Asr sudi” aynan shu kuni rasman yakuniga yetdi.
Urush hali butunlay tugamagan, xususan, Tinch okeani hududida janglar davom etib, Yevropada endigina qurol ovozlari o'chgan bir paytda — 1945 yil 8 avgustda g'olib davlatlar London bitimini imzolab, Xalqaro harbiy tribunalni tashkil etish va uning Nizomini tasdiqlash to'g'risida kelishib oldilar.
Sud o'tkaziladigan joy sifatida Nyurnberg shahrining tanlanishida ham chuqur ramziy, ham amaliy ma'no bor edi. Birinchidan, bu shahar Gitler va uning NSDAP partiyasi uchun g'oyaviy makon bo'lgan — bu yerda natsistlarning dabdabali s'yezdlari o'tkazilgan. Aynan shu yerda 1935 yilda mash'um irqiy “Nyurnberg qonunlari” qabul qilinib, yahudiylar va boshqa millat vakillari barcha fuqarolik huquqlaridan mahrum etilgan, kelajakdagi Xolokost va qirg'inbarotlarga huquqiy zamin yaratilgan edi.
Ikkinchidan, shahardagi Adliya saroyi binosi ittifoqchilarning vayronkor bombardimonlari ostida mo''jiza tufayli omon qolgan hamda xavfsizlik talablariga muvofiq tergov hibsxonasi bilan bevosita tutashgan edi.
Sud majlislari 11 oydan ziyod davom etdi. Bu vaqt ichida nemis arxivlarining minglab sahifalik maxfiy hujjatlari, konslagerlardagi dahshatlarni aks ettirgan foto va kinoxronikalar sinchiklab o'rganildi.
Sud amaliyoti tarixida ilk bor jarayon bir vaqtning o'zida to'rtta — rus, ingliz, fransuz va nemis tillarida olib borildi. Joriy etilgan sinxron tarjima tizimi majlislarning to'xtovsiz va samarali o'tishini ta'minlab, xalqaro muloqotning yuksak namunasini ko'rsatdi.
Shafqatsiz va adolatli hukm
1946 yil 1 oktyabrda e'lon qilingan hukm natsizm rejimiga berilgan yakuniy baho bo'ldi. 12 nafar asosiy aybdor (ular orasida German Gering, Ioaxim fon Ribbentrop, Vilgelm Keytel va boshqalar) osish yo'li bilan o'lim jazosiga hukm qilindi (Martin Bormanga nisbatan sirtdan).
3 nafar shaxs (Rudolf Gess, Valter Funk, Erix Reder) umrbod ozodlikdan mahrum etildi, 4 nafari 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosiga mahkum bo'ldi, 3 nafari esa oqlandi.
O'lim jazolari 1946 yilning 16 oktyabriga o'tar kechasi ijro etildi.
Shu bilan birga, Tribunal ayrim shaxslardan tashqari, natsistlar rejimiga tayanch bo'lgan asosiy tuzilmalarni ham jinoiy tashkilotlar deb topdi. Asosiy jazolash va terror mahkamalari — SS, SD, Gestapo hamda Adolf Gitler boshchiligidagi ultra-o'ng NSDAP (Milliy-sotsialistik nemis ishchilar partiyasi) jinoiy tashkilotlar deb e'lon qilindi.
Huquqshunoslarning e'tirof etishicha, Nyurnberg jarayonida jahon amaliyotida ilk bor zamonaviy xalqaro huquqning fundamental mezonlari mustahkamlab qo'yildi. Ular sirasiga bosqinchilik urushini rejalashtirish va olib borish, urush qonun-qoidalarini buzgan holda asirlarni qiynoqqa solish hamda shaharlarni vayron qilish kirdi.
Shuningdek, tinch aholiga nisbatan irqiy, diniy yoki siyosiy qarashlar bo'yicha sodir etilgan zo'ravonliklar insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida tasniflandi va bu kabi qilmishlarni amalga oshirishga qaratilgan tizimli fitnalar ham ilk bor jinoyat deb tan olindi.
Nyurnberg tribunalining eng muhim tarixiy ahamiyati shundaki, bunda alohida ijrochilargina emas, balki davlat terrori va tajovuzkorlikning butun bir tizimi javobgarlikka tortildi.
Tribunal tomonidan yaratilgan va keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi tomonidan mustahkamlangan presedent kelajak avlodlar uchun abadiy ogohlantirish bo'lib qoldi: yuqori davlat lavozimi, diplomatik maqom yoki “yuqorining buyrug'ini bajarish” vaji endilikda tinchlik hamda insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun shaxsiy jinoiy javobgarlikdan ozod etmaydi.
Oradan sakson yil o'tgan bo'lsa-da, Nyurnberg merosi o'z dolzarbligini yo'qotgani yo'q. U bugungi Xalqaro jinoiy sud tizimi va global xavfsizlik me'morchiligining poydevori bo'lib xizmat qilmoqda. Nyurnberg sabog'i yana bir bor shuni eslatib turadi: har qanday qudratli hukmdorlar va ularning armiyalaridan ustun turuvchi oliy kuch bor, bu — insoniyatning adolatli huquqi va axloqiy qonunidir.
Abror XON.
