Farg'ona: “Zuhro” mahallasi aholisi o'zgarishlardan mamnun
Marg'ilon shahridagi “Zuhro” mahalla fuqarolar yig'ini hududida o'tgan asrning 70-yillarida to'qimachilar uchun ko'p qavatli uy-joylar qurilgan edi. Biroq yillar davomida ushbu uylar e'tibordan chetda qolib ketdi. Oqibatda issiqlik, ichimlik va oqova suv, yo'l hamda elektr ta'minoti kabi zarur infratuzilma tarmoqlarida muammolar to'planib qolgan edi.
“Obod mahalla — obod ko'cha — obod xonadon” tamoyili doirasida boshlangan ishlar to'qimachilar mahallasiga yangi hayot nafasini olib kirdi. Hudud ulkan qurilish maydoniga aylandi. Yo'l solayotgan, suv tarmoqlarini tortayotgan, daraxt ekayotgan fidoyilarning sa'y-harakati bir lahza ham to'xtagani yo'q. Bunyodkorlik ishlari odamlarning og'irini yengil qilib, ruhiyati va qadr-qimmatini yuksaltirmoqda, buguni hamda ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.
Kuni kecha mahallaning rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, yangilangan mahalla qiyofasini, amalga oshirilgan obodonchilik ishlarini e'tirof etdi va hudud ahlini yangilanishlar bilan tabrikladi.
– Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ko'rsatilayotgan e'tibor, g'amxo'rlik tufayli mahallalarimiz obod, farovon go'shalarga aylanmoqda. Har bir mahalla obod bo'lsa, yurtimiz yanada chiroy ochadi, xalqimiz turmush sharoiti yuksalaveradi, – dedi viloyat hokimi X.Bozorov.
Viloyat rahbari mahallada sportni rivojlantirish, aholi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish bo'yicha mas'ullarga tegishli topshiriqlar berdi. Quvonchlisi, bu yerda mahalla ahli, yoshlari uchun barcha zamonaviy talablarga javob beradigan o'yingohning ham foydalanishga topshirilgani bo'ldi.
“Zuhro” mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qiluvchilar ham bu o'zgarishlardan mamnun bo'lib, shukronalik bildirmoqda.
– Bu yerda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga ko'pchilik havas qilyapti, – dedi Marhaboxon Mamajonova. – Har bir kunni o'zgarishlar, yangiliklar bilan qarshi olishga o'rganib qoldik. Xonadonlarimiz toza ichimlik suvi, markazlashgan issiqlik tizimi bilan ta'minlandi. Qishda loy, yozda chang bo'lgan o'nqir-cho'nqir ko'chalarimiz tekislanib, asfalt yotqizildi. Kechalari ham ko'chalarimiz charog'on bo'lishi uchun zamonaviy yoritish chiroqlari o'rnatildi.
Mahalla hududidagi “Mehnat” o'yingohi yillar davomida qarovsiz qolib, unda sport to'garaklari va mashg'ulotlar o'tkazish imkonsiz bo'lib qolgan edi. Bunyodkorlik dasturi doirasida mazkur o'yingoh zamonaviy qiyofa kasb etdi: yashil maydonlar barpo qilinib, mashg'ulotlar uchun barcha shart-sharoit yaratildi.
Shuningdek, hududdagi 45 ta ko'p qavatli uy atrofidagi noqonuniy, me'moriy talablarga javob bermaydigan qurilmalar o'rniga har qanday kishining havasini keltiradigan inshootlar qad rostladi. Ko'kalamzorlashtirish ishlarini ta'minlash uchun 1 ta sug'orish qudug'i qazildi va 6,5 kilometrga teng sug'orish tarmog'i tortildi.
Mahalladagi 1,6 kilometr ichki ariqlar betonlandi. Uchta bolalar o'yingohi va sport maydonchasi, chiqindi yig'ish shoxobchasi barpo etildi. Nuroniylar maskani va unga tutash “Book cafe” esa bugun aholi bilan gavjum va fayzli maskanga aylangan.
Barcha ko'p qavatli uylarning fasad qismi bazalt plitalari bilan qoplanib, to'liq ta'mirlandi hamda tungi yoritish tizimi o'rnatildi. Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan fuqarolar yig'ini binosi ta'mirdan chiqarilib, “mahalla yettiligi” samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit hozirlandi. Shu bilan birga, sog'lomlashtirish xiyobonlari, velosipedchilar va piyodalar yo'laklari qurildi. Markaziy ko'chalarda tunu kun faoliyat ko'rsatadigan savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalari ishga tushirildi.
— Mahallamiz chinakam “Yangi O'zbekiston qiyofasidagi mahalla” sifatida qad rostlamoqda, — dedi mahalla fuqarolar yig'ini raisi Barnoxon Soliyeva. — Bugun nafaqat obodonlashtirish, balki aholi bandligini ta'minlash, oilalar daromadini oshirish bo'yicha ham keng ko'lamli tadbirlar amalga oshirildi. Mahallamizning o'sish nuqtasi hunarmandlik va tadbirkorlikdir. Hozirga qadar 100 dan ortiq fuqaroning doimiy bandligi ta'minlandi.
Bu yerdagi har bir o'zgarish aholi hayotiga qulaylik olib kirmoqda. Mahallaning faol hunarmandlaridan biri Nozimaxon Yusupovaning ishi bunga yorqin misoldir. U ko'p qavatli uyning bo'sh turgan yerto'lasida chevarxona ochdi. Qahramonimiz 50 million so'mlik imtiyozli kredit ko'magida ishni yo'lga qo'yib, 15 nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta'minladi.
— Mahallamizni ko'pincha hunarmandlar maskaniga qiyoslashadi, — dedi tadbirkor Sohibaxon Mamajonova. — Bu yerda ipakdan atlas to'qish, bejirim liboslar yaratish, ko'z qorachig'idek Marg'ilon do'ppilarini tikish hadisini olgan ustalar yashaydi. Oilaviy ustaxonamizda 10 ta doimiy ish o'rni yaratganmiz. Bundan tashqari, 30 dan ziyod hunarmand bilan kasanachilik asosida hamkorlik qilyapmiz. “Usta-shogird” an'anasi asosida yoshlarga kasb-hunar sirlarini o'rgatyapmiz. Yurtimizdagi, mahallamizdagi obodlik bizni yanada yangi tashabbuslar sari ilhomlantirmoqda.
Marg'ilondagi “Zuhro” mahallasida amalga oshirilgan bu kabi ezgu ishlar nafaqat bino va ko'chalarni yangilash, balki bu joyda istiqomat qiladigan 6 mingdan ortiq aholining turmush sifatini yaxshilash, oilalar farovonligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Rasuljon KAMOLOV,
jurnalist.
Sherzod QORABOYEV
olgan suratlar.
